YouVersion Logo
Search Icon

Matto 13

13
13–BOB
Urugʻ sepuvchi haqida masal
1Oʻsha kuni Iso uydan chiqib, koʻl boʻyiga borib oʻtirdi. 2Uning atrofida shu qadar koʻp olomon toʻplandiki, U qayiqqa tushib, oʻtirishga majbur boʻldi. Olomon esa koʻl qirgʻogʻida turardi. 3Iso masal orqali xalqqa koʻp narsalarni oʻrgatdi: “Quloq solinglar! Bir dehqon urugʻ sepgani chiqibdi. 4U urugʻ sepayotganda baʼzi urugʻlar soʻqmoq yoʻl ustiga tushibdi. Qushlar uchib kelib, urugʻlarni choʻqib ketibdi. 5Baʼzi urugʻlar tuprogʻi kam toshloqqa tushibdi. Tuproq kam boʻlgani uchun urugʻlar tez koʻkarib chiqibdi. 6Biroq quyosh chiqqach, qovjirab, ildizi boʻlmagani uchun soʻlib qolibdi. 7Boshqa urugʻlar tikanlar orasiga tushibdi. Tikanlar oʻsib, urugʻlarni boʻgʻib qoʻyibdi. 8Yana boshqa urugʻlar esa yaxshi tuproqqa tushibdi. Baʼzilari yuz, baʼzilari oltmish, baʼzilari esa oʻttiz barobar koʻp hosil beribdi. 9Kimning eshitar qulogʻi boʻlsa, eshitsin!”
Masallarning maqsadi
10Shundan keyin shogirdlar kelib, Isodan soʻradilar:
— Nega odamlarga masallar bilan gapiryapsiz?
11U shunday javob berdi: “Osmon Shohligining sirlarini bilish ularga emas, sizlarga berilgan. 12Zero, kimda bor boʻlsa, unga yana beriladi va unda moʻl–koʻlchilik boʻladi. Ammo kimda yoʻq boʻlsa, bori ham tortib olinadi. 13Odamlarga masallar bilan gapirayotganimning sababi shuki, ular qarab turib koʻrmaydilar, quloq solib turib, eshitmaydilar va anglamaydilar. 14Ishayoning bashorati ularda bajo boʻlgan:
«Sizlar tinglab turasiz–u, lekin hech tushunmaysiz,
Qarab turasiz–u, ammo hech anglab yetmaysiz.
15Zero, bu xalqning aqli oʻtmas boʻlib qoldi,
Quloqlari garang boʻldi,
Koʻzlarini yumib olishdi.
Aks holda, koʻzlari koʻrgan boʻlardi,
Aks holda, quloqlari eshitgan boʻlardi,
Aqllari anglagan boʻlardi,
Yana Menga qaytgan boʻlishardi,
Men ularga shifo bergan boʻlardim.»#13:14-15 Muallif bu oʻrinda Ishayo 6:9-10 ning qadimiy yunoncha tarjimasidan foydalangan.
16Sizlar esa nihoyatda baxtlisizlar! Axir, sizlarning koʻzlaringiz koʻradi, quloqlaringiz eshitadi. 17Sizlarga chinini aytay: qanchadan–qancha paygʻambarlar, qanchadan–qancha solih odamlar siz koʻrganlarni koʻrishni istaganlar, ammo koʻrmaganlar. Sizlar eshitganlaringizni eshitishni ular istaganlar, ammo eshitmaganlar.
Urugʻ sepuvchi haqidagi masalning maʼnosi
18Urugʻ sepuvchi haqidagi masalning maʼnosini anglab olinglar. 19Osmon Shohligi toʻgʻrisidagi kalomni eshitgan, ammo tushunib olmagan odamga yovuz shayton kelib, uning yuragiga ekilgan kalomni oʻgʻirlab ketadi. Soʻqmoq yoʻl ustiga tushgan urugʻlar ana shularga ishoradir. 20Toshloq yerga sepilgan urugʻlar esa shunday odamlarni bildiradi: ular kalomni eshitganda, uni darrov sevinch bilan qabul qiladilar. 21Lekin ularning ildizi boʻlmagani uchun uzoq vaqtga chidamaydilar. Kalom tufayli qiyinchilik yoki quvgʻinga duchor boʻlishsa, darrov chekinadilar. 22Tikanlar orasiga sepilgan urugʻlar shunday odamlarni bildiradiki, ular Xudoning kalomini eshitadilar, lekin dunyoning tashvishlari va boylikka oʻchlik kalomni boʻgʻib qoʻyadi, kalom esa samarasiz qoladi. 23Yaxshi tuproqqa sepilgan urugʻlar esa shunday odamlarni bildiradi: ular kalomni eshitib, uning maʼnosini tushunib oladilar. Ularning baʼzilari yuz barobar, baʼzilari oltmish barobar va baʼzilari oʻttiz barobar moʻl hosil beradilar.”
Begona oʻt haqida masal
24Iso ularga boshqa bir masal aytib berdi: “Osmon Shohligini oʻz dalasiga yaxshi urugʻ sepgan bir odamning vaziyatiga oʻxshatsa boʻladi. 25Hamma uxlab yotganda, dushman kelib, bugʻdoyzorga begona oʻt urugʻini sepib ketibdi. 26Bugʻdoy oʻsib, boshoqlay boshlaganda, begona oʻtlar ham oʻsib chiqibdi. 27Xizmatkorlar kelib, xoʻjayiniga aytibdilar:
— Xoʻjayin, dalangizga yaxshi urugʻ ekkan edingiz–ku! Manavi begona oʻtlar qayoqdan paydo boʻldi ekan?
28— Bu dushmanning ishi, — deb javob beribdi xoʻjayin. Xizmatkorlar xoʻjayinga:
— Istasangiz, biz borib oʻsha oʻtlarni yulib tashlaymiz.
29— Yoʻq, — debdi u, — sizlar begona oʻtlarni yulayotganlaringizda, bugʻdoyni ham qoʻshib yulib olishingiz mumkin. 30Mayli, oʻrim–yigʻim paytigacha bugʻdoy bilan birga begona oʻtlar ham oʻsaversin. Payti kelganda oʻroqchilarga: “Avval begona oʻtlarni yigʻishtirib, bogʻlanglar–da, yoqib yuboringlar, keyin bugʻdoyni yigʻishtirib, omborxonamga joylanglar”, deyman.”
Xantal urugʻi haqida masal
31Iso ularga yana boshqa bir masalni aytib berdi: “Osmon Shohligi bir odam oʻz bogʻiga sepgan xantal urugʻiga#13:31 xantal urugʻi — oʻsha zamonda odamlar xantal urugʻini eng mayda urugʻ deb bilishardi. oʻxshaydi. 32Xantal urugʻlarning eng maydasi boʻlsa–da, oʻsib chiqqanda, hamma koʻkatlardan baland boʻladi. U shunday daraxt boʻladiki, qushlar uning shoxlariga uya quradi.”
Xamirturush haqida masal
33Iso ularga boshqa bir masalni ham aytib berdi: “Osmon Shohligi xamirturushga oʻxshaydi. Ayol bir boʻlak xamirturushni bir togʻora#13:33 bir togʻora — yunoncha matnda uch saton, taxminan 22 kiloga toʻgʻri keladi. unga qorsa ham, hamma xamir oshadi.”
34Iso bularning hammasini olomonga masallar bilan gapirdi. Ularga hech narsa toʻgʻrisida masalsiz gapirmasdi. 35Shunday qilib, paygʻambarning quyidagi soʻzlari bajo boʻldi:
“Ogʻzimni masalga ochaman,
Dunyo yaratilgandan beri sir saqlanganlarni
Sizga eʼlon qilaman.”#13:35 Zabur 77:2 ga qarang.
Begona oʻt haqidagi masalning maʼnosi
36Shundan keyin Iso olomon oldidan ketib, uyga kirdi. Shogirdlari Isoning oldiga kelib:
— Begona oʻtlar haqidagi masalni bizga tushuntirib bering, — dedilar. 37Iso shunday javob berdi: “Yaxshi urugʻ sepuvchi Inson Oʻgʻlidir. 38Dala olamdir, yaxshi urugʻlar — Osmon Shohligining odamlari, begona oʻtlar esa yovuz shaytonning odamlaridir. 39Begona oʻtlarni sepgan dushman — iblis, oʻrim–yigʻim — oxirzamon, oʻroqchilar esa farishtalardir. 40Begona oʻtlarni yigʻishtirib, olovda yoqishganday, oxirzamonda ham xuddi shunday voqea yuz beradi. 41Inson Oʻgʻli Oʻz farishtalarini yuboradi. Farishtalar Uning Shohligidan gunohga undagan hammani va barcha badkirdorlarni yigʻib oladilar. 42Ularni lovullab turgan oʻchoqqa tashlaydilar. Badkirdorlar u yerda qattiq pushaymon boʻlib, figʻon chekadilar. 43Shunda solihlar oʻz Otalarining Shohligida quyosh kabi porlaydilar. Kimning eshitar qulogʻi boʻlsa, eshitsin!
Yashirilgan xazina haqida masal
44Osmon Shohligi dalada yashirilgan xazinaga oʻxshaydi. Bir odam uni topib olibdi. Uni yana yashirib, xursand boʻlganidan bor–yoʻgʻini sotib, u dalani xarid qilibdi.
Qimmatbaho marvarid haqida masal
45Osmon Shohligi nodir marvarid izlayotgan bir savdogarga oʻxshaydi. 46Savdogar qimmatbaho marvaridni topganda, bor–yoʻgʻini sotib, marvaridni xarid qilibdi.
Toʻr haqida masal
47Osmon Shohligi baliqchilar dengizga tashlagan toʻrga oʻxshaydi. Toʻrga turli xil baliqlar tutilibdi. 48Toʻr toʻlgach, baliqchilar uni qirgʻoqqa tortib chiqarishibdi va oʻtirib, yaxshi baliqlarni savatlarga solishibdi, yomonlarini esa tashlab yuborishibdi. 49Oxirzamonda ham xuddi shunday boʻladi: farishtalar kelib, fosiqlarni solihlar orasidan ajratib olib, 50lovullagan oʻchoqqa tashlaydilar. Oʻchoqqa tushganlar qattiq pushaymon boʻlib, figʻon chekadilar.”
51Iso shogirdlaridan soʻradi:
— Bularning hammasini tushundingizlarmi?
— Tushundik, — deb javob berdi ular. 52Iso ularga dedi:
— Shunday ekan, Osmon Shohligiga shogird tushgan har bir Tavrot tafsirchisi omboridan ham yangi, ham eski narsalarni olib chiqayotgan uy egasiga oʻxshaydi.
Iso Oʻz yurtida rad etiladi
53Iso bu masallarni aytib boʻlgach, u yerdan ketdi. 54U ona shahriga#13:54 ona shahri — yaʼni Nosira. kelib, sinagogada odamlarga taʼlim berdi. Odamlar esa hayratga tushib dedilar:
— Bu Odam shuncha donolikni va moʻjiza koʻrsatish qudratini qayerdan olgan ekan–a? 55Bu oʻsha duradgorning oʻgʻli emasmi?! Onasining ismi Maryam, ukalari Yoqub, Yusuf, Shimoʻn va Yahudo–ku! 56Uning singillari ham oramizda yashaydi! Bunday buyuk ishlarni U qanday qilar ekan–a?
57Odamlar Isodan qattiq xafa boʻldilar. Iso esa ularga dedi:
— Paygʻambar ona shahridan va oʻz uyidan boshqa hamma yerda izzatlanadi.
58Odamlarning ishonchsizligi tufayli, Iso u yerda hech qanday moʻjiza koʻrsatmadi.

Currently Selected:

Matto 13: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in