YouVersion Logo
Search Icon

1 Timoʻtiy 6

6
6–BOB
Xoʻjayinlar va qullar
1Qullik boʻyinturugʻi ostida boʻlganlar oʻz xoʻjayinlarini kamoli ehtiromga loyiq hisoblasinlar. Toki, hech kim Xudoning nomini va taʼlimotini haqoratlamasin. 2Xoʻjayinlari imonli boʻlgan qullar, “bir–birimizga birodarmiz”, deb xoʻjayinlariga hurmatsizlik qilmasinlar. Aksincha, yanada koʻproq tirishib, ularga xizmat etsinlar. Chunki aziz birodarlari boʻlmish xoʻjayinlari oʻz qullarining farovonligini koʻzlab, nonini but qilyaptilar.
Ana shu barcha koʻrsatmalarim haqida taʼlim berib, nasihat qil.
Soxta ustozlarning asl qiyofasi
3Agar kim begona taʼlimotni yoysa va Rabbimiz Iso Masihning haqiqiy kalomiga qarshi chiqib, xudojoʻylikka chorlovchi taʼlimotimizni rad etsa, 4u bosar–tusarini bilmay qolgan nodondir. Bunday odam biror masala borasida talashish va ikir–chikir gaplar haqida bahslashish kasaliga yoʻliqqan, uning gʻalamisona gaplari hasad, janjal, tuhmat, tuban gumonlar 5va toʻpolonlarga sabab boʻladi. Fikri buzuq bunday odamlar haqiqatdan mahrumdirlar. Ular soxta xudojoʻyligini foyda manbai deb biladilar#6:5 Yunoncha matndan. Baʼzi yunon qoʻlyozmalarida quyidagi soʻzlar oyatga qoʻshimcha qilingan: bunday odamlardan oʻzingni chetga ol.. 6Toʻgʻri, xudojoʻylikdan foyda katta, qachonki biz bori bilan qanoatlansak. 7Axir, biz bu dunyoga hech narsa olib kelmadik va undan hech narsa olib keta olmaymiz. 8Qornimiz toʻq, ustimiz but boʻlsa, shular bilan qanoat qilaylik. 9Boylikka oʻch boʻlganlar esa vasvasa tuzogʻiga tushadilar, ular koʻp bemaʼni va zararli havaslarga berilib, halokat girdobiga gʻarq boʻladilar. 10Pulparastlik har qanday yomonlikning negizidir. Mana, baʼzilar boylik ketidan quvib, imondan qaytib ketdilar va oʻzlarini koʻpgina azoblarga duchor qildilar.
Timoʻtiyga soʻnggi buyruqlar
11Ey Xudoning quli Timoʻtiy, sen esa oʻzingni bu illatlardan olib qoch. Solihlik, xudojoʻylik, imon, sevgi, sabr–toqat va muloyimlikning payida boʻl. 12Abadiy hayotga erishish maqsadida, imon uchun boʻladigan ulugʻ kurashda jang qil. Axir, Xudo seni abadiy hayotga daʼvat etgan. Sen bu hayotga ega boʻlish uchun koʻp guvohlar oldida Iso Masihga boʻlgan imoningni mardlarcha tan olgansan. 13Poʻntiy Pilat#6:13 Poʻntiy Pilat — Rim hukumati tomonidan Yahudiya viloyatiga tayinlangan hokim. U Isoni oʻlimga mahkum qilgan edi (Matto 27:11-26, Yuhanno 18:31-19:16 ga qarang). qoshida haqiqatni mardlarcha tan olgan Iso Masih huzurida va butun borliqqa hayot bagʻishlagan Xudo huzurida senga buyuraman: 14zimmangdagi xizmatingni halollik bilan bajar. Rabbimiz Iso Masih keladigan kungacha oʻzingni gap tegmaydigan qilib tut. 15Yagona muborak Hokim boʻlgan Xudo Oʻzi belgilagan paytda Iso Masihni yuboradi. Xudo shohlarning Shohi, hukmdorlarning Hukmdoridir. 16U yagona mangu Xudodir. U yaqinlashib boʻlmaydigan nurda yashaydi, Uni hech bir inson koʻrmagan hamda koʻrishi mumkin emas. Abadiy saltanat Sohibi boʻlgan Xudoga shon–sharaflar boʻlsin! Omin.
Boy birodarlar uchun nasihatlar
17Bu dunyoda boylik topgan birodarlarga ayt, magʻrurlanmasinlar, bevafo boylikka umid qilmasinlar. Aksincha, umidini Xudoga bogʻlasinlar. Xudo bizga hamma narsani xursand boʻlishimiz uchun saxovat bilan beradi. 18Ularga buyur, yaxshilik qilsinlar, xayrli ishlarga boy, saxiy, ochiq qoʻl boʻlsinlar. 19Shunda ular asl xazina toʻplab, kelgusi dunyo uchun oʻzlariga mustahkam zamin yaratgan boʻladilar, haqiqiy hayotga erishadilar.
Timoʻtiyga soʻnggi pand–nasihatlar
20Ey Timoʻtiy, senga ishonib topshirilgan Xushxabarni#6:20 senga ishonib topshirilgan Xushxabar — 2 Timoʻtiy 1:12-14, 2:2 ga qarang. asragin. Xudodan uzoqlashtiradigan quruq gaplaru haqiqatga zid boʻlgan taʼlimotlardan qochgin. Baʼzi odamlar adashib, bularni “bilim” deb ataydilar. 21Bunday “bilim”ga tayangan baʼzilar haq yoʻldan ozdilar.
Xudoning inoyati sizlarga yor boʻlsin#6:21 …sizlarga yor boʻlsin — yunoncha matndan. Baʼzi yunon qoʻlyozmalarida …senga yor boʻlsin. Omin..

Currently Selected:

1 Timoʻtiy 6: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in