YouVersion Logo
Search Icon

Luqo 5

5
5–BOB
Isoning dastlabki shogirdlari
1Bir kuni Iso Jalila koʻli#5:1 Jalila koʻli — yunoncha matnda Genisaret koʻli, Jalila koʻlining yana bir nomi. Genisaret Kafarnahum shahridan janubi–gʻarbdagi serhosil tekislikdir (Matto 14:34, Mark 6:53 ga qarang). boʻyida turganda, olomon Xudoning soʻzini eshitish uchun Isoning yonida tirband boʻldi. 2Iso koʻl qirgʻogʻida turgan ikki qayiqni koʻrdi. Baliqchilar qayiqdan chiqib, toʻrlarini yuvayotgan edilar. 3Qayiqlardan biri Shimoʻnniki#5:3 Shimoʻn — Butrus ismi bilan ham tanilgan, Butrus ismini unga Iso qoʻygan edi (6:14 ga qarang). edi. Iso Shimoʻnning qayigʻiga tushib, qirgʻoqdan bir oz nariroq suzib borishni iltimos qildi. Soʻng oʻtirib, oʻsha yerdan odamlarga taʼlim berdi. 4Iso gapini tugatib, Shimoʻnga dedi:
— Chuqurroq yerga suzib borib, oʻlja uchun toʻrlaringizni tashlanglar.
5Shimoʻn Isoga shunday dedi:
— Ustoz, biz tun boʻyi astoydil harakat qildik, lekin hech narsa tutolmadik. Ammo Siz aytganingiz uchun toʻr tashlaymiz.
6Ular toʻr tashlaganlarida, shu qadar koʻp baliq ovladilarki, hatto toʻrlari yirtila boshladi. 7Ular boshqa qayiqdagi oʻrtoqlariga, yordam beringlar, deb ishora qildilar. Oʻrtoqlari yetib kelgach, ikkala qayiqni ham baliqqa toʻldirdilar, qayiqlar suvga bota boshladi.
8Shimoʻn#5:8 Shimoʻn — yunoncha matnda Shimoʻn Butrus. Shu bobning 3–oyati izohiga qarang. buni koʻrdi–da, Isoning oldida tiz choʻkib dedi:
— Hazrat! Mening yonimdan keting, chunki men gunohkor insonman.
9Shimoʻn va yonidagilar bunday moʻl baliq ovidan hayratga tushgan edilar. 10Shimoʻnning sheriklari Zabadiyo oʻgʻillari Yoqub bilan Yuhanno ham hayratda edilar.
Iso Shimoʻnga dedi:
— Qoʻrqma, bundan buyon sen insonlarni ovlaysan.
11Ular qayiqlarini qirgʻoqqa tortdilar va hamma narsalarini qoldirib, Isoga ergashdilar.
Teri kasalligiga chalingan odamni Iso sogʻaytiradi
12Iso bir shaharda boʻlganda, teri kasalligiga#5:12 teri kasalligi — bu ibora yunonchada har xil teri kasalliklariga nisbatan ishlatilgan soʻzning tarjimasidir. Odatda bu ibora moxov kasalligiga ishora deb tushuniladi. Teri kasalliklaridan birortasiga yoʻliqqan kishi harom hisoblanar edi. Xasta odam kasalligini boshqalarga yuqtirmasligi va ularni harom qilmasligi uchun boshqalardan ajratib qoʻyilar edi (Levilar 13:45-46 ga qarang). chalingan bir odam kelib qoldi. U Isoni koʻrib, yuz tuban yerga muk tushib, yolvordi:
— Hazrat, bilaman, istasangiz, meni bu kasallikdan poklay olasiz.
13Iso qoʻlini uzatdi va unga tekkizib:
— Istayman, pok boʻl! — dedi. Kasallik esa oʻsha zahoti ketdi. 14Iso unga qatʼiyan dedi:
— Bu haqda hech kimga ogʻiz ocha koʻrma. Borib, oʻzingni ruhoniyga koʻrsat. Poklanganingni hammaga isbot qilish uchun#5:14 Poklanganingni hammaga isbot qilish uchun… — yoki Men Xudoning qonuniga jiddiy qarashimni ruhoniylar koʻrishlari uchun…. Muso amr qilgan qurbonliklarni keltir#5:14 Borib…Muso amr qilgan qurbonliklarni keltir — Levilar 14:1-32 ga qarang..
15Iso toʻgʻrisidagi gap–soʻzlar esa tobora yoyilib boraverdi. Tumonat xaloyiq Uni tinglash va dardlaridan forigʻ boʻlish uchun Uning oldiga yigʻilib kelar edi. 16U esa koʻpincha kimsasiz joylarga ketib, ibodat qilar edi.
Iso sholni sogʻaytiradi
17Bir kuni Iso taʼlim berayotganda, Uning tinglovchilari orasida farziylar#5:17 farziylar — yahudiylarning muhim bir diniy mazhabi. Farziylar Tavrot qonunlariga qatʼiy rioya qilardilar, ogʻzaki ravishda tarqalgan urf–odatlarga hamda poklanish udumlariga izchil amal qilardilar. Toʻliqroq maʼlumotga ega boʻlish uchun lugʻatdagi FARZIY soʻziga qarang. bilan Tavrot tafsirchilari#5:17 Tavrot tafsirchilari — Musoning qonunini juda yaxshi bilgan ziyoli odamlar. Toʻliqroq maʼlumotga ega boʻlish uchun lugʻatdagi TAVROT TAFSIRCHISI iborasiga qarang. ham oʻtirgan edilar. Ular Jalila va Yahudiyaning hamma qishloqlaridan, Quddusdan kelgan edilar. Isoda Egamizning xastalarga shifo berish qudrati bor edi#5:17 Isoda Egamizning…qudrati bor edi — 4:14 ga qarang.. 18Bir nechta kishi toʻshakda yotgan bir shol odamni koʻtarib keldilar. Uni uyga — Isoning oldiga olib kirishga urindilar. 19Lekin olomon koʻpligidan buning ilojini topolmay, uyning tomiga chiqib#5:19 …uyning tomiga chiqib… — qadimgi Falastinda uylarning tomi tekis boʻlar edi. Tomga uyning devori boʻylab qurilgan zina orqali chiqilardi., tomdan teshik ochdilar. Soʻng sholni oʻsha teshikdan toʻshagi bilan olomon oʻrtasiga — Isoning oldiga tushirdilar#5:19 …tomdan teshik ochdilar. Soʻng sholni oʻsha teshikdan…tushirdilar — yunoncha matnda …uyning tomiga chiqib, sholni tomning xom gʻishtlari orasidan…tushirdilar. Qadimgi Falastinda uylarning tomi yopilganda, koʻndalang yotqizilgan toʻsinlar ustiga shox–shabbalar terilib, ustiga loy va somon qorishmasidan tayyorlangan loʻmboz bosilar edi. Baʼzida tomni yopishda yapaloq, yupqa xom gʻishtlardan foydalanilardi..
20Iso ularning ishonchini koʻrib, sholga dedi:
— Birodarim, gunohlaring kechirildi.
21Tafsirchilar bilan farziylar esa oʻzlaricha shunday mulohaza qila boshladilar: “Kufrlik qilayotgan bu Odam kim oʻzi? Xudodan boshqa hech kim gunohlarni kechira olmaydi–ku!”
22Iso ularning mulohazalarini bilib, shunday savol berdi:
— Nega bunday narsalarni oʻylaysizlar? 23Qaysi biri osonroq? Sholga: “Gunohlaring kechirildi!” deb aytishmi, yoki: “Oʻrningdan turib yur!” deb aytishmi? 24Inson Oʻgʻliga#5:24 Inson Oʻgʻli — Iso Masih koʻpincha Oʻziga nisbatan ishlatgan unvon. Toʻliqroq maʼlumotga ega boʻlish uchun lugʻatdagi INSON OʻGʻLI iborasiga qarang. yer yuzida gunohlarni kechirish hokimiyati berilgan. Hozir shuni bilib olasizlar.
Iso shunday dedi–yu, sholga:
— Senga aytaman: oʻrningdan tur! Toʻshagingni olib, uyingga bor! — deb buyurdi.
25Shol oʻsha zahoti hammaning koʻzi oldida oʻrnidan turdi. Yotgan toʻshagini olib, Xudoni ulugʻlab, uyiga ketdi. 26Hamma hayratga tushib, Xudoni ulugʻladi. Ular qoʻrquv ichra: “Bugun aql bovar qilmaydigan hodisani koʻrdik”, deb aytardilar.
Iso Levini chaqiradi
27Shundan soʻng Iso u yerdan chiqib, soliqchi#5:27 soliqchi — 3:12 izohiga qarang. Levini#5:27 Levi — Matto ismi bilan ham tanilgan (Matto 9:9 ga qarang). koʻrib qoldi. Levi soliq yigʻadigan joyda oʻtirib, odamlardan soliq yigʻayotgan edi. Iso unga:
— Ortimdan yur! — dedi. 28Levi oʻrnidan turdi, hamma narsasini qoldirib, Isoga ergashdi.
29Soʻngra Levi oʻz uyida Isoning sharafiga katta ziyofat berdi. Mehmonlar orasida bir guruh soliqchilar va boshqa odamlar bor edi. 30Farziylar va farziylarning mazhabidan boʻlgan tafsirchilar norozi boʻlib, Isoning shogirdlariga dedilar:
— Nega sizlar soliqchilaru gunohkorlar bilan birga yeb–ichib oʻtiribsizlar?
31Iso ularga shunday javob berdi:
— Sogʻlar emas, xastalar tabibga muhtojdir. 32Men solihlarni emas, gunohkorlarni tavbaga chaqirgani kelganman.
Roʻza tutish haqida savol
33Baʼzi odamlar Isoga dedilar:
— Mana, Yahyoning shogirdlari farziylarning shogirdlari kabi, tez–tez roʻza tutib, ibodat qilishadi. Sizning shogirdlaringiz esa yeb–ichib yuribdilar!
34Iso ularga dedi:
— Kuyov davrada boʻlganda toʻyga kelgan mehmonlarni roʻza tutishga majbur qilib boʻlarmidi?! 35Biroq ular kuyovdan judo boʻladigan kunlar keladi, ana oʻshanda roʻza tutadilar.
36Iso ularga bir masalni ham aytib berdi:
— Hech kim yangi kiyimdan yirtib olib, eski kiyimga yamoq solmaydi. Aks holda, yangi kiyim ham yirtiladi, yangi kiyimdan olingan yamoq ham eski kiyimga toʻgʻri kelmaydi. 37Shuningdek, hech kim yangi sharobni eski meshga quymaydi. Chunki yangi sharob meshni yorib yuboradi#5:37 …yangi sharob meshni yorib yuboradi… — qadimgi paytlarda suyuqlik odatda hayvon terisidan qilingan meshlarda saqlanardi. Uzum sharbati bijgʻib, sharobga aylanganda, meshlar shishardi. Mesh eskirgani sari oʻz choʻziluvchanligini yoʻqotgani bois, yangi sharob eski meshga solinganda, meshni yorib yuborardi., sharob toʻkiladi, mesh ham nobud boʻladi. 38Aksincha, yangi sharobni yangi meshga quymoq darkor#5:38 Yunoncha matndan. Baʼzi yunon qoʻlyozmalarida quyidagi soʻzlar oyatga qoʻshimcha qilingan: Shunda u ham, bu ham saqlab qolinadi.. 39Eski sharobdan ichgan odam yangi sharobni istamaydi. “Eskisi yaxshi”, deb aytadi.

Currently Selected:

Luqo 5: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in