YouVersion Logo
Search Icon

Ibtido 43

43
43–BOB
Yusufning akalari Benyaminni Misrga olib kelishadi
1Kanʼon yurtida qahatchilik haddan ortiq kuchaydi. 2Yoqubning oʻgʻillari Misrdan olib kelgan donni yeb tugatishdi. Shundan keyin Yoqub oʻgʻillariga:
— Yana borib, bir oz don sotib olib kelinglar, — dedi.
3Yahudo otasiga shunday dedi:
— Oʻsha odam, ukangizni olib kelmagunlaringizcha, koʻzimga koʻrinmanglar, deb bizni ogohlantirgan. 4Agar ukamizni biz bilan birga joʻnatsangiz, borib, sizga don sotib olib kelardik. 5Lekin Benyaminni yubormasangiz, biz ham bormaymiz. Chunki oʻsha odam, ukangizni olib kelmasangiz, koʻzimga koʻrinmanglar, deb aytgan.
6Yoqub#43:6 Yoqub — ibroniycha matnda Isroil, Yoqubning yana bir ismi (shu bobning 11–oyatida ham bor). 32:27-28 ga qarang.:
— Nimaga oʻsha odamga, yana ukamiz bor, deb boshimga balo orttirdingiz?! — deb zorlandi.
7Ular shunday javob berdilar:
— U odam: “Otangiz hayotmi? Boshqa ukangiz ham bormi?” deb oʻzimiz, oilamiz toʻgʻrisida soʻrab–surishtirdi. Biz uning savollariga javob berdik. “Ukangizni mening oldimga olib kelinglar”, deb aytishini qayerdan bilibmiz?!
8Yahudo otasiga dedi:
— Ukamizni men bilan joʻnating, endi yoʻlga chiqaylik, toki sizu biz, bolalarimiz ochlikdan oʻlmay, tirik qolaylik. 9Unga men oʻzim kafil boʻlaman, u uchun meni masʼul deb bilavering. Agar uni qaytarib olib kelib qoʻlingizga topshirmasam, umr boʻyi sizning oldingizda aybdor boʻlib qolay. 10Agar orqaga surmaganimizda edi, hozirgacha ikki marta borib kelgan boʻlardik.
11Nihoyat, Yoqub oʻgʻillariga dedi:
— Boshqa iloji yoʻq ekan, endi bunday qilinglar: yurtimizning noz–neʼmatlaridan qoplaringizga solinglar. Bir oz mumiyo, asal, xushboʻy ziravorlar, mirra#43:11 Mirra — 37:25 izohiga qarang., pista, bodom ham olib, oʻsha odamga hadya qilib olib boringlar. 12Oʻtgan safar qoplaringizga kumushlarni solib qaytarib yuborishgan edi, shuning uchun kumushni ikki barobar koʻp olinglar. Kimdir adashgan boʻlishi mumkin. 13Ukangizni ham olinglar–u, hoziroq oʻsha odamning oldiga joʻnanglar. 14Oʻsha odam bolalarimga rahm qilsin, deb Qodir Xudoga iltijo qilaman, toki u Shimoʻn bilan Benyaminni qaytarib yuborsin. Agarda farzandlarimdan judo boʻladigan boʻlsam, mayli, boʻla qolay.
15Shunday qilib, ular har xil hadyalar, ikki barobar koʻp kumush oldilar–da, Benyaminni ham ergashtirib, Misrga shoshildilar. Misrga yetib kelib, Yusufning huzuriga kirdilar.
16Yusuf ularning yonida Benyaminni ham koʻrdi va qulboshisiga buyurdi: “Bu odamlarni uyga olib bor, bironta jonliq soʻyib, tayyorgarlik koʻr. Ular tushlikni men bilan birga yeydilar.” 17Qulboshi Yusuf aytganday qildi: aka–ukalarni Yusufning uyiga olib ketdi. 18Qulboshi aka–ukalarni Yusufning uyiga olib kelgani uchun, ular juda qoʻrqib ketishdi. Ular bir–biriga dedilar: “Oʻtgan safar qoplarimizga kumushlarimizni qaytarib solib qoʻyishgan edi. Shu sababdan qulboshi bizni bu yerga olib kelgan. Endi u bizni oʻgʻrilikda ayblaydi. Bizni ushlab, qul qilib oladi, eshaklarimizni ham tortib oladi.” 19Yusufning darvozasi oldida aka–ukalar qulboshiga aytdilar:
20— Kechirasiz, hazrat, biz oʻtgan safar ham don sotib olgani kelgan edik. 21Uyga qaytib ketayotganimizda, tunda dam olgani bir joyda toʻxtab, qoplarimizni ochdik. Don sotib olganimizda toʻlagan kumushimizning hammasi qoplarimizning ichida ekan. Mana, oʻsha kumushlarni qaytarib olib keldik. 22Biz yana don sotib olgani qoʻshimcha kumush olib keldik. Kim u kumushlarni qoplarimizga solib qoʻygan ekan, bilmaymiz.
23— Xotirjam boʻlinglar, — dedi Yusufning qulboshisi, — bu toʻgʻrida xavotir olmanglar. Don sotib olishga keltirgan kumushlaringizning hammasini men olgan edim. Xudoyingiz — otangizning Xudosi qoplaringizga xazina solib qoʻygan boʻlsa kerak.
Soʻng qulboshi Shimoʻnni ularning oldiga olib keldi. 24Qulboshi aka–ukalarni Yusufning uyiga olib kelgandan keyin, ularga suv berdi. Aka–ukalar oyoqlarini yuvib olishdi. Qulboshi ularning eshaklariga ham yem berdi. 25Aka–ukalarga, Yusuf hazrati oliylari bilan birga tushlik qilasizlar, deb aytishdi. Shuning uchun Yusuf kelguncha, ular hadyalarini tayyorlab qoʻydilar.
26Yusuf uyga kelgach, ular hadyalarini Yusufga berib, muk tushib taʼzim qilishdi. 27Yusuf ulardan hol–ahvol soʻradi.
— Otangizning ahvollari qalay? Keksa otamiz bor, deb aytgan edingiz. U hozir ham hayotmi?
28— Qulingiz — otamiz yaxshi yuribdilar, hozir hayotlar, — deb javob berishdi aka–ukalar. Soʻng ular Yusufga egilib taʼzim qilishdi. 29Yusuf tugʻishgan ukasi Benyaminni koʻrib, ulardan soʻradi:
— Kenja ukamiz bor, deb aytgan edingiz. Shu bola ukangizmi? Xudo senga marhamat qilsin, oʻgʻlim!
30Yusuf shunday deb, ukasiga mehri tovlanib ketganidan yigʻlab yuboray derdi. Shuning uchun Yusuf darrov ichkari xonaga chiqdi–yu, u yerda yigʻlab yubordi. 31Bir ozdan keyin Yusuf yuzini yuvib, oʻzini qoʻlga oldi va aka–ukalarining oldiga qaytib kirdi. “Taomlar keltirilsin!” deb buyruq berdi. 32Yusufga alohida dasturxonda, aka–ukalariga esa boshqa dasturxonda taomlar tortildi. Yusufnikidagi Misrliklar esa alohida dasturxonda taom yeyishdi. Misrliklar ibroniylar bilan dasturxon atrofida birga oʻtirib ovqat yeyishdan hazar qilishar edi. 33Yusuf har bir akasiga qaysi joyda oʻtirishini koʻrsatdi. Har birini yoshi boʻyicha, katta–kichikligiga qarab oʻtqazdi. Aka–ukalar bir–birlariga taajjub bilan qarab qoʻydilar. 34Aka–ukalarga taomlarni Yusufning dasturxonidan tarqatishdi. Benyaminga berilgan taom boshqa akalarinikiga qaraganda besh hissa koʻp edi. Aka–ukalar taomni yeb, Yusuf bilan birga may ichib, xushnud boʻldilar.

Currently Selected:

Ibtido 43: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in