YouVersion Logo
Search Icon

Chiqish 14

14
14–BOB
Egamiz Qizil dengizda Isroil xalqini qutqaradi
1Egamiz Etxamda Musoga shunday dedi:
2— Isroil xalqiga: “Migdol bilan dengiz oʻrtasidagi Piy–Xaxiroʻt yaqiniga qaytib boringlar”, deb ayt. U yerda Baal–Zafoʻn qarshisidagi Qizil dengiz#14:2 Qizil dengiz — ibroniycha matnda dengiz. 13:18 izohiga qarang. sohili boʻylab chodir tikishsin. 3Oʻshanda firʼavn: “Isroil xalqi yurtda adashib qolibdi, sahro ularning ketishiga xalaqit beryapti”, deb oʻylaydi. 4Firʼavn sizlarni taʼqib qilsin deb, Men uning yuragini tosh qilib qoʻyaman. Firʼavn va uning lashkari ustidan gʻalaba qilaman. Shu orqali shuhratga erishaman. Ana oʻshanda Egangiz Men ekanligimni Misr xalqi bilib oladi.
Isroil xalqi Egamiz aytganday qildi. 5Firʼavnga: “Isroil xalqi qochib ketibdi”, deb xabar yetkazishdi. Firʼavn va aʼyonlarining Isroil xalqi toʻgʻrisidagi niyatlari oʻzgardi: “Nima qilib qoʻydik–a? Isroil xalqiga ketishga ijozat berib, qullarimizdan ayrilib qolibmiz–ku!” deyishdi. 6Firʼavn jang aravalarini tayyorlatdi, lashkarini yoniga oldi. 7U Misrdagi hamma jang aravasini, shu bilan birga, olti yuzta sara jang aravasini ham yoʻlga otlantirdi. Har bir jang aravasining lashkarboshisi bor edi. 8Egamiz Misr firʼavnining yuragini tosh qilib qoʻydi. Firʼavn Isroil xalqining ortidan quvdi. Isroil xalqi shaxdam qadam bilan Misrdan chiqib ketayotgan edi. 9Misrliklar — firʼavnning jamiki lashkari, otlari, aravakashlar va jang aravalari bilan Isroil xalqining ortidan tushdi. Dengiz qirgʻogʻida Baal–Zafoʻn qarshisida — Piy–Xaxiroʻt yaqinida Isroil xalqiga yetib oldilar. Isroil xalqi bu yerda qarorgoh qurgan edi.
10Firʼavn tobora yaqinlashib kelardi. Isroil xalqi orqalariga qarab Misrliklar quvib kelayotganini koʻrdilar–u, sarosimaga tushib qoldilar. Ular Egamizga iltijo qilib, madad soʻradilar. 11Keyin Musoga aytdilar:
— Bizni sahroga oʻldirgani olib kelgan ekansan–da. Misrda biz uchun qabriston yetarli emasmidi?! Bizni Misrdan olib chiqib, nima qilib qoʻyding–a?! 12Misrda ekanligimizda shunga oʻxshash yomon hodisalar yuz berishini aytmaganmidik?! Biz: “Misrliklarga qul boʻlib xizmat qilib yuraveraylik, sahroda oʻlib ketganimizdan koʻra, ularga xizmat qilganimiz yaxshi”, deb aytgan edik–ku!
13Ammo Muso:
— Qoʻrqmanglar! — dedi. — Joyingizda toʻxtab, qarab turinglar. Hozir koʻrasizlar, Egamiz sizlarni qanday qilib qutqarar ekan. Hozir qarshingizda turgan Misrliklarni qaytib koʻrmaysizlar. 14Xotirjam boʻlinglar, Egamiz sizlar uchun jang qiladi.
15Shu payt Egamiz Musoga gapirdi:
— Nimaga Menga iltijo qilib, madad soʻrayapsan? Isroil xalqiga ayt, oldinga qarab ketaversin. 16Tayogʻingni koʻtarib, qoʻlingni dengiz ustiga uzat, suvni ikki tomonga ayir. Shunda Isroil xalqi quruq yer ustida yurib, dengizdan oʻtadi. 17-18Misrliklar sizlarning ortingizdan dengizga borsin deb, Men ularning yuragini tosh qilib qoʻyaman. Firʼavn, uning lashkari, aravakashlari va jang aravalari ustidan gʻalaba qilib shuhratga erishaman. Men ularni yer bilan yakson qilganimda Egangiz Men ekanligimni Misr xalqi bilib oladi.
19Isroil xalqi oldida borayotgan Xudoning farishtasi joyini oʻzgartirib, ularning orqasiga oʻtdi. Isroil xalqining oldidagi bulut ustuni ham joyini oʻzgartirdi. Bulut ustuni orqaga oʻtib, 20Misr lashkari bilan Isroil xalqi oʻrtasida turib qoldi. Bulut ustuni Misrliklar turgan tomonni zimiston va bulutli, Isroil xalqi turgan tomonni esa yop–yorugʻ qilib turdi. Shuning uchun Misr lashkari tun boʻyi Isroil xalqiga yaqin kela olmadi.
21Muso qoʻlini dengiz tomonga uzatdi. Shundan keyin tun boʻyi Egamiz sharqdan kuchli shamol estirib, dengizni ikki tomonga ayirdi, dengizni quruq yerga aylantirdi. Suv ikki tomonga surildi. 22Shundan keyin Isroil xalqi dengizdagi quruq yerdan yurib, oʻta boshladi. Suv Isroil xalqining oʻng tomonida ham, chap tomonida ham devor boʻlib turardi. 23Misrliklar Isroil xalqining ortidan quvdi. Firʼavnning hamma otlari, aravakashlari va jang aravalari dengizning oʻrtasiga tushdi. 24Tong payti Egamiz alanga va bulut ustunidan Misr lashkariga qarab, ularni sarosimaga soldi. 25Jang aravalarining gʻildiraklari botib qoldi#14:25 …gʻildiraklari botib qoldi — qadimiy yunoncha va suryoniycha tarjimalardan. Ibroniycha matnda …gʻildiraklarini chiqarib yubordi.. Natijada Misrliklar aravalarini zoʻrgʻa tortib ketdilar. Shunda Misrliklar: “Bu yerdan qochib qolaylik! Isroil xalqi uchun ularning Egasi jang qilyapti! U bizga qarshi!” deb shovqin soldilar.
26Keyin Egamiz Musoga:
— Qoʻlingni dengizga uzat! — deb amr berdi. — Suv Misrliklarning, ularning aravakashlari va jang aravalari ustiga qaytsin!
27Muso qoʻlini dengizga uzatdi. Tong payti dengiz suvi asl holiga qaytdi. Misrliklar suvdan qutulmoqchi boʻlib qochayotgan edi, Egamiz ularni dengizning oʻrtasiga silkib otdi. 28Suv asl holiga qaytdi. Firʼavnning aravakashlarini va jang aravalarini, Isroil xalqining ortidan quvib, dengiz oʻrtasiga tushgan hamma Misr lashkarini gʻarq qildi. Ulardan birortasi ham tirik qolmadi. 29Isroil xalqi esa dengiz oʻrtasida quruq yerdan yurib oʻtdi. Suv oʻng tomonda ham, chap tomonda ham Isroil xalqiga devor boʻlib turardi.
30Shunday qilib, Egamiz oʻsha kuni Isroil xalqini Misrliklarning qoʻlidan qutqardi. Isroil xalqi dengiz qirgʻogʻida Misrliklarning jasadlarini koʻrdi. 31Egamiz buyuk qudrati bilan Misrliklarni magʻlub qilganini Isroil xalqi koʻrgach, Undan qoʻrqadigan boʻldilar. Ular Egamizga va Uning quli Musoga ishondilar.

Currently Selected:

Chiqish 14: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in