Chiqish 2
2
2–BOB
Musoning tugʻilishi
1Oʻsha paytda Levi naslidan bir yigit bilan qiz oila qurdilar. 2Keyinchalik ayol homilador boʻlib, oʻgʻil tugʻdi. Ayol chaqaloqning chiroyliligini koʻrib, uni uch oy yashirib yurdi.
3Lekin ayol chaqaloqni ortiq yashirib yurolmasligiga koʻzi yetgach, qamish savat oldi. Suv kirmasin deb, savatni qora saqich bilan suvadi. Keyin savatning ichiga chaqaloqni solib, savatni daryo boʻyidagi qamishzor orasiga qoʻyib ketdi. 4Chaqaloqning opasi#2:4 opa — yaʼni Maryam (Sahroda 26:59 ga qarang). esa: “Uning taqdiri nima boʻlarkin”, deb uzoqdan kuzatib turdi.
5Shu paytda firʼavnning qizi daryo boʻyiga choʻmilgani kelib qoldi. Kanizaklari esa daryo boʻyida yurishardi. Firʼavnning qizi birdan qamishzor orasidagi savatni koʻrib qoldi–da, choʻrisiga: “Savatni olib kel!” deb buyurdi. 6Firʼavnning qizi savatni ochib qarasaki, bir chaqaloq yigʻlab yotgan ekan. “Bu ibroniy bolalaridan biri”, dedi u. Chaqaloqqa rahmi keldi.
7Chaqaloqning opasi shu paytda firʼavnning qizi oldiga kelib, undan soʻradi:
— Borib, ibroniy ayollaridan birortasini chaqirib kelaymi? U enagalik qilib, sizga chaqaloqni boqib berardi.
8— Mayli, bor, — dedi firʼavnning qizi. Qizcha borib, chaqaloqning onasini chaqirib keldi. 9Firʼavnning qizi ayolga:
— Mana bu chaqaloqni olib bor, menga boqib ber, — dedi. — Qilgan xizmating uchun haqini toʻlayman.
Shunday qilib, ayol chaqaloqni olib ketdi va oʻzi parvarish qildi.
10Bola katta boʻlgach, ayol uni firʼavnning qiziga olib keldi. Firʼavnning qizi bolani oʻziga oʻgʻil qilib oldi. “Uni suvdan chiqarib olganman”, deb ismini Muso#2:10 Muso — misrcha ism boʻlib, tugʻilgan degan maʼnoni anglatadi. Bu ism ibroniychadagi chiqarib olmoq soʻziga ohangdosh. Musoga qoʻyilgan bu ism Xudoning Isroil xalqini Muso orqali Misrdan chiqarib olishi va Qizil dengizdan olib oʻtishi haqidagi ilohiy rejasini ayon qiladi (13:17-14:31 ga va Ishayo 63:11-12 ga qarang). Haqiqatdan, Muso Xudo tomonidan tanlangan xaloskor edi. qoʻydi.
Muso Midiyon yurtiga qochib ketadi
11Muso ulgʻaygandan keyin, bir kuni qabiladoshlarini koʻrgani bordi. U qabiladoshlari qilayotgan ogʻir mehnatni kuzatib turganda, bir ibroniy birodarini bir Misrlik urayotganiga koʻzi tushib qoldi. 12Muso atrofga qaradi. Hech kim yoʻqligiga ishonch hosil qilgach, Misrlik odamni oʻldirib, qumga koʻmib qoʻydi.
13Keyingi kuni Muso yana oʻsha yerga borganda, ikkita ibroniyning bir–biri bilan janjallashayotganini koʻrib qoldi. Muso nohaqlik qilgan odamdan: “Nimaga birodaringni uryapsan?” deb soʻradi. 14Shunda haligi odam:
— Kim seni bizga hukmdor va hakam qilib qoʻydi? Misrlikni oʻldirganingday, meni ham oʻldirmoqchimisan? — dedi. Oʻsha zahoti Muso: “Bu ish oshkor boʻlib qolganga oʻxshaydi”, deb oʻylab qoʻrqib ketdi. 15Keyin firʼavn ham bu voqeani eshitib, Musoni oʻldirmoqchi boʻldi. Lekin Muso firʼavndan qochib Midiyon yurtiga#2:15 Midiyon yurti — Misrdan sharqda joylashgan. Bu oyatda tilga olingan Midiyon yurtining aynan qayerda joylashgani maʼlum emas. Bu yurt Sinay yarim orolida yo Oʻlik dengizning janubidagi yerlarda yoki hozirgi Aqaba qoʻltigʻining sharq tomonida joylashgan boʻlsa kerak. ketdi. U Midiyonga kelib, quduq yonida oʻtirdi.
16Midiyon yurti ruhoniysining yettita qizi bor edi. Qizlar otasining qoʻy–echkilarini sugʻorish uchun oxurlarga suv toʻldirgani kelib qoldilar. 17Ammo bir nechta choʻpon kelib, qizlarni haydab yuborishdi. Shunda Muso qizlarni himoya qildi, ularning qoʻylarini sugʻorishga ham yordamlashdi. 18Keyin qizlar otalari Yatroning#2:18 Yatro — ibroniycha matnda Ruvel, Yatroning yana bir ismi (3:1 ga qarang). yoniga qaytib keldilar.
— Nimaga bugun erta qaytib keldingizlar? — deb soʻradi Yatro qizlaridan.
19— Misrlik bir odam bizni choʻponlardan himoya qildi, — deb javob berishdi qizlar. — Buning ustiga, bizning oʻrnimizga suv tortib, qoʻylarimizni ham sugʻordi.
20— Qayerda oʻsha odam? — deb soʻradi Yatro qizlaridan. — Nimaga u odamni qoldirib keldingizlar? Boringlar, uni chaqirib kelinglar, biz bilan birga ovqatlansin.
21Shunday qilib, Muso Yatronikida yashashga rozi boʻldi. Yatro esa Musoni qizi Zippuraga uylantirib qoʻydi. 22Zippura Musoga oʻgʻil tugʻib berdi. Muso: “Men begona yurtda musofir boʻlib qoldim”, deb oʻgʻlining ismini Gershom#2:22 Gershom — bu ism ibroniychadagi u yerda musofir soʻziga ohangdosh. qoʻydi.
23Yillar oʻtdi. Bu orada Misr firʼavni olamdan oʻtib ketdi. Isroil xalqi hamon qullikda azob chekar, madad soʻrab faryod qilardi. Ularning faryodi Xudoga yetib bordi. 24Xudo Isroil xalqining ohu nolalarini eshitdi. Ibrohim, Isʼhoq, Yoqub bilan ahd qilib bergan vaʼdasi#2:24 Ibrohim, Isʼhoq, Yoqub bilan ahd qilib bergan vaʼdasi… — Ibtido 12:1-3, 26:2-5, 28:13-15 ga qarang. Uning yodida edi. 25Xullas, Xudo Isroil xalqining ahvolini koʻrib, ularga achindi.
Currently Selected:
Chiqish 2: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy
Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020