YouVersion Logo
Search Icon

Mark 10

10
10–BOB
Nikoh va ajralish haqida
1Iso u yerdan ketib, Yahudiya oʻlkasiga, soʻng Iordan daryosining sharq tomoniga bordi. Uning atrofiga yana koʻp xalq yigʻildi. U Oʻz odatiga koʻra, odamlarga yana taʼlim berdi. 2Baʼzi farziylar keldilar va Isoni sinamoqchi boʻlib, soʻradilar:
— Qonunga koʻra, er oʻz xotinidan ajralishi mumkinmi?#10:2 Qonunga koʻra, er oʻz xotinidan ajralishi mumkinmi? — oʻsha davrda yahudiylar, ajrashish mumkin, deb aytardilar. Ammo ajrashishga qanday sabablar boʻlishi mumkinligi haqida koʻp bahs–munozaralar bor edi. Matto 19:3 izohiga qarang.
3Iso bunga javoban:
— Muso sizlarga nimani amr qilgan? — deb soʻradi.
4— Erkak taloq xatini yozib, xotinidan ajralishiga Muso ijozat bergan edi#10:4 Erkak…xotinidan ajralishiga Muso ijozat bergan edi — Qonunlar 24:1 ga qarang., — deyishdi. 5Iso ularga dedi:
— Bagʻri toshligingiz uchun Muso sizlarga bu amrni yozib qoldirgan. 6Aslida Xudo dunyoni yaratganda odamlarni erkagu ayol qilib yaratdi#10:6 …odamlarni erkagu ayol qilib yaratdi — Ibtido 1:27, 5:2 ga qarang.. 7“Shuning uchun erkak kishi ota–onasidan boʻlak boʻlib, 8xotiniga bogʻlanib qoladi, ikkalasi bir tan boʻladilar.”#10:7-8 Ibtido 2:24 ga qarang. Bunga koʻra, ular endi ikki emas, balki bir tan hisoblanadilar. 9Xudo birga qoʻshganni bandasi ajratmasin.
10Uyga kelganlarida, shogirdlar yana shu haqda Isodan soʻradilar. 11Iso ularga dedi:
— Kim oʻz xotini bilan ajrashib boshqasiga uylansa, u xotiniga nisbatan zino qilgan boʻladi. 12Xotin ham agar oʻz eri bilan ajrashib boshqasiga tegsa, zino qilgan boʻladi.
Iso bolalarni duo qiladi
13Iso bolalarimizga qoʻl tekkizsin deb, odamlar Uning oldiga bolalarini olib kelishardi. Shogirdlar esa oʻsha odamlarni koyishardi. 14Iso buni koʻrganda, gʻazablanib dedi:
— Bolalarga yoʻl beringlar, Mening oldimga kelishlariga toʻsqinlik qilmanglar! Zero, Xudoning Shohligi bundaylarnikidir. 15Sizlarga chinini aytayin: kim Xudoning Shohligini bola kabi qabul qilmasa, unga hech qachon kirolmaydi.
16Keyin bolalarni quchoqlab, ularga qoʻl qoʻyib, duo qildi.
Boylik va abadiy hayot
17Iso yoʻlga chiqayotganda, bir odam yugurib kelib, Uning oldida tiz choʻkdi–da:
— Valineʼmat Ustoz! Abadiy hayotga ega boʻlish uchun nima qilishim kerak? — deb soʻradi. 18Iso unga dedi:
— Nega Meni valineʼmat deysan? Birgina Xudodan boshqa hech kim valineʼmat emas–ku! 19Sen amrlarni bilasan: “Qotillik qilma. Zino qilma. Oʻgʻrilik qilma. Yolgʻon guvohlik berma. Birovning haqini yema. Ota–onangni hurmat qilgin.”#10:19 Chiqish 20:12-16, Qonunlar 5:16-20 ga qarang.
20U kishi Isoga dedi:
— Ustoz! Bularning hammasiga yoshligimdan amal qilib kelaman.
21Iso unga mehr bilan qarab, dedi:
— Senga bir narsa yetishmaydi. Borib, bor narsangni sot, pulini kambagʻallarga tarqat. Shunda samoda xazinang boʻladi. Keyin kelib#10:21 Keyin kelib… — yunoncha matndan. Baʼzi yunon qoʻlyozmalarida Keyin kelib, xochni koʻtarib (8:34 ga va oʻsha oyatning izohiga qarang)., Menga ergashgin.
22Bu soʻzlardan boyning taʼbi xira boʻldi. U gʻamgin boʻlib qaytib ketdi, chunki uning mol–mulki koʻp edi.
23Iso atrofga razm solib, shogirdlariga dedi:
— Mol–dunyosi bor odamlarning Xudo Shohligiga kirishi naqadar qiyin!
24Bu soʻzlarni eshitib, shogirdlarning aqli shoshdi. Iso esa takrorlab dedi:
— Bolalarim, Xudoning Shohligiga kirish naqadar qiyin!#10:24 …Xudoning Shohligiga kirish naqadar qiyin! — yunoncha matndan. Baʼzi yunon qoʻlyozmalarida boylikka umid bogʻlaganlar uchun Xudoning Shohligiga kirish naqadar qiyin! 25Boy odamning Xudo Shohligiga kirishidan koʻra, tuyaning igna teshigidan oʻtishi osonroqdir.
26Shogirdlar haddan tashqari ajablanib oʻzlaricha:
— Unday boʻlsa, kim najot topa olar ekan? — deyishdi. 27Iso ularga koʻz tikib dedi:
— Inson uchun bu imkonsizdir, lekin Xudo uchun emas. Xudo uchun hamma narsaning imkoni bor.
28Shunda Butrus Isoga dedi:
— Mana, biz uy–joyimizni tashlab, Sizning orqangizdan ergashib keldik.
29Iso bunga javoban dedi:
— Sizlarga chinini aytayin: kim Men uchun va Xushxabar uchun uy–joyini, aka–ukalarini, opa–singillarini, ota–onasini, bolalarini yoki dalalarini tashlab ketsa, 30u bu dunyoning oʻzidayoq yuz hissa ortiq uy–joylarga, aka–ukalarga, opa–singillarga, onalarga, bolalarga va dalalarga ega boʻladi, shu bilan birga quvgʻin ham qilinadi. Narigi dunyoda esa abadiy hayotga sazovor boʻladi. 31Ammo birinchi boʻlganlarning koʻplari oxirgi boʻladilar, oxirgilar esa birinchi boʻladilar.
Iso Oʻz oʻlimi toʻgʻrisida uchinchi marta gapiradi
32Iso bilan shogirdlari Quddusga qarab ketayotgan edilar. Iso yoʻl boshlab borardi. Shogirdlar xavotirda edi, Isoning ortidan ergashgan xalqni esa vahima qamrab olgandi. Iso oʻn ikki shogirdini chetga olib, Oʻzi bilan yuz beradigan voqealarni ayta boshladi:
33— Mana, biz Quddusga ketyapmiz. U yerda Inson Oʻgʻli bosh ruhoniylar va Tavrot tafsirchilari qoʻliga tutib beriladi. Ular Uni oʻlimga mahkum qilib, gʻayriyahudiylarga#10:33 gʻayriyahudiylar — oʻsha davrda Yahudiyada hukmronlik qilgan Rim imperiyasi amaldorlariga ishora. topshiradilar. 34Gʻayriyahudiylar Uni haqorat qiladilar, yuziga tupuradilar, qamchilaydilar va Uni oʻldiradilar. Lekin uchinchi kuni U tiriladi.
Yoqub bilan Yuhannoning tilagi
35Zabadiyo oʻgʻillari Yoqub bilan Yuhanno Isoning oldiga kelib:
— Ustoz, bizning bir tilagimiz bor, uni biz uchun bajo keltirishingizni istaymiz, — deyishdi.
36— Sizlar uchun nima qilishimni istaysizlar? — deb soʻradi Iso. 37Ular:
— Siz ulugʻvor taxtingizda oʻtirganingizda, birimiz Sizning oʻng tomoningizda#10:37 Sizning oʻng tomoningiz — oʻng tomon muruvvat va baraka oʻrni deb hisoblangan., boshqamiz esa chap tomoningizda oʻtirishimizga ruxsat bering, — deyishdi. 38Iso ularga dedi:
— Sizlar nima soʻrayotganingizni bilmaysizlar. Men ichadigan azob kosasidan#10:38 azob kosasi — yunoncha matnda kosa, Isoning azoblari va xochdagi oʻlimiga ishora (shu bobning 32-34–oyatlariga qarang). “Kosadan ichmoq” iborasi azob–uqubat tortib, jazo olish maʼnosini bildiradi (misol uchun, Zabur 74:9, Ishayo 51:17, Yeremiyo 25:15 ga qarang). sizlar icha olasizlarmi? Men boshdan kechiradigan qaygʻu–alamlarga botib chiday olasizlarmi?
39Ular:
— Chiday olamiz, — deb javob berishdi. Iso ularga dedi:
— Sizlar–ku Men ichadigan azob kosasidan ichasizlar, boshdan kechiradigan qaygʻu–alamlarimga oʻzingiz ham duchor boʻlasizlar. 40Ammo Mening oʻng yoki chap tomonimda oʻtirishga ruxsat berish Mening ixtiyorimda emas. Bu oʻrin kimlarga atalgan boʻlsa, ularniki boʻladi.
41Qolgan oʻnta shogird buni eshitib, Yoqub bilan Yuhannodan achchiqlanib ketishdi. 42Iso esa ularni yoniga chaqirib, dedi:
— Butparastlarga qaranglar, ular hukmdorlariga izzat koʻrsatadilar, hukmdorlari esa ularga oʻz hukmini oʻtkazadilar, katta amaldorlari elga zoʻravonlik qiladilar. 43Ammo sizlarning orangizda bunday boʻlmasin. Aksincha, orangizda kim katta boʻlishni istasa, sizlarga xizmat qilsin. 44Orangizda kim birinchi boʻlishni istasa, hammangizga qul boʻlsin. 45Axir, Inson Oʻgʻli ham Oʻziga xizmat qildirish uchun emas, balki Oʻzi boshqalarga xizmat qilish va Oʻz jonini fido qilib, koʻplarni ozod qilish uchun kelgan.
Iso Yerixo shahrida koʻr odamning koʻzini ochadi
46Iso bilan shogirdlari Yerixo shahriga keldilar. Ular shahardan chiqib ketayotganlarida bir talay xaloyiq ularga ergashdi. Timeyus oʻgʻli Bartimeyus ismli bir koʻr tilanchi yoʻl chekkasida oʻtirgan edi. 47U Nosiralik Iso oʻtib ketayotganini eshitib:
— Ey Dovud Oʻgʻli#10:47 Dovud Oʻgʻli — yahudiylar shoh Dovud naslidan kelib chiqadigan Masihni shunday nom bilan atashar edi. Toʻliqroq maʼlumotga ega boʻlish uchun lugʻatdagi MASIH soʻziga qarang. Iso, menga rahm qiling! — deb baqira boshladi. 48Koʻp odamlar esa:
— Jim boʻl! — deb unga doʻq qilishdi. Lekin u:
— Ey Dovud Oʻgʻli, menga rahm qiling! — deb yanada qattiqroq baqirdi.
49Iso toʻxtab:
— Uni chaqirib kelinglar, — dedi. Odamlar kelib, koʻr odamga:
— Dadil boʻl, oʻrningdan tur. U seni chaqiryapti, — deb aytishdi.
50Koʻr toʻnini yechib tashlab, oʻrnidan sakrab turdi–da, Isoning yoniga keldi. 51Iso undan soʻradi:
— Sen Mendan nima istaysan?
— Ustoz, koʻzlarim koʻrsin! — dedi koʻr. 52Iso unga:
— Boraver, ishonching seni sogʻaytirdi, — dedi.
Oʻsha zahoti u koʻra boshladi. Soʻng Isoning ortidan ergashib ketdi.

Currently Selected:

Mark 10: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in