2 Timoʻtiy 3
3
3–BOB
Oxirgi kunlar haqida
1Shuni bilginki, oxirgi kunlarda ogʻir vaqtlar keladi. 2Oʻsha paytda odamlar faqat oʻzini oʻylaydigan, pulparast, maqtanchoq, takabbur, soʻkinadigan, ota–onaga itoat qilmaydigan, nonkoʻr, diyonatsiz, 3tosh yurak, ginachi, tuhmatchi, nafsini tiya olmaydigan, vahshiy, yaxshilikdan hazar qiladigan, 4xoin, bebosh, bosar–tusarini bilmaydigan boʻladilar. Ular Xudoni emas, aysh–ishratni yaxshi koʻradilar. 5Oʻzlarini xudojoʻy qilib koʻrsatadilar–u, ammo haqiqiy imondan yuz oʻgiradilar. Sen bunday odamlardan uzoqlash.
6Ular atrofdagilarning ishonchini suiisteʼmol qilib, uylariga kirib oladilar. Turli hirsu havaslarga berilgan, gunohlaridan vijdoni qiynalib yurgan nodon ayollarning dilini ovlaydilar. 7Qachon qarama, bunday ayollar yangi taʼlimotlar payida boʻladilar, haqiqatni esa tan olmaydilar. 8Yannis va Yambris#3:8 Yannis va Yambris — yahudiylar Musoga qarshi turgan firʼavn sehrgarlarini shu ismlar bilan atashar edi (Chiqish 7:10-12, 20-22, 8:16-19, 9:10-11 ga qarang). Musoga qanday qarshi turgan boʻlsalar, bu odamlar ham haqiqatga xuddi shunday qarshi turadilar. Ammo fikri buzuq, imoni soxta bu odamlar 9uzoqqa bormaydilar. Ular Yannis bilan Yambrisning holiga tushadilar, ularning aqlsizligi hammaga maʼlum boʻladi.
Imonda sodiq qolishga daʼvat
10Sen esa, Timoʻtiy, taʼlimotimga rioya qilding, turmush tarzim, murod–maqsadim, imonim, sabr–toqatim, mehr–muhabbatim va sabotimdan namuna olding. 11Xushxabar tufayli chekkan azob–uqubatlarimni oʻzing bilasan. Antioxiya, Ikoniya va Listra shaharlarida quvgʻin boʻlganim haqida eshitgansan#3:11 Antioxiya, Ikoniya va Listra shaharlarida quvgʻin boʻlganim haqida eshitgansan — misol uchun, Havoriylar 14:1-7, 19-20 ga qarang. Timoʻtiy Listradan edi.. Ha, men qattiq quvgʻinlarni boshdan kechirdim! Ammo Rabbim Iso bularning hammasiga qaramay, jonimni omon saqladi. 12Darhaqiqat, Iso Masih yoʻlida taqvodor hayot kechirgan har bir odam quvgʻinga uchraydi. 13Ammo fosiq va makkor odamlar tobora razillashib boraveradi. Ular boshqalarni aldaydilar, oʻzlari ham aldanadilar.
14Sen esa, oʻzing olgan va qattiq ishongan taʼlimotingga sodiq qol. Chunki bu taʼlimotni senga oʻrgatgan ustozlarning ibratomuz hayotini oʻzing koʻrgansan. 15Bolaligingdanoq Muqaddas bitiklarni oʻrgangansan. Bu bitiklar insonga donolik ato qiladi, Iso Masihga boʻlgan ishonch orqali uni najotga erishtiradi. 16Muqaddas bitiklarning hammasi ilohiy ilhom bilan yozilgan boʻlib, taʼlim va tanbeh berish, xatolarni tuzatish va solihlik yoʻlida tarbiya berish uchun foydalidir. 17Bitiklardagi oʻgitlar boʻyicha yashagan Xudoning quli har qanday yaxshi ish qilishga qobil boʻlib, tayyor turadi.
Currently Selected:
2 Timoʻtiy 3: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy
Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020