YouVersion Logo
Search Icon

Ibtido 42

42
42–BOB
Yusufning akalari don sotib olgani Misrga kelishadi
1Yoqub: “Misrda don bor ekan”, deb eshitgach, oʻgʻillariga dedi:
— Bir–birlaringizga termulib oʻtiraverasizlarmi? 2Misrda don bor ekan, deb eshitdim. Boringlar, oʻzimizga don sotib olib kelinglar, tagʻin ochlikdan oʻlib ketmaylik.
3Shunday qilib, Yusufning oʻnta akasi ham don sotib olgani Misrga ketishdi. 4Lekin Yoqub Yusufning ukasi Benyaminni oʻgʻillari bilan birga yubormadi. “Benyamin ham biror falokatga yoʻliqmasin”, deb qoʻrqardi. 5Shunday qilib, Yoqubning#42:5 Yoqub — ibroniycha matnda Isroil, Yoqubning yana bir ismi (32:27-28 ga qarang). oʻgʻillari don sotib olgani kelgan boshqa odamlar bilan birga Misrga kelishdi. Chunki Kanʼon yurtida ham ocharchilik boshlangan edi.
6Yusuf bu paytda butun Misr ustidan hokim boʻlgani uchun yurt xalqiga don sotar edi. Yusufning akalari kelib, boshlari yerga tekkuday boʻlib, unga taʼzim qilishdi. 7Yusuf akalarini koʻriboq, darrov tanidi. Lekin Yusuf ularga xuddi notanishlarday muomala qildi:
— Qayerdan keldingiz? — deb dagʻallik bilan soʻradi Yusuf ulardan.
— Kanʼon yurtidan, don sotib olgani keldik, — deb javob berishdi ular.
8Yusuf akalarini tanigan boʻlsa ham, akalari Yusufni tanimadilar. 9Yusuf akalari toʻgʻrisida ancha yillar oldin koʻrgan tushlarini esladi. Yusuf ularga:
— Sizlar josussizlar! — dedi. — Sizlar bu yurtning zaif tomonlarini bilish uchun kelgansizlar.
10— Yoʻq, hazrati oliylari! Bu qullaringiz faqat don sotib olgani kelishgan! — deb javob berdilar akalari. 11— Biz hammamiz bir odamning farzandlarimiz, toʻgʻri odamlarmiz. Bu qullaringiz hech qachon josuslik qilishmagan!
12— Yoʻq! Sizlar bu yurtning zaif tomonlarini bilish uchun kelgansizlar! — dedi Yusuf.
13— Biz, qullaringiz, oʻn ikki aka–ukamiz, otamiz Kanʼon yurtida, — deyishdi ular. — Eng kichik ukamiz u yerda otamiz bilan qoldi. Bitta ukamiz esa nobud boʻlgan.
14— Sizlar josussizlar dedimmi, josussizlar! — deya gapida turib oldi Yusuf. 15— Endi aytganlaringizni tekshirib koʻraman. Firʼavnning nomini oʻrtaga qoʻyib qasam ichamanki, agar eng kichik ukangiz bu yerga kelmasa, sizlar Misrdan ketmaysizlar. 16Sizlardan bittangiz borib, ukangizni olib kelasiz, qolganlaringiz zindonda yotib turasizlar. Aytganlaringiz toʻgʻrimi, yoʻqmi, tekshiriladi. Agar toʻgʻri boʻlmasa, firʼavnning nomini oʻrtaga qoʻyib qasam ichamanki, sizlar, shubhasiz, josus boʻlib chiqasizlar.
17Yusuf ularning hammasini uch kun zindonga qamab qoʻydi.
18Uchinchi kuni Yusuf ularga dedi:
— Men Xudodan qoʻrqadigan odamman. Agar mening aytganlarimni qilsangiz, tirik qolasizlar. 19Agar toʻgʻri odamlar boʻlsangizlar, bittangiz zindonda qolasiz, qolganlaringiz esa och qolgan oilalaringiz uchun don olib, uylaringizga ketishlaringiz mumkin. 20Kichik ukangizni mening oldimga olib kelasizlar. Shu yoʻl bilan sizlarning soʻzlaringizni tekshirib koʻraman. Gaplaringiz toʻgʻri boʻlsa, sizlarga shafqat qilaman.
Hammalari bu gapga rozi boʻlishdi. 21Ular bir–birlariga gapira boshladilar: “Mana, ukamizga nima qilgan boʻlsak, endi jazosini tortyapmiz. U qanchalar azoblanganini koʻzimiz bilan koʻrib, yolvorishlarini eshitganimizda ham, quloq solmagan edik. Shu sababdan bu azoblar oʻzimizning boshimizga ham keldi.” 22Shunda Ruben ularga dedi:
— Bolaga zarar yetkazmanglar, deb aytmaganmidim?! Lekin sizlar gapimga quloq solmadingiz. Mana endi uning qoni bizni tutadi.
23Yusuf shu yerda turgan edi. Akalari: “Gapimizni mana bu odam tushunadi” deb xayollariga ham keltirmasdilar. Chunki Yusuf akalari bilan tilmoch orqali gaplashardi. 24Yusuf akalarining oldidan ketib, yigʻladi. Bir oz oʻzini bosib olgach, qaytib kelib, ular bilan gaplashdi. Soʻng ularning orasidan Shimoʻnni ajratib oldi va ularning koʻzi oldida bogʻlatdi.
Yusufning akalari Kanʼonga qaytishadi
25Shundan keyin Yusuf xizmatkorlariga shunday buyruq berdi: “Bu odamlarning qoplarini donga toʻldirib beringlar. Har birining kumushlarini#42:25 kumushlar — Yusufning akalari don sotib olish uchun olib kelgan pul nazarda tutilgan. Qadimgi paytlarda maʼlum vazndagi kumush boʻlaklari odatda pul birligi sifatida ishlatilgan. qopiga qaytarib solib qoʻyinglar, ularga yoʻl uchun kerakli oziq–ovqat beringlar.” Hammasi Yusuf buyurganday boʻldi. 26Aka–ukalar donlarni eshaklariga yuklab, yoʻlga tushdilar. 27Kechasi bir joyda tunagani toʻxtadilar. Ulardan biri qopini ochib, eshagiga yem olmoqchi boʻlgan edi, qarasa, qop ichida kumushlari turibdi! 28U aka–ukalariga: “Voy, qaranglar! Mana kumushlarim! Qopimning ichida ekan!” deb hayratlandi. Shunda ularning yuraklari qinidan chiqquday boʻlib qaltirab, bir–birlariga: “Endi Xudo boshimizga nima solyapti ekan–a?!” der edilar.
29Ular Kanʼon yurtiga — otalari huzuriga qaytib kelganlaridan keyin, boshlaridan oʻtgan hamma voqealarni unga aytib berdilar:
30— Oʻsha yurtning hokimi biz bilan juda qoʻpol gaplashdi, bizni, josussizlar, dedi. 31Lekin biz toʻgʻri odam ekanimizni, josus emasligimizni aytdik. 32Unga: “Biz oʻn ikki aka–ukamiz, bitta otaning farzandlarimiz, bitta ukamiz nobud boʻlgan, eng kichik ukamiz otamiz bilan Kanʼonda qolgan”, deb aytdik. 33Keyin oʻsha yurtning hokimi bizga aytdi: “Sizlar toʻgʻri odamlar ekaningizni tekshirib koʻraman. Bittangiz men bilan qolasiz, boshqalaringiz esa och qolgan oilalaringiz uchun don olib ketaverasizlar. 34Eng kichik ukangizni mening oldimga olib kelasizlar. Ana shunda sizlar josus emas, balki toʻgʻri odam ekaningizni bilib olaman. Soʻngra mana bu tugʻishganingizni sizlar bilan birga joʻnatib yuboraman. Sizlar don sotib olgani tez–tez kelib turaverasizlar#42:34 Sizlar don sotib olgani tez–tez kelib turaverasizlar — yoki Yurtning xohlagan joyiga bemalol boraverasizlar..”
35Ular qoplarini boʻshatayotganlarida, qarasalar, hammasining qopi ichida tugunchada kumushlari turibdi. Ota–bolalar tugunchalardagi kumushlarni koʻrganlarida, vahimaga tushdilar. 36Shunda Yoqub oʻgʻillariga aytdi:
— Meni hamma bolalarimdan judo qilmoqchimisizlar? Yusuf yoʻqoldi, Shimoʻn ham yoʻq, endi esa Benyaminni olib ketmoqchisizlar! Peshanam buncha shoʻr boʻlmasa!
37Ruben otasiga dedi:
— Agar Benyaminni sizga qaytarib olib kelmasam, mayli, mening ikkala oʻgʻlimni oʻldiravering! Benyaminni menga ishonib topshiring, oʻzingizga qaytarib olib kelib beraman.
38— Oʻgʻlim sizlar bilan birga bormaydi, — dedi Yoqub. — Akasi Yusuf oʻlgan, oʻzi yolgʻiz qoldi#42:38 …oʻzi yolgʻiz qoldi — Yoqub, oʻgʻli Yusufni oʻlgan, deb hisoblagani uchun, suyukli xotini Rohiladan tugʻilgan ikki oʻgʻildan Benyamin yolgʻiz qoldi, deb aytgan.. Yoʻlda u biror falokatga yoʻliqishi mumkin. Qariganimda meni qaygʻudan oʻliklar diyoriga#42:38 oʻliklar diyori — ibroniycha matnda Sheoʻl. 37:35 izohiga qarang. kiritasizlar.

Currently Selected:

Ibtido 42: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in