Chiqish 16
16
16–BOB
Manna va bedanalar
1Isroil xalqining butun jamoasi Ilimdan chiqib joʻnadi. Ular Misrdan chiqqanlaridan keyin bir oy oʻtgach#16:1 …bir oy oʻtgach… — ibroniycha matnda …ikkinchi oyning oʻn beshinchi kuni…, ibroniy kalendarining Ziv oyi nazarda tutilgan. Hozirgi kalendarga koʻra, bu oy taxminan aprelning oʻrtasidan boshlanadi. Isroil xalqi bundan bir oy oldin, ibroniy kalendarining birinchi oyi oʻn toʻrtinchi kuni Misrdan chiqqan edi (12:2-13 oyatlarga va 12:2 izohiga qarang)., Ilim bilan Sinay togʻi oraligʻidagi Sin sahrosiga#16:1 Sin sahrosi — Sinay yarim orolidagi bu sahroning aynan qayerda joylashgani maʼlum emas. yetib keldilar. 2Ular sahroda turar ekanlar, hammalari mingʻirlab Muso bilan Horundan nolishdi: 3“Qaniydi Egamiz bizni Misrda oʻldirib qoʻya qolganda edi! Biz Misrda goʻsht solingan qozon boshida oʻtirardik, toʻygunimizcha non yerdik. Sizlar esa, butun jamoa ochlikdan oʻlib ketsin deb, bizni sahroga olib keldingiz.”
4Shunda Egamiz Musoga:
— Nonni#16:4 Non — ibroniychada non soʻzi umuman yegulikka nisbatan ham ishlatiladi. Xudo Isroil xalqiga osmondan goʻsht va keyinchalik “manna” deb nomlangan yegulik yetkazib beradi (shu bobning 6-8, 13-15, 31–oyatlariga qarang). sizlarga osmondan yogʻdiraman! — dedi. — Xalq har kuni chiqib, kunda kerak boʻladigan nonini yigʻishtirib oladi. Shu yoʻl bilan bu xalqni sinayman. Ular Mening koʻrsatmalarimga rioya qiladilarmi, yoki yoʻqmi, koʻraman. 5Har haftaning oltinchi kuni#16:5 oltinchi kuni — Isroil xalqi dam oladigan Shabbat kunidan oldingi juma kuni nazarda tutilgan (shu bobning 29-30–oyatlariga qarang). Shabbat dam olish kuni sifatida keyinchalik Muso orqali berilgan qonunlar majmuasiga kiritilgan edi (20:8-11, 31:12-17 ga qarang). esa kunda toʻplaganlariga qaraganda ikki hissa koʻp non yigʻishtirib olib, tayyorlab qoʻyadilar.
6-8Muso bilan Horun jamiki Isroil xalqiga shunday deb aytdilar:
— Sizlar mingʻirlab Egamizdan noligan edingiz, U eshitdi. Endi U kechqurun sizlarga goʻsht beradi. Ertaga ertalab moʻl qilib non beradi. Egamizning buyuk qudratini shunda koʻrasizlar. Sizlarni Misrdan olib chiqqan Egamiz ekanini bilib olasizlar. Ammo biz kim boʻlibmizki, mingʻirlab bizdan noliysizlar?! Biz bor–yoʻgʻi Egamizning xabarchilarimiz, xolos. Bizdan noliganlaringizda, sizlar aslida bizdan emas, Egamizdan noligan boʻlasizlar.
9Shundan soʻng Muso Horunga dedi:
— Isroil xalqining butun jamoasiga ayt. Egamizning huzuriga kelsin. Egamiz ularning mingʻirlab noliganini eshitdi.
10Horun Isroil xalqining butun jamoasiga shu gaplarni aytib boʻlishi bilanoq, xalq sahroga qaradi. Shu payt Egamiz ulugʻvorligini bulut ichida zohir qildi. 11Keyin Egamiz Musoga gapirdi:
12— Men Isroil xalqining mingʻirlab noliganini eshitdim. Ularga shu gaplarni yetkaz: “Oqshom goʻsht yeysizlar, ertalab esa toʻyguningizcha non yeysizlar. Oʻshanda Egangiz Xudo Men ekanligimni bilib olasizlar.”
13Shu kuni oqshomda bedanalar uchib kelib, qarorgohni bosib ketdi. Ertasiga ertalab qarorgoh atrofiga shudring tushdi. 14Shudring koʻtarilgach, yer yuzi laylak qor uchquniga oʻxshash, qirovsimon bir narsa bilan qoplandi. 15Isroil xalqi bu narsani koʻrganda, nima ekanini bilolmasdan: “Bu nima?” deb bir–birlaridan soʻrayverdilar.
— Tanovul qilishlaringiz uchun Egamiz sizlarga bergan non shudir, — dedi Muso Isroil xalqiga. 16— Egamiz shunday amr bergan: “Har bir xonadon oʻzi yeydigan nonni olsin. Xonadondagi har bir jon uchun bir omirdan#16:16 bir omir — narsalarni oʻlchash uchun ishlatilgan kichkina bir idish. Bu idishning hajmi taxminan 2 litr edi (shu bobning 36–oyatiga va oʻsha oyatning izohiga qarang). Shu bobning 18, 22, 32, 33–oyatlarida ham bor. yigʻib olsin.”
17Isroil xalqi Egamiz amr etganday qildi. Birov koʻproq, birov ozroq yigʻib oldi. 18Har bir odam uchun omir bilan oʻlchaganlarida, koʻp yigʻib olganlardan hech narsa ortib qolmadi, oz yigʻib olganlar uchun esa yetarli boʻldi. Har bir xonadon keraklisini oldi. 19Muso yana xalqqa: “Hech kim bu mannadan ertalabgacha qoldirmasin”, — dedi. 20Ammo baʼzilar Musoning gapiga quloq solmay, ertalabgacha qoldirgan edilar, qoldirgan mannaga qurt tushib, sasiy boshladi. Shunda Muso oʻsha odamlardan gʻazablandi.
21Mannani har bir xonadon har kuni ertalab ehtiyojiga yarashasini toʻplab olardi. Quyosh yerni qizdirgandan keyin esa, yerda qolgani erib ketardi. 22Oltinchi kuni esa mannani ikki hissa — jon boshi uchun ikki omirdan yigʻib oldilar. Jamoa oqsoqollari bu toʻgʻrida Musoga xabar berganlarida, 23Muso ularga aytdi#16:23 …Muso ularga aytdi… — oltinchi kuni odamlar har kungidan ikki barobar koʻproq manna yigʻishlari kerakligidan oqsoqollar xabardor edilar (shu bobning 5–oyatiga qarang). Endi Muso ularga nima uchun bunday qilishlari kerakligini tushuntirib beryapti.:
— Ertaga Shabbat kuni boʻlgani uchun oltinchi kuni ikki barobar koʻproq manna olish haqida Egamiz xalqqa amr bergan. Shabbat kuni ish qilmay dam olinglar, bu kun Egamizga ajratilgan kundir. Shuning uchun yopadiganingizni bugun yopib olinglar, qaynatadiganingizni bugun qaynatib olinglar. Ortganini saqlab, ertangi kunga qoldiringlar.
24Shunday qilib, Muso buyurganday, ortganini ertasiga qoldirgan edilar, qolgani na sasidi, na qurtladi.
25— Bugungi mannangiz shudir, — dedi Muso. — Chunki bugun Egamizga atalgan Shabbat kunidir. Bugun yerda hech narsa boʻlmaydi. 26Olti kun manna yigʻishtirib olasizlar. Ammo yettinchi kun — Shabbat kuni aslo manna topib boʻlmaydi.
27Yettinchi kuni ham baʼzilar manna yigʻishtirgani tashqariga chiqdilar, lekin topolmadilar. 28Shunda Egamiz Musoga:
— Qachongacha Mening amrlarimga va koʻrsatmalarimga itoat etmay yurasizlar?! — dedi. 29— Men, Egangiz, yettinchi kunni — Shabbatni dam olish kuni qilib, sizlarga berganimni anglab yetmaysizlarmi?! Mana, sizlarga ikki kunga yetarli mannani oltinchi kuni beryapman. Yettinchi kuni har kim uyida boʻlib, dam olishi lozim.
30Shunday qilib, xalq yettinchi kuni ishlamadi.
Isroil xalqi mannadan xotira uchun saqlab qoʻyadi
31Isroil xalqi bu yegulikka manna#16:31 manna — bu nom ibroniychadagi Bu nima? soʻziga ohangdosh (shu bobning 15–oyatiga qarang). deb nom qoʻydilar. U kashnich urugʻiga oʻxshardi, rangi esa oqish, mazasi asal qoʻshilgan chalpakni eslatardi. Muso Isroil xalqiga aytdi:
32— Egamiz shunday amr bergan: “Bir omir mannani kelgusi avlodlar uchun saqlab qoʻyinglar, toki Men sizlarni Misrdan olib chiqqanimdan keyin sahroda oʻzlaringizga yedirgan nonni ular koʻrsinlar.”
Shundan keyin Muso Horunga aytdi:
33— Bir idish olib, ichiga bir omir manna solgin–da, Egamizning huzuriga qoʻy#16:33 …Egamizning huzuriga qoʻy… — Muqaddas chodirning Eng muqaddas xonasidagi Ahd sandigʻiga ishora (shu bobning 34–oyatiga qarang). Bu kelajakda bajarilishi kerak boʻlgan amrdir, chunki oʻsha paytda Muqaddas chodir hali yasalmagan edi (25:10-22, 26:1-37 ga qarang)., toki kelgusi avlodlarga saqlanib qolsin.
34Egamiz Musoga amr etganday, Horun, mannani saqlab qoʻyamiz deb, uni Ahd sandigʻining#16:34 Ahd sandigʻi — ibroniycha matnda Guvohlik, Ahd sandigʻining yana bir nomi. Ibroniycha matndagi guvohlik soʻzi oʻnta amr yozilgan ikkita tosh lavhaga ishora qiladi. Ikkala tosh lavha Sandiqning ichida saqlanib, Xudo va Uning xalqi oʻrtasida tuzilgan ahdning dalili, yaʼni toshga bitilgan guvohlik boʻlib xizmat qilardi. oldiga qoʻydi.
35Isroil xalqi keyingi qirq yil davomida, Kanʼon yurtiga yetib borib oʻrnashgunlaricha, manna tanovul qildilar#16:35 Isroil xalqi keyingi qirq yil davomida…manna tanovul qildilar — Yoshua 5:12 ga qarang..
36(Mannani oʻlchash uchun foydalanilgan idish omir deb aytilgan. Bu idish taxminan toʻrt kosaning#16:36 toʻrt kosa — ibroniycha matnda efaning oʻndan bir qismi, taxminan 2 litrga toʻgʻri keladi. hajmiga toʻgʻri kelgan.)
Currently Selected:
Chiqish 16: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy
Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020