Ibtido 49
49
49–BOB
Yoqubning soʻnggi soʻzlari
1Yoqub oʻgʻillarini huzuriga chorlab dedi: “Yonimga kelinglar, kelgusida sizlarga nima boʻlishini aytay.
2Keling, quloq soling, ey Yoqub oʻgʻillari,
Eshiting otangiz Isroilning soʻzlarini.
3Ruben, sensan mening toʻngʻichim,
Quvvatimning ilk mevasi, ham qudratim,
Shuhratu qudratda yuksagi sensan.
4Lekin dengiz toʻlqiniday betizginsan,
Bundan keyin aslo ustun boʻlmaysan.
Otangning yotogʻiga sen kirding,
Toʻshagimga chiqib, uni bulgʻading#49:4 …Toʻshagimga chiqib, uni bulgʻading — 35:22 ga qarang..
5Shimoʻn bilan Levi hamtovoqlardir,
Qilichlari jabr–jafo qurolidir#49:5 …Qilichlari jabr–jafo qurolidir — 34:25-26 ga qarang. Bu yerda qilich deb tarjima qilingan ibroniycha soʻzning maʼnosi bahsli..
6Hech qachon sherik boʻlmasman ularning fitnalariga,
Aslo qoʻshilmasman ularning yigʻinlariga.
Ular gʻazab ila oʻldirdilar insonlarni,
Rohatlanish uchun mayib qildilar hoʻkizlarni.
7Laʼnat boʻlsin ularning rahmsiz gʻazabiga,
Laʼnat boʻlsin ularning beayov zulmlariga!
Tarqatib yuboraman ularni har tomonga,
Yoqubning yurtida — Isroilning yurtida.
8Ey Yahudo#49:8 Yahudo — bu ism ibroniychadagi madh etar soʻziga ohangdosh., seni madh etar birodarlaring,
Gʻanimlaring gardanida boʻlar qoʻllaring.
Senga taʼzim qilishar otangning oʻgʻillari.
9Yahudo sherning bolasiga oʻxshar,
Oʻgʻlim, ovdan qaytib kelding sen,
Sherdek choʻkib, choʻzilib yotarsan.
Seni uygʻotmoqqa kim jurʼat etar?!
10Yahudoning qoʻlidan ketmas saltanat hassasi#49:10 saltanat hassasi — bu maxsus hassa boʻlib, shoh va hukmdorlarning hokimiyatini bildiruvchi ramz edi.,
Uning naslida qolar saltanat tamgʻasi,
Xalqlar unga oʻlpon keltirarlar#49:10 …Xalqlar unga oʻlpon keltirarlar… — yoki …Saltanat hassasining egasi kelgunga qadar… yoxud …Hukmdor kelgunga qadar…. Ibroniycha matndan soʻzma–soʻz tarjimasi …Shiloʻ kelgunga qadar…. Shiloʻ Isroilning shimolidagi bir joy edi. Yoshua davridan tortib Shomuil davriga qadar Muqaddas chodir va Ahd sandigʻi Shiloʻda edi (Yoshua 18:1, Hakamlar 18:31, 1 Shohlar 1:24, 4:3 ga qarang). Shiloʻ soʻzining bu oyatdagi maʼnosi bahsli.,
Unga itoat etib taʼzim qilarlar.
11Eshagini u doim bogʻlaydi tokka,
Xoʻtikchani — tok novdasiga.
Sharobda yuvadi kiyimlarini
Aʼlo sharobda — koʻylaklarini#49:11 Sharobda yuvadi…koʻylaklarini — bu ibora koʻchma maʼnoda boʻlib, Yahudo barakali va boy–badavlat boʻlishini, uzum tokidan moʻl hosil olishini bildiradi..
12Sharobdan ham qora koʻzlari,
Sutdan ham oppoq tishlari#49:12 Sharobdan ham qora koʻzlari, Sutdan ham oppoq tishlari — bu ibora koʻchma maʼnoda boʻlib, Yahudoning sharobi va suti moʻl boʻlishini bildiradi. Sharob va sutning moʻlligi barakaning belgisi edi..
13Zabulun oʻrnashadi dengiz boʻyida,
Kemalarga u bandargoh boʻlajak.
Uning chegarasi Sidongacha#49:13 Sidon — Oʻrta yer dengizi boʻyidagi qadimgi Finikiyaga qarashli shahar boʻlib, hozirgi Livan mamlakatining janubiy qismida joylashgan. borajak.
14Issaxor qoʻrada#49:14 …qoʻrada… — yoki …xurjunlar orasida…. oʻrnashib yotgan
Kuchli eshakka oʻxshar.
15Koʻrsaki, oʻrnashgan yeri naqadar yaxshi,
Juda yoqimli ekan bu joylar.
Yukni koʻtarmak chun yelkasin tutdi,
Ogʻir mehnatga u qul boʻlib qoldi.
16Isroil qabilasining bittasi boʻlib,
Dan#49:16 Dan — ibroniychadagi maʼnosi hukm qildi. Bu ism ibroniychadagi hukm qiladi soʻziga ohangdosh. oʻz xalqini hukm qiladi.
17Dan yoʻlda yotgan bir ilon boʻladi,
Soʻqmoqda choʻzilib yotgan zaharli ilon.
Otlarning toʻpigʻini u chaqib olar,
Chavandoz yiqilar, chalqancha tushar.
18Sendan najot kutarman, ey Egam!#49:18 Sendan najot kutarman, ey Egam! — bu soʻzlar duo tarkibiga kirmaydi. Bular Yoqubning Egamizga qilgan iltijosi yoki muallifning gapi boʻlishi mumkin.
19Gadni#49:19 Gad — bu ism ibroniychadagi bosqinchilar va talab ketadi soʻzlariga ohangdosh. talab ketadi bosqinchilar,
Gad ularning izidan bostirib borar.
20Osher tansiq taom yetishtirar,
Shohona noz–neʼmatlar tayyorlar.
21Naftali ozod yurgan ohuga oʻxshar,
Ajoyib ohuchalar dunyoga keltirar#49:21 …Ajoyib ohuchalar dunyoga keltirar — yoki …U yoqimli soʻzlarni aytar..
22Yusuf oʻxshar serhosil tokka —
Buloq boʻyidagi serhosil uzumga.
Uning novdalari devordan oshib oʻtar#49:22 Yusuf oʻxshar serhosil tokka…novdalari devordan oshib oʻtar — yoki Yusuf oʻxshar qulonga — Buloq boʻyidagi qulonga. Qirlardagi qulondaydir u..
23Rahmsiz kamonkashlar unga hujum qilishdi,
Oʻq otishdi unga, qattiq siqishdi.
24Lekin Yusufning kamoni tarang tortildi,
Uning qoʻllari ham chaqqonlashdi
Yoqubning qudratli Xudosi kuchi tufayli,
Isroilning Choʻponi, Qoyasi tufayli.
25Otangning Xudosi senga madad bergay,
Qodir Xudo senga marhamat koʻrsatgay
Yuqoridagi osmon barakalari ila,
Yer qaʼridan chiqqan suvning barakalari ila,
Ona koʻkragiyu pushtining barakasi ila.
26Abadiy togʻlar barakasidan#49:26 Abadiy togʻlar barakasidan… — qadimiy yunoncha tarjimadan. Ibroniycha matnda Ajdodlarning barakasidan…. ham,
Qadim tepaliklar neʼmatidan ham,
Otangning duolari kuchlidir.
Bu barakalar Yusufga nasib etar,
Birodarlari ichra u yoʻlboshchi boʻlar.
27Benyamin och boʻriga oʻxshar,
Sabohda u oʻljasini yamlab yutar,
Oqshomda u topganini boʻlishar.”
28Isroilning oʻn ikki qabilasi ana shular boʻlib, otasi ularni duo qilganda, yuqoridagi soʻzlarni aytgan edi. Har birini oʻziga loyiq tarzda duo qildi.
Yoqub vafot etib, dafn qilinadi
29Shundan soʻng Yoqub oʻgʻillariga vasiyat qildi:
— Mening kunim bitib boryapti. Meni Xet xalqidan Efroʻnning dalasidagi gʻorga — ota–bobolarim yoniga dafn qilinglar. 30Oʻsha gʻor Kanʼon yurtida, Mamre sharqida joylashgan Maxpaladagi dalada. Bobom Ibrohim bu dalani Efroʻndan qabriston uchun sotib olgan. 31U yerga bobom Ibrohim bilan buvim Sora dafn qilingan#49:31 U yerga bobom Ibrohim bilan buvim Sora dafn qilingan — 23:17-20, 25:9-10 ga qarang.. Otam Isʼhoq bilan onam Rivqo ham u yerga dafn qilingan. U yerga men Leaxni dafn qilganman. 32Bobom Ibrohim Xet xalqidan sotib olgan gʻor oʻshadir.
33Yoqub oʻgʻillariga vasiyat qilib boʻlgach, yana toʻshagiga yotdi–yu, joni uzilib, ota–bobolari yoniga ketdi.
Currently Selected:
Ibtido 49: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy
Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020