Ibtido 33
33
33–BOB
Yoqub bilan Esov uchrashadi
1Yoqub qarasa, Esov kelayotgan ekan, yonida toʻrt yuzta odami ham bor. Yoqub bolalarini Leaxga, Rohilaga va ikkala choʻrisiga#33:1 ikkala choʻri — Bilxax (29:29, 30:4 ga qarang) va Zilpo (29:23-24, 30:9 ga qarang) nazarda tutilgan. taqsimladi. 2Choʻrilari bilan ularning bolalarini eng oldinga, Leax bilan uning bolalarini ulardan keyin, Rohila bilan Yusufni esa oxiriga qoʻydi. 3Yoqubning oʻzi ularning oldida bordi. Akasining oldiga yetib borguncha yetti marta egilib taʼzim qildi.
4Esov ham ukasini kutib olgani yugurib borib, uni quchoqlab oldi. Yoqubning boʻyniga osilib, oʻpdi. Ikkovi ham yigʻlar edi. 5Esov ayollarga va bolalarga qarab:
— Yoningdagi bu odamlar senga kim boʻladi? — deb soʻradi.
— Men, qulingizga Xudo inoyat qilib bergan bolalarim, — dedi Yoqub.
6Shundan keyin choʻrilar bilan ularning bolalari Esovning oldiga kelishib, unga egilib taʼzim qildilar. 7Ulardan keyin Leax bilan uning bolalari yaqin kelib, egilib taʼzim qilishdi. Oxirida Yusuf bilan Rohila yaqin kelib, egilib taʼzim qildilar.
8— Menga suruvlaru podalar joʻnatibsan, bundan maqsading nima edi? — deb soʻradi Esov.
— Hazratimning iltifotiga sazovor boʻlishim uchun hadya qilib yuborgan edim, — deb javob berdi Yoqub.
9— Rahmat, uka, oʻzimniki juda koʻp, oʻzingniki oʻzingga buyursin, — dedi Esov.
10— Yoʻq, iltimos, agar meni iltifotingizga sazovor bilsangiz, hadyalarimni olasiz, — deb turib oldi Yoqub. — Siz meni shunday yaxshi kutib oldingizki, men uchun sizning yuzingizni koʻrish — Xudoning yuzini koʻrishga oʻxshaydi. 11Iltimos qilaman, hadyalarimni oling. Xudo menga inoyat qilib, kerakli hamma narsani berdi.
Yoqub qattiq iltimos qilavergandan keyin, oxiri, Esov hadyalarni olishga rozi boʻldi.
12— Qani, endi ketaylik, men senga yoʻl koʻrsatib boraman.
13Yoqub esa shunday dedi:
— Oʻzingiz koʻrib turibsiz, hazratim, bolalarim chiniqmagan, qoʻy–sigirlarim ham bolalagan. Qoʻy–sigirlarimni bir kungina qistab haydasalar, butun chorva nobud boʻladi. 14Shuning uchun mendan oldinda ketaversangiz. Men chorvaning yurishiga va bolalarning qadamiga qarab sekin boraveraman. Siz bilan Seir yurtida#33:14 Seir yurti — 32:3 izohiga qarang. uchrashamiz.
15— Boʻpti, boʻlmasa, odamlarimdan baʼzilarini sen bilan qoldiray, ham sizlarga yoʻl koʻrsatib boradi, ham qoʻriqlab ketadi, — dedi Esov.
— Nima qilasiz ovora boʻlib?! Menga koʻp mehribonlik koʻrsatyapsiz, shunga ham rahmat.
16Esov oʻsha kuni Seirga qaytib ketdi. 17Yoqub esa oilasi bilan Suxotga qarab ketdi. U yerda oʻziga bir uy, chorvasi uchun qoʻralar qurdi. Shuning uchun bu joyga Suxot#33:17 Suxot — ibroniychadagi maʼnosi qoʻralar. deb nom berildi.
18Shunday qilib, Yoqub Paddon–Oramdan#33:18 Paddon–Oram — 25:20 izohiga qarang. Kanʼon yurtidagi Shakam shahriga#33:18 Shakam shahri — 12:6 ning birinchi izohiga qarang. eson–omon qaytib keldi. Shahar tashqarisida chodirlarini tikdi. 19U chodir tikkan joylar Xamoʻr degan odamning oʻgʻillariga qarashli mulk edi. Xamoʻr Shakamning otasi edi. Yoqub bu joylarni Xamoʻrning oʻgʻillaridan yuz boʻlak kumushga#33:19 yuz boʻlak kumush — ibroniycha matnda yuz kisito. Bu pul birligining qiymati va ogʻirligi haqidagi maʼlumot saqlanib qolmagan. Qadimgi paytlarda maʼlum vazndagi kumush boʻlaklari odatda pul birligi sifatida ishlatilgan. sotib oldi. 20Bu yerda u qurbongoh qurib, bu joyni “Xudo Isroilning Xudosidir”#33:20 “Xudo Isroilning Xudosidir” — ibroniycha matnda “El–Elohey–Isroil”, maʼnosi Xudo Isroilning Xudosidir. Yoqub (yaʼni Isroil) oʻzining Xudoga tegishli ekanligini eʼlon qilmoqda (28:20-21 ga qarang). deb atadi.
Currently Selected:
Ibtido 33: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy
![None](/_next/image?url=https%3A%2F%2Fimageproxy.youversionapi.com%2F58%2Fhttps%3A%2F%2Fweb-assets.youversion.com%2Fapp-icons%2Fen.png&w=128&q=75)
Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020