Luqo 6
6
6–BOB
Shabbat kuni toʻgʻrisida savol
1Shabbat kunlarining birida#6:1 Shabbat kunlarining birida… — yunoncha matndan. Baʼzi yunon qoʻlyozmalarida ikkinchi ilk Shabbat, bu iboraning maʼnosi bahsli. Iso bugʻdoyzordan oʻtib ketayotgan edi. Uning shogirdlari boshoqlardan uzib olib, kaftlarida uqalab, donlarini yeyayotgan edilar#6:1 Uning shogirdlari…donlarini yeyayotgan edilar — Tavrot qonunlariga koʻra, och qolgan odam birovning dalasidan boshoqlarni uzib, donini yeyishi mumkin edi (Qonunlar 23:24-25 ga qarang).. 2Baʼzi farziylar esa ularga dedi:
— Nega sizlar Shabbat kuni qonunga xilof ish#6:2 Shabbat kuni qonunga xilof ish — farziylar Tavrotdagi qonunni (Chiqish 34:21 ga qarang) oʻzlaricha jiddiy sharhlab, hatto inson hayotiga oid ikir–chikirlarni ham qonun darajasiga koʻtarganlar. Shuning uchun ular Isoning shogirdlari qilgan ishni Shabbat kuniga xilof ish deb hisoblaganlar. qilyapsizlar?
3Iso ularga shunday javob berdi:
— Dovud hamrohlari bilan och qolganda nimalar qilganini#6:3 Dovud hamrohlari bilan och qolganda nimalar qilgani — 1 Shohlar 21:1-6 ga qarang. nahotki sizlar hech oʻqimagan boʻlsangiz?! 4U Xudoning uyiga kirib, muqaddas nonlarni#6:4 muqaddas nonlar — Levilar 24:5-9 ga qarang. Yana lugʻatdagi MUQADDAS NON iborasiga qarang. yegan. Hatto hamrohlariga ham bergan. Qonunga muvofiq esa bunday nonlarni faqat ruhoniylar yeyishga haqli edilar–ku!
5Iso yana dedi:
— Inson Oʻgʻli Shabbat kunining ham Hokimidir.
6Boshqa Shabbat kuni Iso sinagogaga kirib taʼlim berdi. U yerda oʻng qoʻli qurib qolgan bir odam bor edi. 7Tavrot tafsirchilari bilan farziylar Isoni ayblash uchun biron sabab topish maqsadida: “Iso Shabbat kuni bu odamga shifo berarmikan”, deb Uni kuzatib turardilar. 8Iso ularning bu niyatini bila turib, qoʻli shol odamga:
— Oʻrningdan tur, oldinga chiq! — deb buyurdi. U oldinga chiqdi.
9Iso yigʻilganlarga dedi:
— Sizlarga bir savolim bor. Qonunga muvofiq Shabbat kuni yaxshilik qilish kerakmi yoki yomonlikmi? Jonni xalos qilish kerakmi yoki nobud qilishmi?#6:9 Yunoncha matndan. Baʼzi yunon qoʻlyozmalarida quyidagi soʻzlar oyatga qoʻshimcha qilingan: Ular indamadilar.
10Iso ularning hammasiga nazar tashlab chiqdi–da, u odamga:
— Qoʻlingni uzat! — dedi.
U odam qoʻlini uzatishi bilanoq qoʻli soppa–sogʻ boʻlib qoldi. 11Tafsirchilar bilan farziylar gʻazabdan jazavasi tutib, Isoni nima qilsak ekan, deb muhokama qila boshladilar.
Iso oʻn ikki havoriyni tanlaydi
12Oʻsha kunlarning birida Iso ibodat qilgani toqqa chiqdi. U tun boʻyi Xudoga ibodat qildi. 13Tong otgach, shogirdlarini yoniga chaqirdi va oralaridan quyidagi oʻn ikkitasini tanlab olib, ularga havoriylar deb nom berdi: 14Shimoʻn (Iso unga Butrus deb ism berdi), uning ukasi Endrus, Yoqub, Yuhanno, Filip, Bartolomey, 15Matto, Toʻma, Xalfey oʻgʻli Yoqub, vatanparvar#6:15 vatanparvar — bu nom Shimoʻnning Rim imperiyasiga qarshilik koʻrsatgan avom xalq harakatining aʼzosi ekaniga ishora qilayotgan boʻlishi mumkin. Ushbu harakat aʼzolari siyosiy, iqtisodiy va diniy maqsadlarni koʻzlagan edilar. deb nom olgan Shimoʻn, 16Yoqub oʻgʻli Yahudo va keyinchalik xiyonat qilgan Yahudo Ishqariyot.
17Shundan soʻng Iso ular bilan birga pastga tushib, tekis joyda toʻxtadi. Bu yerda Uning koʻplab shogirdlari, shuningdek, butun Yahudiyadan#6:17 Yahudiya — bu oʻrinda Yahudiya degan nom butun qadimgi Falastinga nisbatan ishlatilgan., Quddusdan, sohildagi Tir va Sidon hududlaridan kelgan bir talay olomon bor edi. 18Ular Isoni tinglagani va xastaliklaridan forigʻ boʻlgani kelgan edilar. Yovuz ruhlardan azob chekayotgan odamlar ham shifo topdilar. 19Hamma odamlar qoʻllarini Isoga tekkizishga urinardi, chunki Undan bir kuch chiqib, hammaga shifo berardi.
Baxtlilar va baxtsizlar
20Iso shogirdlariga qarab, dedi:
“Ey kambagʻallar, sizlar baxtlisiz!
Xudoning Shohligi sizlarnikidir.
21Ey hozir och boʻlganlar, baxtlisiz!
Sizlar toʻq boʻlasizlar.
Ey yigʻlayotganlar, baxtlisiz!
Sizlar quvonib kulasizlar.
22Inson Oʻgʻliga yon bosganingiz uchun
Odamlar sizdan nafratlanganlarida,
Jamiyatdan quvib, haqoratlaganlarida,
Ismingizni qoralaganlarida,
Sizlar baribir baxtlisizlar!
23Shunday kunlar kelganda quvoning, shodlikdan sakrang. Sizlarni samoda buyuk mukofot kutmoqda. Axir, sizlarga ozor yetkazayotgan odamlarning ota–bobolari ham paygʻambarlarga shunday qilganlar.
24Ey boylar, holingizga voy!
Sizlar rohatingizni koʻrib boʻldingizlar.
25Ey qorni toʻqlar, holingizga voy!
Sizlar och qolasizlar.
Ey kulayotganlar, holingizga voy!
Sizlar aza tutib, faryod qilasizlar.
26Barcha odamlar sizni maqtaganda holingizga voy.
Axir, ularning ota–bobolari
Soxta paygʻambarlarni ham xuddi shunday maqtaganlar.
Dushmanlaringizni yaxshi koʻringlar
27Ey Meni tinglayotganlar, sizlarga aytyapman: dushmanlaringizni yaxshi koʻringlar, sizdan nafratlanganlarga yaxshilik qilinglar. 28Sizlarga laʼnat aytganlarni duo qilinglar. Sizga ozor berganlar uchun ibodat qilinglar.
29Bir chakkangizga ursalar, ikkinchisini ham tuting. Agar kimdir toʻningizni tortib olsa, koʻylagingizni ham yechib bering. 30Sizdan soʻraganlarning hammasiga bering. Agar kimdir narsangizni tortib olsa, «Qaytarib ber», deb talab qilmang. 31Odamlar sizlarga nima qilishlarini istasangiz, sizlar ham ularga oʻshani qilinglar.
32Agar sizni sevganlarnigina yaxshi koʻrsangiz, qanday savob qilgan boʻlasizlar?! Hatto gunohkorlar ham oʻzlarini sevganlarni yaxshi koʻradilar. 33Agar oʻzingizga yaxshilik qilganlargagina yaxshilik qilsangiz, qanday savob qilgan boʻlasiz?! Hatto gunohkorlar ham xuddi shunday qiladilar. 34Agar siz qaytarib olishga umid qilib qarz bersangiz, qanday savob qilgan boʻlasiz?! Hatto gunohkorlar ham qancha qarzlari boʻlsa, hammasini qaytarib olish maqsadida gunohkorlarga qarz beradilar.
35Lekin siz dushmanlaringizni seving, ularga yaxshilik qiling, qaytarib berishini oʻylamay, qarz bering. Shunda buyuk mukofot olib, Xudoyi Taoloning farzandlari boʻlasizlar. Axir, Uning Oʻzi ham noshukurlarga va fosiqlarga mehribon–ku! 36Osmondagi Otangiz rahmdil boʻlgani kabi, sizlar ham rahmdil boʻlinglar.
Boshqalarni hukm qilmanglar
37Boshqalarni hukm qilmang, shunda Xudo ham sizlarni hukm qilmaydi. Boshqalarni ayblamang, shunda Xudo ham sizni ayblamaydi. Boshqalarni kechiring, shunda Xudo sizni kechiradi. 38Boshqalarga bering, Xudo ham sizlarga beradi, moʻl–koʻl qilib beradi, bosib, silkitib toʻldirilgan, toshib–toʻkilgan oʻlchov bilan qoʻyningizni toʻldiradi. Sizlar qanday oʻlchov bilan oʻlchasangizlar, Xudo ham sizlarga xuddi shunday oʻlchov bilan oʻlchab beradi.”
39Iso ularga quyidagi masalni ham aytib berdi: “Koʻr odam koʻrni yetaklab yura oladimi?! Ikkalasi ham chuqurga qulab tushadi–ku! 40Shogird ustozidan ustun boʻlmas. Ammo mukammal bilim egallagan shogird ustoziday boʻlar.
41Nima uchun sen birodaringning koʻzidagi zirapchani koʻrasan–u, oʻz koʻzingdagi xodani sezmaysan? 42Koʻzingdagi xodani koʻrmay turib qanday qilib birodaringga: «Doʻstim, kel, koʻzingdagi zirapchani olib tashlay», deb aytasan? Hoy, ikkiyuzlamachi! Oldin koʻzingdagi xodani chiqarib ol, shunda koʻzing tiniq koʻradi va birodaringning koʻzidan zirapchani chiqara olasan.
Daraxt va uning mevasi
43Yaxshi daraxt yomon meva bermas, yomon daraxt esa yaxshi meva bermas. 44Har bir daraxtning qandayligi oʻz mevasidan bilinadi. Tikanzordan anjir terilmaydi, butazordan uzum uzilmaydi. 45Yaxshi odam yuragining ezgulik xazinasidan yaxshilik chiqaradi, yomon odam yuragining yomonlik xazinasidan yomonlik chiqaradi. Odamning dili nimaga toʻlib–toshsa, oʻsha tiliga chiqadi.
Dono va ahmoq binokor
46Nega sizlar Meni: «Yo Rabbiy, yo Rabbiy!» deb chaqirasiz–u, ammo aytganlarimni qilmaysizlar? 47Mening oldimga kelgan va soʻzlarimni eshitib, ularga rioya qilgan odam kimga oʻxshashini bilasizlarmi? 48Uy qurayotganda, chuqur xandaq qazib, tosh ustiga poydevor oʻrnatgan kishiga oʻxshaydi u. Sel toshib, oʻsha uyni suv bosadi, lekin uyni qoʻzgʻata olmaydi. Chunki uy mahkam oʻrnatilgan#6:48 …uy mahkam oʻrnatilgan — yunoncha matndan. Baʼzi yunon qoʻlyozmalarida uy tosh ustiga mahkam oʻrnatilgan.. 49Ammo Mening soʻzlarimni tinglab, ularga rioya qilmaydigan odam uyni tuproq ustiga, poydevorsiz qurgan kishiga oʻxshaydi. Uyni suv bosganda, uy oʻsha zahoti qulab tushadi. Uy butunlay vayron boʻladi.”
Currently Selected:
Luqo 6: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy
Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020