YouVersion Logo
Search Icon

Chiqish 10

10
10–BOB
Sakkizinchi falokat: chigirtka ofati
1Egamiz Musoga amr berdi:
— Firʼavnning huzuriga bor! Men, moʻjizalarimni ularning orasida koʻrsatay deb, firʼavnni va uning aʼyonlari yuragini tosh qilib qoʻydim. 2Misrliklarni masxara qildim, ularga moʻjizalar koʻrsatdim. Endi sizlar bolalaringizga, nabiralaringizga bularni aytib berasizlar deb, shu ishlarni qildim. Ana shunda Egangiz Men ekanligimni hammalaringiz bilib olasizlar.
3Muso bilan Horun firʼavnning huzuriga borib, unga Egamizning shu gapini yetkazdilar:
— Ibroniylarning Xudosi — Egamiz shunday aytmoqda: “Sen qachongacha Menga itoat etmay yurasan?! Xalqimga ijozat ber, ular borib, Menga sajda qilishsin. 4Agar xalqimning ketishiga ijozat bermasang, Men ertaga yurtingga chigirtkalar#10:4 chigirtkalar — baʼzan toʻda–toʻda boʻlib kelib, dalalardagi hosilga katta zarar yetkazadigan hasharot. yuboraman. 5Chigirtkalar yer yuzini shunaqangi qoplaydiki, yer tamomila koʻrinmay qoladi. Doʻldan omon qolgan hosilingizni, dalada oʻsgan jamiki daraxtlaringizni chigirtkalar yeb bitiradi. 6Saroying, aʼyonlaringning uylari, hamma Misrliklarning xonadonlari chigirtkaga toʻlib ketadi. Ota–bobolaring yer yuzida paydo boʻlgandan buyon bunaqasini koʻrmagan.”
Shundan keyin Muso firʼavnning huzuridan burilib chiqib ketdi.
7Shunda aʼyonlar firʼavnga:
— Bu odam bizga tuzoq boʻlsa ham, qachongacha indamaysiz?! — dedilar. — Ijozat bering oʻshalarga! Ketaverishsin. Egasi Xudoga sajda qilishsin. Koʻrmayapsizmi, Misr xarob boʻldi–ku!
8Shundan soʻng Muso bilan Horunni firʼavn oʻz huzuriga chaqirtirdi. Firʼavn ikkoviga dedi:
— Mayli, boringlar, Egangiz Xudoga sajda qilinglar. Ammo sizlardan kimlar boradi?
9— Yoshu qari — hammamiz birga ketamiz, — deb javob berdi Muso. — Oʻgʻillarimizni, qizlarimizni, mol–qoʻylarimizni ham olib ketamiz. Egamizga atab bayram nishonlashimiz kerak.
10Firʼavn qarshilik qildi:
— Agar xotinlaringiz va bolalaringiz bilan ketishlaringizga ijozat bersam, Egangiz albatta sizlar bilan boʻladi! Niyatingiz yomonligi ochiq koʻrinib turibdi. 11Yoʻq, ularga aslo javob bermayman! Egangizga sajda qilgani borishni istayotgan sizlar emasmi?! Juda yaxshi. Faqat erkaklarni olinglar–u, ketaveringlar.
Shunda Muso bilan Horunni firʼavnning huzuridan haydadilar.
12Egamiz Musoga:
— Qoʻlingni Misr uzra uzat! — deb amr berdi. — Misr yurtiga chigirtka yogʻilsin. Chigirtkalar bu yurtdagi hamma oʻsimliklarni, doʻldan omon qolgan hamma ekin–tikinni yeb bitirsin.
13Muso tayogʻini Misr uzra uzatgan edi, Egamiz bu yurtga sharqdan shamol estirdi. Bir kecha–kunduz shamol esdi. Sharqdan esgan shamol ertalabgacha chigirtkalarni olib keldi. 14Butun Misr yurtiga chigirtka yopirildi. Misrning hamma joyini chigirtka bosib ketdi. Chigirtkalar shunchalik uyilib ketdiki, ilgari bunaqasi boʻlmagan edi, bundan keyin ham boʻlmaydi. 15Yer yuzini chigirtka bosib ketganidan, yer qop–qora boʻlib qoldi. Jamiki ekin–tikinni, doʻldan omon qolgan daraxtlardagi meva–chevalarni chigirtka yeb bitirdi. Misrdagi biror daraxtda, biror oʻsimlikda yashil barg qolmadi. 16Firʼavn zudlik bilan Muso bilan Horunni chaqirtirib, ularga aytdi:
— Egangiz Xudoga va oʻzlaringizga qarshi gunoh qildim. 17Oʻtinaman, bir martagina gunohimdan kechib, Egangiz Xudoga iltijo qilinglar. Bu halokatli ofatni mendan daf qilsin.
18Muso firʼavnning huzuridan chiqib, Egamizga ibodat qildi. 19Egamiz gʻarbdan juda kuchli shamol estirdi. Shamol chigirtkalarni Qizil dengizga#10:19 Qizil dengiz — ibroniycha matnda Yom–Suf, maʼnosi Qamish dengizi. Bu oyatdagi mana shu nom hozirgi Suets qoʻltigʻiga (yaʼni Qizil dengizning shimoli–gʻarbidagi qoʻltiqqa) ishora qiladi. uchirib olib ketdi. Misr yurtida bironta ham chigirtka qolmadi. 20Lekin Egamiz firʼavnning yuragini yana tosh qilib qoʻydi va firʼavn Isroil xalqiga ketishga ijozat bermadi.
Toʻqqizinchi falokat: zulmat
21Egamiz Musoga:
— Qoʻlingni osmonga uzat! — deb amr berdi. — Misrni qoʻrqinchli zulmat qoplaydi.
22Muso qoʻlini osmonga uzatdi. Shundan keyin Misr uch kun davomida zimziyo zulmat ichida qoldi, 23birov birovni koʻra olmadi. Natijada hech kim biron joyga yurib bora olmadi. Isroil xalqi yashayotgan yer esa yorugʻ edi. 24Firʼavn yana Musoni chaqirtirib, unga:
— Boringlar, Egangizga sajda qilaveringlar, — dedi. — Bola–chaqalaringizni olib ketaveringlar. Ammo mol–qoʻylaringizni qoldirib ketasizlar.
25— Boʻlmaydi! — dedi Muso. — Chorvamizni ham olib ketishimizga ijozat berishing kerak. Biz Egamiz Xudoga qurbonliklar va kuydiriladigan qurbonliklar keltiramiz. 26Hamma chorvamizni oʻzimiz bilan olib ketamiz, orqada bironta ham tuyoq qolmasligi kerak. Egamiz Xudoga sajda qilganimizda, qurbonliklarni shu mol–qoʻylarimizdan olamiz. U yerga bormagunimizcha, Egamizga nimani qurbonlik qilishimizni bilmaymiz–ku!
27Shunday qilib, Egamiz yana firʼavnning yuragini tosh qilib qoʻydi. Firʼavn oʻjarlik qilib, Isroil xalqiga ketishga ijozat bermadi. 28Oxiri firʼavn Musoga:
— Yoʻqol bu yerdan! — deb baqirdi. — Ehtiyot boʻl, bundan keyin zinhor koʻzimga koʻrinma! Koʻzimga koʻringan zahoti oʻlasan!
29— Sen aytganingday boʻlsin! — dedi Muso. — Bundan keyin koʻzingga koʻrinmayin!

Currently Selected:

Chiqish 10: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in