Mark 11
11
11–BOB
Iso Quddusga tantanali kiradi
1Iso shogirdlari bilan Quddusga yaqinlashib qolgan edilar. Ular Zaytun togʻi#11:1 Zaytun togʻi — Quddus shahrining sharqiy devori boʻylab oʻtgan Qidron soyligining narigi tomonidagi tepalik. etagidagi Baytfagiya va Baytaniya qishloqlariga yetib kelayotganlarida, Iso shogirdlaridan ikkitasiga dedi:
2— Anavi qishloqqa#11:2 Anavi qishloq — yaʼni Baytfagiya (Matto 21:1-2 ga qarang). boringlar. U yerga kirishingiz bilanoq, bogʻliq turgan va hech qachon minilmagan xoʻtikni koʻrasizlar. Oʻsha xoʻtikni yechib, bu yerga olib kelinglar. 3Agar kimdir sizlardan: “Nima qilyapsizlar?” deb soʻrab qolsa, “Bu xoʻtik Rabbimiz Masihga kerak, xoʻtikni U darhol bu yerga qaytarib yuboradi”, deb javob beringlar.
4Ular borib, koʻchada darvoza yonida bogʻlab qoʻyilgan xoʻtikni koʻrib, yechib olishdi. 5U yerda turgan bir necha kishi ularga:
— Nima qilyapsizlar? Nega xoʻtikni yechyapsizlar? — deb soʻrashdi.
6Shogirdlar Iso buyurganidek javob berishdi, odamlar ularni qoʻyib yuborishdi. 7Shogirdlar xoʻtikni Isoning oldiga olib kelishdi. Xoʻtik ustiga toʻnlarini tashlashdi, Iso xoʻtikka mindi. 8Koʻpchilik toʻnlarini yoʻlga poyandoz qilib yoydi. Boshqalar esa dashtdagi yashil novdalarni kesib, yoʻlga toʻshadilar. 9Oldinda va orqada yurayotganlar shunday deb hayqirishardi:
“Tasanno!
Egamiz nomidan kelayotgan Inson baraka topsin!#11:9 Egamiz nomidan kelayotgan Inson baraka topsin! — Zabur 117:26 ga qarang.
10Bobomiz Dovudning yaqinlashgan shohligi muborak boʻlsin!
Falak toqida Unga tasanno oʻqilsin!”
11Iso Quddusga kirib, Maʼbadga bordi, hamma narsani koʻzdan kechirdi. Kun kech boʻlib qolganidan, Iso oʻn ikki shogirdi bilan Baytaniya qishlogʻiga qaytib ketdi.
Qurib qolgan anjir daraxti
12Ertasi kuni ular Baytaniyadan chiqqanlarida, Isoning qorni och edi. 13U uzoqdan barglar bilan qoplangan bir anjir daraxtini koʻrib qoldi, daraxtdan biron anjir topa olarmikanman, deb bordi. Daraxtning yoniga kelib, bargdan boshqa hech narsa topolmadi, chunki hali anjir terish vaqti emas edi. 14Iso daraxtga qarab:
— Bundan keyin to abad sening mevangni hech kim yemasin! — dedi.
Shogirdlari ham bu gapni eshitishdi.
Iso oldi–sotdi qiluvchilarni Maʼbaddan quvadi
15Soʻng ular Quddusga kelishdi. Iso Maʼbadga kirib, ichkarida oldi–sotdi qilayotganlarni quvib chiqara boshladi. Sarroflarning#11:15 Sarroflar — pul ayirboshlovchilar. Ular Rim va Yunon tangalarini yahudiylarning shaqaliga almashtirganlar. Maʼbad soligʻini toʻlash va qurbonlik qilinadigan hayvonlarni sotib olish uchun shaqal ishlatilgan. xontaxtalarini, kaptar sotuvchilarning kursilarini agʻdarib yubordi. 16Sotiladigan molni Maʼbad ichidan olib oʻtishga#11:16 Sotiladigan molni Maʼbad ichidan olib oʻtish — baʼzi odamlar manzilga tezroq yetib borish uchun Maʼbad hovlisini kesib oʻtardilar. hech kimga ijozat bermadi.
17Iso xalqqa taʼlim berayotib dedi:
— Tavrotda yozilgan–ku: “Mening uyim barcha xalqlarning ibodat uyi deb ataladi.”#11:17 Ishayo 56:7 ga qarang. Sizlar esa Xudoning uyini qaroqchilar uyasiga#11:17 qaroqchilar uyasi — Yeremiyo 7:11 ga qarang. aylantirib yuboribsizlar!
18Bosh ruhoniylar va Tavrot tafsirchilari buni eshitib, Isoni halok qilish payiga tushdilar. Butun xalq Isoning taʼlimotiga mahliyo boʻlgani uchun bosh ruhoniylar bilan tafsirchilar Undan qoʻrqib qoldilar.
19Kech kirgach, Iso shogirdlari bilan shahardan tashqariga chiqib ketdi.
Ibodat va ishonch haqida
20Erta bilan ular yana anjir daraxti yonidan oʻtib qarashsa, daraxt ildizigacha qurib qolgan ekan. 21Butrus boʻlgan hodisani eslab, Isoga dedi:
— Ustoz! Qarang, Siz laʼnatlagan anjir daraxti qurib qolibdi.
22Iso bunga javoban dedi:
23— Xudoga ishonchingiz boʻlsin. Sizlarga chinini aytayin: agar kimki bu toqqa: “Qoʻporilib dengizga otil”, desa–yu, oʻz qalbida shubhalanmay, aytgani bajo kelishiga qattiq ishonsa, aytgani boʻladi. 24Binobarin, sizlarga aytaman: siz ibodatda nimaiki soʻrasangiz, oldim, deb ishoninglar va sizga beriladi. 25-26Ibodat qilib turganingizda birovda ginangiz boʻlsa, uni kechirib yuboring, toki osmondagi Otangiz ham sizlarning gunohlaringizni kechirsin#11:25-26 Yunoncha matndan. Baʼzi yunon qoʻlyozmalarida quyidagi soʻzlar 26–oyatni tashkil etib, qoʻshimcha qilingan: Bordi–yu, sizlar boshqalarning gunohlarini kechirmasangizlar, Otangiz ham sizni kechirmaydi..
Isoning hokimiyati haqida savol
27Ular yana Quddusga keldilar. Iso Maʼbadda aylanib yurgan edi, bosh ruhoniylar, Tavrot tafsirchilari va yoʻlboshchilar Uning oldiga kelib 28soʻradilar:
— Siz bu ishlarni qanday hokimiyat bilan qilyapsiz? Bularni qilish uchun Sizga kim hokimiyat bergan?
29Iso ularga shunday javob berdi:
— Men sizlarga bir savol beray. Menga javob bersangizlar, Men ham bu ishlarni qanday hokimiyat bilan qilayotganimni sizlarga aytaman. 30Yahyo xalqni suvga choʻmdirish huquqini Xudodan olganmidi yoki insondanmi? Javob beringlar Menga.
31Ular oʻzlaricha mulohaza yurita boshladilar:
— Agar: “Xudodan”, — desak, U: “Nega Yahyoga ishonmadingizlar?” — deydi. 32Agar: “Insondan”, — desak–chi?
Vaholanki, ular olomondan qoʻrqardilar, chunki hamma Yahyoni haqiqiy paygʻambar deb hisoblardi. 33Xullas, ular Isoga:
— Bilmaymiz, — deb javob berdilar. Iso ularga dedi:
— Unday boʻlsa, Men ham bu ishlarni qaysi hokimiyat bilan qilayotganimni sizlarga aytmayman.
Currently Selected:
Mark 11: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy
Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020