Chiqish 7
7
7–BOB
1Egamiz Musoga aytdi:
— Qarab tur, akang Horunni sening oʻrningga gapiradigan qilaman. Seni firʼavn uchun Xudoday qilib qoʻyaman. Horun esa sening paygʻambaring boʻlib, gaplaringni firʼavnga yetkazadi. 2Men senga aytgan hamma amrlarni akangga ayt. Isroil xalqi Misrdan chiqib ketishi uchun ijozat ber, deb Horun firʼavnga aytadi. 3Lekin Men alomatu moʻjizalarimni Misr yurtida koʻrsatay deb, firʼavnning yuragini tosh qilib qoʻyaman. 4Firʼavn sizlarning gapingizga quloq solmaydi. Oʻshanda Men Misrga qarshi qoʻl koʻtarib, unga koʻp kulfatlar keltiraman. Keyin hukmning qudratli ishlari bilan Isroil oilalarini va qabilalarini olib chiqaman. 5Misrga qarshi qoʻl koʻtarib, Isroil xalqini Misrliklarning orasidan olib chiqqanimda, Egangiz Men ekanligimni Misr xalqi bilib oladi.
6Muso bilan Horun Egamizning amriga binoan ish tutdilar. 7Ular firʼavn bilan gaplashganlarida, Muso sakson yoshda, Horun sakson uch yoshda edi.
Horunning tayogʻi
8Egamiz Muso bilan Horunga gapirdi:
9— Firʼavn sizlarga: “Birorta ajoyibot koʻrsatinglar–chi”, deb aytsa, Horunga buyur, tayoqni olib, firʼavnning oldiga tashlasin. Tayoq ilonga aylanib qoladi.
10Shunday qilib, Muso bilan Horun firʼavn huzuriga bordilar. Egamiz amr etganday ish tutdilar: Horun tayogʻini firʼavn va uning aʼyonlari oldiga tashlagan edi, tayoq oʻsha zahoti ilonga aylanib qoldi. 11Shunda firʼavn ham oʻzining sehrgarlarini — donishmandlarini va folbinlarini chaqirdi. Misr sehrgarlari sehr–jodularini ishlatib, oʻshanaqa moʻjiza koʻrsatdilar. 12Har biri tayogʻini yerga tashlagan edi, tayoq ilonga aylanib qoldi. Horunning iloni Misr sehrgarlarining ilonlarini yutib yubordi. 13Egamiz aytganday, baribir, firʼavnning yuragi toshligicha qoldi, Muso bilan Horunning gapiga u quloq solmadi.
Birinchi falokat: Nil daryosi qonga aylanadi
14Shundan keyin Egamiz Musoga aytdi:
— Baribir, firʼavnning yuragi toshligicha qolib, xalqimning ketishiga ijozat berishni istamayapti. 15Ertaga ertalab firʼavnning oldiga bor. U daryoga boradi. Sen uni daryo boʻyida kutib tur. Ilonga aylangan tayogʻing qoʻlingda boʻlsin. 16Firʼavnga shunday deb ayt: “Ibroniylarning Xudosi — Egamiz meni sening huzuringga shu gapni aytgani yubordi: «Mening xalqimga ijozat ber, ular sahroga borib, Menga sajda qilishsin.» Sen hamon Egamizning gapiga quloq solmayapsan. 17Egamiz shunday aytmoqda: «Egangiz Men ekanligimni endi bilib olasan.» Qoʻlimdagi mana bu tayoqni Nil daryosining suviga urganimda, suv qonga aylanadi. 18Daryodagi baliqlar nobud boʻladi. Daryo sasib ketadi. Misr xalqi daryo suvini icholmaydi.”
19Soʻngra Egamiz Musoga shunday dedi:
— Horunga ayt, tayoqni qoʻliga olib, Misr suvlari tomonga — Misrdagi daryolar, anhorlar, koʻllar, hamma suv havzalari tomonga uzatsin. Misrdagi hamma joylarda suv qonga aylanadi, hatto butun Misr yurtidagi yogʻoch va tosh idishlardagi suvlar ham qonga aylanadi.
20Shunday qilib, Muso bilan Horun Egamiz amr etganday qilishdi: Horun firʼavn va uning aʼyonlari koʻzi oldida tayogʻini koʻtarib daryo suviga urgan edi, shu zahoti daryo suvi qonga aylanib qoldi. 21Daryodagi baliqlar nobud boʻlib, daryo suvi sasib ketdi. Misr xalqi daryo suvini icholmay qoldi. Misrning hamma yeri qonga toʻlib ketdi. 22Misr sehrgarlari ham sehr–jodularini ishlatib, xuddi oʻshanday qildilar. Egamiz aytganday, baribir, firʼavnning yuragi toshligicha qoldi, Muso bilan Horunning gapiga u quloq solmadi. 23Boʻlib oʻtgan moʻjizadan firʼavnning yuragi qilt etmasdan, saroyiga qaytdi. 24Daryo suvini ichib boʻlmagani sababli, Misr xalqi ichimlik suvi topish uchun daryo yaqinida quduqlar kovlay boshladilar. 25Egamiz Nil daryosi suvini qonga aylantirgandan keyin yetti kun davomida suv qon boʻlib oqaverdi.
Currently Selected:
Chiqish 7: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy
Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020