1 Shohlar 18
18
18–BOB
1Shoul bilan Dovudning suhbati endi tugagan ham ediki, Yoʻnatanning#18:1 Yoʻnatan — Shoulning toʻngʻich oʻgʻli (14–bobga qarang). koʻngli Dovudga bogʻlandi, Yoʻnatan uni oʻz joni kabi aziz koʻrdi. 2Oʻsha kundan boshlab Shoul Dovudni yonida olib qoldi, otasining uyiga qaytib ketishiga ijozat bermadi. 3Yoʻnatan Dovudni oʻz joniday aziz koʻrgani uchun u bilan ahd qildi. 4Ustidagi kiyimini yechib berdi, sovuti, qilichi, kamoni va kamarini ham Dovudga hadya qildi.
5Shoul Dovudni qayerga joʻnatmasin, Dovud muvaffaqiyatga erishdi. Shu bois Shoul unga qoʻshinidagi katta lavozimni berdi. Bu voqeadan barcha xalq ham, Shoulning xizmatkorlari ham xushnud boʻlishdi.
Shoul Dovudga hasad qiladi
6Dovud Goʻliyotni oʻldirgandan keyin, jangchilar oʻz uylariga qaytayotgan edi. Isroilning hamma shaharlaridan kelgan ayollar childirma va torli musiqa asboblarini chalib, oʻyin–kulgi qilib, shoh Shoulni kutib olgani chiqishdi. 7Yayrab–oʻynasharkan, shu qoʻshiqni aytishardi:
“Shoul minglarchasini oʻldirdi,
Dovud esa oʻn minglarchasini!”
8Bu soʻzlar Shoulga ogʻir botdi, uning gʻashini keltirdi. “Dovudga oʻn mingtasini, menga esa mingtasini berishdi! Unga shoh boʻlishdan boshqa yana nima qoldi?!” deb oʻyladi. 9Shunday qilib, oʻsha kundan boshlab Shoul Dovudga yomon koʻz bilan qaray boshladi.
10Ertasi kuni Xudo yuborgan yovuz ruh Shoulni qamrab oldi, u oʻz uyida jazavaga tushdi. Dovud har galgiday yana lira chalib oʻtirar, Shoulning qoʻlida nayza bor edi. 11U oʻzicha: “Dovudni nayza bilan urib devorga qoqib qoʻyaman”, deb nayzani unga qaratib otdi. Lekin Dovud ikki safar ham unga chap berib qutulib qoldi.
12Shoul Dovuddan qoʻrqardi. Chunki Egamiz Dovud bilan birga edi, Shoulni esa tark etgan edi. 13Shu sababli Shoul oʻz yonidan Dovudni uzoqlashtirdi, uni mingta sipohga bosh etib tayinladi. Dovud lashkarga bosh boʻlib, jangga borardi. 14Egamiz Dovud bilan boʻlgani uchun, u har qanday ishning uddasidan chiqardi. 15Dovudning katta muvaffaqiyatini koʻrib, Shoul battarroq qoʻrqardi. 16Butun Yahudo va Isroil xalqi Dovudni yaxshi koʻrardi, chunki Dovud ularning oldingi safida yurib, jangga borardi.
Dovud Shoulning qiziga uylanadi
17Bir kun Shoul Dovudga dedi:
— Toʻngʻich qizim Meravni senga beraman. Faqat dovyurak boʻlib, men uchun Egamizning urushlariga bosh boʻl.
Shoul: “Dovud mening qoʻlim bilan emas, Filistlarning qoʻli bilan oʻldirilsin”, deb oʻylardi.
18Dovud Shoulga:
— Men oʻzim kim boʻlibman yoki Isroilda oilam, otam xonadoni nima boʻlibdiki, shohga kuyov boʻlsam?! — dedi.
19Shunday qilib, Shoulning qizi Merav Dovudga uzatiladigan boʻldi. Lekin Shoul qizini, Dovudga bermay, Maxlalik Odriyolga uzatdi. 20Shoulning boshqa qizi Mixal esa Dovudga koʻngil qoʻygan edi. Buni eshitgan Shoul xursand boʻldi. 21“Dovudga Mixalni beraman, qizimni berib, Dovudni tuzogʻimga ilintirib olaman, Filistlar esa uni oʻldiradi”, deb oʻyladi.
— Endi bu safar qulay fursat yetdi, menga kuyov boʻlasan, — dedi Dovudga Shoul.
22Keyin Shoul aʼyonlariga:
— Dovudga, shoh sendan xursand, hamma xizmatkorlari ham seni yaxshi koʻradi, shohga kuyov boʻladigan payting keldi, deb yashirincha aytinglar, — dedi.
23Shoulning aʼyonlari bu gapni Dovudga yetkazishdi. Dovud esa shunday javob qaytardi:
— Men kambagʻal, arzimas bir odam boʻlsam, shohga kuyov boʻlish, sizlar aytganday, osonmi?!
24Aʼyonlar, oʻz navbatida, Dovudning gaplarini Shoulga yetkazishdi. 25Shoul shunday amr berdi:
— Dovudga, shoh gʻanimlaridan oʻch olmoqchi, shuning uchun qalinga yuzta Filistning sunnat terisidan#18:25 Filistning sunnat terisi — Filistlar, Isroil xalqidan farqli ravishda, xatna qilinmasdilar. Qadimgi vaqtlarda jangchilar gʻanimlarning nechtasini oʻldirganini koʻrsatish uchun dalil sifatida ularning tanasidan birorta aʼzosini kesib olishardi. boshqa narsa istamaydi, deb aytinglar.
Shoul shu yoʻsinda Dovudning Filistlar qoʻliga tushib nobud boʻlishini rejalashtirgan edi.
26Aʼyonlar Shoulning aytganlarini Dovudga yetkazishdi. Dovud, oʻshanda shohga kuyov boʻlishga haqli boʻlar ekanman–da, deb sevindi. Belgilangan kundan oldin, 27Dovud va uning odamlari borib, ikki yuzta Filistni oʻldirdi. Dovud oʻldirilgan Filistlarning sunnat terisini bitta ham qoldirmay, shohga keltirib berib, shohning kuyovi degan nomga munosib ishlarni bajardi. Shundan soʻng Shoul qizi Mixalni Dovudga turmushga berdi.
28Shoul endi aniq bildiki, Egamiz Dovud bilan birga ekan, qizi Mixal ham Dovudni sevar ekan. 29Shunday qilib, Dovuddan yanada hadiksirab, umrining oxirigacha unga dushman boʻlib qoldi.
30Filist beklari qachon hujum qilsalar, Dovud Shoulning boshqa lashkarboshilariga qaraganda ortiq zafarga erishardi. Shu sababdan Dovud katta shuhrat qozondi.
Currently Selected:
1 Shohlar 18: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy
Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020