1 Shohlar 20
20
20–BOB
Yoʻnatan Dovudga yordam beradi
1Dovud Ramadagi Noyoʻt mahallasidan qochib, Yoʻnatanning oldiga keldi.
— Men nima qilibman? Aybim nima? Otangga qarshi nima gunoh ish qilibmanki, meni oʻldirmoqchi boʻladi? — dedi Dovud unga.
2— Xudo saqlasin, oʻlmaysan! — dedi Yoʻnatan. — Otam meni xabardor qilmay, xoh muhim boʻlsin, xoh muhim boʻlmasin, biror ish qilmaydi. Nimaga endi buni mendan yashirsin?! Hech narsa boʻlmaydi.
3Dovud yana ont ichib dedi:
— Sen meni yaxshi koʻrasan, buni otang ham yaxshi biladi. Yoʻnatan nima qilishimni bilmay qoʻya qolsin, aks holda, azob chekadi, deb oʻylaydi. Xudo shohid! Toʻgʻrisini aytsam, jar yoqasida turibman.
4— Tila tilagingni, sen uchun bajo keltiraman, — dedi Yoʻnatan.
5— Qara, ertaga yangi oy shodiyonasi boʻladi, — dedi Dovud. — Shoh bilan birga dasturxonda oʻtirishim kerak#20:5 Shoh bilan…oʻtirishim kerak — yangi oy shodiyonasida har bir odam oʻz oilasi bilan muqaddas taom marosimini nishonlashi shart edi.. Lekin menga ijozat ber, indin kechgacha dalada yashirinib yuray. 6Agar otang yoʻqligimni sezib qolsa, unga shunday deysan: “Dovud shoshilinch oʻz shahri Baytlahmga ketadigan boʻlib qoldi, mendan qattiq turib iltimos qildi. U yerda butun urugʻ–aymogʻi yillik qurbonlik marosimi oʻtkazar ekan.” 7Otang “yaxshi” desa, demak, bu qulingga xavf–xatar yoʻq. Agar gʻazablansa, bilginki, menga zarar yetkazishga qatʼiy qaror qilgan. 8Egamiz oldida ahd qilgansan–ku! Endi menga sodiq qol. Agar aybdor boʻlsam, meni oʻzing oʻldir! Meni otangning huzuriga olib borishingga na hojat?!
9— Xudo saqlasin! — dedi Yoʻnatan, — otam senga yomonlik qilmoqchi boʻlganini bilganimda, senga aytmasmidim?!
10— Otang senga dagʻal javob bersa, kim menga bildiradi? — deb soʻradi Dovud.
11— Yur, dalaga chiqaylik, — dedi Yoʻnatan.
Ikkovlari dalaga ketishdi. 12Yoʻnatan gapida davom etib, Dovudga dedi:
— Isroil xalqining Xudosi — Egamiz shohid boʻlsin! Erta yo indinga xuddi shu vaqtgacha otamning niyatini oʻsmoqchilab bilib olaman. Otam senga moyillik bildirsa, albatta xabar yuboraman. 13Bordi–yu, otam seni oʻldirmoqni niyat qilgan boʻlsa–yu, seni xabardor qilmasam, bexatar ketishingni taʼminlamasam, Egam meni yomon koʻyga solsin, hatto undan ham battarrogʻini qilsin! Egam, ilgari otam bilan boʻlganiday, doimo sen bilan boʻlsin. 14Agar men tirik boʻlsam, Egamizga oʻxshab vaʼdangda tur, menga sodiq boʻl. Agar oʻlsam, 15Egamiz dushmanlaringni yoʻq qilganda, mening xonadonimdan sadoqatingni darigʻ tutmagin.
16Yoʻnatan Dovud xonadoni bilan ahd tuzdi va:
— Egamiz hamma dushmanlaringni qirib tashlasin, — dedi.
17Yoʻnatan Dovudni jonidan ham ortiq yaxshi koʻrardi. U: “Menga boʻlgan doʻstona sevgingni tasdiqlagin”, deb Dovudga yana bir bor ont ichirdi.
18— Ertaga yangi oy shodiyonasi boʻladi, — dedi Yoʻnatan Dovudga. — Oʻrning boʻsh qoladi, yoʻqliging bilinadi. 19Indinga darhol pastga tush, oldingi safar yashiringan joyingga borib yashirin. Ezel degan toshning yonida kutib tur. 20Men moʻljallab oʻsha tosh tomonga uchta oʻq otaman. 21Keyin xizmatkorimni: “Bor, oʻqlarni topib kel”, deb joʻnataman. Agar unga: “Qara, oʻqlar orqangda, ularni olib bu yoqqa qayt”, deb aytsam, sen uyingga qaytib borgin. Demak, hech qanday xavf–xatar yoʻq. Xudo shohid, sen tinch–omon boʻlasan. 22Agar xizmatkorimga: “Qara, oʻqlar oldingda”, desam, sen ketgin. Demak, Egamiz ketishingni xohlagan boʻladi. 23Bir–birimizga qilgan ahdimizga Egamiz abadiy shohid boʻlsin.
24Shunday qilib, Dovud dalada yashirinib oldi. Yangi oy chiqqani munosabati bilan bayram boshlanganda, shoh Shoul kelib, bayram dasturxoniga oʻtirdi. 25U odatdagiday, devor yonidagi oʻrindiqdan joy oldi. Yoʻnatan Shoulning roʻparasidan#20:25 …Shoulning roʻparasidan… — qadimiy yunoncha tarjimadan. Ibroniycha matnda …Yoʻnatan oʻrnidan turdi…, Yoʻnatan Abnurga joy berib, oʻzi boshqa joyga borib oʻtirgan boʻlishi mumkin., Abnur esa uning yonidan oʻz joylarini egallashdi. Dovudning oʻrni boʻsh qoldi. 26Ammo Shoul oʻsha kuni hech narsa demadi. Biror tasodif boʻlsa kerak, Dovud harom boʻlgan–u, yuvinmagandir#20:26 …harom boʻlgan–u, yuvinmagandir… — yangi oy shodiyonasida dasturxonga muqaddas taomlar tortilgan, shuning uchun dasturxon atrofida faqatgina poklangan odamlargina oʻtirishi mumkin edi., deb oʻyladi. 27Ertasiga, yangi oy shodiyonasining ikkinchi kuni Dovudning joyi yana boʻsh qoldi. Shoul oʻgʻli Yoʻnatandan soʻradi:
— Essayning oʻgʻli nimaga kecha ham, bugun ham taomga kelmadi?
28— Dovud Baytlahmga ketmoqchi ekan, mendan qattiq iltimos qildi, — deb javob berdi u. 29— “Iltimos, ijozat bersang, oilamiz oʻsha shaharda qurbonlik qiladi. Akam, oʻsha yerda boʻl, deb buyurdi. Menga iltifot koʻrsatsang, borib, akalarimni koʻrib kelsam”, dedi. Shu vajdan shohning dasturxoniga kela olmadi.
30Shoul gʻazablanib, Yoʻnatanga baqirdi:
— Sen, yaramas, suyuqoyoq xotinning bolasi, u bilan doʻstlashganingni bilmasmidim?! Bu qiligʻing bilan oʻzingni ham, seni tuqqan onangni ham isnodga qoldirding–ku. 31Essayning oʻgʻli yer yuzida yashar ekan, na oʻzing, na shohliging saqlanib qoladi. Endi birorta odamni joʻnatib, uni mening oldimga chaqirtirib kel. Uni oʻlim kutyapti.
32— Nega u oʻldirilar ekan? U nima qildi? — dedi Yoʻnatan otasiga.
33Shoul Yoʻnatanni oʻldirmoqqa shaylanib, nayzasini unga qaratib otdi. Yoʻnatan tushundiki, otasi Dovudni oʻldirmoqqa qatʼiy qaror qilgan ekan. 34Yoʻnatan dargʻazab boʻlib dasturxondan turdi, yangi oy shodiyonasining ikkinchi kuni hech narsa yemadi. Otasi Dovudni bu qadar haqorat qilganiga xafa boʻldi.
35Ertalab Yoʻnatan Dovud bilan koʻrishmoq uchun dalaga ketdi. Yoniga bir kichkina bolani oldi. 36Yoʻnatan bolaga:
— Yugur, men otgan oʻqlarni qidir! — dedi.
Bola yugurib ketdi. Yoʻnatan bolaning old tomoniga bir oʻq otdi. 37Yoʻnatanning oʻqi tushgan yerga bola yetib borgan ham ediki, u:
— Oʻq oldingda! 38Tez boʻl, yugur, toʻxtab turma! — deb ovoz berdi. Bola oʻqni olib, xoʻjayiniga keltirib berdi. 39Bola bundan bexabar, bu gapning maʼnosi Yoʻnatan bilan Dovudga ayon edi, xolos. 40Yoʻnatan qurol–aslahalarini oʻsha bolaga berib:
— Koʻtar bularni, shaharga olib bor, — dedi.
41Bola ketishi bilanoq, Dovud tosh orqasidan chiqib keldi va yuzi bilan yerga muk tushib, uch marta taʼzim qildi. Ikkala doʻst bir–birlarini quchoqlab, oʻpib, yigʻlashdi. Dovud Yoʻnatanga qaraganda qattiqroq yigʻladi. 42Nihoyat Yoʻnatan:
— Endi eson–omon yoʻlingga ket, — dedi. — Ikkovimiz: “Xudo senu mening oramizda, urugʻlarimiz orasida abadiy shohid boʻlsin”, deb Uning nomini oʻrtaga qoʻyib ont ichganmiz.
43Shundan keyin Dovud oʻz yoʻliga ketdi. Yoʻnatan esa shaharga qaytdi.
Currently Selected:
1 Shohlar 20: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy
Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020