YouVersion Logo
Search Icon

Luqo 7

7
7–BOB
Rim yuzboshisining imoni
1Iso xalqqa bu soʻzlarini aytib boʻlgandan keyin, Kafarnahum shahriga ketdi. 2U yerda bir Rim#7:2 Rim — oʻsha davrda qadimgi Falastin Rim imperiyasi hukmronligi ostida edi. yuzboshisining juda aziz xizmatkori kasal boʻlib, oʻlim toʻshagida yotgan edi. 3Yuzboshi Iso toʻgʻrisida eshitib qoldi va yahudiy oqsoqollarini Uning oldiga yuborib: “Keling, xizmatkorimga shifo bering”, — deb iltimos qildi. 4Ular Isoning yoniga kelgach, oʻtinib yolvordilar:
— U Sizning yordamingizga munosibdir. 5U xalqimizni yaxshi koʻradi, bizga hatto sinagoga ham qurib bergan.
6Iso ular bilan birga ketdi. U uyga yaqinlashib qolganda, yuzboshi doʻstlari orqali shunday xabar joʻnatdi:
— Hazrat, ovora boʻlmang! Kulbamga oyoq bosishingiz uchun nomunosibman. 7Men oʻzimni noloyiq hisoblaganim uchun Sizning oldingizga oʻzim bormadim. Siz buyursangiz, bas, xizmatkorim sogʻayib ketadi. 8Men oʻzim buyruqqa tobe odamman, ammo mening ham qoʻlim ostida askarlarim bor. Biriga “ket” desam, ketadi, boshqasiga “kel” desam, keladi. Biron xizmatkorimga “shuni qil” desam, qiladi.
9Iso bu soʻzlarni eshitgach, yuzboshidan hayratlandi. U oʻgirilib, orqasidan ergashib kelayotgan olomonga dedi:
— Sizlarga shuni aytay: Men hattoki Isroil xalqi orasida ham bunday kuchli imonga ega boʻlgan odamni uchratmadim.
10Yuborilganlar yuzboshining uyiga qaytib kelganlarida, xizmatkor sogʻayib qolganini koʻrdilar.
Iso beva ayolning oʻgʻlini tiriltiradi
11Oradan koʻp vaqt oʻtmay, Iso Nain degan shaharga bordi. Uning shogirdlari#7:11 Uning shogirdlari — yunoncha matndan. Baʼzi yunon qoʻlyozmalarida koʻplab shogirdlari. va bir talay olomon Iso bilan birga edi. 12Iso shahar darovozasiga yetib qolganda, vafot etgan bir odamni olib chiqishayotganini koʻrib qoldi. Marhum odam beva ayolning yolgʻiz oʻgʻli ekan. Ayol bilan birga shahardan bir talay olomon chiqib kelayotgan edi. 13Rabbimiz Iso bu ayolni koʻrgach, unga rahmi kelib:
— Yigʻlama! — dedi. 14Keyin Iso yaqinlashib, tobutga qoʻlini tekkizdi. Tobutni koʻtarib borayotganlar toʻxtab qoldilar. Iso oʻlikka:
— Ey yigit, senga aytaman: tur oʻrningdan! — dedi.
15Oʻshanda oʻlik rostlanib oʻtirdi–da, gapira boshladi. Iso uni onasiga topshirdi. 16Hammani vahima bosdi. Odamlar: “Oramizda buyuk paygʻambar paydo boʻldi, Xudo Oʻz xalqini qutqarish uchun keldi”, deb Xudoga hamdu sano aytardilar. 17Iso haqidagi bu xabar Yahudiyaga#7:17 Yahudiya — 6:17 izohiga qarang. va butun atrofga yoyildi.
Yahyo choʻmdiruvchining xabarchilari
18Yahyoga shogirdlari boʻlib oʻtgan bu voqealar toʻgʻrisida xabar berishdi. 19Yahyo shogirdlaridan ikkitasini chaqirib, ularni Rabbimiz Isoning oldiga shunday savol bilan yubordi: “Keladigan Zot Sizmisiz, yoki biz boshqasini kutaylikmi?”
20Ular Isoning oldiga borib deyishdi:
— Bizni Yahyo choʻmdiruvchi yubordi. U Sizdan: “Keladigan Zot Sizmisiz, yoki biz boshqasini kutaylikmi?” — deb soʻrayapti.
21Ayni shu paytda Iso koʻp odamlarning xastaliklariyu dardlariga shifo berayotgan, yovuz ruhlarga chalinganlarni tuzatayotgan, koʻplab koʻrlarning koʻzlarini ochayotgan edi. 22Iso Yahyoning shogirdlariga shunday javob berdi:
— Boringlar, koʻrib eshitayotganlaringizni Yahyoga aytinglar: koʻrlar koʻrmoqda, choʻloqlar yurmoqda, teri kasalligiga#7:22 teri kasalligi — 5:12 izohiga qarang. chalinganlar tuzalmoqda, karlar eshitmoqda, oʻliklar tirilmoqda, yoʻqsillar Xushxabarni eshitmoqda. 23Mendan yuz oʻgirmaganlar naqadar baxtlidir!
24Yahyoning xabarchilari ketgandan keyin, Iso olomonga Yahyo haqida gapira boshladi: “Sahroga nimani koʻrgani bordingizlar? Shamolda hilpirab turgan qamishnimi? 25Xoʻsh, nimani koʻrgani bordingizlar? Bashang kiyingan odamnimi? Biroq bashang kiyinib, boy–badavlat yashaydiganlar shoh saroyida boʻladi–ku! 26Unday boʻlsa, nimani koʻrgani bordingizlar? Paygʻambarnimi? Ha, sizlarga shuni aytay: sizlar paygʻambardan ham ulugʻini koʻrdingizlar! 27U haqda shunday yozilgan:
«Mana, Sendan oldin Men Oʻz elchimni yuboryapman,
U Sen uchun yoʻlni hozirlaydi.»#7:27 Malaki 3:1 ga qarang.
28Sizlarga aytamanki, butun inson zoti orasida Yahyodan ulugʻi yoʻq#7:28 Yahyodan ulugʻi yoʻq — yunoncha matndan. Baʼzi yunon qoʻlyozmalarida Yahyo choʻmdiruvchidan ulugʻroq biron paygʻambar yoʻq.. Ammo Xudoning Shohligida eng kichik hisoblangan odam ham undan ulugʻroqdir.”
29Yahyoni eshitgan jamiki odamlar, hatto soliqchilar#7:29 soliqchilar — 3:12 izohiga qarang. ham Xudoning yoʻli toʻgʻri ekanligini tan olgan edilar. Ular Yahyo tomonidan suvga choʻmdirilgandilar. 30Farziylar bilan Tavrot tafsirchilari esa, Yahyo tomonidan suvga choʻmdirilishni istamay, Xudoning ular uchun boʻlgan maqsadini rad qildilar.
31Iso gapida davom etdi: “Shunday ekan, zamonimizdagi odamlarni kimga qiyoslasam boʻladi? 32Ular maydonda oʻtirgan bolalarga oʻxshaydilar. Oʻsha bolalar bir–birlariga shunday deya baqiradilar:
«Sizlar uchun nay chaldik, ammo raqsga tushmadingiz,
Biz oh–voh qildik, ammo sizlar yigʻlamadingiz.»
33Yahyo choʻmdiruvchi kelib na non yedi, na sharob ichdi. Sizlar esa: «Uni jin uribdi», deysizlar. 34Inson Oʻgʻli kelib, ham yedi, ham ichdi. Uni esa sizlar: «Yebtoʻymas, sharobxoʻr, soliqchilar va gunohkorlarning doʻsti», deysizlar. 35Ammo bilib qoʻyinglar: Xudoning donoligini tan olganlar Uning donoligi toʻgʻri ekanligini koʻrsatib turibdilar.”
Gunohkor ayol Isoning oyoqlariga atir moy surtadi
36Farziylardan biri Isoni taom yeyishga taklif qildi. Iso farziyning uyiga kirib, dasturxon yoniga yonboshladi. 37Shaharda gunohkor bir ayol bor edi. U: “Iso farziyning uyida mehmonda ekan”, deb eshitdi va ganchdan#7:37 ganch — bu oʻrinda ishlatilgan yunoncha soʻz naqqoshlikda qoʻllaniladigan oqish yoki sargʻish rangli toshni bildiradi. Odatda bu toshdan yasalgan idishlarda atir moyni uzoq vaqt davomida saqlasa boʻlardi. yasalgan idishda atir moy olib keldi. 38Oʻsha ayol Isoning oyoqlari tomonida turib yigʻladi. Ayolning koʻz yoshlari Isoning oyoqlariga tomar edi. Ayol Isoning oyoqlarini sochlari bilan artib, oʻpa boshladi, oyoqlariga atir moy surtdi.
39Isoni oʻz uyiga taklif qilgan farziy buni koʻrib: “Agar bu Odam haqiqatan ham paygʻambar boʻlganda edi, Unga qoʻl tekkizgan ayolning kimligini va qanaqaligini bilgan boʻlardi, bu ayol gunohkor–ku”, deb koʻnglidan oʻtkazdi.
40Iso farziyga dedi:
— Shimoʻn, senga bir gap aytmoqchiman.
— Ayting, Ustoz! — dedi u.
41Iso dedi:
— Ikki kishi bir odamdan qarzdor ekan: biri besh yuz kumush tanga#7:41 kumush tanga — yunoncha matnda dinor. Bir dinor mardikorning bir kunlik ish haqi edi., ikkinchisi ellik kumush tanga. 42Ular qarzlarini toʻlay olmagani uchun, qarz beruvchi ikkovining ham qarzidan kechib yuboribdi. Xoʻsh, ulardan qaysi biri qarz berganni koʻproq yaxshi koʻradi?
43Shimoʻn javob berib dedi:
— Menimcha, koʻproq qarzi kechirilgan odam boʻlsa kerak.
— Toʻgʻri mulohaza qilding, — dedi unga Iso. 44Keyin Iso ayolga oʻgirilib qaradi–da, Shimoʻnga dedi:
— Mana bu ayolni koʻryapsanmi? Men uyingga kelganimda, oyoqlarimni yuvgani suv bermading. U esa koʻz yoshlari bilan oyoqlarimni yuvib, sochlari bilan artib quritdi. 45Sen Meni oʻpib kutib olmading. Bu ayol esa, kelganimdan beri oyoqlarimni oʻpishdan toʻxtagani yoʻq. 46Sen boshimga zaytun moyi surtmading#7:44-46 …oyoqlarimni yuvgani suv bermading…45…Meni oʻpib kutib olmading…46…boshimga zaytun moyi surtmading… — odatda mehmonlar kelganda, mezbon ularni uyiga olib kirishidan oldin, oyoqlarini yuvish uchun suv berar edi, chunki oʻsha davrda odamlar oyoq yalang yoki choriq kiyib yurganlari bois, oyoqlari chang boʻlar edi. Shuningdek, mezbon mehmon bilan salomlashganda uning yuzidan oʻpar edi, hurmatli mehmonning boshiga esa xushboʻy ziravorlar qoʻshilgan zaytun moyini surtardi., bu ayol esa oyoqlarimga atir moy surtdi. 47Senga aytay: bu ayolning gunohlari koʻp edi, kechirildi. Chuqur mehrining sababi ham shudir. Oz kechirilganning mehri oz boʻladi.
48Soʻng Iso ayolga:
— Gunohlaring kechirildi, — dedi.
49Iso bilan dasturxon atrofida yonboshlaganlar ichlarida aytardilar: “Bu kim boʻldiki, hatto gunohlarni ham kechiradi–ya!”
50Iso esa ayolga:
— Ishonching seni qutqardi, eson–omon bor, — dedi.

Currently Selected:

Luqo 7: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in