2 Timoʻtiy 2
2
2–BOB
Masih tufayli azoblarga dosh berish haqida
1Timoʻtiy oʻgʻlim, bardam boʻl. Buning uchun Iso Masih orqali koʻrsatilgan Xudoning inoyatiga tayangin. 2Sen koʻp shohidlar huzurida Xushxabar haqida taʼlim berganimni eshitgansan. Endi bu taʼlimotni boshqalarga ham oʻrgatishga qobiliyati bor, ishonchli odamlarga topshirgin. 3Iso Masihning yaxshi bir askari kabi, men bilan birga azob chekishga tayyor turgin. 4Harbiy xizmatdagi askar tirikchilik ishlari bilan band boʻlmaydi, chunki qoʻmondonini mamnun qilishni istaydi. 5Shuningdek, musobaqada qatnashgan kishi qoidaga rioya qilmasa, gʻalaba tojini kiymaydi. 6Mehnat qilgan dehqon olgan hosilidan birinchi boʻlib bahramand boʻlishi lozim. 7Aytganlarim haqida mulohaza qil, bularni tushunib olishingga Rabbimiz Iso senga yordam beradi.
8Dovud naslidan boʻlgan Iso Masih oʻlikdan tirilganini doimo yodingda tut! Men targʻib qilayotgan Xushxabar shudir! 9Ana shu Xushxabar uchun men azoblarga duchor boʻlyapman, hatto jinoyatchiday zanjirband qilindim#2:9 jinoyatchiday zanjirband qilindim — 1:16 izohiga qarang.. Ammo Xudoning kalomini zanjirlab boʻlmaydi! 10Shunday ekan, Xudoning tanlagan odamlari Iso Masih bergan najotdan bahramand boʻlsinlar, abadiy ulugʻvorlikka erishsinlar deb, men hamma narsaga chidab kelyapman. 11Quyidagi gap toʻgʻri va asoslidir:
“Agar biz Masih bilan birga oʻlgan boʻlsak,
U bilan birga ham yashaymiz.
12Agar qiyinchiliklarga chidasak,
U bilan birga hukmronlik qilamiz.
Bordi–yu, Uni rad etsak,
U ham bizni rad etadi.
13Sodiq boʻlmasak ham,
Masih sodiq boʻlib qolaveradi,
Axir, U Oʻz tabiatiga qarshi chiqa olmaydi.”
Haqiqatga sodiq qolish haqida
14Bu gaplarni imonlilarga eslatib tur, ularga Xudoning nomidan qatʼiy buyur: mayda–chuyda gaplar yuzasidan bahslashmasinlar. Bunday bahslar befoyda, tinglovchilarga faqat zarar yetkazadi, xolos. 15Xudoning oldida yorugʻ yuz bilan tura olishing uchun astoydil mehnat qil. Oʻz ishidan uyalmaydigan, haqiqat kalomini toʻgʻri oʻrgatadigan xizmatchi boʻlgin. 16Xudodan uzoqlashtiradigan quruq gaplardan qoch. Bunday gaplarga berilgan odamlar tobora betavfiq boʻlib boradi. 17Ularning bu taʼlimoti oʻlat kabi yoyiladi. Mana, Xumanayos#2:17 Xumanayos — 1 Timoʻtiy 1:19-20 ga qarang. bilan Filitus ham shunday odamlar jumlasidan. 18Ular toʻgʻri yoʻldan ozganlar. Biz allaqachon oʻlikdan tirildik#2:18 Biz allaqachon oʻlikdan tirildik… — inson Iso Masihga imon keltirganda ruhan qayta tiriladi (Rimliklar 6:1-11, Efesliklar 2:6, Kolosaliklar 2:13, 3:1-4 ga qarang). Baʼzilar oʻlikdan tirilish faqatgina ruhiy tirilishdan iborat, deb taʼlim berayotgan ekan. Yunonlar tanani yovuzlik manbai deb bilganlar, shuning uchun mana shu odamlar, bir kun kelib jismoniy tana ham tiriladi, degan taʼlimotni rad etgan boʻlishlari mumkin (Havoriylar 17:32 ga qarang). Bu taʼlimot Xushxabardagi najot haqidagi taʼlimotga tamomila ziddir (1 Korinfliklar 15:12-25 ga qarang)., deb baʼzilarni imonidan qaytaryaptilar. 19Ammo Xudo asos solgan poydevor mustahkam turibdi. Bu poydevor ustiga shunday soʻzlar bitilgan: “Egamiz Oʻzinikilarni biladi” va “Egamizning nomini tilga olgan har bir odam yomonlikdan uzoqlashsin.”
20Katta bir uyda nafaqat oltin va kumush idishlar, balki yogʻoch va sopol idishlar ham bor. Oltin va kumush idishlar xoʻjayinga sharaf keltiradi, qadrsiz idishlar esa uning obroʻyini toʻkadi. 21Kim oʻzini men aytgan yomonliklardan poklasa, Egasi uchun sharaf keltiradigan idishday boʻladi. Bunday odam Egasiga xizmat qilishga bagʻishlangan, har bir yaxshi ish qilishga tayyor boʻladi.
22Oʻgʻlim, yoshlik ehtiroslaridan qoch. Chin yurakdan Rabbimiz Isoga iltijo qilgan odamlar bilan birga solihlik, imon, mehr–muhabbat va tinchlik payida boʻlgin. 23Ahmoqona, bemaʼni bahslardan uzoqlash. Oʻzing bilasan–ku, bular faqat janjal keltirib chiqaradi. 24Rabbimiz Isoning quli esa janjalkash boʻlmasligi kerak. Aksincha, u hammaga mehribon, taʼlim berishga qobiliyatli, sabr–toqatli boʻlishi lozim. 25U oʻz raqiblarini muloyimlik bilan yoʻlga solsin. Kim bilsin, balki Xudo ularni tavbaga olib kelar?! Shunda ular haqiqatni bilib, 26oʻzlariga kelarlar, iblisning tuzogʻidan qutulib qolarlar. Axir, iblis ularni asir qilib, oʻziga tobe qilib olgan.
Currently Selected:
2 Timoʻtiy 2: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy
Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020