Luqo 8
8
8–BOB
Isoga ergashgan ayollar
1Oradan koʻp oʻtmay, Iso shaharu qishloqlarga borib, Xudoning Shohligi toʻgʻrisidagi Xushxabarni eʼlon qildi. Oʻn ikki shogirdi U bilan birga edi. 2Yovuz ruhlardan va xastaliklardan xalos boʻlgan bir necha ayollar ham Isoga ergashgan edilar. Bular: Magdalalik#8:2 Magdala — Jalila koʻlining gʻarbiy qirgʻogʻidagi qishloq. Maryam (uning ichidan yettita jin chiqib ketgan edi), 3Hirodning#8:3 Hirod — 3:1 ga va oʻsha oyatning toʻrtinchi izohiga qarang. saroy boshqaruvchisi Xuzasning xotini Yoʻanna, Susanna va koʻplab boshqa ayollar edi. Ular oʻz mol–mulklarini Iso bilan Uning shogirdlari#8:3 Iso bilan Uning shogirdlari — yunoncha matndan. Baʼzi yunon qoʻlyozmalarida Isoning. ehtiyojlari uchun sarf qilardilar.
Urugʻ sepuvchi haqida masal
4Bir kuni shaharu qishloqlardan talay olomon kelib, Isoning yonida toʻplandi. Iso shunday masal aytdi: 5“Bir dehqon urugʻ sepgani chiqibdi. U urugʻ sepayotganda baʼzi urugʻlar soʻqmoq yoʻl ustiga tushibdi. Odamlar urugʻlarni bosibdi, qushlar choʻqib ketibdi. 6Baʼzi urugʻlar toshloq joyga tushibdi. Urugʻlar koʻkarib chiqibdi–yu, ammo namlik boʻlmagani uchun qurib qolibdi. 7Boshqa urugʻlar tikanlar orasiga tushibdi. Urugʻlar bilan birga oʻsib chiqqan tikanlar urugʻlarni boʻgʻib qoʻyibdi. 8Yana baʼzi urugʻlar yaxshi tuproqqa tushibdi. Ular koʻkarib chiqib, har biri yuz baravar hosil beribdi.”
Iso bularni aytib boʻlib, baland ovozda: “Kimning eshitar qulogʻi boʻlsa, eshitsin!” — dedi.
Masallarning maqsadi
9Shogirdlar Isodan:
— Bu masalning maʼnosi nima? — deb soʻrashdi. 10U shunday javob berdi: “Xudo Shohligining sirlarini bilish sizlarga berilgan. Boshqalarga esa, Men hamma narsani masallar bilan gapiraman, toki ular:
«Qarab turib, anglamasinlar,
Tinglab turib, tushunmasinlar.»#8:10 Ishayo 6:9 ga qarang.
Urugʻ sepuvchi haqidagi masalning maʼnosi
11Bu masalning maʼnosi shu: urugʻ Xudoning kalomidir. 12Soʻqmoq yoʻl ustiga tushgan urugʻlar shunday odamlarni bildiradi: ular kalomni eshitadilar, lekin ishonmasliklari va najot topmasliklari uchun iblis ularning yuragidan kalomni olib ketadi. 13Toshloq joyga tushgan urugʻlar esa shunday odamlarni bildiradi: ular kalomni eshitganda uni sevinch bilan qabul qiladilar. Ammo ular ildiz otmagan. Shuning uchun ular qisqa vaqt davomida ishonadilar, sinov payti kelganda esa imondan qaytadilar. 14Tikanlar orasiga tushgan urugʻlar shunday odamlarni bildiradiki, ular kalomni eshitadilar, biroq umri davomidagi tashvishlar, boylik va hayot lazzatlari bunday urugʻlarni boʻgʻib qoʻyadi. Ularning hosili yetilmaydi. 15Yaxshi tuproqqa tushgan urugʻlar esa shunday kishilarni bildiradi: ular kalomni eshitib, uni ezgu, samimiy yurakda asraydilar va sabr–toqat ila hosil beradilar#8:15 Yunoncha matndan. Baʼzi yunon qoʻlyozmalarida quyidagi soʻzlar oyatga qoʻshimcha qilingan: Iso bularni aytib: “Kimning eshitar qulogʻi boʻlsa, eshitsin!” — deb xitob qildi..
Yorugʻlik va qorongʻilik haqida
16Hech kim chiroqni yoqib, ustini idish bilan yopib qoʻymaydi yoki chorpoya tagiga yashirib qoʻymaydi. Aksincha, kirganlar yorugʻlikni koʻrsin deb, uni chiroqpoyaga qoʻyadi. 17Axir, har qanday yashirin narsa maʼlum boʻladi. Har qanday sir ochilib, yoruqqa chiqadi. 18Shunday ekan, yaxshilab quloq solinglar: kimda bor boʻlsa, unga yana beriladi. Kimda yoʻq boʻlsa, bor deb oʻylagan narsasi ham undan tortib olinadi.”
Isoning onasi va ukalari
19Isoning onasi bilan ukalari Uning oldiga keldilar, ammo odam koʻpligidan Unga yaqinlasha olmadilar. 20Isoga:
— Onangiz bilan ukalaringiz tashqarida turishibdi, ular Sizni koʻrishmoqchi, — deb aytishdi.
21Iso ularga shunday javob berdi:
— Xudoning soʻzini eshitib, unga amal qiluvchilar Mening onam va ukalarimdir.
Iso boʻronni tinchlantiradi
22Bir kuni Iso shogirdlariga: “Koʻlning narigi tomoniga#8:22 Koʻlning narigi tomoni — Jalila koʻlining sharqiy qirgʻogʻiga ishora. oʻtaylik”, — dedi. Ular qayiqqa oʻtirib, joʻnab ketdilar. 23Suzib ketayotganlarida Iso uxlab qoldi. Koʻlda qattiq boʻron koʻtarildi, qayiq suvga toʻla boshladi. Ular xavfli ahvolda qoldilar. 24Shunda shogirdlar:
— Ustoz! Ustoz! Halok boʻlyapmiz! — deb Isoni uygʻotdilar.
Iso turib shamolga va quturayotgan toʻlqinlarga doʻq urdi. Shu onda shamol tindi, sukunat choʻkdi. 25Iso shogirdlariga:
— Ishonchingiz qani?! — dedi.
Ular esa qoʻrquv va hayrat ichra bir–biriga shunday deyishdi:
— Bu kim boʻldi ekan–a? U hatto shamolu suvga amr beradi, ular esa boʻysunadi–ya!
Jinga chalingan odamga Iso shifo beradi
26Iso shogirdlari bilan qayiqda Jalila koʻlining narigi qirgʻogʻidagi Gerasa#8:26 Gerasa — yunoncha matndan. Baʼzi yunon qoʻlyozmalarida Gadara (shu bobning 37–oyatida ham bor). Gerasa shahrida va uning atrofidagi qishloqlarda gʻayriyahudiylar istiqomat qilardi. hududiga suzib bordi. 27Iso qirgʻoqqa chiqishi bilan Uni jinga chalingan shaharlik bir odam qarshi oldi. Bu odam ancha vaqtdan beri kiyim kiymas edi. U uyda emas, qabriston gʻorlarida yashardi. 28Oʻsha odam Isoni koʻrgach, qichqirib yubordi. Oʻzini Uning oyoqlari ostiga otib, ovozi boricha baqirdi:
— Ey Iso, Xudoyi Taoloning Oʻgʻli!#8:28 Xudoyi Taoloning Oʻgʻli — Iso Masihning unvoni. Toʻliqroq maʼlumotga ega boʻlish uchun lugʻatdagi XUDONING OʻGʻLI iborasiga qarang. Meni tinch qoʻy! Oʻtinaman, menga azob berma! — dedi.
29Chunki Iso yovuz ruhga bu odamdan chiqib ketishni buyurgan edi. Koʻp marta yovuz ruh bu odamdan ustun kelib, uni boshqarardi. Garchi bu odamning qoʻl–oyoqlarini zanjir bilan bogʻlab qoʻriqlashgan boʻlsa ham, u zanjirni uzib tashlardi, jin esa uni kimsasiz joylarga olib ketardi.
30Iso jindan:
— Isming nima? — deb soʻradi.
— Ismim Tumonat#8:30 Tumonat — yunoncha matnda Legion, maʼnosi minglar. Bu yunoncha soʻz Rimliklarning harbiy terminidan olingan boʻlib, 6000 askardan iborat boʻlgan boʻlinma maʼnosini ifodalaydi., — dedi u. Chunki bu odamning ichiga bir talay jin kirib olgan edi.
31Jinlar Isodan: “Bizni tubsiz chuqurlikka yubormagin”, deb yolvorib soʻradilar. 32Shu togʻning yon bagʻrida katta bir choʻchqa podasi oʻtlab yurgan edi. Jinlar Isodan: “Choʻchqalarning ichiga kirishimiz uchun bizga ijozat ber”, deb yolvordilar. Iso ularga ruxsat berdi. 33Shunda jinlar bu odamdan chiqib, choʻchqalarga kirib olishdi. Choʻchqa podasi tik qiyalikdan koʻlga yopirilib, choʻkib ketdi.
34Choʻchqa boquvchilar sodir boʻlgan voqeani koʻrib qochdilar. Ular boʻlib oʻtgan hodisani shahar va qishloqlarda gapirib yurdilar. 35Odamlar boʻlib oʻtgan voqeani koʻrgani keldilar. Ular Isoning oldiga kelganlarida, jindan xalos boʻlgan odamni koʻrdilar. U odam kiyingan, aqli raso holda Isoning oyoq tomonida oʻtirardi. Ular buni koʻrib, qoʻrqib ketishdi. 36Voqeani koʻrganlar esa jin chalgan odamning qanday qilib shifo topganini soʻzlab berdilar. 37Shunda Gerasa hududidan kelgan hamma odamlar qattiq vahimaga tushib, Isoga: “Bizning hududimizdan chiqib keting”, deb iltimos qildilar. Iso qayiqqa tushib, qaytib ketmoqchi boʻlib turganda, 38-39jinlardan xalos boʻlgan odam Isoga:
— Siz bilan ketay, — deb yolvordi. Iso esa:
— Uyingga qaytib bor. Xudo sen uchun nimalar qilganini aytib ber, — deb uni joʻnatib yubordi.
U kishi borib, Iso unga qanchalar muruvvat koʻrsatganini butun shaharga eʼlon qildi.
Sogʻaygan ayol va tirilgan qiz
40Iso koʻlning bu qirgʻogʻiga qaytib kelganda#8:40 Iso koʻlning bu qirgʻogʻiga qaytib kelganda… — Iso orqaga, koʻlning gʻarbiy qirgʻogʻidagi Jalila hududiga qaytib kelgan edi (shu bobning 22–oyatiga va oʻsha oyatning izohiga qarang)., xalq Uni qarshilab oldi, chunki hamma Uni kutayotgan edi. 41Shu payt Yair ismli bir odam kelib qoldi. U sinagoga boshligʻi edi. U Isoning oyogʻiga bosh urib: “Iltimos, uyimga yuring”, deb yolvordi. 42Chunki Yairning oʻn ikki yoshli yolgʻiz qizi oʻlim toʻshagida yotgan edi.
Iso oʻsha odam bilan ketdi. Olomon Isoni har tomondan qisib qoʻyardi. 43Olomon orasida oʻn ikki yildan beri qon ketishidan azob chekayotgan bir ayol ham bor edi. U bor–budini tabiblarga sarflagan boʻlsa ham, birontasi unga shifo bera olmagan edi. 44Ayol Isoning orqasidan kelib, Uning kiyimi etagiga qoʻl tekkizdi. Shu zahoti qon ketishi toʻxtadi.
45— Menga kim tegdi? — deb soʻradi Iso. Isoga qoʻl tekkizganini hech kim tan olmadi. Shunda Butrus#8:45 Butrus — yunoncha matndan. Baʼzi yunon qoʻlyozmalarida Butrus va Isoning boshqa shogirdlari. dedi:
— Ustoz, olomon Sizni oʻrab olib, siqib qoʻyganini koʻrib turibsiz–ku!#8:45 Yunoncha matndan. Baʼzi yunon qoʻlyozmalarida quyidagi soʻzlar oyatga qoʻshimcha qilingan: Nega yana, Menga kim qoʻl tegizdi, deb soʻraysiz?
46Lekin Iso dedi:
— Kimdir Menga qoʻlini tekkizdi. Ichimdan bir kuch chiqqanini sezdim.
47Nazardan chetda qola olmasligini bilib, ayol titragancha Isoning oldiga keldi. Uning oyoqlari ostiga oʻzini tashlab, butun xalq oldida nima sababdan Isoga qoʻlini tekkizganini va qoʻl tekkizgan zahoti shifo topganini aytib berdi.
48Iso unga dedi:
— Qizim#8:48 Qizim — yunoncha matndan. Baʼzi yunon qoʻlyozmalarida dadil boʻl, qizim., ishonching seni sogʻaytirdi. Eson–omon bor.
49Iso shunday deb turgan ham ediki, sinagoga boshligʻining uyidan kimdir kelib unga:
— Qizingiz oʻldi, Ustozni ovora qilmay qoʻya qoling, — dedi. 50Buni eshitgan Iso sinagoga boshligʻi Yairga dedi:
— Qoʻrqmang. Faqat ishoning, qizingiz shifo topadi.
51Iso boshliqning uyiga kelganda, Butrus, Yuhanno, Yoqub va qizning ota–onasidan boshqa hech kimning ichkariga kirishiga ruxsat bermadi. 52Hamma qizcha uchun dod–faryod qilayotgan edi#8:52 Hamma qizcha uchun dod–faryod qilayotgan edi — baʼzan dafn marosimlari paytida dod–faryod qilib, aytib yigʻlash uchun yigʻichilar yollanardi.. Iso ularga dedi:
— Yigʻlamanglar, axir, qizcha oʻlmagan, u uxlab yotibdi.
53Ular esa Isoning ustidan kuldilar, chunki qizcha oʻlganini bilardilar. 54Iso esa qizchaning qoʻlidan ushlab#8:54 Iso esa qizchaning qoʻlidan ushlab… — yunoncha matndan. Baʼzi yunon qoʻlyozmalarida Iso esa hammani tashqariga chiqarib, qizchaning qoʻlidan ushlab.:
— Qizaloq, tur oʻrningdan! — dedi.
55Qizchaga jon kirdi. U shu zahoti oʻrnidan turdi. Iso: “Qizchaga ovqat beringlar”, — deb buyurdi. 56Qizchaning ota–onasi dong qotib qoldilar. Iso esa ularga boʻlgan voqea haqida hech kimga ogʻiz ochmaslikni buyurdi.
Currently Selected:
Luqo 8: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy
Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020