YouVersion Logo
Search Icon

Chiqish 9

9
9–BOB
Beshinchi falokat: chorvaning oʻlimi
1Shundan keyin Egamiz Musoga yana gapirdi:
— Firʼavnning huzuriga borib, unga Mening shu gapimni yetkaz: “Ibroniylarning Xudosi — Egamiz shunday aytmoqda: «Mening xalqimga ijozat ber, ular borib, Menga sajda qilishsin.» 2Agar ijozat bermay, Isroil xalqini ushlab turaversang, 3chorvangni — otlaringni, eshaklaringni, tuyalaringni, mol–qoʻylaringni Egamiz Oʻz qudrati bilan urib, ogʻir oʻlat kasali yuboradi. 4Egamiz Isroil xalqi bilan Misrliklarning chorvasini ayirib qoʻyadi. Isroil xalqining chorvasidan birortasiyam nobud boʻlmaydi. 5Egamiz vaqtini ham belgilab, aytganlarim ertaga bu yurtda bajo boʻladi, deb aytdi.”
6Ertasi kuni Egamiz aytganlarini qildi: Misrliklarning chorvasi qirilib ketdi. Isroil xalqining chorvasidan esa birortasini ham nobud qilmadi. 7Firʼavn odam yuborib bildiki, Isroil xalqining chorvasidan birortasiyam nobud boʻlmabdi. Lekin baribir, firʼavnning yuragi toshligicha qolib, Isroil xalqiga ketishga ijozat bermadi.
Oltinchi falokat: chipqon ofati
8Shundan keyin Egamiz Muso bilan Horunga yana aytdi:
— Oʻchoqdan bir oz kul olinglar. Muso kulni firʼavnning koʻzi oldida osmonga sochsin. 9Shunda kul changga aylanib, butun Misrni chang qoplaydi. Kul butun yurtdagi insonlarning, hayvonlarning tanasiga yalligʻlangan chipqon chiqaradi.
10Shunday qilib, Muso bilan Horun oʻchoqdan kul olib, firʼavn huzuriga bordilar. Muso kulni osmonga sochgan edi, kul odamlarda va hayvonlarda yalligʻlangan chipqon paydo qildi. 11Sehrgarlar ham Musoning oldida chipqon ogʻrigʻiga chidab turolmadilar. Chunki barcha Misrliklar kabi, sehrgarlarga ham chipqon chiqqan edi. 12Ammo Egamiz firʼavnning yuragini tosh qilib qoʻydi. U Musoga aytganday, Muso bilan Horunning gapiga firʼavn quloq solmadi.
Yettinchi falokat: doʻl ofati
13Egamiz Musoga yana dedi:
— Sahar payti tur. Firʼavnning huzuriga borib, unga Mening shu gapimni yetkaz: “Ibroniylarning Xudosi — Egamiz aytmoqda: Mening xalqimga ijozat ber, ular borib, Menga sajda qilsin. 14Agar ijozat bermasang, bu dunyoda Menga oʻxshagan xudo yoʻqligini bilib olasan deb, Men oʻzingning, aʼyonlaringning, xalqingning ustiga juda ogʻir falokatlarni yuboraman. 15Haqiqatan, Men senga qarshi qoʻl koʻtarib, oʻzing va xalqingni oʻlatga duchor qilib, yer yuzidan qirib yuborgan boʻlardim. 16Ammo senga qudratimni koʻrsatay, butun olamga shuhratimni yoyay deb, yashashingga izn berdim. 17Sen xalqimning ketishiga ijozat bermay, ularga qarshilik qilyapsan. 18Bilib qoʻy, Men ertaga shu vaqtda shunaqangi doʻl yogʻdiramanki, Misr yurti paydo boʻlgandan buyon bunaqa doʻlni koʻrmagan. 19Endi, chorvamni va ochiq joylardagi bor mol–mulkimni pana joylarga yigʻinglar, deb farmon ber. Doʻl yoqqanda ochiq dalada qolgan hamma odamlaru hayvonlar nobud boʻladi.”
20Firʼavnning aʼyonlaridan baʼzilari Egamizning soʻzlaridan qoʻrqib, qullarini va chorvasini darrov uylariga olib keldilar. 21Egamizning soʻzlarini mensimaganlar esa qullari bilan chorvasini ochiq joyda qoldirdilar.
22Egamiz Musoga:
— Qoʻlingni osmonga uzat! — dedi. — Misrning hamma joyiga, odamlarning, hayvonlarning, daladagi jamiki ekinlarning ustiga doʻl yogʻadi.
23Muso tayogʻini osmonga toʻgʻri koʻtargan edi, Egamiz momaqaldiroq va doʻl paydo qildi, yerga yashin tushdi. Shunday qilib, Egamiz Misr yurtiga doʻl yubordi. 24Natijada gʻoyat kuchli doʻl yogʻib, uzoq vaqt yashin chaqnadi. Misr paydo boʻlgandan beri bunaqangi doʻlni koʻrmagan edi. 25Doʻl Misrda ochiq joylardagi hamma narsani — insondan tortib, hayvonlaru ekin–tikinlargacha nobud qildi. Daraxtlarni yer bilan yakson qildi. 26Faqat Isroil xalqi yashayotgan Goʻshen yerlariga doʻl yogʻmadi.
27Firʼavn shundan soʻng Muso bilan Horunni chaqirtirib kelib shunday dedi:
— Bu safar men aybdorman. Egangiz haq, men bilan xalqim esa nohaqmiz. 28Bu dahshatli momaqaldiroq bilan doʻlga ortiq bardosh berolmaymiz. Iltimos, Egangizdan soʻrang, bularni toʻxtatsin. Xalqingiz ketishiga ijozat beraman. Sizlar endi Misrda ortiq qolmaysizlar.
29— Shahardan chiqishim bilanoq qoʻllarimni Egamizga choʻzib iltijo qilaman, — dedi Muso. — Momaqaldiroq toʻxtaydi, doʻl ham yogʻmaydi. Oʻshanda butun olam Egamizniki ekanini bilasan. 30Lekin shunisi menga maʼlumki, oʻzing, aʼyonlaring hali ham Parvardigor Egamizdan qoʻrqmaysizlar.
31Bu paytda arpa boshoqlagan, zigʻirpoya gullab qolgandi. Zigʻirpoya va arpa payhon boʻldi. 32Biroq bugʻdoy kechki boʻlgani uchun#9:32 …bugʻdoy kechki boʻlgani uchun… — ibroniycha matnda ikki xil bugʻdoy haqida soʻz yuritilgan. Bu kechki bugʻdoyning oʻrimi arpa va zigʻirpoyaning oʻrimidan taxminan 1 oy keyin — mart oyining oxirida yoki aprel oyining boshida boshlanar edi (shu bobning 31–oyatiga qarang). zarar koʻrmadi. 33Muso firʼavn huzuridan chiqib, shahardan tashqariga bordi. U qoʻllarini Egamiz tomon uzatgan edi, momaqaldiroq va doʻl toʻxtadi, yomgʻir ham tindi. 34Yomgʻir tinib, doʻl va momaqaldiroq toʻxtaganini firʼavn koʻrdi–yu, yana gunohga qoʻl urdi. Oʻzi ham, aʼyonlari ham yuragini tosh qilib oldilar. 35Egamiz Muso orqali aytganday, baribir, firʼavnning yuragi toshligicha qolib, Isroil xalqiga ketishga ijozat bermadi.

Currently Selected:

Chiqish 9: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in