YouVersion Logo
Search Icon

Chiqish 12

12
12–BOB
Fisih ziyofati va Xamirturushsiz non bayrami toʻgʻrisida koʻrsatmalar
1Muso bilan Horun Misrda yashar ekanlar, Egamiz ularga quyidagi koʻrsatmalarni berdi:
Fisih ziyofati
2“Bu oy sizlar uchun ilk oy — yilning birinchi oyi boʻladi#12:2 Bu oy…yilning birinchi oyi boʻladi — ibroniy kalendarining Abib oyi nazarda tutilgan (Abib oyi Nison oyi deb ham ataladi). Hozirgi kalendarga koʻra, bu oy taxminan martning oʻrtasidan boshlanadi.. 3Isroil xalqining butun jamoasiga yetkazinglar: shu oyning oʻninchi kunida oila boshliqlari bitta qoʻzi yoki uloqcha tanlaydi. Buni xonadondagilar tanovul qiladi. 4Bitta jonliq bir oilaga koʻplik qiladigan boʻlsa, oila aʼzolarining soni va bir odam tanovul qiladigan goʻsht miqdori hisoblab chiqiladi. Soʻngra oʻsha oila jonliq goʻshtini yonidagi qoʻshnisi bilan boʻlishadi. 5Nuqsonsiz, bir yashar erkak jonliqni tanlab olinglar. 6Birinchi oyning oʻn toʻrtinchi kuni kechqurungacha qoʻzilarni alohida saqlanglar. Soʻngra Isroil xalqi jamoasining har bir xonadoni oʻzining qoʻzisini soʻyishi lozim. 7Soʻng ular qurbonlikning qonidan olib, qurbonlik goʻshti tanovul qilinadigan uyning eshigi kesakisi#12:7 kesaki — eshik oʻrnatilgan chorchoʻp. yonlariga va tepasiga surtishsin. 8Oʻsha kuni kechqurun goʻshtni olovda pishirishsin va oʻsha goʻshtni, xamirturushsiz non hamda taxir oʻtlarni tanovul qilishsin. 9Qurbonlik goʻshtining suvda qaynatilganini yoki xomini tanovul qilishmasin. Kalla–pocha va ichak–chovoqlarini olovda pishirib yeyishsin. 10Goʻshtdan ertalabgacha qolmasin. Agar ortib qolsa, ertalabga qoldirmay olovda kuydiringlar. 11Goʻshtni tanovul qilayotganingizda, shay turinglar. Chorigʻingiz oyogʻingizda, tayogʻingiz qoʻlingizda boʻlsin, tez–tez yenglar. Men, Egangizga bagʻishlangan Fisih qurbonligi shudir.
12Oʻsha tunda Men Misrning bu boshidan narigi boshigacha oʻtib, insonlarning har bir toʻngʻich oʻgʻillarini ham, chorvaning birinchi erkak bolasini ham oʻldiraman. Men, Egangiz, Misrning hamma xudolariga qarshi hukmni ijro etaman. 13Eshiklaringizning kesakisiga surtilgan qon yashayotgan uylaringizni belgilaydi. Qonni koʻrib, sizlarni chetlab oʻtaman. Men Misrni jazolaganimda, oʻlat ofatidan sizlar omon qolasizlar.
Xamirturushsiz non bayrami
14Bu kunni#12:14 Bu kun — birinchi oyning oʻn beshinchi kuniga ishora. Shu kuni Xamirturushsiz non bayrami boshlanar edi. Bu bayram oʻsha oyning oʻn toʻrtinchi kunida oʻtkaziladigan Fisih ziyofatidan keyin alohida nishonlanardi (Levilar 23:5-6, Ezra 6:19-22, Hizqiyol 45:21 ga qarang). sizlar to abad esda tutishlaringiz lozim. Har yili bu kunni Men, Egangizga atalgan bayram qilib nishonlanglar. Bu bayram avlodlaringiz osha doimiy qonun–qoida boʻlib qolsin. 15Oʻsha yetti kun davomida xamirturushsiz non tanovul qilinglar. Birinchi kuniyoq uylaringizdagi xamirturushni yoʻqotinglar. Kimki yetti kun davomida xamirturush qoʻshilgan non tanovul qilsa, u Isroil xalqi orasidan yoʻq qilinadi. 16Bayramning birinchi kuni ham, yettinchi kuni ham butun xalq muqaddas yigʻinga kelishi lozim. Shu kunlari, ovqat tayyorlashdan tashqari, hech qanday ish qilmanglar.
17Xamirturushsiz non bayramini har yili nishonlaysizlar, chunki aynan oʻsha kuni Men sizlarning oilalaringizni va qabilalaringizni Misrdan olib chiqqanman. Bu bayram avlodlaringiz osha nishonlanib, doimiy qonun–qoida boʻlib qolsin. 18Birinchi oyning#12:18 Birinchi oy — 12:2 izohiga qarang. oʻn toʻrtinchi kuni kechqurundan boshlab shu oyning yigirma birinchi kuni kechqurungacha xamirturushsiz non tanovul qilinglar. 19Uylaringizda oʻsha yetti kun davomida aslo xamirturush boʻlmasin. Kimki xamirturush qoʻshilgan non tanovul qilsa, u asli Isroil naslidanmi, musofirmi, baribir, Isroil xalqining jamoasidan yoʻq qilinadi. 20Xamirturush qoʻshilgan nonni hech tanovul qilmanglar. Qayerda yashasangizlar ham, xamirturushsiz non tanovul qilinglar.”
Ilk Fisih ziyofati
21Shundan keyin Muso Isroilning hamma oqsoqollarini chaqirtirib, ularga dedi:
— Har bir xonadonga shunday deb aytinglar: “Oilangiz uchun bittadan qoʻzi yoki uloqcha tanlab olib, Fisih ziyofatiga qurbonlik qilinglar#12:21 …qoʻzi yoki uloqcha tanlab olib, Fisih ziyofatiga qurbonlik qilinglar — shu bobning 3-6, 8-11–oyatlarida batafsil berilgan koʻrsatmalarga qarang.. 22Keyin issop oʻtidan#12:22 issop oʻti — bu oʻrindagi ibroniycha soʻz mayda koʻk gulli, barglari muattar hidli oʻsimlikni bildiradi. Bu oʻsimlikning barglari mayda tuk bilan qoplangani uchun uni choʻtka sifatida ishlatsa ham boʻlar edi. bir tutam olib, idishdagi qurbonlik qoniga botiringlar. Qonni uylaringiz eshigi kesakisining yonlariga va tepasiga surtinglar. Tonggacha birortangiz uyingizdan chiqmanglar. 23Chunki Egamiz Misr yurti boʻylab oʻtib, Misrliklarning toʻngʻich oʻgʻillarini nobud qiladi. U eshiklaringizning kesakisidagi qonni koʻrib, uylaringizni chetlab oʻtib ketadi. Azroil uylaringizga kirib, sizlarning toʻngʻich oʻgʻillaringizni nobud qilishiga Egamiz yoʻl qoʻymaydi. 24Oʻzlaringiz ham, avlodlaringiz ham bu rasm–rusumlarga to abad rioya qilishlaringiz lozim. 25Egamiz sizlarga beraman, deb vaʼda qilgan yurtga kirganlaringizdan keyin ham, bu udumni nishonlayveringlar. 26Bolalaringiz sizlardan:
— Bu udumning maʼnosi nima? — deb soʻraganlarida, shunday javob beringlar:
27— Bu Egamizga bagʻishlangan Fisih qurbonligidir. Egamiz Misrliklarning toʻngʻich oʻgʻillarini halok qilganda, Misrdagi Isroil xalqining uylarini chetlab oʻtib ketdi. Shunday qilib, bizning xonadonlarimizni omon saqlab qoldi.”
Shunda Isroil oqsoqollari egilib, sajda qildi. 28Soʻngra ular borib, Egamizning Musoga va Horunga bergan amri boʻyicha ish tutdilar.
Oʻninchi falokat: jamiki toʻngʻich erkak zoti nobud boʻladi
29Egamiz yarim kechasi Misrliklarning jamiki toʻngʻichlarini — taxtda oʻtirgan firʼavnning toʻngʻich oʻgʻlidan tortib, zindonda yotgan asirning toʻngʻich oʻgʻligacha oʻldirdi. Hamma chorvaning birinchi erkak bolasini ham nobud qildi. 30Oʻsha kecha firʼavn, uning hamma aʼyonlari va butun Misr xalqi uygʻonib ketdi. Butun Misrni qattiq dod–faryod tutdi. Odam nobud boʻlmagan birorta xonadon yoʻq edi. 31Oʻsha tundayoq firʼavn Muso bilan Horunni chaqirtirib aytdi:
— Oʻzlaringiz ham, Isroil xalqingiz ham yoʻqolinglar! Mening yurtimdan chiqib ketinglar! Oʻzlaringiz aytganingizday, borib Egangizga sajda qilaveringlar. 32Mol–qoʻylaringizni ham olib ketinglar. Ammo ketayotganingizda, meni duo qilinglar.
33“Isroil xalqi yurtimizdan tezroq chiqib ketsin, agar chiqib ketmasa, hammamiz oʻlib ketamiz”, deb Misrliklar ularni qistovga oldilar. 34Shunday qilib, Isroil xalqi kiyim–kechaklariga oʻralgan xamirturush qoʻshilmagan xamir toʻla togʻoralarini olib, yelkalariga ortishdi. 35Isroil xalqi Musoning aytganini qilib, Misrliklardan oltin va kumush taqinchoqlar, kiyim–kechaklar soʻrab olishdi. 36Egamiz Misrliklarni shunday qildiki, ular Isroil xalqiga iltifot koʻrsatdilar. Isroil xalqi nima soʻrasa, ular berdilar. Shu yoʻl bilan Isroil xalqi, gʻolib lashkarday, Misrliklarning boyliklarini olib ketdi.
Isroil xalqi Misrdan chiqib ketadi
37Isroil xalqi Ramzesdan Suxotga#12:37 Suxot — Ramzesdan qariyb 50 kilometr janubi–sharqda joylashgan. qarab yayov yoʻlga chiqdi. Ular 600.000 tacha erkak boʻlib, ayollar va bolalar bu hisobga kirmasdi. 38Son–sanoqsiz begona xalqlar, koʻplab mol–qoʻylar ham ular bilan birga ketdi. 39Isroil xalqi Misrdan olib chiqqan xamirturushsiz xamirdan patir non yopdilar. Ular Misrdan shunchalik tez chiqib ketdilarki, yoʻlga yegulik tayyorlagani vaqt topolmagandilar.
40Isroil xalqi Misrda 430 yil yashadi. 41430 yilning oxirgi kunida Egamizning xalqiga qarashli boʻlgan hamma qabilalar Misrdan chiqib ketishdi. 42Oʻsha kuni kechasi Egamiz xalqiga posbonlik qilib, ularni Misrdan olib chiqqan edi. Shu sababdan Isroil xalqi ham avlodlar osha, har yili oʻsha tunni Egamizga bagʻishlab, bayram qilishlari kerak.
Fisih ziyofati toʻgʻrisida qonun–qoidalar
43Keyin Egamiz Muso bilan Horunga aytdi: “Sizlar rioya qilishingiz lozim boʻlgan Fisih ziyofatining qonun–qoidalari quyidagichadir:
Isroil xalqiga qondosh boʻlmagan odam Fisih taomidan tanovul qilmaydi. 44Lekin sotib olgan qullaringiz sunnat qilingandan keyin Fisih taomidan tanovul qilsa boʻladi. 45Musofirlar va mardikorlar ham bu taomdan tanovul qilishmaydi.
46Taomlar qaysi uyda tayyorlangan boʻlsa, hammasi oʻsha uyda tanovul qilinishi lozim. Tashqariga taom olib chiqilmaydi. Fisih ziyofatiga atab qurbonlik qilingan birorta ham hayvonning suyagi sindirilmaydi.
47Isroil xalqining butun jamoasi Fisih ziyofatini nishonlaydi. 48Yonlaringizdagi biror musofir Men, Egangizga bagʻishlangan Fisih ziyofatini nishonlamoqchi boʻlsa, oldin uning xonadonidagi hamma erkaklar sunnat qilinishi lozim. Shundan keyingina Isroil xalqiga mansub boʻlgan odamday, Isroil jamoasiga qoʻshilib, Fisih ziyofatini nishonlaydi. Sunnat qilinmaganlarning hech qaysisi Fisih taomidan tanovul qilishi mumkin emas. 49Shu yerning tub aholisi uchun ham, oralaringizda yashayotgan musofir uchun ham qonun oʻshadir.”
50Egamizning Muso va Horun orqali bergan qonun–qoidalarini Isroil xalqi bajardilar. 51Shunday qilib, oʻsha kuniyoq Egamiz Isroil oilalarini va qabilalarini Misrdan olib chiqdi.

Currently Selected:

Chiqish 12: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in