YouVersion Logo
Search Icon

Ibtido 40

40
40–BOB
Yusuf mahbuslarning tushini taʼbir qiladi
1Bir kuni saroy soqiysi#40:1 soqiy — shohga oʻz qoʻli bilan sharob quyadigan, saroyda yuqori martabaga ega boʻlgan, ishonchga loyiq aʼyon. Shuningdek, u shoh uchun sharob tanlashi va uni tatib koʻrib, zaharli emasligiga ishonch hosil qilishi kerak edi. bilan novvoyi Misr firʼavnini qattiq xafa qildilar. 2Firʼavn bu ikkala aʼyonidan — soqiysi bilan novvoyidan gʻazablanib, 3ularni ham Yusuf yotgan zindonga qamatib qoʻydi. Zindon qoʻriqchilar boshligʻining uyida edi. 4Qoʻriqchilar boshligʻi Yusufni soqiy bilan novvoyning xizmatiga qoʻydi. Yusuf ularga xizmat qila boshladi. Ular ancha vaqt zindonda qoldilar.
5Firʼavnning soqiysi bilan novvoyi zindonda yotar ekanlar, bir kuni kechasi ikkovi ham tush koʻrdilar. Har bir tushning oʻziga xos maʼnosi bor edi. 6Ertalab Yusuf ularning yoniga keldi. Ularning yuzi gʻamgin edi. Yusuf buni payqadi.
7— Nimaga bugun juda gʻamgin koʻrinasizlar? — deb soʻradi Yusuf ulardan.
8— Biz tush koʻrgan edik, bu yerda tushimizni taʼbirlab beradigan biron kimsa yoʻq, — deb javob berishdi ular.
— Tushlarni taʼbirlash Xudodandir, — dedi Yusuf. — Marhamat, tushingizni menga ayting–chi.
9Avval soqiy tushini Yusufga aytib berdi:
— Tushimda tok koʻribman. Tok oldimda turgan emish. 10Tokning uchta novdasi bor ekan. Novdalar darrov kurtak otib, meva tugib uzumlar pishibdi. 11Firʼavnning qadahi qoʻlimda emish. Men uzumlarni olib, firʼavnning qadahiga uzumning sharbatini siqibman. Keyin qadahni firʼavnning qoʻliga beribman.
12Yusuf unga dedi:
— Tushingizning taʼbiri shunday boʻlar: uchta novda — uch kun degani. 13Uch kun ichida firʼavn sizni zindondan ozod qilib, oldingi mansabingizga qaytaradi: siz yana soqiy boʻlib, ilgarigiday shohga qadah tutasiz. 14Lekin sizdan bir iltimos: ishlaringiz yaxshi boʻlib ketganda, meni ham eslab qoʻying. Siz menga iltifot koʻrsatib, firʼavnga men toʻgʻrimda ham eslatib qoʻying: meni zindondan chiqarib olsin. 15Men aslida ibroniylar yurtidan oʻgʻirlab keltirilganman. Buning ustiga, yana bu yerda zindondaman, lekin hech qanday aybim yoʻq.
16Novvoy qarasa, tushning taʼbiri yaxshilikka ekan. U Yusufga dedi:
— Men ham tush koʻribman. Boshimda uchta non savatni olib ketayotgan emishman. 17Eng tepadagi savatda firʼavnga atalgan pishiriqlarning har turidan bor ekan. Lekin qushlar uchib kelib, boshimdagi savatdan pishiriqlarni choʻqiyotgan ekan.
18— Tushingizning taʼbiri shunday boʻlar, — dedi Yusuf. — Uchta savat — uch kun degani. 19Uch kun ichida firʼavn boshingizni tanangizdan judo qilib, tanangizni tik oʻrnatilgan xodaning uchiga qoqtiradi. Qushlar tanangizni choʻqib yeydi.
20Oradan uch kun oʻtgach, firʼavn tugʻilgan kunida barcha aʼyonlariga ziyofat berdi. Soqiysi bilan novvoyini ham zindondan aʼyonlari oldiga chaqirtirdi. 21Firʼavn soqiysini ozod qilib, oldingi mansabiga qaytardi. Shunday qilib, soqiy yana firʼavnga qadah tutadigan boʻldi. 22Lekin Yusuf aytganday, firʼavn novvoyning boshini oldirib, jasadini tik oʻrnatilgan xodaning uchiga qoqtirdi. 23Soqiy esa Yusufni eslamadi, uni unutib yubordi.

Currently Selected:

Ibtido 40: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in