Mark 8
8
8–BOB
Iso 4000 kishini toʻydiradi
1Oʻsha kunlarda yana koʻp odam yigʻildi. Ularning yeyish uchun hech narsalari qolmaganda, Iso shogirdlarini yoniga chaqirib dedi:
2— Xalqqa achinyapman. Ular uch kundan beri Men bilan birga, yeyishga hech narsasi yoʻq. 3Agar ularni uylariga ovqat bermay joʻnatib yuborsam, yoʻlda holdan toyib qoladilar. Ularning baʼzilari uzoq yerlardan kelganlar.
4Shogirdlari bunga javoban:
— Ularni toʻydirish uchun bu kimsasiz joyda kim qayerdan non topa olardi?! — deyishdi.
5— Qancha nonlaringiz bor? — deb soʻradi Iso.
— Yettita, — dedi shogirdlar.
6Shundan keyin Iso xalqqa yerga oʻtirishni buyurdi. Yettita nonni olib, shukrona duosini oʻqib sindirdi va tarqatish uchun shogirdlariga berdi. Shogirdlar xalqqa tarqatishdi. 7Ularda bir nechta mayda baliq ham bor edi. Iso baliqlar uchun shukurlar aytib, baliqlarni ham tarqatishni buyurdi. 8Xalq yeb toʻydi. Ortib qolgan non burdalarini yigʻishganda, yettita savat toʻldi. 9U yerda toʻrt mingga yaqin odam bor edi.
Iso ularni joʻnatgandan keyin, 10darhol shogirdlari bilan qayiqqa tushib, Dalmanuta#8:10 Dalmanuta — Jalila koʻlining gʻarbiy qirgʻogʻida, Magadan yaqinida joylashgan qishloq boʻlishi mumkin (Matto 15:39 ga qarang). hududiga ketdi.
Farziylar Isodan alomat soʻrashadi
11Farziylar Isoning oldiga borib, U bilan bahslasha boshladilar. Uni sinab koʻrish maqsadida shunday dedilar:
— Bizga bir moʻjizali alomat koʻrsating, shunda Sizni Xudo yuborganini tan olamiz.
12Lekin Iso chuqur xoʻrsindi:
— Nega bu avlod alomat talab qilyapti? Sizlarga chinini aytayin, bu avlodga hech qanday alomat berilmaydi!
13Iso ularning oldidan ketdi, yana qayiqqa tushib, narigi qirgʻoqqa#8:13 narigi qirgʻoq — yaʼni Jalila koʻlining shimoli–sharqiy qirgʻogʻi (shu bobning 22–oyati izohiga qarang). oʻtib oldi.
Iso shogirdlarini koyiydi
14Shogirdlar oʻzlari bilan non olishni unutgan ekanlar. Qayiqda bir dona non bor edi, xolos. 15Shu orada Iso shogirdlarini ogohlantirib dedi:
— Farziylar va Hirodning#8:15 Hirod — Antipas ismi bilan ham tanilgan boʻlib, Buyuk Hirodning oʻgʻli edi. Antipas Jalila va Pereya hududlarida hukmronlik qilgan. Iso bu oʻrinda Hirodning tarafdorlarini ham nazarda tutgan boʻlishi mumkin (3:6 ga va oʻsha oyatning izohiga qarang). xamirturushidan#8:15 xamirturush — majoziy maʼnoda ishlatilgan boʻlib, odatda boshqalarga salbiy taʼsir koʻrsatadigan taʼlimotlar va xulq–atvor nazarda tutilgan. ehtiyot boʻlinglar!
16Shogirdlar oʻzlaricha: “Biz non olmaganimiz uchun U shunday deyapti”, deb muhokama qila boshladilar. 17Shogirdlar nimani muhokama qilayotganlarini Iso bilib, ularga dedi:
— Nega sizlar, nonimiz yoʻq, deb aytyapsizlar? Hali ham tushunmayapsizlarmi, anglamayapsizlarmi? Imoningiz shunchalik sustmi?!#8:17 Imoningiz shunchalik sustmi?! — yunoncha matndan soʻzma–soʻz tarjimasi Yuraklaringiz qotib qolganmi?! Yana 6:52 ga qarang. 18Koʻzlaringiz bor–ku, nahotki koʻrmasangiz?! Quloqlaringiz bor–ku, nahotki eshitmasangiz?! Eslab koʻring: 19Men beshta nonni sindirib, besh mingta erkakka boʻlib berganimda, sizlar qolgan non burdalari bilan nechta savatni toʻldirib olgansizlar?
— Oʻn ikkita savatni, — deb javob berdi ular.
20— Men yettita nonni sindirib, toʻrt ming kishiga boʻlib berganimda, burdalari bilan nechta savatni toʻldirib olgansizlar?
— Yettita savatni, — deyishdi.
21— Hali ham anglamadingizmi? — deb soʻradi ulardan Iso.
Iso koʻrni sogʻaytiradi
22Iso shogirdlari bilan Baytsayda shahriga#8:22 Baytsayda shahri — bu oʻrinda koʻlning shimoli–sharq tomonida joylashgan shaharga ishora boʻlsa kerak. Koʻlning shimoli–gʻarb tomonida ham Jaliladagi Baytsayda degan shahar bor edi (Yuhanno 12:21 ga qarang). keldi. Odamlar Isoning oldiga bir koʻrni olib kelib: “Unga qoʻlingizni tekkizib qoʻying”, deb yolvordilar. 23Iso koʻrning qoʻlidan ushlab, shahardan yetaklab olib chiqdi. Soʻng koʻzlariga tupurib, qoʻllarini uning ustiga qoʻydi–da:
— Biron narsa koʻryapsanmi? — deb soʻradi. 24Koʻr boshini koʻtarib:
— Odamlarni koʻryapman, lekin ular yurayotgan daraxtlarga oʻxshaydi, — dedi.
25Shundan keyin Iso qoʻllarini yana koʻrning koʻzlariga tekkizdi#8:25 …koʻrning koʻzlariga tekkizdi — yunoncha matndan. Baʼzi yunon qoʻlyozmalarida koʻrning koʻzlariga tegizib, unga “Qara!” deb buyurdi.. Koʻr odam koʻzlarini ochib qarasa, sogʻayib qolgan, hamma narsani aniq koʻrayotgan edi. 26Iso uni uyiga joʻnatar ekan:
— Qishloqqa kirmay, toʻgʻri uyingga ket#8:26 Yunoncha matndan. Baʼzi yunon qoʻlyozmalarida quyidagi soʻzlar Isoning gapiga qoʻshimcha qilingan: qishloqda hech kimga buni aytma., — dedi.
Butrus Masihni tan oladi
27Iso shogirdlari bilan Filip Qaysariyasi#8:27 Filip Qaysariyasi — Jalila koʻlidan qariyb 40 kilometr shimoli–sharqda joylashgan shahar. atrofidagi qishloqlarga yoʻl oldi. Yoʻlda U shogirdlaridan:
— Odamlar Meni kim deb biladi? — deb soʻradi. 28Shogirdlar Isoga shunday javob berishdi:
— Baʼzilar Sizni Yahyo choʻmdiruvchi deb hisoblaydilar, baʼzilar Ilyos#8:28 Ilyos — 6:15 izohiga qarang., boshqalari esa, qadimgi paygʻambarlardan biri, deb aytib yuribdilar.
29Iso ulardan soʻradi:
— Sizlar–chi, Meni kim deb bilasiz?
Butrus Unga javob berib:
— Siz Masihsiz#8:29 Masih — bu unvonni yahudiylar kelajakda ularni dushmanlaridan qutqaradigan va butun yer yuzidagi xalqlar ustidan hukmronlik qiladigan insonga nisbatan ishlatganlar. Eski Ahdda Masihning qiladigan ishlari haqida bashoratlar yozilgan. Yangi Ahdga koʻra Rabbimiz Iso oʻsha Masihdir. Toʻliqroq maʼlumotga ega boʻlish uchun lugʻatdagi MASIH soʻziga qarang., — dedi.
30Shundan soʻng Iso, Men haqimda hech kimga gapirmanglar, deb shogirdlariga qatʼiy buyurdi.
Iso Oʻz oʻlimi haqida gapiradi
31Iso shogirdlariga shunday deb uqtira boshladi: “Inson Oʻgʻli koʻp azob chekadi. Yoʻlboshchilar, bosh ruhoniylar#8:31 bosh ruhoniylar — jamiyatning boshqa eʼtiborli odamlari qatorida Oliy kengash aʼzolari edilar. Oliy kengash yahudiylarning siyosiy va diniy kengashi edi. Toʻliqroq maʼlumotga ega boʻlish uchun lugʻatdagi BOSH RUHONIYLAR iborasiga qarang. va Tavrot tafsirchilari tomonidan rad qilinib, oʻldiriladi. Uchinchi kuni esa tiriladi.” 32U bu haqda ochiqdan–ochiq gapirdi. Shunda Butrus Isoni chetga tortib:
— Ustoz, bunday deb aytmang, — dedi. 33Ammo Iso oʻgirilib shogirdlariga qaradi–da, Butrusni qattiq koyib dedi:
— Yoʻqol koʻzimdan, shayton! Sen Xudoning ishlarini emas, inson ishlarini oʻylayapsan.
34Shundan soʻng Iso xalq bilan shogirdlarini oldiga chaqirib dedi:
— Kimda–kim Menga ergashishni istasa, oʻzidan kechsin va oʻz xochini koʻtarib#8:34 …oʻz xochini koʻtarib… — Rim imperiyasi davrida oʻlim jazosining bir turi mahkumni xochga mixlash edi. Bu jazo hammaga maʼlum boʻlgan. Odatda jinoyatchi oʻzi mixlanadigan xochning koʻndalang yogʻochini hukm ijro etiladigan joyga koʻtarib olib borar edi (toʻliqroq maʼlumotga ega boʻlish uchun lugʻatdagi XOCH soʻziga qarang). Iso Masih mana shu timsol orqali shogirdlarini hamda Unga ishonganlarni oʻz manfaatlarini koʻzlamasdan, Unga butunlay oʻzlarini bagʻishlab va itoat qilib hayot kechirishga, hattoki U uchun oʻlimga ham rozi boʻlishga daʼvat etadi., ortimdan yursin. 35Kim oʻz jonini asrab qolmoqchi boʻlsa, uni yoʻqotadi. Kim Men uchun va Xushxabar uchun jonini bersa, jonini asrab qoladi. 36Agar inson butun dunyoni egallab olsa–yu, oʻz jonidan mahrum boʻlsa, bundan unga nima foyda?! 37Inson oʻz joni evaziga qanday toʻlov bera oladi?! 38Bu bevafo va gunohkor nasl orasida Mendan va Mening soʻzlarimdan uyalmanglar! Aks holda, Inson Oʻgʻli muqaddas farishtalar bilan birga Otasining#8:38 Ota — Xudoga ishora. Iso koʻpincha Ota unvonini Xudoga nisbatan ishlatgan. Toʻliqroq maʼlumotga ega boʻlish uchun lugʻatdagi XUDONING NOMLARI iborasi ostida berilgan OTA soʻziga qarang. ulugʻvorligiga burkanib kelganda, U ham sizlardan uyaladi.
Currently Selected:
Mark 8: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy
![None](/_next/image?url=https%3A%2F%2Fimageproxy.youversionapi.com%2F58%2Fhttps%3A%2F%2Fweb-assets.youversion.com%2Fapp-icons%2Fen.png&w=128&q=75)
Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020