YouVersion Logo
Search Icon

Chiqish 8

8
8–BOB
Ikkinchi falokat: qurbaqa ofati
1Egamiz Musoga yana aytdi:
— Firʼavnning huzuriga borib, Mening shu gapimni yetkaz: “Egamiz shunday aytmoqda: Mening xalqimga ijozat ber, ular borib, Menga sajda qilsin. 2Agar sen xalqimga ijozat berishdan bosh tortsang, butun yurtingga qurbaqa yuborib shikast yetkazaman. 3Daryo qurbaqalar bilan toʻlib–toshadi. Qurbaqalar daryodan chiqib, sening saroyingga, yotoqxonangga, toʻshagingga, aʼyonlaringu xalqingning uylariga, tandirlariga va xamir togʻoralariga ham kirib oladi. 4Qurbaqalar sening, Misr xalqining va barcha aʼyonlaringning ustilarida sakrab yuradi.”
5Egamiz Musoga yana gapirdi:
— Horunga ayt, u qoʻlidagi tayogʻini daryolar, anhorlar, koʻllar tomonga uzatib, qurbaqalarni chiqarsin. Misr yurtini qurbaqalar bosib ketsin.
6Horun tayogʻini Misr suvlari tomonga uzatdi. Oʻsha zahoti qurbaqalar chiqib, Misrni bosib ketdi. 7Misrlik sehrgarlar ham sehr–jodulari bilan Misr yurtiga qurbaqalar chiqardilar. 8Shunda firʼavn Muso bilan Horunni chaqirib aytdi:
— Egangizga: “Firʼavnni va uning xalqini Oʻzing qurbaqalardan xalos qilgin”, deb ibodat qilinglar. Shundan keyin Isroil xalqiga ketgani ijozat beraman, toki ular borib Egangizga qurbonliklar keltirsin.
9Shunda Muso firʼavnga dedi:
— Xoʻp, vaqtini oʻzing tayinla. Qurbaqalar sizlardan, xonadonlaringizdan yoʻqolsin, faqat Nil daryosida qolsin deb, sen uchun, aʼyonlaring va xalqing uchun qachon ibodat qilay?
10— Ertaga, — dedi firʼavn.
— Boʻpti, sen aytganday boʻladi! — deb javob berdi Muso. — Oʻshanda Egamiz Xudoga oʻxshagan xudo yoʻqligini bilib olasan. 11Qurbaqalar sendan, aʼyonlaringdan, xalqingdan va xonadonlaringizdan yoʻqoladi. Faqat Nilda qoladi, xolos.
12Shunday qilib, Muso bilan Horun firʼavn huzuridan chiqdilar. Firʼavn boshiga keltirgan qurbaqa ofatini yoʻq qilgin, deb Muso Egamizga iltijo qildi. 13Egamiz Musoning iltijosini eshitdi, uylardagi, hovlilardagi va dalalardagi qurbaqalar oʻldi. 14Qurbaqalarning oʻligini uyum–uyum qildilar. Misr yurtini qoʻlansa hid tutib ketdi. 15Lekin firʼavn Misr yurti qurbaqadan xalos boʻlganini koʻrgach, Egamiz aytganday, yuragini tosh qilib, Muso bilan Horunning gapiga quloq solmadi.
Uchinchi falokat: burga ofati
16Egamiz Musoga gapirishda davom etdi:
— Horunga buyur, u tayogʻini uzatib, yerning changiga ursin. Shunda yerdagi chang burgaga aylanib, butun Misrni qoplaydi.
17Ular Egamizning aytganini qildilar: Horun qoʻlidagi tayogʻini uzatib, yerning changiga urgan edi, insonlar bilan hayvonlarning ustiga burga yopirildi. Butun Misr yerining changi burgaga aylandi. 18Odamlarni, hayvonlarni burga bosib ketdi. Sehrgarlar ham sehr–jodulari bilan changni burgaga aylantirmoqchi boʻldilar, lekin uddasidan chiqolmadilar. 19Ular firʼavnga: “Bu Xudoning ishi”, deyishdi. Lekin Egamiz aytganday, baribir, firʼavnning yuragi toshligicha qolib, Muso bilan Horunning aytganlariga quloq solmadi.
Toʻrtinchi falokat: soʻna ofati
20Egamiz Musoga yana gapirdi:
— Ertaga saharda oʻrningdan tur. Firʼavn daryoga borayotganda, uning oldiga borgin–da, Mening shu gapimni yetkaz: “Egamiz shunday aytmoqda: Mening xalqimga ijozat ber, ular borib, Menga sajda qilsin. 21Agar xalqimni qoʻyib yubormasang, Men oʻzingning, aʼyonlaringning, xalqingning ustiga soʻnalar#8:21 soʻnalar — bu oʻrindagi ibroniycha soʻz oddiy pashsha yoki pashshasimon chaqadigan hasharotni bildirishi mumkin. galasini yuborib jazolayman. Misrliklarning uylari, ular yashayotgan yer soʻnaga toʻlib–toshadi. 22Lekin oʻsha kuni Oʻz xalqim yashayotgan Goʻshen yerlarini#8:22 Goʻshen yerlari — Nil deltasining sharqidagi hosildor yerlar (Ibtido 45:10, 47:6 ga qarang). ajratib qoʻyaman. U yerda soʻna boʻlmaydi. Men, Egangiz, bu yurtda bor ekanligimni bilib olinglar deb, shuni qilaman. 23Men Oʻz xalqim bilan sening xalqingni ayirib qoʻyaman#8:23 Men Oʻz xalqim bilan sening xalqingni ayirib qoʻyaman — qadimiy yunoncha va lotincha tarjimalardan (yana 9:4 ga qarang). Ibroniycha matndan soʻzma–soʻz tarjimasi Oʻz xalqim va sening xalqing orasiga najot qoʻyaman. Bu gapni Men Oʻzimning xalqimni xalos etaman–u, sening xalqingni esa xalos qilmayman deb tarjima qilsa ham boʻladi.. Bu moʻjiza ertaga yuz beradi.”
24Egamiz aytganini qildi: firʼavnning saroyiga, aʼyonlarining uylariga gala–gala soʻna yubordi. Butun Misr yurti soʻna oqibatida xarob boʻldi. 25Shundan soʻng firʼavn Muso bilan Horunni chaqirib: “Boringlar, shu yurt ichida Xudoyingizga qurbonliklar keltiraveringlar”, deb aytdi.
26— Bunday qilsak, toʻgʻri boʻlmaydi, — deb javob berdi Muso. — Egamiz Xudoga hayvonlarni qurbonlik qilsak, Misrliklar buni jirkanch deb hisoblaydilar. Misrliklar qabih deb hisoblagan ishni yana ularning koʻzi oldida qilsak, bizni toshboʻron qilmaydilarmi?!#8:26 Egamiz Xudoga hayvonlarni qurbonlik qilsak…bizni toshboʻron qilmaydilarmi?! — Misrliklar baʼzi hayvonlarni muqaddas deb bilganlar va oʻsha hayvonlarning tasvirlariga sigʻinganlar. Bordi–yu, Misrliklar Isroil xalqining oʻsha hayvonlarni Xudoga qurbonlik qilganini koʻrsalar, nihoyatda gʻazablangan boʻlar edilar. Muso buni bilar edi. 27Egamiz Xudo, bizga amr etganday, Unga qurbonliklar keltirgani sahroda uch kun yoʻl yurib borishimiz kerak.
28— Mayli, ijozat beraman, — dedi firʼavn. — Sahroga borib, Egangiz Xudoga qurbonliklar keltiringlar. Lekin uzoqqa ketmaysizlar. Endi sen hoziroq men uchun ibodat qil.
29— Huzuringdan chiqishim bilanoq Egamizga: “Ertaga soʻnalar firʼavndan, aʼyonlaridan, xalqidan daf boʻlsin”, deb ibodat qilaman, — dedi Muso. — Lekin xalq Egamizga qurbonliklar keltirgani ketayotganda, bizni aldama, ijozat bermay qoʻyma.
30Muso firʼavn huzuridan chiqib, Egamizga ibodat qildi. 31Egamiz Musoning ibodatini eshitdi. Firʼavndan, uning aʼyonlaridan, Misr xalqidan soʻnalarni daf qildi. Birorta ham soʻna qolmadi. 32Lekin firʼavn bu safar ham yuragini tosh qilib, xalqqa ketishga ijozat bermadi.

Currently Selected:

Chiqish 8: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in