YouVersion Logo
Search Icon

Ibtido 50

50
50–BOB
1Yusuf oʻzini otasining ustiga tashlab, yigʻlaganicha, uni oʻpdi. 2Yusuf qoʻl ostidagi tabiblarga: “Otamning jasadini mumiyolanglar!” deb amr berdi. Tabiblar Yoqubning#50:2 Yoqub — ibroniycha matnda Isroil, Yoqubning yana bir ismi (32:27-28 ga qarang). jasadini mumiyolashdi. 3Ular bu ish uchun qirq kun vaqt sarf qildilar. Chunki mumiyolash uchun shuncha vaqt talab qilinar edi. Misrliklar Yoqub uchun yetmish kun aza tutishdi.
4Aza muddati tugagach, Yusuf firʼavnning aʼyonlari huzuriga kelib, dedi:
— Agar men sizlarning iltifotingizga sazovor boʻlsam, firʼavn janobi oliylariga shu gaplarni yetkazsangizlar: 5“Otam menga qasam ichirib, olamdan oʻtganimdan keyin, jasadimni Kanʼon yurtiga olib borib, oʻzim uchun men qazigan qabrga dafn qil, deb aytgan. Endi otamni dafn qilgani borishimga ijozat bersalar. Otamni dafn qilganimdan keyin qaytib kelaman.”
6— Mayli, boraver, — deb ijozat berdi firʼavn, — qasamni ado qilib, otangni dafn qilib kel.
7Shunday qilib, Yusuf otasini dafn qilgani joʻnadi. Firʼavnning hamma aʼyonlari — saroyidagi amaldorlar, Misr yurtidagi barcha amaldorlar Yusuf bilan birga ketishdi. 8Shuningdek, Yusufning barcha oila aʼzolari, aka–ukalari, otasining qolgan xonadoni ahli ham Yusuf bilan birga ketishdi. Faqat ularning bolalari, qoʻy–echkilari, podalari Goʻshen yerlarida#50:8 Goʻshen yerlari — 45:10 ga va oʻsha oyatning izohiga qarang. qoldirildi. 9Gʻoyat katta jamoa Yusufga hamroh boʻldi. U bilan bir talay aravakashlar va jang aravalari ham ketdi. 10Ular Iordan daryosi sharqidagi Otad degan xirmonga yetib keldilar. U yerda uzoq vaqt ogʻir taʼziya marosimi oʻtkazdilar. Shunday qilib, Yusuf otasi uchun yetti kun aza marosimi oʻtkazdi. 11Kanʼon xalqlari bu yerdagi aza marosimini koʻrib: “Misrliklar qanday ogʻir aza marosimi oʻtkazyaptilar–a!” deb aytdilar. Shuning uchun bu joyga Ovil–Misrayim#50:11 Ovil–Misrayim — ibroniychadagi maʼnosi Misrliklarning qaygʻusi. deb nom qoʻydilar. 12Shunday qilib, Yoqub oʻgʻillariga qanday vasiyat qilgan boʻlsa, oʻgʻillari otalarining vasiyatini toʻla–toʻkis bajardilar. 13Ular otalarining jasadini Kanʼon yurtiga olib kelib, Maxpaladagi dalada joylashgan gʻorga dafn qildilar#50:13 …Maxpaladagi dalada joylashgan gʻorga dafn qildilar — 47:30 ga va oʻsha oyatning izohiga qarang.. Ibrohim oʻz oilasiga qabriston uchun Xet xalqidan boʻlgan Efroʻndan sotib olgan Mamre sharqidagi gʻor shudir. 14Yusuf otasini dafn qilgandan keyin, aka–ukalarini, otasini dafn qilgani birga kelgan hamrohlarini ergashtirib Misrga qaytdi.
Yusuf akalariga tasalli beradi
15Otalari vafot etgandan keyin, Yusufning akalari: “Biz Yusufga yomonlik qilgan edik, endi u oʻsha yomonliklarimiz uchun kek saqlab yurgan boʻlsa, bizdan oʻch oladi”, deb qoʻrqa boshladilar. 16Shuning uchun ular Yusufga shunday xabar yubordilar: “Otamiz vafotidan oldin bizga, 17Yusufning huzuriga borib aytinglar, men undan oʻtinaman, sizlar unga qarshi qilgan ogʻir jinoyatlaringizni unutsin, deb aytgan edilar. Iltimos qilamiz, otang Xudosining bu qullari qilgan jinoyatlarni unutgin.” Yusuf shu xabarni eshitganda, yigʻlab yubordi. 18Keyin akalari ham kelib: “Biz sening qullaringmiz”, deb Yusufning oyoqlariga yiqildilar. 19Lekin Yusuf akalariga:
— Qoʻrqmanglar, men sizlarni hukm qilib, jazolaydigan Xudo emasman–ku! — dedi. 20— Sizlar menga ravo koʻrgan yomonlikni Xudo yaxshilikka ishlatdi. Son–sanoqsiz odamlarni saqlab qolish uchun U meni shu yerga olib keldi. 21Shuning uchun qoʻrqmanglar, men oʻzlaringizni ham, bola–chaqalaringizni ham boqaman.
Yusuf akalariga muloyim gapirib, ularga tasalli berdi.
Yusuf vafot etadi
22Shunday qilib, Yusuf, uning aka–ukalari, ularning oilalari Misrda yashab qoldilar. Yusuf 110 yil umr koʻrdi. 23Yusuf Efrayimning nevara–chevaralarini ham koʻrdi. Manashening oʻgʻli Moxirning bolalari tugʻilganda, Yusuf hayot edi. Yusuf bu bolalarni ham farzandlari qatoriga qabul qildi.
24“Mening umrim oxirlab boryapti, — dedi Yusuf aka–ukalariga. — Lekin Xudo sizlarni kuzatib turadi, sizlarni bu yurtdan olib chiqib, Ibrohim, Isʼhoq va Yoqubga beraman, deb qasam ichgan yurtga qaytarib olib boradi.” 25Soʻng Yusuf Isroil urugʻlariga qasam ichdirib: “Xudo sizlarning oldingizga kelganda, sizlar mening suyaklarimni bu yerdan olib ketinglar”, — dedi. 26Yusuf 110 yil yashab, olamdan oʻtdi. Uning jasadini mumiyolab, Misrda bir tobutga soldilar.

Currently Selected:

Ibtido 50: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in