Qonunlar 28
28
28–BOB
Itoatgoʻylikdan keladigan barakalar
1Agar Egangiz Xudoga itoat etib, men bugun aytayotgan Uning barcha amrlarini bitta qoldirmay bajarsangiz, U sizlarni yer yuzidagi hamma xalqlardan ustun qiladi. 2Egangiz Xudoga itoat etsangiz, U sizlarga baraka beradi, baraka sizdan arimaydi.
3Egangiz sizga shaharda ham, dalada ham baraka beradi.
4Uvali–juvali boʻlasizlar, yeringiz hosildor, mol–qoʻyingiz barakali boʻladi, sigirlaringiz bolalaydi, qoʻylaringiz qoʻzilaydi.
5Suprangiz va bugʻdoy solingan savatlaringiz barakali boʻladi.
6Uyda boʻlganingizda ham, yoʻlga chiqqaningizda ham Egamiz sizga baraka beradi.
7Sizlarga hujum qilgan dushmanlaringizni Egamiz magʻlub qiladi. Ular sizlarga bir tomondan hujum qilib keladi, ammo yetti tomonga tumtaraqay qochadi.
8Qilgan har bir ishingizni Egangiz Xudo serbaraka qiladi, omborlaringizni toʻldiradi. U sizlarga berayotgan yurtda baraka beradi.
9Egangiz Xudoning amrlariga itoat etsangiz, Uning yoʻlidan yursangiz, Egamiz sizlarga qasam ichib vaʼda berganiday, sizlarni Oʻzining muqaddas xalqi qiladi. 10Egamizga tegishli ekaningizni koʻrib, yer yuzidagi barcha xalqlar sizlardan qoʻrqadigan boʻladi. 11Egamiz ota–bobolaringizga qasam ichib, sizlarga beraman, deb vaʼda qilgan yurtda farovonlik ato qiladi. Uvali–juvali boʻlasizlar, molingiz koʻpayadi, dalangizning hosili barakali boʻladi. 12Egamiz Oʻzining osmondagi boy xazinasini ochib, vaqtida yeringizga yomgʻir yogʻdiradi, qiladigan har bir ishingizga baraka beradi. Koʻp xalqlarga qarz berasiz–u, oʻzingiz qarz olmaysiz. 13Bugun Egangiz Xudoning men sizlarga aytayotgan amrlarini bitta qoldirmay bajarsangiz, Egamiz sizlarni dum emas, bosh qiladi. Sizlar pastda emas, balandda boʻlasiz. 14Bugun men sizlarga aytayotgan amrlardan oʻngga yoki chapga chiqmang, boshqa xudolarga ergashmang, ularga xizmat qilmang.
Itoatsizlikning oqibati
15Agar Egangiz Xudoga quloq solmasangiz, bugun men sizlarga aytayotgan Egamizning hamma amri va farmonlariga rioya qilmasangiz, quyidagi laʼnatlar boshingizga keladi:
16Shaharda ham, dalada ham laʼnati boʻlasiz.
17Suprangiz va bugʻdoy solingan savatlaringiz laʼnatlanadi.
18Farzandga zor boʻlasiz, yeringiz hosil bermaydi, mol–qoʻyingiz koʻpaymaydi.
19Uyda boʻlganingizda ham, yoʻlga chiqqaningizda ham laʼnati boʻlasiz.
20Egamizni tark etib, qabihliklar qilganingiz uchun qilgan har bir ishingizda U sizlarni laʼnatga, balo–qazoga duchor qiladi. Ishingiz oʻngidan kelmaydi. Oxiri, Egamiz ustingizga kulfat yogʻdirib, bir lahzada yoʻq qiladi.
21Mulk qilib oladigan yurtingizga Egamiz oʻlat yuborib, sizlarni yoʻq qiladi. 22U sizlarni isitma va yalligʻlanish bilan kechadigan tuzalmas kasallikka duchor qiladi. Jazirama issiq va qurgʻoqchilik yuborib, hosilingizni qovjiratadi, mogʻorlatadi. Oʻlguningizcha bu kulfatlar orqangizdan quvadi. 23Tepangizdagi osmon bronza kabi qattiq, ostingizdagi yer temir kabi zarang boʻladi. 24Yoʻq boʻlib ketguningizcha, Egamiz ustingizga yomgʻir oʻrniga chang–toʻzon yogʻdiradi.
25Egamiz sizlarni dushmanlaringiz oldida tiz choʻktiradi. Ularga bir tomondan hujum qilasizlar, ammo yetti tomonga tumtaraqay qochasizlar. Yer yuzidagi barcha shohliklar ahvolingizni koʻrib, dahshatga tushadi. 26Murdalaringiz osmondagi qushlarga, yerdagi yirtqich hayvonlarga yem boʻladi, ularni haydaydigan kimsa boʻlmaydi. 27Egamiz sizlarni Misrliklarga toshtirgan chipqonga, yiring bogʻlaydigan yaralarga, qoʻtir va qichimalarga mubtalo qiladi. Bu xastaliklarga davo topolmaysiz. 28Egamiz sizlarni aqldan ozdirib, koʻr va ovsar qilib qoʻyadi. 29Koʻr odam qorongʻida paypaslanib yurganday, sizlar kuppa–kunduzi paypaslanib yurasizlar. Ishlaringiz yurishmaydi, xor boʻlasizlar, sizlarni talon–taroj qiladilar, hech kim sizlarni qutqarmaydi.
30Bir qiz bilan unashtirilasiz, ammo u bilan boshqasi yotadi. Uy qurasiz–u, uyingizda yashamaysiz, uzumzor ekasiz–u, mevasidan yemaysiz. 31Molingizni koʻz oldingizda soʻyishadi, lekin goʻshtini yemaysiz. Eshagingizni koʻz oldingizdan oʻgʻirlab ketishadi, qaytib berishmaydi. Qoʻylaringiz dushmanlaringizga beriladi. Sizlarga hech kim yordam bermaydi. 32Oʻgʻillaringiz, qizlaringiz koʻz oldingizda boshqa xalqlarga beriladi. Ular tomon talpinasiz–u, biror narsa qilishga ojiz boʻlasiz. 33Yeringiz hosilidan, mehnatingiz samarasidan begona xalqlar bahramand boʻladi. Sizni esa har kuni ezishadi, xor qilishadi. 34Koʻzlaringiz bilan koʻrgan voqealardan jinni boʻlib qolasiz. 35Egamiz oyoqlaringizga tuzalmas yaralar toshtiradi. Butun badaningizga boshdan–oyoq chipqon chiqadi.
36Egamiz sizlarni va ustingizdan qoʻygan shohni oʻzlaringiz ham, ota–bobolaringiz ham bilmagan xalq oldiga haydab boradi. U yerda yogʻoch va toshdan yasalgan boshqa xudolarga xizmat qilasiz. 37Egamiz sizlarni oʻsha begona xalqlarga olib borganda, ular ahvolingizdan dahshatga tushadi. Sizlar ularga masxara, kulgi boʻlasiz.
38Dalaga koʻp urugʻ ekasiz, lekin kam hosil olasiz. Hosilingizni chigirtkalar#28:38 chigirtkalar — baʼzan toʻda–toʻda boʻlib kelib, dalalardagi hosilga katta zarar yetkazadigan hasharot. yeb bitiradi. 39Uzumzorlar barpo qilasiz, parvarishlaysiz, lekin sharobidan ichmaysiz, uzumini termaysiz. Ularga qurt tushadi. 40Yerlaringizda zaytun daraxtlari oʻsadi, lekin ustingizga zaytun moyi surtmaysiz. Zaytun mevalari toʻkilib ketadi. 41Oʻgʻil–qizlar koʻrasiz, lekin ular oʻzingizga buyurmaydi, ularni asir qilib olib ketishadi. 42Hamma daraxtlaringizdagi mevalarni va yeringiz hosilini chigirtkalar yeb, nobud qiladi.
43Orangizdagi musofirlar yanada koʻtariladi, sizlar esa yanada pasayasiz. 44Ular sizlarga qarz beradi, sizlar esa ularga qarz berolmaysiz. Ular bosh boʻladi, sizlar esa dum boʻlasiz.
45Egangiz Xudoga itoat etmaganingiz uchun, U sizlarga aytgan amrlarni va farmonlarni bajarmaganingiz uchun, mana shu laʼnatlar boshingizga keladi, orqangizdan quvib, sizlarga yetib olib halok qiladi. 46Bu laʼnatlar to abad sizlar va avlodlaringiz uchun Xudo bergan jazoning isboti boʻladi. 47Hamma narsa moʻl–koʻl boʻlganda, sizlar Egangiz Xudoga xursandchiligu quvonch bilan xizmat qilmadingiz. 48Shuning uchun Egamiz yuborgan dushmanlarga xizmat qilasiz, och, tashna, yalangʻoch, muhtoj boʻlib qolasiz. Dushmanlaringiz sizlarga temir boʻyinturuq soladi, hammangizni nobud qiladi. 49Egamiz boshingizga uzoqdan, yer yuzining u chetidan burgutday bir xalqni yuboradi. Sizlar bu xalqning tilini tushunmaysiz. 50Bu xalq qoʻrqinchli, kattalarni hurmat qilmaydi, kichiklarga rahm–shafqat koʻrsatmaydi. 51Sizlarni xonavayron qilmaguncha, mollaringizni, yeringizning hosilini yeyishadi. Sizlarga na donni, na sharobni, na zaytun moyini, na podangizdagi buzoqlarni, na suruvingizdagi qoʻzilarni qoldirishadi. Shunda sizlar yoʻq boʻlib ketasizlar. 52Egangiz Xudo sizlarga berayotgan yurtdagi hamma shaharlarni ular qamal qilishadi. Siz suyangan baland va mustahkam devorlarni vayron qilishadi.
53Qamal paytida dushmanlaringiz boshingizga solgan kulfat tufayli oʻz farzandlaringizni, Egangiz Xudo sizlarga bergan oʻgʻil–qizlaringizning etini yeysizlar. 54Oralaringizdagi eng muloyim, eng diyonatli erkak ham tugʻishgan akasidan, suyukli xotinidan, sogʻ qolgan bolalaridan etni qizgʻanadi. 55Oʻzi yeyayotgan bolalarining etidan hech kimga bermaydi, bundan boshqa chorasi ham boʻlmaydi. Chunki dushmanning qurshovi hamma shaharlaringizda sizni shu qadar tang ahvolga solib qoʻyadi. 56Oralaringizdagi eng muloyim, eng nozik ayol, nozikligidan oyogʻini yerga qoʻyishni ham istamaydigan ayol, sevikli eridan, oʻgʻli va qizidan etni qizgʻanadi. 57Ochlikdan u, hatto, oyoqlari orasidan chiqqan yoʻldoshni va oʻzi tuqqan bolalarni yashirincha yeydi. Dushmanning qurshovi hamma shaharlaringizda sizni shu qadar tang ahvolga solib qoʻyadi.
58Egangiz Xudoning buyuk va haybatli nomidan qoʻrqmasangiz, shu kitobda yozilgan qonunning hamma soʻzlarini bajarmasangiz, 59Egamiz oʻzlaringizni va avlodlaringizni ogʻir va doimiy kulfatlarga, yomon, tuzalmaydigan xastaliklarga giriftor qiladi. 60Sizlarni vahimaga tushiradigan barcha Misr xastaliklarini boshingizga soladi, ulardan hech qachon shifo topmaysiz. 61Sizlar yoʻq boʻlguningizcha, Egamiz mana shu qonun kitobida yozilmagan boshqa xastaligu ofatlarni ham boshingizga keltiraveradi. 62Sizlar osmondagi yulduzlar kabi koʻp edingizlar, ammo Egangiz Xudoga quloq solmaganingiz uchun sanoqli boʻlib qolasizlar. 63Egamiz sizlarga yaxshilik qilib, sizlarni koʻpaytirgandan qanchalik mamnun boʻlgan boʻlsa, sizlarni halok qilib yoʻq qilgandan ham shunchalik mamnun boʻladi. Mulk qilib oladigan yurtingizdan sizlarni sugʻurib, uloqtirib tashlaydi.
64Egamiz sizlarni dunyoning u chetidan bu chetigacha hamma xalqlar orasiga tarqatib yuboradi. U yerda oʻzlaringiz ham, ota–bobolaringiz ham bilmagan, tosh va yogʻochdan yasalgan boshqa xudolarga xizmat qilasizlar. 65Lekin bu xalqlar orasida orom topolmaysizlar, oyoq uzatib dam olishingiz uchun joy boʻlmaydi. Egamiz sizlarga titroq yurak, xira koʻz, umidsiz ruh beradi. 66Hayotingiz qil ustida turgandek boʻladi, kechasiyu kunduzi oʻlimdan qoʻrqib yashaysiz. 67Yuragingizdagi qoʻrquv va koʻzlaringiz koʻrayotgan voqealar tufayli ertalab: “Qaniydi, kechqurun boʻlsa”, kechqurun esa: “Qaniydi, ertalab boʻlsa”, deysizlar. 68Egamiz sizlarga, Misrga qaytib bormaysizlar, deb aytgan boʻlsa–da, U sizlarni kemalarda Misrga qaytarib joʻnatib yuboradi. Oʻsha yerda, dushmanlarimizga qul va choʻri boʻlib sotilsaydik, deb harakat qilasizlar, lekin sizlarni sotib oladigan xaridorlar boʻlmaydi.
Currently Selected:
Qonunlar 28: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy
![None](/_next/image?url=https%3A%2F%2Fimageproxy.youversionapi.com%2F58%2Fhttps%3A%2F%2Fweb-assets.youversion.com%2Fapp-icons%2Fen.png&w=128&q=75)
Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020