Ibtido 34
34
34–BOB
Dinaning nomusi bulgʻanadi
1Bir kuni Yoqub va Leaxning qizi Dina shu yerlik qizlarni koʻrishga bordi. 2Bu yerning begi Xamoʻr boʻlib, u Xiv urugʻidan edi. Xamoʻrning oʻgʻli Shakam qizni koʻrib qolib, ushladi va uning nomusiga tegdi. 3Shakam Dinani qattiq sevib qoldi, qizning sevgisini qozonishga harakat qildi. 4Otasiga: “Shu qizni menga olib bering”, deb aytdi.
5Yoqub qizining nomusi toptalganini eshitdi. Yoqubning oʻgʻillari esa dalada mol–qoʻylarini boqib yurgan edilar. Ular qaytib kelgunlaricha Yoqub oʻzini bosib turdi. 6Shakamning otasi Xamoʻr bu ish yuzasidan gaplashgani Yoqubning oldiga keldi. 7Shu paytda Yoqubning oʻgʻillari daladan kelib qolishdi. Singillari sharmanda boʻlganini eshitishdi–yu, qattiq gʻazablanib, tutaqib ketdilar. Shakam Yoqubning qizini bulgʻab, Isroilda sharmandali ish qilgan edi. Bunday ish hech boʻlmasligi kerak edi.
8Xamoʻr ularga:
— Oʻgʻlim Shakamning qizingizga ishqi tushib qolibdi, iltimos, qizingizni oʻgʻlimga bersangizlar, — dedi. 9— Bir–birimiz bilan quda–andachilik qilaylik, qizlaringizni oʻgʻillarimizga olib beraylik, oʻgʻillaringizga qizlarimizni olib beringlar. 10Shunda yurtimizda biz bilan birga, xohlagan yeringizda yashayverasizlar, bemalol savdo–sotiq qilaverasizlar#34:10 …bemalol savdo–sotiq qilaverasizlar… — yoki …xohlagan joyingizga boraverasizlar… (shu bobning 21–oyatida ham bor)., yerlarimizdan oʻzlaringizga mulk orttirasizlar.
11Shakam ham Dinaning otasi bilan akalariga iltimos qilib, dedi:
— Menga muruvvat qilinglar, Dinani menga beringlar, evaziga istagan narsalaringizni beraman. 12Qancha qalin yoki sovgʻa talab qilasizlar — men uchun ahamiyati yoʻq, beraman. Faqat qizingizga uylansam boʻldi.
13Shakam Dinani sharmanda qilgani uchun, Shakam bilan Xamoʻrni Dinaning akalari aldadilar. 14Ular Shakam bilan Xamoʻrga dedilar:
— Singlimizni qandaydir sunnatsiz odamga berolmaymiz. Agar bersak, biz isnodga qolamiz#34:14 Singlimizni…biz isnodga qolamiz — 17:9-14 ga qarang.. 15Biz faqat bir shart bilan rozi boʻlamiz: hamma erkaklaringiz bizga oʻxshab sunnat qilinishlari kerak. 16Shunda biz qizlarimizni sizlarga beramiz, sizlarning qizlaringizni olamiz. Sizlarning orangizda yashab, sizlar bilan bir xalq boʻlamiz. 17Lekin bizning shartimizga koʻnmasdan, sunnat qilinmasangizlar, singlimizni#34:17 singlimiz — ibroniycha matnda qizimiz, Dinaga ishora. olib ketamiz.
18Ularning gapiga Xamoʻr bilan Shakam bajonidil rozi boʻlishdi. 19Shakam Dinaga xushtor boʻlib qolganidan, bu talabni bajarishni tezlashtirdi. U oilasida hurmatga sazovor, eng obroʻli odam edi. 20Xamoʻr bilan Shakam shahar darvozasiga#34:20 …shahar darvozasiga… — 19:1 ning ikkinchi izohiga qarang. kelib, shaharning oqsoqollariga shunday deyishdi:
21— U odamlar — bizning doʻstlarimiz. Ular bizning yurtimizda yashab, savdo–sotiq qilaversinlar. Yurtimiz keng, ularga ham yetadi. Shunda bir–birimiz bilan qiz olib, qiz berishamiz. 22Ular faqat bir shart bilan bizning oramizda yashab, biz bilan bir xalq boʻlishga rozi: oramizdagi hamma erkaklar, ular singari, sunnat boʻlishlari kerak ekan. 23Agar biz shunday qilsak, ularning hamma qoʻy–echkilari, mol–mulki bizniki boʻladi. Kelinglar, ularning aytganlariga rozi boʻlaylik, toki ular bizning oramizda yashab qolishsin.
24Shahar darvozasiga borganlar Xamoʻr bilan uning oʻgʻli Shakamning gaplarini eshitgach, rozi boʻldilar. Butun shahar erkaklari sunnat qilindilar.
25Oradan uch kun oʻtdi. Shaharning hamma erkaklari sunnat qilinganlari uchun hali ham ogʻrib yotgan edilar. Yoqubning ikki oʻgʻli — Dinaning akalari Shimoʻn bilan Levi#34:25 …Dinaning akalari Shimoʻn bilan Levi… — Shimoʻn bilan Levi Leaxdan tugʻilgan boʻlib, Dinaning tugʻishgan akalari edi (29:33-34, 30:21 ga qarang). qilichlarini oldilar va bamaylixotir shaharga kirdilar. Shahardagi hamma erkakni oʻldirdilar. 26Xamoʻr bilan uning oʻgʻli Shakamni ham oʻldirib, Shakamning uyidan Dinani olib ketdilar. 27Yoqubning qolgan oʻgʻillari, singlimizni sharmanda qilganlari uchun qasos olamiz deb, jasadlarni talab, shaharni talon–taroj qildilar. 28Ular shahardagi va dalalardagi jamiki qoʻy–echkilarni, mol podalarini, eshaklarni olib ketdilar. 29Shahar xalqining hamma boyliklarini, uylaridagi hamma narsasini oʻlja qilib, bolalarini va ayollarini asir qilib olib ketdilar. 30Shunda Yoqub Shimoʻn bilan Leviga dedi:
— Sizlar boshimga balo keltirdingiz. Endi bu yurtdagi Kanʼon va Pariz xalqlari, qolaversa, hamma meni yomon koʻradi. Biz ozchilik boʻlsak, axir. Ular birgalashib hujum qilib qolgudek boʻlsa, hammamiz qirilib ketamiz–ku!
31Shunda oʻgʻillari:
— Singlimizga fohishaday muomala qilishlariga yoʻl qoʻymaymiz! — deb eʼtiroz bildirdilar.
Currently Selected:
Ibtido 34: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy
![None](/_next/image?url=https%3A%2F%2Fimageproxy.youversionapi.com%2F58%2Fhttps%3A%2F%2Fweb-assets.youversion.com%2Fapp-icons%2Fen.png&w=128&q=75)
Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020