1 Timoʻtiy 4
4
4–BOB
Soxta ustozlarning yolgʻon taʼlimoti fosh etiladi
1Xudoning Ruhi yaqqol aytyaptiki, oxirgi zamonlarda baʼzi odamlar imondan qaytadilar. Ular yolgʻonchi ruhlarga va jinlar taʼlimotiga quloq soladilar. 2Bunday taʼlimotni tarqatgan odamlar riyokor va yolgʻonchidirlar. Ularning vijdoni oʻlgan, goʻyo qizdirilgan temir bilan kuydirilib yoʻq qilingan. 3Ular uylanishni va erga tegishni man etadilar, maʼlum ovqatlarni taqiqlaydilar. Holbuki, bu ovqatlarni Xudo bergan. Haqiqatni bilib olgan imonlilar Unga shukrona aytib, yeyishlari uchun yaratgan. 4Chunki Xudo yaratgan har bir narsa yaxshidir. Biz hech bir taomni taqiqlamay, shukrona aytib, hammasini yeyishimiz lozim. 5Biz ovqatimiz uchun Xudoga shukurlar aytganimizda, Xudo barcha ozuqani halol deb eʼlon qilganini eʼtirof etgan boʻlamiz.
Iso Masihning sodiq xizmatkori boʻlgin
6Sen bu nasihatlarimni birodarlaringga oʻrgatsang, Iso Masihning layoqatli xizmatkori boʻlasan. Oʻzing rioya qilayotgan sogʻlom taʼlimotni va imonimizning aqidalarini oʻzlashtirib, ruhan oziqlanib borasan. 7Safsataboz kampirlarga xos bemaʼni afsonalardan#4:7 bemaʼni afsonalar — 1:3-7 oyatlarga va 1:4 izohiga qarang. yuz oʻgir. Xudojoʻy boʻlishga astoydil harakat qil. 8Axir, shunday bir maqol bor–ku: “Jismoniy mashq tana uchun foyda berar, xudojoʻylik esa har tomonlama foyda keltirar, u dunyoyu bu dunyoda hayot baxsh etar.” 9Bu gap toʻgʻri va asoslidir, u har jihatdan qabul qilinishga loyiqdir. 10Odamlar abadiy hayotga ega boʻlishlari uchun biz jon–jahdimiz bilan xizmat qilyapmiz#4:10 …xizmat qilyapmiz — yunoncha matndan. Baʼzi yunon qoʻlyozmalarida xizmat qilyapmiz va zahmat chekyapmiz.. Barhayot Xudoga umid bogʻlaganmiz. U barcha insonlarning, ayniqsa imonlilarning Najotkoridir#4:10 U barcha insonlarning, ayniqsa imonlilarning Najotkoridir — 2:3-6 ga va Yuhanno 1:12 ga qarang..
11Sen birodarlarga taʼlim bergin, bu oʻgitlarga rioya qilishlarini ularga oʻrgatgin. 12Yoshsan deb, hech kim seni kamsitmasin. Aksincha, hammaning hurmatini qozonish uchun sen soʻzda, yurish–turishda, mehr–oqibatda, imonda va axloqda imonlilarga oʻrnak boʻlgin. 13Men oldingga borgunimcha jamoatda Muqaddas bitiklarni ovoz chiqarib oʻqishga#4:13 ovoz chiqarib oʻqish — imonlilar birga yigʻilganda muqaddas bitiklar ovoz chiqarib oʻqilardi, chunki qadimda koʻpchilik oʻqishni bilmas edi., nasihat va taʼlim berishga vaqtingni bagʻishla. 14Oʻzingga berilgan inʼomga#4:14 inʼom — Muqaddas Ruh orqali berilgan maxsus qobiliyat (Rimliklar 12:6-8, 1 Korinfliklar 12:4-11 ga qarang). eʼtiborli boʻl, uni ishga sol. Axir, sen bu inʼomingni aytilgan bashoratlar va oqsoqollar ustingga qoʻl qoʻyib qilgan duolari natijasida olgansan.
15Aytganlarimning hammasini amalda qoʻlla. Oʻzingni bu vazifaga sidqidildan bagʻishla, shunda sen Xudoning yoʻlida shaxdam qadam bilan, ildamlab borayotganingni hamma koʻradi. 16Hayot tarzingga, nimalar oʻrgatayotganingga eʼtibor qil. Bu faoliyatingni astoydil davom ettir, shunday qilsang, oʻzingni ham, tinglovchilaringni ham qutqarasan.
Currently Selected:
1 Timoʻtiy 4: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy
Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020