YouVersion Logo
Search Icon

Chiqish 13

13
13–BOB
Toʻngʻich erkaklarni bagʻishlash toʻgʻrisidagi amr
1Egamiz Musoga yana gapirdi:
2— Hamma toʻngʻichlarni Menga bagʻishlanglar. Isroil xalqining hamma toʻngʻich oʻgʻillari va hayvonlarining birinchi erkak bolasi Menikidir.
Xamirturushsiz non bayrami toʻgʻrisida koʻrsatmalar
3-4Shundan soʻng Muso xalqqa dedi: “Bugun Abib oyida#13:3-4 Abib oyi — ibroniy kalendarining birinchi oyi (Abib oyi Nison oyi deb ham ataladi). Hozirgi kalendarga koʻra, bu oy taxminan martning oʻrtasidan boshlanadi. sizlar Misr yurtidan chiqib ketyapsizlar. Xamirturush qoʻshilgan nonni yemanglar. Bu kunni aslo eslaringizdan chiqarmanglar. Zero, Egamiz Oʻz qudrati bilan sizlarni Misrdagi qullikdan olib chiqdi. 5U sizlarni Kanʼon, Xet, Amor, Xiv va Yobus xalqlarining yerlariga olib boradi. Egamiz bu yerlarni ota–bobolaringizga, beraman, deb ont ichgan. U sizlarni sut va asal oqib yotgan oʻsha yurtga#13:5 sut va asal oqib yotgan oʻsha yurt — 3:8 izohiga qarang. olib borgandan keyin, Abib oyida quyidagicha udumni oʻtkazinglar: 6yetti kun xamirturushsiz non yenglar. Yettinchi kuni Egamizga atab bayram qilinglar. 7Shu paytlarda uyingizda yoki yurtingizning biron joyida xamirturushli non yoki xamirturush boʻlmasin. 8Har yili bayram kunlari davomida nima uchun bayramni nishonlayotganingizni bolalaringizga tushuntirishingiz lozim. Ularga:
— Misrdan chiqayotganimizda, Egamiz bizga koʻrsatgan cheksiz muruvvati uchun bayramni nishonlayapmiz, — deb ayting. 9Bu bayram goʻyo qoʻlingizdagi yoki peshanangizdagi bir belgiday boʻladi. Egamiz sizlarni Misrdan Oʻz qudrati bilan olib chiqqanini bu bayram eslatib turadi. Egamizning taʼlimotini bolalaringizga oʻrgatishingiz uchun bayramni nishonlanglar. 10Sizlar belgilangan vaqtda yillar osha ushbu qonun–qoidaga rioya qilib boringlar.
Toʻngʻich erkaklarni Egamizga bagʻishlash toʻgʻrisida koʻrsatmalar
11Egamiz oʻzlaringizga va ota–bobolaringizga ont ichib vaʼda bergan Kanʼon xalqlarining yurtiga sizlarni olib keladi. Oʻsha yurtni sizlarga beradi. Shundan keyin 12toʻngʻich oʻgʻillaringizni, hamma chorvangizning birinchi erkak bolasini Unga beringlar. Bularning hammasi Egamiznikidir. 13Eshakning#13:13 eshak — asosiy transport vositasi boʻlib xizmat qilgani uchun muhim bir hayvon edi. Eshak harom hisoblangani bois (Levilar 11:1-8 ga qarang), uni Xudoga qurbonlik qilib boʻlmas edi, shuning uchun eshakning tugʻilgan birinchi erkak bolasini qaytarib sotib olish kerak edi. “Halol” hayvonlarning toʻngʻich erkak bolasi esa qurbonlik qilinar edi (Sahroda 18:15-17 ga qarang). tugʻilgan birinchi erkak bolasini ham Egamizdan bir qoʻzi yoki uloqchani atash evaziga sotib olinglar. Agar eshakni qaytarib sotib olmaslikka qaror qilsangiz, eshakning boʻynini sindirib oʻldirishingiz kerak. Sizlar Egamizdan hamma toʻngʻich oʻgʻillarni ham qaytarib sotib olishingiz lozim#13:13 …hamma toʻngʻich oʻgʻillarni ham qaytarib sotib olishingiz lozim — bu amr ruhoniylarga kumush toʻlash orqali amalga oshirilardi (Sahroda 18:15-16 ga qarang).. 14Kelajakda farzandlaringiz sizdan:
— Bu udumning maʼnosi nima? — deb soʻrashganda shunday javob beringlar:
— Egamiz bizni Misrdagi qullikdan qudratli qoʻli bilan olib chiqqan. 15Firʼavn oʻjarlik qilib, ketishimiz uchun bizga ijozat bermaganda, Egamiz Misr yurtidagi hamma toʻngʻichlarni — odamlarning toʻngʻichidan tortib, hayvonlarning birinchi erkak bolasigacha oʻldirgan. Mana shuning uchun ham hayvonlarning birinchi erkak bolasini Egamizga qurbonlik qilamiz. Toʻngʻich oʻgʻillarimizni esa qaytarib sotib olamiz.
16Bu bayram qoʻlingizdagi yoki peshanangizdagi bir belgiday boʻlib qoladi. Egamiz bizni qudratli qoʻli bilan Misrdan olib chiqqanini shu bayram sizlarga eslatib turadi.”
Ustun shaklidagi bulut va alanga
17Xalq urushga duch kelib qolsa, Misrga qaytib ketmasin, deb oʻyladi Xudo. Shuning uchun firʼavn Isroil xalqiga ijozat bergandan keyin, Filist xalqining yurti orqali oʻtadigan yoʻl#13:17 Filist xalqining yurti orqali oʻtadigan yoʻl — Nil deltasidan Kanʼon yurtiga boradigan eng qisqa yoʻl. Bu yoʻl Oʻrta yer dengizining qirgʻogʻi boʻylab borar edi. toʻgʻri Kanʼonga olib borsa ham, Xudo xalqni bu yoʻldan boshlab ketmadi. 18Xudo xalqni Qizil dengizga#13:18 Qizil dengiz — ibroniycha matnda Yom–Suf, maʼnosi Qamish dengizi. Bu oyatdagi mana shu nom ostida hozirgi Suets qoʻltigʻi (yaʼni Qizil dengizning shimoli–gʻarbidagi qoʻltiq) yoki Suets qoʻltigʻi va Oʻrta yer dengizi oraligʻida joylashgan koʻllardan biri nazarda tutilgan. 14:10-31 dagi hodisalarning tafsilotiga koʻra, bu dengiz kattaligidan Isroil xalqiga toʻsiq boʻlgan, chuqurligidan Misr lashkari choʻkib ketgan. sahro boʻylab aylanma yoʻl orqali olib ketdi.
Isroil xalqi Misrdan chiqqanda, guruhlarga boʻlingan holda yoʻlga tushdi. 19Muso Yusufning suyaklarini oʻzi bilan oldi. Yusuf Isroil urugʻlariga qasam ichdirib: “Xudo sizlarni qutqargani albatta keladi, oʻshanda mening suyaklarimni bu yerdan olib ketinglar”, degan edi#13:19 Yusuf…degan edi — Ibtido 50:24-25 ga qarang..
20Isroil xalqi Suxotdan chiqqandan keyin, sahro etagidagi Etxamda qarorgoh qurdi. 21Egamiz kunduzi ustun shaklidagi bulut ichida, kechasi ustun shaklidagi alanga ichida ularning oldida yurib, yoʻllarini yoritib yoʻl koʻrsatib bordi. Shu tariqa Isroil xalqi hamma vaqt — kunduzi ham, kechasi ham yoʻl yura oldi. 22Kunduzi bulut ustuni, kechasi alanga ustuni xalqning oldidan bir dam nari ketmadi.

Currently Selected:

Chiqish 13: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in