Ibtido 31
31
31–BOB
Yoqub Lobonnikidan qochib ketadi
1Lobonning oʻgʻillari mingʻir–mingʻir qila boshladilar: “Yoqub otamizni xonavayron qildi. U butun boyligini otamizning boyligidan olgan.” Yoqub bu gaplarni eshitib qoldi. 2Yoqub sezdiki, Lobon unga anchagina sovuq munosabatda boʻlyapti. 3Egamiz ham Yoqubga:
— Ota–bobolaringning yurtiga, qarindosh–urugʻlaringning oldiga qayt, Men sen bilan birga boʻlaman, — dedi.
4Yoqub yaylovda qoʻy–echkilarini boqayotganda, Rohila bilan Leaxni shu yerga chaqirtirdi. 5Ular kelgach, dedi:
— Koʻrib turibman, otalaringizning menga munosabati oldingiday emas. Lekin otamning Xudosi men bilan birga. 6Oʻzlaringiz bilasizlar, men sizlarning otangizga kuchim boricha xizmat qildim. 7U meni aldab, xizmat haqimni oʻn marta oʻzgartirdi. Lekin u menga zarar yetkazishiga Xudo yoʻl qoʻymadi. 8Agar otangiz: “Suruvdagi olachipor qoʻy–echkilar sening xizmat haqing boʻladi”, deb aytgan boʻlsa, butun suruv olachipor bola beraverdi. “Yoʻl–yoʻli sening xizmat haqing boʻladi”, deb aytgan boʻlsa, butun suruv yoʻl–yoʻl bola beraverdi. 9Xudo shu yoʻl bilan otangizning qoʻy–echkilarini tortib olib, menga berdi. 10Juftlashish mavsumi paytida bir kuni tush koʻrdim. Qarasam, suruvdagi juftlashgan takalar yoʻl–yoʻl, xol–xol va olachipor ekan. 11Tushimda Xudoning farishtasi: “Yoqub!” deb chaqirdi. “Labbay!” deb javob berdim men. 12Farishta menga aytdi: “Qara, juftlashgan takalarning hammasi yoʻl–yoʻl, xol–xol va olachipor. Bularning hammasini Men qilyapman. Chunki Lobonning senga munosabatini koʻrganman. 13Men Baytilda senga zohir boʻlgan Xudoman#31:13 Men Baytilda senga zohir boʻlgan Xudoman — 28:10-19 oyatlarga va 28:19 izohiga qarang.. U yerda sen tosh ustunga zaytun moyi surtib, Menga xizmat qilish uchun qasam ichgan eding. Endi hoziroq bu yurtdan ket, oʻzingning ona yurtingga qayt.”
14Shunda Rohila bilan Leax Yoqubga:
— Endi otamizdan bizga hech qanday meros tegmas ekan–da, — deyishdi. 15— Biz otamizga xuddi begonalarday boʻlib qoldik. U bizni sotdi, bizning evazimizga nima olgan boʻlsa, hammasini sarf qilib boʻldi#31:15 U bizni sotdi…hammasini sarf qilib boʻldi — kelinning otasiga beriladigan qalin puli nazarda tutilgan boʻlishi mumkin. Odatda qalin pulining bir qismi qizning oʻziga berilar edi. Yoqub Rohila va Leax uchun berishi kerak boʻlgan qalin puli oʻrniga oʻn toʻrt yil davomida Lobonga xizmat qildi. Oʻsha yillar davomida Lobon Yoqub tufayli koʻp davlat orttirdi, lekin orttirgan davlatidan qizlariga hech narsa bermay, hammasini sarf qilib yuborgan edi.. 16Xudo otamizdan sizga olib bergan hamma boyliklar bizniki va bolalarimizniki. Endi esa Xudo sizga nima aytgan boʻlsa, shuni qiling.
17-18Shunday qilib, Yoqub Kanʼon yurtiga — otasining oldiga qaytib ketishga tayyorlandi. Xotinlarini va bolalarini tuyalarga mindirdi. Qoʻy–echkilarini oldiga solib haydadi, Paddon–Oramda#31:17-18 Paddon–Oram — 25:20 izohiga qarang. topgan hamma mol–mulkini oldi.
19Lobon qoʻylarining junini qirqqani ketdi. U yoʻq paytida Rohila otasining xonaki xudolarini#31:19 xonaki xudolar — ibroniycha matnda terafim (shu bobning 34, 35–oyatlarida ham bor). Odamlar xonaki xudolarni fol ochish uchun ishlatgan boʻlsa kerak. Odamlar, xonaki xudolar xonadonni kulfatdan asraydi, deb ishongan boʻlsa kerak. Ehtimol, Rohila, xudolar bizni safarda asraydi, deb ishongani uchun yoki oʻsha butlar shunchaki qimmatbaho buyum boʻlgani uchun ularni oʻgʻirlab olgandir. Shu bobning 30, 32–oyatlarida xonaki xudolarga nisbatan ibroniycha soʻz elohim (maʼnosi xudolar) ishlatilgan. oʻgʻirlab oldi. 20Buning ustiga, Yoqub ham, biz ketyapmiz, deb Lobonga#31:20 Lobon — ibroniycha matnda Oramlik Lobon (shu bobning 24–oyatida ham bor). Oramlik — Paddon–Oramda istiqomat qilgan odam (25:20 ga va oʻsha oyatning izohiga qarang). aytmasdan, uni aldab joʻnab qoldi. 21Yoqub hamma mol–mulkini olib, Furot daryosini kechib oʻtdi va Gilad qirlariga#31:21 Gilad qirlari — Iordan daryosining sharq tomonida joylashgan. yoʻl oldi.
Lobon Yoqubni quvadi
22Oradan uch kun oʻtgach, Lobonga: “Yoqub qochib ketibdi” degan xabar yetib bordi. 23Lobon qarindosh–urugʻidan erkaklarni yoniga olib, Yoqubni quvib ketdi. Yoqubni yetti kun quvlagandan keyin, oxiri Gilad qirlarida unga yetib oldi. 24Lekin oʻsha kuni kechasi Lobon tush koʻrdi. Tushida Xudo zohir boʻlib: “Ehtiyot boʻl, Yoqubga yaxshi–yomon gap qilib yurma”, dedi.
25Lobon Yoqubga yetib olganda, Yoqub Gilad qirlarida chodir tikkan edi. Lobon ham qarindosh–urugʻlari bilan Yoqubga yaqinroq joyga chodirini tikdi. 26Lobon Yoqubga:
— Bu nima qilganing? Meni aldab ketibsan–ku! — dedi. — Qizlarimni ham, xuddi urushdagi asiralarday, oʻgʻirlab ketibsan. 27Nimaga meni aldab, hech narsa demasdan, yashirincha qochib qolding? Agar bir ogʻiz aytganingda, childirma, lira chalib, oʻyin–kulgi qilib, xursandchilik bilan kuzatib qoʻygan boʻlardim. 28Sen hatto nevaralarim bilan qizlarimni oʻpib, yaxshi boringlar, deb aytishimga ham imkon bermading. Qilgan ishing — gʻirt ahmoqlik. 29Senga yomonlik qilishga kuchim yetadi. Lekin kecha tunda otangning Xudosi menga zohir boʻlib: “Ehtiyot boʻl, Yoqubga yaxshi–yomon gap qilib yurma”, deb aytdi. 30Ahvolingni tushunaman, otangning uyini sogʻingansan, shuning uchun ketgansan. Lekin nimaga xudolarimni oʻgʻirlading?
31— Qizlaringizni mendan tortib olasiz, deb oʻylab, qoʻrqqan edim, — dedi Yoqub. 32— Lekin sizning xudolaringizga kelsak, ularni kim olgan boʻlsa, oʻldirilsin. Qarindoshlarimizning guvohligida narsalaringizni izlab koʻring. Agar sizning narsalaringiz boʻlsa, olavering.
Lobonning xudolarini Rohila oʻgʻirlaganini Yoqub bilmas edi.
33Lobon xudolarini qidirib, avvalo Yoqubning chodiridan izladi. Keyin Leaxning chodiriga, undan keyin ikkala choʻrining#31:33 ikkala choʻri — Bilxax (29:29, 30:4 ga qarang) va Zilpo (29:23-24, 30:9 ga qarang) nazarda tutilgan. chodiriga kirdi, lekin xudolarini topa olmadi. Oxirida Rohilaning chodiriga kirdi. 34Rohila xudolarni tuya egarining ichiga yashirib, oʻzi egarga oʻtirib olgan edi. Lobon chodirning hamma yogʻini axtarsa ham, xudolarini topa olmadi. 35Rohila otasiga:
— Sizning oldingizda oʻrnimdan turmaganim uchun mendan jahlingiz chiqmasin, otajon, — dedi. — Hozir ayollar kasaliga yoʻliqqan paytim.
Lobon xudolarini qancha qidirmasin, topa olmadi.
36Yoqub qattiq gʻazablanib, Lobonni urishib berdi:
— Aybim nima ekan?! Qaysi gunohim uchun meni taʼqib qilyapsiz?! 37Hamma narsalarimni titkilab chiqdingiz. Endi menga koʻrsating–chi, biror narsangizni topdingizmi? Topgan boʻlsangiz, qani, qarindosh–urugʻlarimiz oldiga oʻsha narsalarni qoʻying, ikkalamizdan qaysi birimiz haq ekanimizni ular hukm qilsin! 38Yigirma yil men sizning eshigingizda boʻldim. Ana shu davrda bironta sovliq qoʻyingiz, echkingiz chala tugʻib qoʻymadi, suruvingizdan bironta qoʻchqorni yeb qoʻymadim. 39Yovvoyi hayvonlar boʻgʻizlab tashlaganlarini sizga koʻrsatmasdan, zararni oʻz boʻynimga olardim. Qoʻyingiz kunduzi yoʻqolganmi, yoki kechasi yoʻqolganmi, baribir, siz mendan talab qilardingiz. 40Kunduzi jazirama issiqda, kechalari sovuqda, tunlarni uyqusiz oʻtkazib, sizga xizmat qildim. 41Yigirma yil sizning xonadoningizda boʻldim: oʻn toʻrt yil — ikkala qizingiz uchun, olti yil — qoʻy–echkilarga ega boʻlishim uchun xizmat qildim. Xizmat haqimni oʻn marta oʻzgartirdingiz. 42Agar bobom Ibrohimning Xudosi, otam Isʼhoq sajda qiladigan Xudo#31:42 Isʼhoq sajda qiladigan Xudo — yoki Isʼhoqning haybatli Xudosi yoxud Isʼhoqni asragan Xudo (shu bobning 53–oyatida ham bor). men bilan boʻlmaganda edi, shubhasiz, siz meni quppa–quruq qaytargan boʻlardingiz. Lekin Xudo mening qiynalganimni, ogʻir mehnatimni koʻrdi. Shu sababdan U oʻtgan kecha sizga zohir boʻlib, nohaqligingizni aytgan.
Yoqub bilan Lobon oʻrtasidagi ahd
43Shundan keyin Lobon Yoqubga dedi:
— Mana bu ayollar — mening qizlarim, mana bu bolalar — mening nabiralarim, qoʻy–echkilar ham meniki. Sen koʻrib turgan hamma narsa — meniki. Lekin hozir oʻz qizlarimga, nabiralarimga biror narsa qila olarmidim?! 44Kel, endi ikkovimiz ahd qilaylik, toki bu ahd ikkovimiz yarashganimizni isbotlasin.
45Yoqub bir toshni olib, yodgorlik qilib qoʻydi. 46Keyin u qarindosh–urugʻlariga: “Tosh toʻplab kelinglar!” dedi. Ular ham tosh toʻplab, bir uyum hosil qilishdi va oʻsha tosh uyumining yonida tamaddi qilishdi. 47Bu joy Lobonning tilida Yogar–Saduto, Yoqubning tilida Galed#31:47 …Yogar–Saduto…Galed… — birinchi nom oramiycha, ikkinchi nom ibroniycha boʻlib, ikkovi ham guvohlik uyumi demakdir. deb ataladigan boʻldi. 48Lobon: “Bu tosh uyumi bugun sen bilan mening oramizda guvohdir”, deb bu joyni Galed deb ataydigan boʻldi. 49Shuningdek, u: “Biz bir–birimizdan ayrilganimizdan keyin, Egam sen bilan meni kuzatib tursin”, deb bu joyni Mispax#31:49 Mispax — ibroniychadagi maʼnosi qorovul minorasi. deb atadi. Soʻng shunday dedi:
50— Agar qizlarimning dilini ogʻritsang yoki ularning ustiga xotin olsang, esingda tut, hatto men bilmagan taqdirda ham, Xudo koʻrib turadi. Uning Oʻzi sen bilan mening oʻrtamizda guvohdir.
51Soʻng Lobon Yoqubga yana dedi:
— Ikkovimizning oʻrtamizda men oʻrnatgan mana bu tosh uyumi bilan ustunga qara. 52Bular bizning ontimizga guvoh boʻlib, ikkovimizning oʻrtamizda turibdi. Men senga zarar yetkazish niyatida bu tosh uyumidan nariga oʻtmayman, sen ham menga zarar yetkazish niyatida bu tosh uyumi va ustundan beriga oʻtmasliging lozim. 53Ota–bobolarimizning Xudosi — sening bobong Ibrohimning Xudosi va mening bobom Naxoʻrning Xudosi — oʻrtamizda hakam boʻlsin.
Shunday qilib, Yoqub otasi Isʼhoq sajda qiladigan Xudo nomi bilan qasam ichdi. 54Yoqub qurbonlik qilib, hammani ziyofatga taklif qildi. Ular tunni qirda oʻtkazishdi.
55Ertasiga Lobon saharda turdi. Qizlarini, nabiralarini oʻpib, hammalarini duo qildi. Soʻngra uyiga qaytib ketdi.
Currently Selected:
Ibtido 31: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy
Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020