Ibtido 32
32
32–BOB
Yoqub Esovni kutib olishga tayyorlanadi
1Yoqub oila aʼzolarini boshlab yoʻlda ketayotgan edi, Xudoning farishtalari unga peshvoz chiqdilar. 2Yoqub ularni koʻrib: “Bu Xudoning lashkargohi!” dedi. Shuning uchun bu joyga Moxanayim#32:2 Moxanayim — ibroniychadagi maʼnosi ikki qarorgoh, Yoqubning va Xudoning qarorgohlari bu joyda ekanligi nazarda tutilgan boʻlishi mumkin (ammo shu bobning 7-10–oyatlariga ham qarang). deb nom berdi.
3Yoqub borishidan oldin Seir, yaʼni Edom yurtida#32:3 …Seir, yaʼni Edom yurti… — Oʻlik dengizning janubida joylashgan. Edom yurtining yana bir nomi Seir edi. istiqomat qilayotgan akasi Esovga xabarchilarni yubordi. 4Yoqub xabarchilarga shunday koʻrsatma bergan edi:
— Esov hazratlariga shunday deb aytinglar: “Qulingiz Yoqub aytmoqdaki, u shu paytgacha Lobonning xonadonida yashadi. 5Endi mollar, eshaklar, qoʻy–echkilar, qul va choʻrilarga ega boʻldi. Kelayotganidan sizni xabardor qilish uchun bizni yubordi. Uning umidi shuki, siz unga mehr–muruvvat koʻrsatsangiz.”
6Xabarchilar qaytib kelib, Yoqubga shunday dedilar: “Akangiz Esovning oldiga bordik. U sizni kutib olishga kelyapti, yonida toʻrt yuzta odami ham bor.” 7Yoqub bu xabarni eshitdi–yu, qoʻrqib, vahimaga tushdi. Xonadonidagi odamlarini, qoʻy–echkilarini, mol podalarini, tuyalarini ikki qismga boʻldi. 8U: “Agar Esov kelib, bitta qismni qirib tashlasa, narigi qismi qutulib omon qoladi–ku”, deb oʻyladi.
9Keyin Yoqub ibodat qildi:
— Ey bobom Ibrohimning, otam Isʼhoqning Xudosi! Ey Egam! Menga: “Oʻz yurtingga, qarindoshlaring oldiga qaytib bor, senga muvaffaqiyat keltiraman”, deb vaʼda bergan eding. 10Koʻrsatgan sadoqatingga, inoyatingga men, quling, loyiq emasman. Ilgari Iordan daryosini kechib oʻtganimda, tayogʻimdan boshqa hech narsam yoʻq edi. Endi oila aʼzolarim ikki qoʻrgʻonni toʻldiradigan boʻldi. 11Iltijo qilaman, meni Esov akamning qoʻlidan qutqargin. U kelib, men bilan birga xotinlarimni, bolalarimni oʻldiradi, deb qoʻrqaman. 12Sen esa menga: “Senga muvaffaqiyat keltiraman, sening naslingni dengizdagi qumdek koʻpaytiraman, koʻpligidan naslingni sanab boʻlmaydi”, deb vaʼda bergan eding. Iltijo qilaman, vaʼdangni yodingda tut.
13-15Yoqub tunni ibodat qilgan oʻsha joyda oʻtkazdi. Keyin suruvidan akasi Esovga ikki yuzta ona echki, yigirmata taka, ikki yuzta sovliq va yigirmata qoʻchqor, oʻttizta sogʻin tuyani boʻtaloqlari bilan, qirqta sigir va oʻnta buqa, yigirmata mocha eshak va oʻnta erkak eshakni hadya qilish uchun tanlab oldi. 16Yoqub bu hayvonlarni podalarga boʻlib, xizmatkorlariga topshirar ekan, ularga shunday dedi:
— Mendan oldin yuringlar, har bir podaning orasida boʻsh masofa qoldiringlar.
17Eng oldingi podani haydab borayotgan xizmatkoriga u shunday koʻrsatma berdi:
— Esov akam seni uchratib qolib: “Kimning xizmatkorisan? Qayerga ketyapsan? Oldingdagi poda kimniki?” deb soʻraganda, 18sen: “Bu podalar qulingiz Yoqubniki, bularni siz, toʻramga hadya qilib yubordilar, oʻzlari ham orqamizda kelyaptilar”, deb aytgin.
19Yoqub podani haydab borayotgan ikkinchi, uchinchi, xullas, hamma xizmatkorlariga ham bir xil koʻrsatma berib:
— Esovni uchratib qolganingizda, oʻsha gaplarimni aytinglar, — dedi. 20“Qulingiz Yoqub orqamizda kelyaptilar”, deb albatta aytinglar, — deb taʼkidladi. Chunki Yoqub: “Oʻzimdan oldin yuborgan hadyalarim bilan Esov akamning koʻnglini yumshataman, u bilan yuzma–yuz uchrashganimizda, meni kechirsa ajabmas”, deb umid qilayotgan edi. 21Shunday qilib, Yoqub oʻzi borishidan oldin, hadyalarni joʻnatib yubordi va bu kechani chodir tikkan joyda oʻtkazdi.
Yoqub Paniyolda kurash tushadi
22Oʻsha kuni tunda Yoqub oʻrnidan turdi. Ikkala xotinini, ikkala choʻrisini#32:22 ikkala choʻrisi — Bilxax (29:29, 30:4 ga qarang) va Zilpo (29:23-24, 30:9 ga qarang) nazarda tutilgan., oʻn bitta bolasini Yavoq daryosi#32:22 Yavoq daryosi — Iordan daryosining sharq tomonida joylashgan bu daryo Oʻlik dengizdan qariyb 50 kilometr shimolda Iordan daryosiga quyiladi. kechuvidan oʻtkazdi. 23Ular daryoning narigi qirgʻogʻiga oʻtib boʻlganlaridan keyin, butun mol–mulkini ham oʻtkazdi. 24Yoqub daryoning bu tomonida yolgʻiz oʻzi qoldi. Oʻsha yerda bir odam bilan tong otguncha kurashdi. 25Oʻsha odam koʻrdiki, Yoqubni magʻlub qila olmas ekan. Bir payt u Yoqubning boʻksasiga#32:25 boʻksa — gavdaning bel bilan son oʻrtasidagi qismi. bir urgan edi, soni boʻgʻinidan chiqib ketdi.
26— Meni qoʻyib yubor, tong otyapti, — dedi oʻsha odam.
— Meni duo qilmasang, ketkizmayman, — hansirab dedi Yoqub.
27— Isming nima? — deb soʻradi oʻsha odam.
— Yoqub, — deb javob berdi u.
28— Bundan keyin sening isming Yoqub emas, Isroil#32:28 Isroil — ibroniychadagi maʼnosi Xudo olishadi. Bu ism ibroniychadagi olishding soʻziga ohangdosh. boʻlsin, — dedi oʻsha odam. — Chunki sen Xudo va insonlar bilan olishib, gʻolib chiqding.
29— Iltimos, ismingni ayt! — dedi Yoqub.
— Nimaga Mening ismimni soʻrayapsan? — deb soʻradi oʻsha odam. Shunday dedi–yu, u Yoqubni duo qildi. 30Yoqub: “Xudo bilan yuzma–yuz boʻlibman–u, hayotim saqlanib qolibdi–ya”#32:30 “Xudo bilan yuzma–yuz boʻlibman–u, hayotim saqlanib qolibdi–ya” — insonlar, Xudoni koʻrgan odam oʻladi, deb ishonishardi (Chiqish 33:20 va Hakamlar 6:22, 13:22 ga qarang)., deb bu joyga Paniyol#32:30 Paniyol — ibroniychadagi maʼnosi Xudoning yuzi. Paniyol Giladda, Iordan daryosining sharq tomonida joylashgan edi. degan nom berdi. 31Yoqub Paniyoldan#32:31 Paniyol — ibroniycha matnda bu nomning boshqa varianti Panuval. ketayotganda, quyosh chiqqan edi. Soni ogʻriyotgani uchun u oqsoqlanib yurardi. 32Oʻsha odam Yoqubning boʻksasiga urgani sababli, Isroil xalqi oʻsha tunda yuz bergan voqeaning xotiri uchun bugungacha#32:32 bugungacha — shu kitob yozilgan vaqtga ishora. sonning payini yemaydi.
Currently Selected:
Ibtido 32: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy
![None](/_next/image?url=https%3A%2F%2Fimageproxy.youversionapi.com%2F58%2Fhttps%3A%2F%2Fweb-assets.youversion.com%2Fapp-icons%2Fen.png&w=128&q=75)
Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020