YouVersion Logo
Search Icon

Mark 9

9
9–BOB
Isoning qiyofasi oʻzgaradi
1Iso ularga yana dedi:
— Sizlarga chinini aytayin, bu yerda turganlardan baʼzilari borki, ular Xudoning Shohligi qudrat bilan kelishini koʻrmagunlaricha, oʻlmaydilar.
2Oradan olti kun oʻtdi. Iso yoniga Butrus, Yoqub va Yuhannoni olib, baland bir toqqa chiqdi. U yerda, ularning koʻz oʻngida Isoning qiyofasi oʻzgarib ketdi. 3Uning kiyimlari ham koʻzni qamashtiradigan darajada oppoq boʻlib qoldi, yer yuzida hech bir kir yuvuvchi bunday oqartira olmas edi.
4Shunda shogirdlar Iso bilan gaplashib turgan Ilyos bilan Musoni koʻrishdi. 5Butrus Isoga dedi:
— Ustoz, yaxshi ham shu yerda ekanmiz! Keling, uchta chayla yasaylik: bittasi Sizga, bittasi Musoga, bittasi Ilyosga.
6Shogirdlar shunchalik qoʻrqib ketgan edilarki, Butrus nima deb aytayotganini oʻzi ham bilmas edi.
7Shu paytda bulut paydo boʻlib, ularga soya soldi. Bulut orasidan shunday ovoz eshitildi:
— Bu Mening sevikli Oʻgʻlimdir#9:7 Bu Mening sevikli Oʻgʻlimdir — Zabur 2:7 ga qarang., Unga quloq solinglar!
8Birdaniga shogirdlar atrofga qarab, yolgʻiz Isodan boshqa hech kimni koʻrishmadi.
9Togʻdan tushayotganlarida Iso ularga buyurdi:
— Inson Oʻgʻli oʻlib tirilmaguncha, bu koʻrganlaringizni hech kimga aytmanglar.
10Ular bu haqda hech kimga aytmadilar, ammo oʻzaro: “Oʻlikdan tirilish nima degani ekan?” deb, bu xususda munozara qila boshladilar. 11Ular Isodan soʻradilar:
— Nega Tavrot tafsirchilari, Masihdan oldin Ilyos kelishi kerak#9:11 …Masihdan oldin Ilyos kelishi kerak… — 6:15 izohiga qarang., deb aytadilar?
12Iso ularga javoban dedi:
— Toʻgʻri, avvalo Ilyos kelib, hamma narsani tiklaydi. Xoʻsh, Muqaddas bitiklarda#9:12 Muqaddas bitiklar — odatda Eski Ahd kitoblari toʻplami shu nom bilan ataladi., Inson Oʻgʻli koʻp azob chekishi va xoʻrlanishi kerak, deb ham yozilmaganmi?! 13Biroq Men sizlarga shuni aytaman: Ilyos allaqachon kelgan#9:13 …Ilyos allaqachon kelgan… — Yahyo choʻmdiruvchi nazarda tutilgan (Matto 17:11-13 ga qarang). va u haqda yozilganidek, uni xohlaganlaricha xoʻrladilar#9:13 …u haqda yozilganidek, uni xohlaganlaricha xoʻrladilar — Hirod Hirodiyaning iltimosi bilan Yahyoni qanday qilib qatl qilganiga ishora (6:17-29 ga qarang). Shoh Axabning fosiq xotini Izabel ham Ilyos paygʻambarni oʻldirmoqchi boʻlgan edi (3 Shohlar 19:1-2, 10 ga qarang). Ilyosning hayotida boʻlib oʻtgan oʻsha voqea Yahyoning taqdiriga ishora boʻlgan..
Jinga chalingan bolaga Iso shifo beradi
14Iso uch shogirdi bilan togʻdan tushganda, ular qolgan shogirdlari atrofiga yigʻilgan katta olomonni koʻrdilar. Baʼzi Tavrot tafsirchilari Isoning shogirdlari bilan bahslashayotgan edilar. 15Odamlar Isoni koʻrib, hayratga tushishdi. Uning oldiga yugurib borib, salom berishdi.
16— Nimalar toʻgʻrisida bahslashyapsizlar? — deb soʻradi Iso. 17Olomon orasidan kimdir javob berdi:
— Ustoz! Sizning oldingizga oʻgʻlimni olib kelgan edim, uni jin chalgani uchun gapira olmaydi. 18Jin uni qayerda tutib olsa, yerga yiqitadi. Oʻgʻlimning ogʻzidan koʻpik chiqadi, u tishlarini gʻichirlatib, qotib qoladi. Men shogirdlaringizga, jinni quvib chiqaringlar, dedim, ammo ular eplay olmadilar.
19Iso bunga javoban:
— Ey imonsiz avlod! Qachongacha sizlar bilan birga boʻlishim kerak?! Sizlarga yana qancha toqat qilishim kerak?! Oldimga keltiringlar bolani! — dedi.
20Bolani Isoning oldiga keltirishdi. Isoni koʻrishi bilanoq jin bolani qaltiratib tashladi. Bola yerga yiqildi–yu, ogʻzidan koʻpik oqizgancha agʻnab yotaverdi. 21Iso uning otasidan:
— Qachondan beri u bunday ahvolga tushadi? — deb soʻradi.
— Bolaligidan shunaqa. 22Jin uni halok qilmoqchi boʻlib koʻp marotaba olovga, suvga tashladi. Agar qoʻlingizdan kelsa, bizlarga rahm qiling, yordam bering, — dedi. 23Iso unga shunday javob berdi:
— “Qoʻlingizdan kelsa” deganing nimasi?! Agar odam ishonsa, hamma narsaning imkoni bor.
24Shu on bolaning otasi hayqirib yubordi:
— Ishonaman! Ishonchsizligimni yengishimga yordam bering!
25Tomoshaga yigʻilayotgan xalqni koʻrgan Iso yovuz ruhga doʻq qilib:
— Ey gung qiladigan ruh, Men senga buyuraman: boladan chiqib ket! Bundan keyin hech qachon uning ichiga qaytib kirma! — dedi.
26Shunda jin qattiq qichqirib yubordi–da, bolani shiddat bilan qaltiratib, undan chiqib ketdi. Bola oʻlikday boʻlib qolganidan, koʻpchilik uni oʻldi, deb aytdi. 27Lekin Iso uni qoʻlidan ushlab turishiga yordam berdi, bola oyoqqa turdi.
28Iso uyga kirdi. U yolgʻiz ekan, shogirdlari Undan:
— Nega biz jinni quvib chiqara olmadik? — deb soʻradilar. 29Iso ularga dedi:
— Bu toifa jinlarni ibodatdan#9:29 ibodat — yunoncha matndan. Baʼzi yunon qoʻlyozmalarida ibodat va roʻza. boshqa yoʻl bilan haydab boʻlmaydi.
Iso yana Oʻz oʻlimi haqida gapiradi
30Iso va shogirdlari u yerdan joʻnab, Jalila hududidan oʻtdilar. Iso buni hech kim bilib qolishini istamas edi. 31U shogirdlariga taʼlim berib, shunday dedi:
— Inson Oʻgʻli odamlar qoʻliga tutib beriladi. Uni oʻldirishadi, uchinchi kuni esa U tiriladi.
32Shogirdlar esa bu soʻzlarni tushunmadilar, ammo Undan gaplarining maʼnosini soʻrashga botina olmadilar.
Eng katta kim?
33Iso shogirdlari bilan Kafarnahum shahriga keldi. Uyda boʻlganda, shogirdlaridan soʻradi:
— Yoʻlda ketayotib nimalar haqida bahslashdingiz?
34Ular indamadilar, chunki ular: “Oramizda eng katta kim?” deb oʻzaro bahslashgan edilar.
35Iso oʻtirib, oʻn ikki shogirdini yoniga chaqirdi:
— Kim birinchi boʻlishni istasa, hammaning oxirida tursin va hammaga xizmatkor boʻlsin, — dedi.
36Soʻngra bir bolani olib, ularning oʻrtasiga turgʻizib qoʻydi va bolani quchoqlagancha, shogirdlariga dedi:
37— Kim shunday bolalardan birini Mening nomimdan qabul qilsa, u Meni qabul qilgan boʻladi. Kim Meni qabul qilsa, u Meni emas, balki Meni Yuborganni qabul qilgan boʻladi.
Bizga qarshi boʻlmagan — biz tomondadir
38Yuhanno Isoga dedi:
— Ustoz! Biz bir odamni koʻrdik. U Sizning nomingiz bilan jinlarni quvib chiqarayotgan ekan. U biz bilan yurmagani uchun unga bunday qilishni man etdik.
39Iso shunday dedi:
— Man etmang! Chunki Mening nomim bilan moʻjiza yaratgan biror bir kimsa darrov Meni yomonlay olmaydi. 40Kim bizga qarshi boʻlmasa, u biz tomonda. 41Sizlarga chinini aytay: Masihga tegishli boʻlganingiz uchun sizga bir piyola suv bergan har qanday odam albatta mukofotini oladi.
Yoʻldan ozdirish haqida
42Iso soʻzida davom etdi:
— Menga ishongan shu kichiklarning birontasini#9:42 shu kichiklarning birontasi — Iso Masihga imon keltirgan odamlar, ayniqsa kichik bola singari, ojiz va qarovga muhtoj boʻlganlar nazarda tutilgan. yoʻldan ozdirgan odamning holiga voy. Bunday qilgandan koʻra, oʻsha odamning boʻyniga tegirmon toshini osib, uni dengizga tashlashgani oʻzi uchun yaxshiroq boʻlardi. 43-44Agar yoʻldan ozishingga qoʻling sababchi boʻlsa, uni chopib tashla. Ikki qoʻling bilan soʻnmas doʻzax oʻtiga yoʻliqqaningdan koʻra, mayib boʻlib abadiy hayotdan bahramand boʻlganing yaxshiroqdir#9:43-44 Yunoncha matndan. Baʼzi yunon qoʻlyozmalarida quyidagi soʻzlar 44–oyatni tashkil etib, qoʻshimcha qilingan: Doʻzaxning qurti ham oʻlmaydi, olovi ham oʻchmaydi.. 45-46Agar yoʻldan ozishingga oyogʻing sababchi boʻlsa, uni chopib tashla. Ikki oyogʻing bilan doʻzaxga tashlangandan koʻra, choʻloq boʻlib abadiy hayotdan bahramand boʻlganing yaxshiroqdir#9:45-46 Yunoncha matndan. Baʼzi yunon qoʻlyozmalarida quyidagi soʻzlar 46–oyatni tashkil etib, qoʻshimcha qilingan: Doʻzaxning qurti ham oʻlmaydi, olovi ham oʻchmaydi.. 47Agar yoʻldan ozishingga koʻzing sababchi boʻlsa, uni oʻyib tashla. Ikki koʻzing bilan doʻzaxga tashlangandan koʻra, bir koʻzing bilan Xudoning Shohligiga kirganing yaxshiroqdir. 48Doʻzaxning qurti ham oʻlmaydi, olovi ham oʻchmaydi#9:48 Doʻzaxning qurti ham oʻlmaydi, olovi ham oʻchmaydi — Ishayo 66:24 ga qarang.. 49Har bir odam olovda tuzlanib, poklanadi#9:49 Har bir odam olovda tuzlanib, poklanadi — yunoncha matndan soʻzma–soʻz tarjimasi Har bir odam olovda tuzlanadi. Olov — poklash yoki jazolash ramzi. Tuz esa barqarorlik va oʻzgarmaslik ramzidir, chunki qadimda tuz baʼzi oziq–ovqat mahsulotlarini achib qolishdan saqlash uchun ishlatilgan. Iso Masih bu gapi orqali Oʻz shogirdlarining azob–uqubatlarni boshdan kechirishini nazarda tutgan boʻlsa kerak. Zotan, Iso Masihning nomi uchun azob chekish insonning imonini poklaydi va uni gunohning halokatli taʼsiridan asraydi. Shu bilan birga, Iso Oʻziga ishonmaydiganlarning doʻzaxda to abad jazo tortishiga ishora qilgan boʻlishi ham mumkin. Xullas, Isoning bu soʻzlari shu ikkala maʼnoning birini yoki bir paytda ikkala maʼnoni ham anglatgan boʻlishi mumkin..#9:49 Yunoncha matndan. Baʼzi yunon qoʻlyozmalarida quyidagi soʻzlar oyatga qoʻshimcha qilingan: har bir qurbonlik tuzga bulanadi (Levilar 2:13, Hizqiyol 43:24 ga qarang). 50Tuz — yaxshi narsa. Lekin tuz oʻz shoʻrligini yoʻqotsa, qanday qilib tuzni shoʻr qila olasizlar?! Tuzday boʻlinglar, oʻzaro tinch–totuv yashanglar#9:50 Tuzday boʻlinglar, oʻzaro tinch–totuv yashanglar — shu bobning 33-35–oyatlariga qarang. Tuz barqarorlik va oʻzgarmaslik ramzidir, chunki qadimda tuz baʼzi oziq–ovqat mahsulotlarini achib qolishdan saqlash uchun ishlatilgan. Tuzday boʻlish Iso Masihga sodiq qolish va Uning amrlariga itoat etishga ishora qiladi. Shu tarzda yashash ularning orasida tinchlikni saqlaydi..

Currently Selected:

Mark 9: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in