Chiqish Kirish
Kirish
Chiqish kitobi Tavrotning ikkinchi kitobidir. Mazkur kitobda Xudo Oʻz xalqi Isroilni Misrdagi qullikdan ozod qilgani va u yerdan olib chiqqani toʻgʻrisida hikoya qilinadi. Shu bois, kitob “Chiqish” deb nomlangan. Ibtido kitobining oxirida bayon qilingan voqealardan mazkur kitobda bayon qilingan voqealargacha oradan 400 yil oʻtadi. Isroil xalqi taxminan miloddan avvalgi 1440 yilda Misrdan chiqadi (3 Shohlar 6:1 ga va oʻsha oyatning birinchi izohiga qarang).
Chiqish kitobida Xudoning nomi (3:13-15 ga qarang) va Uning ilohiy tabiati namoyon qilingan boʻlib: “Egamiz tanho, haqiqiy Xudodir, barcha yaratilganlarning Hukmdoridir”, deb taʼlim beriladi. Xudo biror ishni amalga oshirishga qaror qilganda, hech kim Uni toʻxtata olmaydi.
Chiqish kitobini uch qismga boʻlish mumkin. Birinchi qismdagi aksariyat voqealar (1-13–boblar) Misr yurtida roʻy beradi. Isroil xalqi bu yerda firʼavnga qul boʻlib xizmat qilardi. Xudo Oʻz xalqining ohu nolalarini eshitadi. Ularni qullikdan ozod qilish uchun Musoni tanlaydi.
Muso firʼavndan, Isroil xalqini qoʻyib yubor, deb talab qilganda, firʼavn rad javobini beradi. Shuning uchun Xudo Misrga oʻnta ofat yuborishi toʻgʻrisida Musoga aytadi. Bu ofatlar koʻpincha “oʻnta oʻlat” deb ham aytiladi. Oxiri, noiloj qolgan firʼavn Isroil xalqiga Misrdan chiqib ketishga ijozat beradi.
Kitobning ikkinchi qismida (14-18–boblar) Isroil xalqi Xudoning muqaddas togʻi — Sinayga ketayotganlarida boshlaridan kechirgan voqealar hikoya qilinadi. Misr firʼavni Isroil xalqini ozod qilish fikridan darrov qaytib, lashkariga ularni tutib kelish haqida farmon beradi. Lekin Xudo Isroil xalqini himoya qilib, Misr lashkarini qirib tashlaydi. Soʻngra Isroil xalqi sahro boʻylab yurganda, Xudo ularni oziq–ovqat va suv bilan taʼminlaydi.
Kitobning soʻnggi qismidagi voqealar (19-40–boblar) Sinay togʻida yuz beradi. Xudo bu togʻda Musoga zohir boʻlib, unga oʻnta amrni, shuningdek, kundalik turmush, axloq va sajda marosimlariga oid qonun–qoidalarni beradi. Xudo Isroil xalqi orasida istiqomat qila olishi uchun Musoga Muqaddas chodirni yasashni buyuradi. Chodir va uning jihozlariga oid batafsil koʻrsatmalarni beradi. Muqaddas chodir Xudoning Oʻz xalqi orasidagi maskani boʻlib, xalq u yerda Xudoga turli nazrlaru qurbonliklarni keltirishi kerak boʻladi.
Mazkur kitobning zamirida axloq va Xudoga sajda qilish kabi muhim mavzular yotadi. Chiqish kitobida Xudo Oʻz xalqiga toʻgʻri sajda qilish yoʻllarini oʻrgatadi. Biroq shu bilan cheklanibgina qolmay, ularga najot haqida xabar berib, Oʻz vaʼdalariga sodiqligini amalda koʻrsatadi.
Currently Selected:
Chiqish Kirish: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy
Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020