Mark 7
7
7–BOB
Diniy urf–odatlar va Xudoning amri
1Farziylar va Quddusdan kelgan ayrim Tavrot tafsirchilari Isoning yoniga yigʻilib keldilar. 2Ular Isoning shogirdlaridan baʼzilari harom, yaʼni yuvilmagan qoʻllari#7:2 yuvilmagan qoʻllari — farziylar va Tavrot tafsirchilari ovqatlanishdan oldin qoʻllarining yuvilishiga alohida eʼtibor qaratishardi. Ayniqsa koʻchada, odamlar orasida boʻlib kelgandan keyin, dasturxonga oʻtirishdan oldin urf–odatlarga koʻra qoʻllarini yuvib, oʻzlarini poklab olishardi. bilan non yeyayotganlarini koʻrib qoldilar. 3Farziylar va umuman yahudiylar ota–bobolarining urf–odatini saqlab, hech ham qoʻllarini yuvmasdan ovqat yemaydilar. 4Bozordan qaytganlarida ham yuvinmay ovqat yemaydilar. Shuningdek, soʻri, kosa, tovoq, qozonni yuvish kabi koʻpgina udumlarga rioya qiladilar.
5Shunday qilib, farziylar va tafsirchilar Isodan soʻradilar:
— Nega Sizning shogirdlaringiz ota–bobolarimizning urf–odatini saqlashmaydi? Nima uchun harom qoʻllari bilan non yeyishadi?
6Iso ularga shunday javob berdi:
— Ishayoning bashorati siz ikkiyuzlamachilarga juda toʻgʻri keladi. Xudoning quyidagi soʻzlarini Ishayo yozib qoldirgan:
“Bu xalq Meni tilidagina izzat qiladi,
Yuraklari esa Mendan uzoqdir.
7Ular Menga sajda qiladilar,
Ammo sajdalari behudadir.
Chunki ular inson yaratgan qoidalarni
Ilohiy qonun deb oʻrgatadilar.”#7:6-7 Muallif bu oʻrinda Ishayo 29:13 ning qadimiy yunoncha tarjimasidan foydalangan.
8Sizlar Xudoning amrlarini yigʻishtirib qoʻyasizlar, insoniy urf–odatlarga esa yopishib olasizlar#7:8 Yunoncha matndan. Baʼzi yunon qoʻlyozmalarida quyidagi soʻzlar oyatga qoʻshimcha qilingan: Axir, sizlar tovoq va kosa chayish bilan bogʻliq va boshqa yana koʻp udumlarga rioya qilasiz..
9Iso yana ularga dedi:
— Ha, sizlar urf–odatlaringizni saqlash uchun Xudoning amrlarini chetlab oʻtishning zoʻr yoʻlini topgansizlar! 10Muso aytgan edi: “Ota–onangizni hurmat qiling. Otasini yoki onasini xoʻrlagan har qanday odamga oʻlim jazosi berilsin.”#7:10 Chiqish 20:12, 21:17, Levilar 20:9, Qonunlar 5:16 ga qarang. 11Ammo sizlar shunday taʼlim berasizlar: odam oʻz otasi yoki onasiga: “Farzandlik burchim — Xudoga qurbon, yaʼni Xudoga inʼom qilingan”, deb aytishi mumkin. 12Shundan keyin oʻsha odamning otasiga yoki onasiga yaxshilik qilishiga sizlar yoʻl qoʻymaysizlar. 13Shu tariqa sizlar oʻzlaringiz oʻrnatgan urf–odatlaringiz orqali Xudoning kalomini bekor qilasizlar. Sizlar bunga oʻxshash yana koʻp ishlarni qilasizlar.
Insonni nima harom qiladi?
14Keyin Iso butun xalqni yana yoniga chaqirib, dedi:
— Hammalaringiz Menga quloq solib, tushunib olinglar! 15-16Tashqaridan inson ichiga kiradigan hech narsa uni harom qila olmaydi. Aksincha, inson ichidan chiqadigan narsa uni harom qiladi#7:15-16 Yunoncha matndan. Baʼzi yunon qoʻlyozmalarida quyidagi soʻzlar 16–oyatni tashkil etib, qoʻshimcha qilingan: Kimning eshitar qulogʻi boʻlsa, eshitsin!.
17Iso xaloyiq orasidan chiqib uyga kirdi, shogirdlar Undan: “Haligi aytganlaringizni tushuntirib bering”, deb iltimos qilishdi. 18Iso ularga dedi:
— Sizlar ham shunchalik befahmmisizlar?! Tashqaridan insonning ichiga kiradigan hech narsa uni harom qila olmasligini anglamaysizlarmi? 19Bu narsalar insonning qalbiga emas, qorniga kiradi va kerakli joydan chiqib ketadi.
Iso bu gaplari bilan hamma yeguliklar halol ekanini eʼlon qildi.
20U yana dedi:
— Insonning ichidan chiqadigan narsalar insonni harom qiladi. 21Chunki ichdan, yaʼni inson qalbidan yomon fikrlar, fahsh, oʻgʻrilik, qotillik, 22zino, ochkoʻzlik, fosiqlik, makkorlik, shahvat, hasad, tuhmat, manmanlik va nodonlik chiqadi. 23Ana shu yomonliklarning hammasi insonning ichidan chiqib, uni harom qiladi.
Gʻayriyahudiy ayolning ishonchi
24Iso u yerdan chiqib, Tir#7:24 Tir — yunoncha matndan. Baʼzi yunon qoʻlyozmalarida Tir va Sidon. Tir va Sidon Finikiyada muhim ahamiyatga ega boʻlgan gʻayriyahudiylar shaharlari. Bu shaharlar Jaliladan shimoli–gʻarbda, Oʻrta yer dengizi boʻyida joylashgan edi. Bugungi kunda bu yer Livan mamlakatining janubiy qismini tashkil qiladi. hududiga ketdi. Bir uyga kirdi va buni hech kim bilib qolishini istamas edi, lekin yashirina olmadi.
25Qizalogʻini yovuz ruh chalgan bir ayol Iso haqida eshitib qoldi–da, tez kelib, Uning oyogʻiga yiqildi. 26Bu ayol Suriyadagi Finikiya#7:26 Suriyadagi Finikiya — oʻsha davrda Finikiya Rim imperiyasiga qarashli Suriya viloyatining bir qismi edi. Hozirgi Livan mamlakatining dengiz boʻyidagi hududi. oʻlkasida tugʻilgan boʻlib, yahudiy emas edi. U:
— Qizimdan jinni quvib chiqaring, — deb Isodan yolvorib soʻradi. 27Biroq Iso unga:
— Avval bolalar toʻysin, bolalardan nonni olib kuchuklarga tashlash yaxshi emas, — dedi.
28— Toʻgʻri, Hazrat#7:28 Hazrat — yunoncha matnda kurios. Bu oʻrinda obroʻ–eʼtiborli insonga nisbatan ishlatiladigan soʻz sifatida qoʻllangan. Toʻliqroq maʼlumotga ega boʻlish uchun lugʻatdagi XUDONING NOMLARI iborasi ostida berilgan RABBIY, RABBIM, RABBIMIZ… soʻziga qarang., — dedi ayol. — Lekin kuchuklar ham bolalarning dasturxonidan toʻkilgan ushoqlarini yeydi–ku.
29Iso unga:
— Mana shu gaping uchun senga yordam beraman. Endi ketaver. Qizingdan jin chiqib ketdi, — dedi.
30Ayol uyiga borganda, qizini jindan qutulib, toʻshakda yotgan holda koʻrdi.
Iso kar odamga shifo beradi
31Iso Tir hududidan chiqib, Sidonga#7:31 Sidon — shu bobning 24–oyati izohiga qarang. bordi. Soʻng Jalila koʻli boʻylaridan oʻtib, Dekapolis hududiga#7:31 Dekapolis hududi — 5:20 izohiga qarang. bordi. 32Ayrim odamlar Isoning oldiga zoʻrgʻa gapiradigan bir kar odamni olib kelib, unga qoʻl tekkizishini soʻrashdi. 33Iso u odamni xaloyiq orasidan bir chetga olib chiqdi, soʻng Oʻz barmoqlarini uning quloqlariga tiqib qoʻydi. Soʻng tupurib, soʻlagini oʻsha odamning tiliga tekkizdi. 34Keyin osmonga qarab, chuqur xoʻrsindi–da, unga: “Effatah!”#7:34 “Effatah!” — oramiycha soʻz. dedi. Bu soʻzning tarjimasi “Ochil!” demakdir. 35Shu onda u odamning quloqlari ochilib, tilga kirdi, ravongina gapira boshladi.
36Iso u yerdagilarga, buni hech kimga aytmanglar, deb buyurdi. Biroq Iso odamlarga qancha man etsa ham, ular bu hodisani yanada koʻproq yoyishardi. 37Ular haddan tashqari hayratda qolib, shunday deyishardi: “U hamma narsani yaxshi qiladi, karlarni eshitadigan, soqovlarni gapiradigan qiladi.”
Currently Selected:
Mark 7: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy
![None](/_next/image?url=https%3A%2F%2Fimageproxy.youversionapi.com%2F58%2Fhttps%3A%2F%2Fweb-assets.youversion.com%2Fapp-icons%2Fen.png&w=128&q=75)
Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020