Chiqish 17
17
17–BOB
Qoyadan chiqqan suv
1Isroil xalqining butun jamoasi har doim Egamizning amriga rioya qilib, bir joydan boshqa joyga koʻchib yurib#17:1 …bir joydan boshqa joyga koʻchib yurib… — Sahroda 33:12-14 ga qarang., Sin sahrosidan#17:1 Sin sahrosi — 16:1 ning ikkinchi izohiga qarang. ketdi. Isroil xalqi Rafidimda#17:1 Rafidim — Isroil xalqi Sinay togʻiga yetib borishidan oldin oxirgi toʻxtagan joyi. Rafidimning qayerda joylashgani aniq maʼlum emas. qarorgoh qurgan edi, lekin u yerda ichgani suv yoʻq ekan. 2Ular Musoga taʼna qila boshladilar. “Bizga ichgani suv ber”, deb undan talab qildilar. Shunda Muso:
— Nimaga menga taʼna qilyapsizlar?! — dedi. — Nima uchun Egamizni sinayapsizlar?!
3Lekin xalq chanqagan edi. “Nimaga bizni Misrdan olib chiqding?! Oʻzimizni, bolalarimizni, chorvamizni suvsizlikdan oʻldirish uchun olib chiqqan ekansan–da?!” deb Musoni aybladilar.
4— Bu xalqni nima qilay? — deb iltijo qildi Muso Egamizga. — Yana bir ozdan keyin ular meni toshboʻron qilishadi–ku!
5— Isroil oqsoqollaridan baʼzilarini yoningga olib, xalqning oldida bor! — deb amr berdi Egamiz Musoga. — Nil daryosiga urgan tayogʻingni ham oʻzing bilan ol. 6Men sening oldingda — Sinay togʻidagi#17:6 Sinay togʻi — ibroniycha matnda Xorev togʻi, Sinay togʻining yana bir nomi. qoyaning tepasida turaman. Sen tayoqni qoyaga ur, qoyadan suv otilib chiqadi. Keyin xalq ichadi.
Muso Isroil oqsoqollarining koʻzi oldida Egamiz aytganday qildi. 7Shunday qilib, Muso oʻsha joyga Massax va Mariva#17:7 …Massax…Mariva… — ibroniychada Massax nomining maʼnosi — sinov, Mariva nomining maʼnosi — janjal. deb nom berdi. Isroil xalqi u yerda Muso bilan janjal qilgan, “Egamiz biz uchun gʻamxoʻrlik qiladimi, yoʻqmi?” deb Xudoni sinagan edi.
Isroil xalqi Omolek xalqini yengadi
8Omolek xalqi Rafidimga kelib, Isroil xalqiga urush ochdilar. 9Shunda Muso Yoshuaga:
— Odamlardan tanlab olgin–da, borib, Omoleklarga qarshi urushga chiq! — dedi. — Ertaga men tepalikning ustida boʻlaman. Xudo, ol, deb tayinlagan tayoq#17:9 Xudo, ol, deb tayinlagan tayoq — yoki Xudoning qudratiga ega boʻlgan tayoq. qoʻlimda boʻladi.
10Yoshua Muso buyurganday qilib Omoleklar bilan jang qilgani bordi. Muso, Horun va Xur tepalikning ustiga chiqishdi. 11Muso qoʻllarini koʻtarganda, Isroil xalqi gʻolib kelar, tushirganda esa Omoleklar gʻolib kelardi. 12Oxiri Musoning qoʻllari toliqdi. Shunda Horun bilan Xur Musoga tosh keltirib qoʻyib berdilar. Muso tosh ustiga oʻtirdi. Keyin Musoning qoʻllarini bir tomondan Horun, bir tomondan Xur yuqoriga koʻtarib turdi. Quyosh botguncha, Musoning qoʻllarini yuqoriga koʻtarib turaverdilar. 13Shunday qilib, Yoshua Omoleklarni yengib, qilichdan oʻtkazdi.
14Shundan keyin Egamiz Musoga aytdi:
— Bu gʻalabani xotira qilib, yozib qoʻy, Mening quyidagi vaʼdamni ham kirit: “Men Omoleklarning nomini yer yuzidan oʻchiraman.” Keyin buni ovoz chiqarib Yoshuaga oʻqib ber.
15Muso bir qurbongoh qurdirib, bu qurbongohga: “Egam bayrogʻimdir”#17:15 “Egam bayrogʻimdir” — bu yerdagi “bayroq” soʻzi ostida urush vaqtida jangchilarni ruhlantirgan lashkar ramzi nazarda tutilgan. Muso qurbongohga “Egam bayrogʻimdir” degan nom qoʻyib, shu orqali Isroil xalqiga jang qilish uchun kuchni va gʻalabani yolgʻiz Egamiz bera olishini eslatmoqchi. Muso “bayroq”, deb jang davomida koʻtarib turgan hassasini nazarda tutgan boʻlishi mumkin (shu bobning 9–oyatiga qarang). Musoning hassasi Xudoning qudrati va Isroil xalqiga bergan yordamining ramzi boʻlib xizmat qilardi. deb nom berdi. 16“Omoleklar Egamizning taxtiga qarshi qoʻllarini koʻtarishga jurʼat qilganlari uchun, Egamiz doimo ularga qarshi urush qiladi”#17:16 “Omoleklar…Egamiz doimo ularga qarshi urush qiladi”… — yoki “Egamizning bayrogʻini baland tutinglar! Egamiz Omolek xalqiga qarshi to abad urushni davom ettiradi”…., dedi.
Currently Selected:
Chiqish 17: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy
Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020