Mark 6
6
6–BOB
Iso Nosira shahrida rad qilinadi
1Iso u yerdan joʻnab, ona shahriga#6:1 ona shahri — yaʼni Nosira. bordi. Shogirdlari ham Uning ortidan ergashdilar.
2Shabbat kuni Iso sinagogada taʼlim berdi. Uni tinglayotganlarning koʻpchiligi hayratga tushib:
— Bu Odam shuncha narsani qayerdan oʻrgandi ekan–a? — deb soʻrardilar. — Unga bunday donolikni kim berdi? U bunday moʻjizalarni qanday qilyapti? 3Iye, U Maryamning duradgor oʻgʻli–ku! Yoqub, Yusuf, Yahudo va Shimoʻnning akasi emasmi bu?! Uning singillari ham oramizda yashaydi–ku!
Odamlar Isodan qattiq xafa boʻldilar. 4Iso ularga shunday dedi:
— Paygʻambar ona shahridan, oʻz qarindosh–urugʻlari va uyidan boshqa hamma yerda izzatlanadi.
5Iso u yerda hech qanday moʻjiza koʻrsata olmadi. Faqatgina birmuncha bemorlarga qoʻl tekkizib, ularni sogʻaytirdi. 6Iso odamlarning ishonchsizligiga hayron qoldi.
Iso oʻn ikki havoriyni xizmatga yuboradi
Shundan soʻng Iso atrofdagi qishloqlarda kezib yurib, taʼlim berardi. 7Oʻn ikki havoriyni yoniga chaqirib, ikkita–ikkitadan qilib joʻnata boshladi. Ularga yovuz ruhlar ustidan hokimiyat berdi. 8Ularga buyurib dedi: “Yoʻl uchun yolgʻiz hassadan boshqa hech narsa — non ham, toʻrva ham, belbogʻlaringizga mis chaqa ham qistirib olmanglar, 9oyogʻingizga choriq kiyib, ustingizga qoʻshimcha kiyim olmanglar.”
10Iso yana dedi: “Biror yerga borib, bironta uyga kirganingizda, to oʻsha joyni tark etguningizgacha, shu uyda turinglar. 11Agar biror joyning odamlari sizni qabul qilmasa va sizga quloq solmasa, u yerdan chiqib ketayotganingizda ularni ogohlantirish tariqasida oyoqlaringizning changini qoqib ketinglar#6:11 …ularni ogohlantirish tariqasida oyoqlaringizning changini qoqib ketinglar — odamlar Xudoning elchilarini rad etganlari uchun, havoriylar oyoqlaridagi changni qoqib ketardilar. Havoriy Pavlus ham shunga oʻxshash harakatni ishlatgan (Havoriylar 18:6 ga qarang). Bu harakat oʻsha odamlarning ayanchli qismatini, yaʼni Xudo tomonidan rad etilishini va Uning shohligidan benasib qolish xavfini anglatardi..”#6:11 Yunoncha matndan. Baʼzi yunon qoʻlyozmalarida quyidagi soʻzlar oyatga qoʻshimcha qilingan: Sizga chinini aytaman: qiyomat kunida oʻsha shaharning holi Sadoʻm va Gʻamoʻra shaharlarining holidan ham battar boʻladi.
12Shunday qilib, havoriylar yoʻl yurib, tavba qilinglar, deb hammani daʼvat qilishdi. 13Ular koʻp jinlarni quvib chiqarishdi va koʻp xastalarga zaytun moyi surtib#6:13 …koʻp xastalarga zaytun moyi surtib… — zaytun moyi qadimgi paytlarda malham sifatida ishlatilardi. U ogʻriq qoldirib, terini qurib ketishdan saqlar edi (Ishayo 1:6, Luqo 10:34 ga qarang). Bu oʻrinda Xudoning shifo berish qudrati ramzi sifatida kasal odamga ozgina moy surtilgan boʻlsa kerak (Yoqub 5:14 ga qarang). ularni sogʻaytirishdi.
Yahyo choʻmdiruvchining oʻlimi
14Isoning nomi el ogʻziga tushib qolgan edi. Shoh Hirodning#6:14 Hirod — Antipas ismi bilan ham tanilgan boʻlib, Buyuk Hirodning oʻgʻli edi. Antipas Jalila va Pereya hududlarida hukmronlik qilgan. qulogʻiga ham mish–mishlar yetib bordi. Baʼzi odamlar: “Yahyo choʻmdiruvchi tirilib kelibdi. Shuning uchun U moʻjizalar koʻrsatish qudratiga ega”, deyishardi#6:14 Baʼzi odamlar…deyishardi — yunoncha matndan. Baʼzi yunon qoʻlyozmalarida Hirod…derdi.. 15Boshqalar esa: “Bu Ilyos#6:15 Ilyos — Eski Ahd davrida yashagan eng buyuk paygʻambarlardan biri. Yahudiylar Ilyosning qaytib kelishini intizorlik bilan kutishardi (Malaki 4:5-6 ga qarang).”, deb aytishardi. Yana boshqa birovlari: “Qadimgi paygʻambarlarga oʻxshagan bir paygʻambar bu”, deb aytardilar. 16Hirod bularni eshitib: “Men boshini oldirgan Yahyo tirilib kelibdi”, dedi.
17-18Hirod oʻz ukasi Filipning xotini Hirodiyaga uylangan edi. Yahyo esa Hirodga: “Siz ukangizning xotiniga uylana olmaysiz, bu qonunga zid”, deb aytar edi. Shuning uchun Hirod Yahyoni qoʻlga olib, zindonga qamatib qoʻygan edi. 19Hirodiyaning ham Yahyoda qasdi bor edi. U Yahyoni oʻldirmoqchi boʻlardi, ammo bu niyatiga yeta olmayotgan edi. 20Negaki Hirod Yahyoning solih va muqaddas kishi ekanini bilib, undan qoʻrqar va uni himoya qilar edi. Uning soʻzlari Hirodni gangitib qoʻyardi, shunga qaramay, Hirod uni eshitishni xush koʻrardi#6:20 Uning soʻzlari Hirodni gangitib qoʻyardi, shunga qaramay, Hirod uni eshitishni xush koʻrardi — yunoncha matndan. Baʼzi yunon qoʻlyozmalarida Hirod koʻp ishlarni uning maslahati bilan qilardi va uni eshitishni xush koʻrardi..
21Bir kuni qulay fursat tugʻilib qoldi. Hirod oʻzining tugʻilgan kuni munosabati bilan amaldorlariga, lashkarboshilariga va Jalila hududining yoʻlboshchilariga ziyofat berdi. 22Hirodiyaning qizi#6:22 Hirodiyaning qizi — baʼzi yunon qoʻlyozmalaridan (yana Matto 14:3-6 ga qarang). Yunoncha matnda Hirodning qizi Hirodiya. kirib, raqs tushdi va Hirod bilan ulfatlarining koʻnglini topdi. Shoh qizga:
— Tila tilagingni, tilagan narsangni beraman, — dedi. 23Unga hatto qasam ichib:
— Mendan nima soʻrasang, beraman, shohligimning yarmigacha boʻlsa ham, beraman, — dedi.
24Qiz tashqariga chiqib onasiga:
— Nima soʻray? — dedi.
— Yahyo choʻmdiruvchining boshini soʻra! — dedi onasi.
25Qiz shu onda shoh huzuriga yugurib borib:
— Menga hoziroq Yahyo choʻmdiruvchining boshini laganda keltirib berishingizni soʻrayman, — dedi.
26Shoh juda xafa boʻldi. Ammo mehmonlari oldida qasam ichgani uchun qizning iltimosini rad etishni istamadi. 27U oʻsha zahoti jallodni yuborib, Yahyoning boshini keltirishni buyurdi. 28Jallod zindonga borib, Yahyoning boshini tanidan judo qildi. Keyin uning boshini laganda keltirib, qizga berdi. Qiz esa onasiga berdi. 29Yahyoning shogirdlari yuz bergan hodisani eshitib, uning jasadini olgani borishdi va uni dafn etishdi.
Iso 5000 kishini toʻydiradi
30Havoriylar Isoning oldiga yigʻilib, qilgan hamma ishlarini, xalqqa nimalar oʻrgatishganini aytib berdilar#6:30 Havoriylar…aytib berdilar — shu bobning 7, 12-13–oyatlariga qarang.. 31Iso ularga:
— Kelinglar, yolgʻiz oʻzimiz kimsasiz joyga boraylik, bir oz dam olinglar, — dedi. Chunki kelib–ketuvchilar koʻpligidan ularning ovqat yeyishga ham vaqti yoʻq edi.
32Iso bilan shogirdlari qayiqqa tushib#6:32 …qayiqqa tushib… — Jalila koʻlida., yolgʻiz oʻzlari kimsasiz joyga joʻnab ketishdi. 33Lekin koʻpchilik ularning qayerga ketayotganini bilib qoldilar. Shunda atrofdagi hamma shaharlardan odamlar piyoda yoʻlga tushishdi, Iso bilan shogirdlari borayotgan joyga yugurib, ulardan oldin yetib borishdi. 34Iso qayiqdan tushganda, katta bir olomonni koʻrdi. Ularga achinib ketdi, chunki ular choʻponsiz qoʻylarga oʻxshardi. Iso ularga koʻp narsalar haqida taʼlim berdi.
35Kech kirganda, shogirdlar Isoning oldiga kelib dedilar:
— Bu joy kimsasiz ekan, buning ustiga, juda kech boʻlib qoldi. 36Xalqni joʻnatib yuboring, toki ular atrofdagi qishloq va ovullarga borib, oʻzlariga yegulik sotib olishsin.
37— Sizlar ularga ovqat beringlar! — dedi Iso.
— Nahotki biz ikki yuz kumush tangaga#6:37 ikki yuz kumush tanga — yunoncha matnda ikki yuz dinor. Dinor Rim kumush tangasi boʻlib, mardikorning bir kunlik ish haqi edi. non sotib olib kelib, xalqqa yedirsak? — deb soʻrashdi Undan. 38Iso dedi:
— Qancha nonlaringiz bor? Borib koʻringlar.
Ular bilib kelib:
— Beshta non, ikkita baliq bor ekan, — deyishdi.
39Iso xaloyiqni guruh–guruh qilib, yashil oʻt ustiga oʻtqazishni shogirdlariga buyurdi. 40Xalq yuztadan va elliktadan guruh–guruh boʻlib oʻtirdi. 41Iso beshta non bilan ikkita baliqni oldi va osmonga qarab, shukrona duosini oʻqidi. Nonlarni sindirib, xaloyiqqa tarqatish uchun shogirdlariga berdi. Ikkita baliqni ham hammaga taqsimlab berdi. 42Hamma yeb toʻydi. 43Soʻng ortib qolgan non burdalarini va baliqlarni yigʻib olishgan edi, toʻla oʻn ikki savat chiqdi. 44Non yeganlar orasida besh ming erkak bor edi.
Iso suv ustida yuradi
45Iso vaqt oʻtkazmay, shogirdlarini qayiqqa tushirib, koʻlning narigi tomonidagi#6:45 …koʻlning narigi tomonidagi… — Iso va uning shogirdlari shu paytda koʻlning aynan qaysi qismida boʻlganlari aniq emas. “Koʻlning narigi tomonidagi” degan ibora koʻlning oʻsha qirgʻogʻidagi boshqa bir joyga qayiq bilan suzib borishni ham bildirishi mumkin. Anʼanaga koʻra, Iso bir necha ming kishini toʻydirgan bu joy koʻlning shimoli–gʻarb tomonida, Jaliladagi Baytsaydaga yaqin edi. Baytsayda shahriga#6:45 Baytsayda shahri — bu oʻrinda koʻlning shimoli–sharq tomonidagi shaharga yoki koʻlning shimoli–gʻarb tomonida joylashgan, Jaliladagi Baytsayda degan shaharga ishora qilinayotgan boʻlishi mumkin (Yuhanno 12:21 ga qarang). ketishga majbur qildi. Olomonni esa uylariga qaytarib joʻnatib yubordi. 46Odamlar bilan xayrlashgandan keyin, ibodat qilish uchun tepalikka chiqdi.
47Oqshom tushdi. Qayiq koʻlning oʻrtasida, Iso esa yolgʻiz Oʻzi quruqlikda qolgan edi. 48Shogirdlar eshkak eshishga qiynalayotgan edilar, chunki shamol qayiqqa qarshi esar edi. Iso buni koʻrib, erta saharda koʻl ustida yurganicha shogirdlari tomon bordi–da, ularning oldidan oʻtib ketmoqchi boʻldi#6:48 …ularning oldidan oʻtib ketmoqchi boʻldi — Iso Oʻz shogirdlariga ular bilan birga ekanligini koʻrsatish uchun oldilaridan oʻtib ketmoqchi boʻldi.. 49Shogirdlar esa koʻl yuzida yurgan Isoni koʻrib, arvoh deb oʻylab, baqirib yuborishdi. 50Chunki hammalari Uni koʻrib, vahimaga tushib qolgan edilar. Lekin Iso oʻsha zahoti ularga:
— Dadil boʻlinglar! Qoʻrqmanglar, bu Menman! — dedi.
51Soʻng Iso shogirdlari yoniga — qayiqqa oʻtgach, shamol tinib qoldi. Shogirdlar tamomila hayratga tushdilar, 52chunki ular non toʻgʻrisidagi moʻjizani ham tushunmagan edilar, ularning imoni sust edi#6:52 …ularning imoni sust edi — yunoncha matndan soʻzma–soʻz tarjimasi …ularning yuraklari qotib qolgandi..
53Ular koʻldan suzib oʻtib#6:53 Ular koʻldan suzib oʻtib… — shu bobning 45–oyatiga berilgan birinchi izohga qarang., Genisaret#6:53 Genisaret — Kafarnahum shahridan janubi–gʻarbdagi serhosil tekislik. oʻlkasiga keldilar. Oʻsha yerda qayiqni bogʻladilar. 54Qayiqdan chiqishlari bilanoq xalq Isoni tanib qoldi. 55Odamlar butun yurtni yugurib aylanib chiqdilar, xastalarni toʻshaklarda Isoning oldiga olib bordilar. Ular har safar Isoning qayerdaligini eshitishsa xastalarni oʻsha yerga olib borishardi. 56Iso qayerga bormasin — qishloqlargami, shaharlargami, ovullargami — odamlar xastalarni ochiq maydonlarga yotqizib qoʻyishardi. Xastalar Isodan: “Hech boʻlmasa kiyimingizning etagiga qoʻl tekkizaylik”, deb iltimos qilishardi. Unga qoʻl tekkizganlarning hammasi shifo topardi.
Currently Selected:
Mark 6: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy
![None](/_next/image?url=https%3A%2F%2Fimageproxy.youversionapi.com%2F58%2Fhttps%3A%2F%2Fweb-assets.youversion.com%2Fapp-icons%2Fen.png&w=128&q=75)
Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020