YouVersion Logo
Search Icon

1 Shohlar 19

19
19–BOB
Shoul Dovudni oʻldirishni rejalashtiradi
1Shoul hamma aʼyonlariga va oʻgʻli Yoʻnatanga, Dovud oʻldirilsin, deb farmon berdi. Yoʻnatan esa Dovudni juda yaxshi koʻrardi.
2— Otam Shoul seni oʻldirmoqchi, — deb u Dovudni ogohlantirdi. — Ertaga tong payti hushyor boʻl, biror joyga borib yashirinib, jim oʻtir. 3Men esa otamni sen yashiringan dalaga boshlab boraman. Oʻsha yerda sen toʻgʻringda u bilan gaplashaman. Biror xabar eshitsam, senga yetkazaman.
4Yoʻnatan otasi Shoulga Dovudni maqtab shu gaplarni aytdi:
— Shoh oʻz quli Dovudga qarshi gunoh qilmasinlar. Chunki u sizga hech qachon haqsizlik qilmagan. Har bir ishi bilan sizga katta foyda keltirgan. 5Jonini xavf ostiga qoʻyib, Filistni oʻldirdi, Egamiz Dovud tufayli Isroil xalqini katta zafarga erishtirdi. Siz bularni koʻrib sevindingiz. Shunday ekan, nega Dovudni bekordan–bekorga nobud qilmoqchisiz, begunohning qonini toʻkib gunoh qilmoqchisiz?
6Shoul Yoʻnatanning gaplarini anglab:
— Xudo shohid! Dovudning joniga hech kim qasd qilmaydi, — deb ont ichdi.
7Yoʻnatan Dovudni chaqirtirib keldi va boʻlib oʻtgan gap–soʻzlarni aytib berdi. Soʻng Dovudni Shoulning yoniga boshlab bordi. Dovud esa ilgarigiday shohga xizmat qilishni davom ettirdi.
8Shu orada yana urush alanga oldi. Dovud urushga ketdi, u Filistlar bilan jang qilib, ularga shunday qattiq zarba berdiki, oxiri Filistlar Dovudning oldiga tushib qochib qolishdi.
9Bir kuni Shoul, nayzasi qoʻlida, uyida oʻtirardi, Dovud esa lira chalayotgan edi. Shu payt Egamiz yuborgan yovuz ruh Shoulni chulgʻab oldi. 10Shoul nayzasi bilan Dovudni devorga mixlab qoʻymoqchi boʻldi, lekin Dovud chap berib qoldi. Shoulning nayzasi devorga sanchilib qoldi. Oʻsha tun Dovud yana qochib qutuldi.
11Shoul Dovudni erta tongda tutib oʻldirmoqchi boʻldi, kuzatib turinglar, deb uning uyiga odamlarini joʻnatdi. Xotini Mixal Dovudga:
— Bu kecha qochib qutulmasangiz, erta tongda sizni oʻldirishadi, — dedi. 12Shunday qilib, Dovudni derazadan chiqarib yubordi. Dovud qochib qutuldi. 13Mixal butni#19:13 but — ibroniycha matnda terafim (shu bobning 16–oyatida ham bor). Terafim xonaki sanam boʻlib, fol ochish uchun ishlatilgan boʻlishi mumkin. Chamasi, bu oyatlarda inson qiyofasidagi but toʻgʻrisida soʻz ketmoqda. Mixal befarzand boʻlgani uchun shunga oʻxshash butni uyida yashirincha saqlagan boʻlishi mumkin. olib, toʻshakka yotqizdi, bosh tomoniga esa echki junidan qilingan yostiq tashladi, ustini koʻrpa bilan yopdi. 14Shoul yuborgan odamlar Dovudni tutib olib ketishga kelishdi.
— Dovud kasal, — dedi Mixal ularga.
15Soʻng Shoul odamlarini yana joʻnatib:
— Dovudni oʻz koʻzlaringiz bilan koʻringlar, uni toʻshagi bilan bu yerga olib kelinglar, oʻldiraman, — deb buyurdi.
16Shoulning odamlari uyga kirdilar. Qarasalar, toʻshakda but, butning bosh tomonida echki junidan qilingan yostiq turibdi.
17— Nimaga meni aldab, gʻanimimni qochirib yubording? — deb soʻradi Shoul Mixaldan.
— Dovud: “Qoʻyib yubor meni, boʻlmasa, seni oʻldiraman”, dedi, — deb javob berdi Mixal.
18Qochib qutulgan Dovud Ramada yashayotgan Shomuilning yoniga ketdi. Shoul unga nima qilgan boʻlsa, hammasini Shomuilga aytib berdi. Keyin Shomuil bilan birga Noyoʻt mahallasiga borib, oʻsha yerda qoldi. 19Dovud Ramaning Noyoʻt mahallasida ekan degan xabar Shoulga yetib keldi. 20Shoul: “Dovudni tutib kelinglar”, deb odamlarini oʻsha yerga yubordi. Ular Shomuil boshchiligidagi paygʻambarlar guruhining joʻshib zikr tushayotganini koʻrishdi. Shu payt Xudoning Ruhi Shoulning odamlarini ham qamrab oldi va ular ham joʻshib zikr tushdilar.
21Shoul boʻlib oʻtgan voqealarni eshitgach, boshqa odamlarini yubordi. Bu yuborilganlari ham joʻshib zikr tushdilar. Shoul uchinchi bor yana odamlarini joʻnatdi, ular ham joʻshib zikr tushdilar.
22Oxiri Shoulning oʻzi Ramaga qarab yoʻl oldi. Saxudagi katta sardoba boʻyiga borib:
— Shomuil bilan Dovud qayerda? — deb soʻradi.
— Ramadagi Noyoʻt mahallasida, — dedi bittasi.
23Shoul Ramadagi Noyoʻt mahallasiga ketayotganda, Xudoning Ruhi uni ham qamrab oldi. Noyoʻtga borguncha yoʻlma–yoʻl joʻshib zikr tushib ketdi. 24Kiyimlarini yechib tashlab, Shomuilning oldida ham joʻshib zikr tushdi. Yerga yiqilganicha, bir kecha–kunduz yalangʻoch ahvolda yotib qoldi. “Nahotki Shoul ham paygʻambar boʻlsa?!”#19:24 “Nahotki Shoul ham paygʻambar boʻlsa?!” — 10:11-12 da ham bu matalning kelib chiqishi haqida yozilgan. degan matal ana shundan qolgan.

Currently Selected:

1 Shohlar 19: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in