YouVersion Logo
Search Icon

Ibtido 41

41
41–BOB
Yusuf firʼavnning tushini taʼbir qiladi
1Oradan ikki yil oʻtdi. Bir kuni Misr firʼavni tush koʻrdi. Tushida u Nil daryosi boʻyida turgan emish. 2Bir payt daryodan yettita boqilgan, semiz sigir chiqib, qirgʻoqdagi oʻtlarni yeya boshlabdi. 3Soʻngra daryodan yana yettita sigir chiqibdi. Bu sigirlar juda ham xunuk, oriq ekan. Bular semiz sigirlarning yoniga kelib turibdi. 4Bir vaqt oriq sigirlar semiz sigirlarni yeb qoʻyibdi! Shundan keyin firʼavn uygʻonib ketdi. 5Soʻngra u yana uxlab qoldi va boshqa tush koʻrdi. Tushida bitta bugʻdoy poyasida yettita toʻliq, pishgan boshoq oʻsgan emish. 6Keyin oʻsha poyada yana yettita boshoq oʻsib chiqibdi. Bu boshoqlar sahro shamolida qovjirab, puchayib ketgan ekan. 7Birdan puchaygan boshoqlar yettita pishgan, toʻliq boshoqni yutib yuboribdi!
Firʼavn yana uygʻonib ketdi. Bu tushi ekan.
8Firʼavn saharda koʻrgan tushini oʻylab, koʻngli juda gʻash boʻldi. “Tushim nimadan darak berar ekan”, deb juda xavotirlandi. Shu boisdan Misrdagi jamiki sehrgarlarni va donishmandlarni chaqirtirdi. Firʼavn ularga koʻrgan tushini aytib berdi. Lekin ularning birontasi firʼavnning tushini taʼbir qilib bera olmadi.
9Shu orada firʼavnning soqiysi#41:9 soqiy — 40:1 izohiga qarang. soʻz oldi:
— Bugun ayblarimni eʼtirof etishimga toʻgʻri keladi. 10Janobi oliylari! Siz birmuncha vaqt oldin novvoy bilan mendan gʻazablanib, bizni qoʻriqchilar boshligʻining uyidagi zindonga tashlagan edingiz. 11Novvoy bilan men bir kuni kechasi tush koʻribmiz. Tushlarimizning oʻziga xos maʼnosi bor edi. 12Biz bilan zindonda bir ibroniy yigit ham yotgan edi. U qoʻriqchilar boshligʻining xizmatkori edi. Biz oʻsha ibroniy yigitga tushimizni aytganimizda, har birimizning tushimizni taʼbir qilib berdi. 13Hammasi oʻsha ibroniy yigit aytganday boʻldi. Men oldingi mansabimga qaytdim, novvoyni esa tik oʻrnatilgan xodaga qoqishdi.
14Firʼavn Yusufga odam yubordi. Yusuf zudlik bilan zindondan chiqarildi. U soqolini olib, kiyimlarini oʻzgartirdi–da, firʼavnning huzuriga keldi.
15— Oʻtgan kechasi men tush koʻrdim, — deb gap boshladi firʼavn Yusufga. — Lekin hech kim tushimni taʼbir qilib bera olmadi. Eshitishimcha, sen tushlarni taʼbirlay olar ekansan. Shu sababdan seni chaqirtirgan edim.
16— Janobi oliylari, men oʻzim tushingizni taʼbirlay olmayman, — deb javob berdi Yusuf. — Toʻgʻri javobni sizga Xudo beradi.
17Shundan keyin firʼavn Yusufga tushini aytdi:
— Tushimda Nil daryosi boʻyida turgan emishman. 18Bir payt daryodan yettita boqilgan, semiz sigir chiqib, qirgʻoqdagi oʻtlarni yeya boshlabdi. 19Soʻngra daryodan yana yettita sigir chiqibdi. Bu sigirlar juda ham xunuk, oriq ekan. Bunaqangi xunuk sigirni butun Misr yurtida koʻrmagan edim. 20Bir vaqt oriq, xunuk sigirlar daryodan oldin chiqqan semiz sigirlarni yeb qoʻyibdi. 21Xunuk sigirlar semiz sigirlarni yegandan keyin ham, ular hech narsa yemaganday xunukligicha qolaverdilar. Shundan keyin uygʻonib ketibman. 22Soʻngra yana uxlab qolib, boshqa tush koʻribman. Tushimda bitta bugʻdoy poyasida yettita toʻliq, pishgan boshoq oʻsgan emish. 23Keyin oʻsha poyada yana yettita boshoq oʻsib chiqibdi. Bu boshoqlar sahro shamolida soʻlib, qovjirab, puchayib ketgan ekan. 24Birdan puchaygan boshoqlar yettita pishgan, toʻliq boshoqni yutib yuboribdi! Men tushimni sehrgarlarimga aytgan edim, lekin birontasi ham maʼnosini aytib bera olmadi.
25— Firʼavn janobi oliylarining ikkala tushining maʼnosi ham birdir, — dedi Yusuf firʼavnga. — Xudo nima qilmoqchi ekanini firʼavnimizga ayon etibdi. 26Yettita semiz sigir va yettita toʻliq boshoq yetti yil deganidir, bularning maʼnosi birdir. Shu yillari farovonlik boʻladi. 27Yettita ozgʻin, xunuk sigir bilan yettita puchaygan boshoq ham yetti yil deganidir. Shu yillari qahatchilik boʻladi. 28Firʼavn janoblari! Aytganimday, Xudo nima qilmoqchi ekanini sizga koʻrsatibdi. 29Butun Misr yurtida yetti yil davomida hosil nihoyatda moʻl boʻladi. 30Lekin shundan keyin yetti yil davomida shunday dahshatli qahatchilik boʻladiki, Misrda oldingi farovonlik yillari unutilib ketadi. Qahatchilik yurtni xarob qiladi. 31Qahatchilik nihoyatda ogʻir boʻlganidan, odamlar xotirasidan farovonlik davri tamomila oʻchib ketadi. 32Firʼavn janoblari ikki marta tush koʻrganlarining maʼnosi shuki, bu ish muqarrar yuz berishini Xudo taʼkidlayapti, Xudo buni yaqin orada amalga oshiradi. 33Shuning uchun, firʼavn janoblari, siz aql–idrokli, dono bir odamni tanlab olib, Misr yurti ustidan tayinlang. 34Yana yurt ustidan nazoratchilar tayin qiling. Oʻsha nazoratchilar hosildor yetti yil davomida Misr yurtidagi butun hosilning beshdan bir qismini olsinlar. 35Ularga farmon bering: farovonlik yillari davomida ular don gʻamlashsin, sizning nazoratingiz ostida shaharlarda don yigʻib, qoʻriqlashsin. 36Shu yoʻl bilan yetti yil qahatchilik davrida oziq–ovqat boʻlishi uchun don gʻamlanib turadi. Aks holda, qahatchilik, shubhasiz, yurtni xarob qiladi, butun xalq halok boʻladi.
Yusuf Misr hokimi boʻladi
37Yusufning maslahati firʼavnga ham, uning barcha aʼyonlariga ham juda maʼqul keldi. 38Firʼavn aʼyonlariga: “Biz Yusufdan boshqa Xudoning Ruhi boshqaradigan birorta odamni topa olarmidik”, deb aytdi. 39Shu boisdan Yusufga:
— Xudo bularning hammasini senga ayon qilgan ekan, bu yurtda eng aql–idrokli, dono odam sensan, — dedi. 40— Men seni oʻzimga vazir qilib tayinlayman, butun xalqim sening buyrugʻingga itoat etadi. Men sendan faqat taxtim bilan ustunman, xolos.
41Firʼavn yana Yusufga:
— Mana, seni butun Misr yurti ustidan hokim qilib tayinladim, — dedi. 42Soʻng firʼavn oʻzining muhr uzugini barmogʻidan chiqarib, Yusufning barmogʻiga taqib qoʻydi. U Yusufga shohona liboslar kiydirib, boʻyniga oltin zanjir taqib qoʻydi. 43Firʼavn Yusufga oʻng qoʻl vazir sifatida izvoshini ham taqdim qildi. Yusuf qayerga bormasin, odamlarga: “Tiz choʻkinglar!” degan buyruq berilardi. Shunday qilib, firʼavn Yusufni butun Misr yurti ustidan hokim qildi. 44Firʼavn Yusufga yana shunday dedi:
— Firʼavn men boʻlsam ham, butun Misr yurtida biron kimsa sening ijozatingsiz hatto miq etolmaydi.
45Firʼavn Yusufga Zofnat–Paniyox deb ism qoʻydi va On shahri#41:45 On shahri — Geliopol nomi bilan ham maʼlum boʻlib, hozirgi Qohiradan qariyb 11 kilometr shimoli–sharqda, Nil daryosi boʻyida joylashgan. ruhoniysi Poʻtiferoning qizi Osanatni olib berdi. Shunday qilib, Yusuf butun Misr yurtida hokim boʻlib qoldi.
46Yusuf Misr firʼavni xizmatiga kirgan paytda, oʻttiz yoshda edi. Yusuf firʼavn saroyidan chiqib, butun Misr yurtini kezib chiqardi. 47Yetti yil farovonlik davrida yer moʻl–koʻl hosil berdi. 48Shu yillar davomida Yusuf Misrda yetishtirilgan hosildan bir qismini olib, shaharlarda don gʻamladi. Xususan, har bir shahar atrofidagi dalalardan oʻsha shaharga don yigʻilardi. 49Yusuf shunchalik koʻp don gʻamladiki, dengizdagi qumdek koʻp edi. Shuning uchun donni oʻlchamay qoʻydi. Don behisob darajada koʻp edi.
50Qahatchilik yillari boshlanishidan oldin, Yusufga xotini Osanat ikki oʻgʻil tugʻib berdi. 51Yusuf: “Qaygʻularimni va otam xonadonini Xudo esimdan chiqardi”, deb toʻngʻich oʻgʻlining ismini Manashe#41:51 Manashe — bu ism ibroniychadagi esimdan chiqarmoq soʻziga ohangdosh. qoʻydi. 52Ikkinchi oʻgʻlining ismini Efrayim#41:52 Efrayim — bu ism ibroniychadagi barakali soʻziga ohangdosh. qoʻydi. “Chunki, — dedi Yusuf, — men azob–uqubat tortgan yurtda Xudo meni barakali qildi.”
53Nihoyat, hosildor yetti yil ham tugadi. 54Yusuf taʼbir qilganday, yetti yillik qahatchilik boshlandi. Atrofdagi hamma yurtlarda don tanqis boʻlib, Misr yurtidagina non bor edi. 55Oxiri, Misr yurtida ham ocharchilik boshlandi. Misr xalqi non soʻrab firʼavnga yolvordi. Firʼavn esa xalqqa: “Yusufga boringlar, u nima desa, shuni qilinglar”, dedi. 56Qahatchilik kuchayib, butun yurtga yoyilgach, Yusuf hamma omborxonalarning eshiklarini ochib, Misrliklarga don sota boshladi. 57Butun dunyo boʻylab qahatchilik kuchayib borar, shuning uchun atrofdagi yurtlarning xalqlari Yusufdan don sotib olgani Misrga kelishardi.

Currently Selected:

Ibtido 41: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in