1 Timoʻtiy 5
5
5–BOB
Imonlilar jamoatidagi munosabatlarga oid koʻrsatmalar
Yoshu qariyalar
1Yoshi katta odamga qattiq gapirma, uni otang oʻrnida koʻrib, hurmat bilan nasihat qil. Yoshlarga ukalaringdek, 2kampirlarga onalaringdek munosabatda boʻl. Yosh ayollarni singillaring oʻrnida koʻrib, ularga pokdillik bilan nasihat qil.
Bevalar
3Suyanchigʻi yoʻq beva xotinlarga gʻamxoʻrlik qil. 4Agar bevaning bolalari yoki nabiralari bor boʻlsa, ular, eng avvalo, oʻz oilasi oldidagi, Xudo buyurgan farzni ado etib, farzandlik burchini bajarsinlar, chunki bu Xudoga maqbuldir. 5Yolgʻiz qolgan, suyanchigʻi yoʻq beva xotin butun umidini Xudoga bogʻlab, kechayu kunduz toat–ibodat qiladi. 6Ammo kayf–safoga berilib ketgan beva xotin ruhan oʻlikdir. 7Bevalarga va ularning oila aʼzolariga bularni oʻrgat, toki ular malomatga qolmasinlar. 8Zero, oʻz qarindoshlariga, xususan, oila aʼzolariga gʻamxoʻrlik qilmagan kishi imonni inkor etgan boʻladi. U imonsizdan ham battardir.
9Tullar roʻyxatiga#5:9 Tullar roʻyxati — Efesdagi imonlilar jamoatdan moddiy yordam oladigan beva ayollarning roʻyxatini tuzgan. Mana shu roʻyxatdagi bevalar oʻzlarini ibodatga va Xudoga xizmat qilishga bagʻishlab, ont ichganlar (shu bobning 5, 10-12–oyatlariga qarang). faqatgina oltmish yoshdan oshgan, marhum eriga vafodor boʻlgan#5:9 …marhum eriga vafodor boʻlgan… — yunoncha matndan soʻzma–soʻz tarjimasi …bir erkakning xotini boʻlgan…. 3:2 izohiga qarang. beva ayollarni kirit. 10Bu ayollar qilgan ezgu ishlari bilan tanilgan, yaʼni bolalariga yaxshi tarbiya bergan, musofirlarga mehmondoʻst boʻlgan, Xudo azizlarining oyoqlarini yuvgan#5:10 …Xudo azizlarining oyoqlarini yuvgan… — bu iborani ikki xil maʼnoda tushunsa boʻladi. Birinchi maʼnosi jamoat yigʻilishlariga kelganlarning, mehmon ustoz va vaʼzxonlarning oyoqlarini yuvib, ularga izzat–hurmat bildiradigan bir marosim (Yuhanno 13:1-5 ga qarang). Ikkinchi maʼnosi esa umuman jamoatdagilarga samimiyat bilan, begʻaraz xizmat qilishni bildiradigan majoziy maʼnoda ishlatilgan ibora., qiynalganlarga yordam bergan, oʻzlarini turli xil xayrli ishlarga bagʻishlagan boʻlishlari lozim.
11-12Beva qolgan yoshroq xotinlarni roʻyxatga kiritma. Chunki ularning ehtirosi junbishga kelganda, erga tegishni istab qoladilar. Shunda ular erga tegmaslik haqidagi Masihga bergan vaʼdasini buzib, odamlar orasida yomon otli boʻlib qoladilar. 13Bundan tashqari, ular boshqa bir xatarga yoʻliqadilar: yalqovlikka berilib, uyma–uy yurishga oʻrganib qoladilar. Shunisi yetmaganday, gʻiybat qilishga, boshqalarning ishiga burun suqib, lozim boʻlmagan narsalarni gapirishga odatlanadilar. 14Shu sabablarga koʻra, men yosh bevalarning erga tegishini istardim. Ular bola tugʻib, roʻzgʻor ishlari bilan mashgʻul boʻlsinlar, gʻanimlarimizning yomon gapirishlariga imkon yaratib bermasinlar. 15Chunki shundoq ham baʼzi bevalarimiz toʻgʻri yoʻldan ozib, shayton yoʻliga kirib ketdilar.
16Agar birorta imonli ayolning#5:16 …birorta imonli ayolning… — yunoncha matndan. Baʼzi yunon qoʻlyozmalarida birorta imonlining. beva qolgan qarindoshlari boʻlsa, ularga oʻzi yordam bersin, bu vazifani imonlilar jamoatiga yuklamasin. Shunda suyanchigʻi yoʻq beva xotinlarga jamoat yaxshiroq yordam bera oladi.
Jamoat oqsoqollari
17Imonlilar jamoatini yaxshi boshqarayotgan, xususan, astoydil vaʼz aytib, taʼlim berayotgan oqsoqollar hurmatga sazovordirlar, ular qilgan mehnatlariga yarasha taqdirlansinlar. 18Zero, Muqaddas bitiklarda: “Gʻalla yanchayotgan hoʻkizning ogʻzini toʻsmang”#5:18 Qonunlar 25:4 ga qarang. va “Mehnatkash ish haqini olishga munosibdir”#5:18 Luqo 10:7 ga qarang., — deyilgan. 19Ikki yoki uch guvoh boʻlmasa, hech bir oqsoqolga qoʻyilgan aybni qabul qilma. 20Gunoh qilib yurgan oqsoqollarni esa hammaning oldida fosh qilib, tavbaga chaqir, toki boshqalarning ham diliga qoʻrquv kirsin. 21Xudo, Iso Masih va tanlangan farishtalar#5:21 tanlangan farishtalar — samodagi farishtalarga ishora. Ularning raqiblari shayton shohligining aʼzosi boʻlgan gunohkor farishtalardir. Tanlangan farishtalarni bu roʻyxatga kiritishdan maqsad shuki, farishtalar ham qiyomat kunida Isoning huzurida boʻladilar (Matto 25:31, Vahiy 14:10 ga qarang). huzurida senga qatʼiy buyuraman: hech bir ishda yuz–xotirchilik va tarafkashlik qilmay, bu koʻrsatmalarimga rioya qil.
22Biror odamni jamoat oqsoqoli vazifasiga tayinlashga shoshilma, tagʻin birovning gunohlariga sherik boʻlib qolma. Oʻzingni pok saqla. 23Lekin suv ichish bilan cheklanib qolmay, ozginadan sharob ham ichib tur#5:23 Lekin suv ichish bilan cheklanib qolmay, ozginadan sharob ham ichib tur — Timoʻtiy pok boʻlish niyatida oʻzini sharob ichishdan tiygan boʻlishi mumkin (3:3, 8 ga qarang). Bu oʻrinda Pavlus ozgina sharob ichish sogʻlik uchun foydali ekanini aytib oʻtadi, chunki oʻsha davrlarda ichimlik suvi toza boʻlmagan va sogʻlikka zarar edi.. Bu oshqozoningga yaxshi taʼsir qilib, tez–tez yuz berayotgan kasalliklaringning oldini oladi. 24Baʼzi odamlarning gunohlari hozirdan ochiq–oshkor boʻlib, hatto qiyomat kunidan oldin fosh boʻlmoqda. Boshqalarning gunohlari esa oxiratda maʼlum boʻladi. 25Shuningdek, qilingan xayrli ishlar ham oshkordir. Baʼzilari oshkor boʻlmasa–da, baribir pinhon qolmaydi.
Currently Selected:
1 Timoʻtiy 5: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy
Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020