YouVersion Logo
Search Icon

Hakamlar 5

5
5–BOB
Dobira va Baraqning qoʻshigʻi
1Abunavam oʻgʻli Baraq bilan Dobira oʻsha kuni shunday qoʻshiq kuylashdi:
2“Isroil yoʻlboshchilari yoʻl boshlaganda,
Xalq fidoyilik koʻrsatganda,
Egamizga hamdu sanolar ayting!
3Eshiting, sizlar, ey shohlar!
Quloq soling, ey yoʻlboshchilar!
Egamizga men qoʻshiq aytarman,
Isroil xalqining Xudosi — Egamizni
Kuylab soz chalarman.
4Sen, ey Egam, Seirdan#5:4 Seir — Edom yurtining yana bir nomi. yoʻlga chiqqaningda,
Edom boʻylab yurish qilganingda,
Yer silkindi, osmon yomgʻirin quydi,
Ha, bulutlar sharros yomgʻirin toʻkdi.
5Togʻlar titradi Sinaydagi Egamiz oldida,
Isroil xalqining Xudosi — Egamizning oldida.
6Onot oʻgʻli Shamgar davrida,
Yovel zamonida yurmay qoʻygandi karvon.
Yoʻlovchilar soʻqmoqdan yurishga boʻldi majbur.
7Isroil qishloqlari huvullab qoldi butkul.
Men, Dobira, kelgunimga qadar,
Isroilning volidasi singari,
Boʻm–boʻsh edi Isroil qishloqlari!
8Yangi xudolarni Isroil xalqi tanlaganda,
Jang qizidi shahar darvozalarida.
Na qalqoni, na nayzasi bor edi
Isroilning qirq mingta sipohida.
9Qalbim moyil Isroil yoʻlboshchilariga,
Xalqning orasidagi fidoyilarga.
Egamizga hamdu sanolar boʻlsin!
10Eshiting#5:10 Eshiting… — yoki Eʼlon qiling… yoxud Shu haqda kuylang…., ey oq xachir minganlar,
Qimmatbaho egarlarda oʻtirganlar!
Ey yoʻlda yayov yurganlar!
11Quduq oldidagi choʻponlarning#5:11 choʻponlar — yoki qoʻshiqchilar. ovozlarin eshiting.
Madh qilayotir ular Egamizning zafarlarini,
Isroildagi qishloqlarning gʻalabalarini.
Shahar darvozalariga hamla qildi Egamiz xalqi:
12«Olgʻa bos, Dobira, olgʻa bos ildam!
Olgʻa bos, kuylagin jangovar qoʻshiq!
Abunavam oʻgʻli Baraq! Qani, boʻl sen ham!
Asirlaringni oʻzing boshlagin!»
13Xalqning qolgani boʻysundirdi bahodirlarni,
Egamiz xalqi magʻlub qildi pahlavonlarni,
14Omoleklarni yenggan Efrayimdan#5:14 Omoleklarni yenggan Efrayim — Efrayim qabilasi Omolek xalqini yengib, ularning qirli yurtini egallab olgan edi (12:15 ga qarang). chiqqandi.
Benyamin ham senga ergashdi,
Moxir naslidan kelishdi lashkarboshilar,
Zabulun qavmidan — hokimlik tayogʻin tutganlar.
15Dobiraga qoʻshildi Issaxor yoʻlboshchilari,
Baraqni qoʻlladi Issaxor oʻgʻlonlari.
Vodiyga shoshildi ular Baraq ortidan.
Ammo beqarorlik qildi Rubenning nasli.
16Nega sizlar qoʻralarda qoldingiz, ey Ruben?
Choʻponlarning qurey–qureylarin eshitganimi?!
Beqarorlik qildi–ku Rubenning nasli.
17Gilad Iordan ortida qoldi.
Dan oʻz kemalari yonida qoldi.
Osher dengiz sohilida oʻrnashib oldi,
Oʻz koʻrfazlarida joylashib qoldi.
18Oʻlimdan qoʻrqmadi Zabulun lashkari,
Jonin ayamadi Naftali ham jang maydonida.
19Tanaxda, Magidoʻ suvlari yonida
Kanʼon shohlari urush ochishdi.
Biroq xazinani ular oʻlja qila olmadi.
20Jang qildi yulduzlar samoda turib#5:20 Jang qildi yulduzlar samoda turib… — samo kuchlari Isroil tarafida turib jang qilganligi sheʼriy uslubda koʻrsatilgan (4:7, 14-16 ga qarang).,
Sisaroga urush qildi oʻz yoʻllarida yurib.
21Supurib tashladi dushmanni Xishon daryosi,
Oʻsha koʻhna daryo — Xishon daryosi.
Ey jonim! Kuch ila olgʻa bos!
22Tulporlar keldi dupur–dupur qilib,
Sisaro otlarining tuyoqlari yerni tamgʻalab.
23«Miroz shahrini laʼnatla,
— deydi Egamizning farishtasi, —
Aholisini ham qattiq qargʻagin,
Ular kelmadi Egamizga madad bergani,
Pahlavonlarga qarshi Egamizga madad bergani.»
24Xayin urugʻidan boʻlgan Xaberning xotini — Yovel
Ayollar orasida baraka topsin!
Chodirlarda yashaydigan ayollarning baxtlisi boʻlsin.
25Sisaro suv soʻraganda Yovel keltirdi sut,
Shohkosada qatiq olib keldi u.
26Chodir qozigʻini qoʻliga oldi,
Oʻng qoʻlida bolgʻani tutdi.
Zarba bilan Sisaroning boshini yordi,
Chakkasiga bir urib, teshib yubordi.
27Sisaro sulayib yiqilib tushdi,
Yovelning oyogʻi ostida churq etmay qoldi.
Yovelning oyogʻi ostida sulayib qoldi,
Yiqilgan joyida jon taslim qildi.
28Sisaroning onasi derazadan koʻchaga qarar,
Panjara ortidan u zorlanib aytar:
«Aravalar qolib ketdi namuncha?
Tuyoqlar ovozi eshitilmas hanuzgacha?»
29Javob berar uning dono ayollari,
Javob berar takror–takror oʻziga oʻzi:
30«Boʻlishayotgandir ular oʻljani,
Har qaysi sipohga bir–ikki juvonni,
Sisaroga rang–barang liboslarni.
Gʻoliblarga olib kelar ikki hissa qilib
Nafis naqshli liboslarni.»
31Ey Egamiz! Dushmanlaring barchasi
Sisaroga oʻxshab qirilib ketsin!
Doʻstlaring–chi, chiqayotgan quyoshday
Charaqlab tursin!”
Yurtda qirq yil tinchlik barqaror boʻldi.

Currently Selected:

Hakamlar 5: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in