YouVersion Logo
Search Icon

Hakamlar 6

6
6–BOB
Gidoʻn
1Isroil xalqi Egamizning oldida qabihliklar qildi. Egamiz ularni yetti yilga Midiyon xalqining#6:1 Midiyon xalqi — Kanʼondan janubi–sharqdagi choʻl joylarda yashagan koʻchmanchi xalq. qoʻliga berdi. 2Midiyonlarning zulmiga chiday olmagan Isroil xalqi togʻlarda, gʻorlarda va adirlardagi pana joylarda yashirinib yurdi. 3Har safar Isroil xalqi ekin ekkanda, Midiyonlar, Omolek xalqi va sharqdagi koʻchmanchilar birgalikda ularning yerlariga bostirib kirishardi. 4Ular Isroil yerida qarorgoh qurib, to Gʻazo shahri atroflarigacha boʻlgan hamma hosillarini nobud qilishardi. Isroil xalqi uchun hech qanday ozuqa qoldirmay, qoʻy, eshak, mollarigacha tortib olishardi. 5Dushman galalari oʻzlari bilan chorvasini olib, hatto chodirlarini ham koʻtarib kelishardi. Ular chigirtka#6:5 chigirtka — baʼzan toʻda–toʻda boʻlib kelib, dalalardagi hosilga katta zarar yetkazadigan hasharot. kabi gʻijillab yotar edi, odamlarning va tuyalarining sanogʻiga yetib boʻlmasdi. Ular kelib, butun yurtni xarob qilishardi. 6Midiyonlarning dastidan jabr–jafo koʻrgan Isroil xalqi Egamizdan najot soʻrab, faryod qildi.
7Isroil xalqi Egamizga faryod qilganda, 8Egamiz ularga bir paygʻambar yuborib, quyidagilarni xabar qildi:
— Isroil xalqining Xudosi — Egangiz shunday aytmoqda: “Sizlarni Misrdagi qullikdan olib chiqqan Men edim. 9Men sizlarni Misrliklarning qoʻlidan hamda bu yurtda sizlarga zulm oʻtkazgan barcha xalqlardan xalos qildim. Ularni oʻz yurtlaridan haydab, yerlarini sizlarga berdim. 10Sizlarga, Men Egangiz Xudoman, sizlar Amor xalqlarining#6:10 Amor xalqlari — 1:34 izohiga qarang. yurtida yashab yursangiz ham, ularning xudolariga sajda qilmanglar, degan edim. Ammo sizlar gaplarimga quloq solmadingizlar.”
11Keyin Egamizning farishtasi Oʻfra shahriga kelib, eman daraxtining tagida oʻtirdi. Bu daraxt Abuazar urugʻidan boʻlgan Yoʻshga tegishli edi. Oʻsha paytda uning oʻgʻli Gidoʻn Midiyonlardan bekinib, uzum siqish chuqurida#6:11 uzum siqish chuquri — qadimgi paytlarda odamlar uzumni qoyatoshga oʻyilgan chuqurga yoki tuproqdan qazilgan, tubiga va atrofiga zich qilib tosh terilgan chuqurga solib, sharbatini siqib olish uchun oyoqlari bilan ezardilar. Sharbat oʻsha chuqurdan yana boshqa bir chuqurga oqib tushardi. bugʻdoy yanchayotgan edi. 12Egamizning farishtasi unga zohir boʻlib dedi:
— Ey dovyurak jangchi, Egamiz sen bilan birgadir.
13— Agar Egamiz biz bilan birga boʻlsa, nima uchun bu kulfatlar boshimizga tushgan ekan?! — dedi Gidoʻn. — Ota–bobolarimiz: “Egamiz bizni Misrdan olib chiqdi”, deya bizga aytib bergan edi, Egamizning ajoyib ishlari qayerda qoldi?! Egamiz bizni tark etib, Midiyonlarning qoʻliga berib qoʻydi–ku.
14Shunda Egamiz unga qarab dedi:
— Qani, boʻl, bor qudratingni ishga solib, Isroil xalqini Midiyonlarning qoʻlidan xalos qil. Men Oʻzim seni yuboryapman.
15— Ey toʻram#6:15 toʻram — yoki Rabbim. Bu oʻrindagi ibroniycha soʻz odatda Xudoga nisbatan ishlatiladi, lekin baʼzi bir holatlarda hurmat koʻrsatish maqsadida odamlarga nisbatan ham qoʻllaniladi. Gidoʻn hali Egamiz bilan gaplashayotganini tushunmagan edi (shu bobning 22-23–oyatlariga qarang)., qanday qilib men Isroil xalqini xalos qila olaman? — dedi Gidoʻn. — Mening urugʻim Manashe qabilasining eng zaifi boʻlsa, oʻzim esa otam xonadonining kenjasi boʻlsam.
16Egamiz unga dedi:
— Men sen bilan boʻlaman, sen Midiyonlarning hammasini bir odamni yengganday osonlikcha yengasan.
17Shunda Gidoʻn dedi:
— Agar marhamatingga sazovor boʻlgan boʻlsam, Sen chindan ham Egam ekanligingni isbotlab, biron–bir alomat koʻrsat. 18Nazr olib kelib, Senga taqdim qilmagunimcha bu yerdan ketma.
— Mayli, qaytib kelguningga qadar shu yerda boʻlaman, — dedi U.
19Gidoʻn uyiga borib, bitta uloqchani pishirdi, bir togʻora#6:19 bir togʻora — ibroniycha matnda bir efa, taxminan 22 kiloga toʻgʻri keladi. undan yupqalar tayyorladi. Uloqchaning goʻshtini savatga, shoʻrvasini esa tovoqqa solib, eman daraxtining tagida oʻtirgan Egamizning farishtasiga olib borib, taqdim qildi. 20Egamizning farishtasi unga dedi:
— Goʻsht va yupqalarni olib, mana bu toshning ustiga qoʻygin, shoʻrvani esa bularning ustidan quy.
Gidoʻn aytilganday qildi. 21Egamizning farishtasi qoʻlidagi tayoqning uchini goʻsht va yupqalarga tekkizishi bilanoq toshdan olov chiqib goʻsht va yupqalarni kuydirib yubordi. Soʻng Egamizning farishtasi koʻzdan gʻoyib boʻldi. 22Shunda Gidoʻn oʻsha odam Egamizning farishtasi ekanligini fahmlab:
— Voy, shoʻrim quridi! — dedi. — Yo Egam Rabbiy, men farishtangning yuzini koʻrdim#6:22 Voy…yuzini koʻrdim — Egamizni koʻrgani uchun Gidoʻn, endi oʻlaman, deb juda qoʻrqib ketgan edi. Isroil xalqi, Xudoni koʻrgan odam oʻladi, deb ishonardi (13:22, Ibtido 32:30 va Chiqish 33:20 ga qarang)..
23Egamiz:
— Tinchlan, — dedi. — Qoʻrqma, sen oʻlmaysan.
24Gidoʻn Egamizga atab bir qurbongoh qurib, uning nomini “Egamiz tinchlikdir” deb atadi. Qurbongoh bugunga qadar#6:24 bugunga qadar — shu kitob yozilgan vaqtga ishora. Abuazar urugʻiga qarashli boʻlgan Oʻfrada bor.
25Xuddi oʻsha kuni kechasi Egamiz Gidoʻnga shunday dedi: “Otangning yetti yashar ikkinchi buqasini#6:25 Otangning yetti yashar ikkinchi buqasi — yoki Otangning buqasi bilan birga yana bir yetti yasharli buqa. ol, otang Baalga atab qurdirgan qurbongohni vayron qil. Qurbongoh yonidagi Asheraga#6:25 Ashera — 3:7 izohiga qarang. atalgan ustunni ham kesib tashla. 26Shu yerdagi qalʼaning tepasiga chiqib, Egang Xudoga — Menga atab bir qurbongoh qur. Qurbongoh toshlari bir–birining ustiga tekis terilgan boʻlsin. Soʻng oʻsha buqani#6:26 oʻsha buqa — yoki ikkinchi buqa (shu bobning 28–oyatida ham bor). olib, qurbongohda qurbonlik qilib kuydir. Oʻtin oʻrniga kesib tashlangan ustunni ishlat.” 27Gidoʻn oʻnta xizmatkorini olib, xuddi Egamiz aytganday qildi. Ammo uydagilaridan va shahardagi odamlardan qoʻrqqanidan buni kunduz kuni qilmay, kechasi qilgan edi.
28Shahar aholisi erta bilan saharda turganda Baal qurbongohi vayron boʻlganini, yonidagi Asheraning ustuni kesib tashlanganini va yangi qurilgan qurbongohning ustida buqa qurbonlik qilinganini koʻrishdi. 29Ular bir–birlaridan: “Buni kim qilgan ekan?” deb soʻray boshladilar. Soʻrab–surishtirgandan keyin buni Yoʻsh oʻgʻli Gidoʻn qilganini aniqlashdi. 30Shunda shahar aholisi Yoʻshga:
— Oʻgʻlingni bu yerga olib chiq! — dedilar. — Biz uni oʻldiramiz! U Baal qurbongohini buzibdi, qurbongoh yonidagi Asheraning ustunini ham kesib tashlabdi.
31— Sizlar hali Baalning tarafini olyapsizlarmi?! — deya Yoʻsh gʻazablangan olomonga doʻq urdi. — Uni himoya qilyapsizlarmi? Kim uning tarafini olsa, tong otguncha oʻldiriladi. Agar u xudo boʻlsa, vayron boʻlgan qurbongohi uchun oʻzi oʻch olsin.
32Gidoʻn Baal qurbongohini buzib tashlagani uchun, odamlar oʻsha kundan boshlab Gidoʻnni Yerubbaal deb atay boshladilar. Bu: “Baal oʻzi oʻch olsin” deganidir.
33Midiyonlar, Omolek xalqi va sharqdagi koʻchmanchilar birgalikda Iordan daryosidan oʻtib, Yizril vodiysida qarorgoh qurdilar. 34Egamizning Ruhi Gidoʻnni qamrab oldi. Gidoʻn burgʻu chalib, Abuazar urugʻidan boʻlganlarni oʻziga ergashishga chaqirdi. 35U butun Manashe hududi boʻylab choparlar joʻnatib, u yerdagilarni ham oʻz atrofiga yigʻdi. U Osher, Zabulun va Naftali qabilalariga ham oʻz choparlarini yuborgan edi. Ular ham kelib Gidoʻnga qoʻshilishdi.
36Shunda Gidoʻn Xudoga dedi: “Isroil xalqini men orqali ozod qilishingni aytgan eding, bunga amin boʻlmoq uchun, 37mana men titilgan junni xirmonga qoʻyaman. Agar ertalab shudring faqatgina junning ustida boʻlib, yer qup–quruq boʻlsa, Sen Isroil xalqini men orqali ozod qilishingga ishonaman.” 38Xuddi shunday boʻldi. Ertasi kuni Gidoʻn barvaqt turib, junni olib siqdi, jundan bir kosa suv chiqdi. 39Shunda Gidoʻn Xudoga dedi: “Menga qahring kelmasin, Senga yana birgina gapim bor. Iltimos, jun bilan yana bir bor sinov oʻtkazay. Bu safar shunaqa qilginki, junning usti qup–quruq, yerning usti esa shudring bilan qoplangan boʻlsin.” 40Shu kechada Xudo xuddi shunday qildi. Junning usti qup–quruq boʻlib, yerning usti esa shudring bilan qoplangan edi.

Currently Selected:

Hakamlar 6: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in

Video for Hakamlar 6