1 Shohlar 17
17
17–BOB
Goʻliyot Isroil xalqini olishuvga chaqiradi
1Filistlar, jang qilamiz deb, lashkarini toʻplab, Yahudo hududidagi Soʻxu shahrida yigʻilishdi. Soʻxu bilan Ozikah shaharlari#17:1 Soʻxu bilan Ozikah shaharlari — Soʻxu Isroil xalqiga qarashli, Ozikah esa Filistlarning qoʻli ostida edi. orasidagi Efes–Dammim degan joyda qarorgoh qurishdi. 2Shoul ham Isroil lashkarini toʻpladi. Elox vodiysida qarorgoh qurib, Filistlarga qarshi jangga tayyorlandi. 3Bir tepalikni Filistlar, boshqa tepalikni Isroil lashkari egalladi. Ikkala tomonning oʻrtasi vodiy edi.
4Filistlar safidan Goʻliyot degan bir pahlavon oʻrtaga chiqdi. U Gat shahridan edi. Boʻyi olti tirsagu bir qarich#17:4 olti tirsagu bir qarich — ibroniycha matndan, taxminan 3 metrga toʻgʻri keladi. Qumron qoʻlyozmalarida va qadimiy yunoncha tarjimada toʻrt tirsagu bir qarich, taxminan 2 metrga toʻgʻri keladi. Baʼzi qadimgi qoʻlyozmalarda 4 va 6 sonlarini tasvirlaydigan ibroniycha harflar bir–biriga juda oʻxshaydi. boʻlib, 5boshiga bronza qalpoq, ustiga bronza sovut kiyib olgan edi. Sovutning ogʻirligi uch yarim pud#17:5 uch yarim pud — ibroniycha matnda besh ming shaqal, taxminan 57 kiloga toʻgʻri keladi. edi. 6Boldirlari bronza zirhlar bilan oʻralgan edi. Yelkasida otiladigan bronza nayzani koʻtarib yurardi. 7Qoʻlidagi nayzaning sopi esa toʻquvchi dastgohining xodasiday kelar, nayza uchidagi temirning ogʻirligi yarim pud#17:7 yarim pud — ibroniycha matnda olti yuz shaqal, taxminan 8,5 kiloga toʻgʻri keladi. edi. Goʻliyotning oldida qurolbardori uning katta qalqonini koʻtarib yurardi.
8Goʻliyot oʻrnida turganicha, Isroil qarorgohiga qarab hayqirdi:
— Biz bilan urishgani saf tortdingizlarmi?! Men Filistman, sizlar Shoulning qullarimisiz, axir?! Orangizdan birortangizni tanlanglar–chi, u mening oldimga kelsin. 9Agar u men bilan olishib, meni yengib oʻldira olsa, Filistlar sizlarning qulingiz boʻladi. Bordi–yu, men gʻolib kelib, uni oʻldirsam, sizlar bizning qulimiz boʻlasizlar, bizga boʻysunasizlar.
10Soʻng oʻsha Filist gapida davom etdi:
— Bugun Isroil lashkarini sharmanda qilaman. Qani, birortasini chiqaring oldimga! Men bilan olishib koʻrsin!
11Shoul va barcha Isroil lashkari Filistning gaplarini eshitgach, qattiq qoʻrqib, vahimaga tushib qoldilar.
Dovud jang maydonida
12Dovud Yahudo hududidagi Baytlahm shahridan — Efratlik#17:12 Efrat — Baytlahm shahri atrofidagi yerlar. Essay degan odamning oʻgʻli edi. Essayning sakkizta oʻgʻli bor edi. Shoulning shohligi davrida Essay ancha keksayib qolgan edi. 13Essayning katta oʻgʻillaridan uchtasi Shoul bilan birga urushga ketgan edi. Urushga ketgan toʻngʻich oʻgʻlining oti Eliyob, oʻrtanchasiniki Abunadav, uchinchisiniki Shammox edi. 14Dovud kenja oʻgʻil edi. Uning uchta katta akasi esa Shoul bilan birga edi. 15Shu paytda Dovud vaqti–vaqti bilan Shoulning oldidan Baytlahmga otasining qoʻylarini boqqani kelib turardi. 16Filist Goʻliyot qirq kun mobaynida ertayu kech oʻrtaga chiqib urushga daʼvat qildi.
17Essay bir kuni oʻgʻli Dovudga shunday dedi:
— Mana bu qovurilgan bir togʻora#17:17 bir togʻora — ibroniycha matnda bir efa, taxminan 22 litrga toʻgʻri keladi. bugʻdoy bilan anavi oʻnta nonni olgin–u, tezda qarorgohga, akalaringning oldiga joʻna. 18Mana bu oʻn boʻlak pishloqni esa mingboshiga olib bor. Akalaringning ahvolini bil va yaxshi yurganlarini bildiradigan birorta nishona olib kel. 19Akalaring Shoul lashkari bilan birga Elox vodiysida Filistlarga qarshi urishyaptilar.
20Ertasi kuni Dovud saharda turdi. Suruvni bir choʻponga qoldirdi. Otasi buyurganiday, oziq–ovqatlarni olib yoʻlga chiqdi. Jang maydoniga yetib borgan paytda sipohlar jangga daʼvat qilinib, qarorgohdan urishgani chiqayotgan ekanlar. 21Isroil lashkari bilan Filistlar bir–birlariga roʻpara boʻlib, saf tortdilar. 22Dovud keltirgan narsalarini orqadagi qoʻriqchiga qoldirib, safga tomon yugurdi. Akalarining yoniga borib, ular bilan salomlashdi. 23Dovud ular bilan gaplashib turganda, Gat shahridan boʻlgan Filist — pahlavon Goʻliyot oʻz lashkari safidan oʻrtaga chiqib, oldingi gaplarini takrorladi. Dovud uning gaplarini eshitdi. 24Isroil lashkari Goʻliyotni koʻrishdi–yu, qattiq qoʻrqib birdaniga qochib qolishdi. 25Ular bir–birlariga shunday derdilar:
— Anavi odamga qaranglar! U Isroilni haqorat qilyapti. Kim uni oʻldirsa, shoh unga katta boylik hadya qilar ekan, qizini ham berar ekan. Oʻsha odamning ota xonadonini ham Isroilga soliq toʻlashdan ozod qilar ekan.
26Dovud yonidagilardan soʻradi:
— Bu Filistni oʻldirib, Isroilni sharmandalikdan xalos qilganga shoh nima beradi? Bu sunnatsiz Filist kim boʻlibdiki, barhayot Xudoning qoʻshinini haqorat qiladi?!
27— Oʻsha odamni kim oʻldirsa, falon–falon narsalar tortiq qilinadi, — deb sipohlar oldingi gaplarini takrorladilar. 28Toʻngʻich akasi Eliyob Dovudning sipohlar bilan gaplashib turganini koʻrib achchiqlandi:
— Bu yerda nima qilib yuribsan? Oʻsha besh–oltitagina qoʻyimizni choʻlda kimga qoldirib kelding? Sening qanchalik manmanligingni, niyating yomonligini bilaman. Sen faqat urushni tomosha qilgani kelgansan.
29— Men nima qilibman?! Soʻrab ham boʻlmaydimi?! — dedi Dovud.
30Soʻngra boshqa sipohga qarab, yana oʻsha gapni soʻradi. Sipohlar avvalgiday bir xil javob berishdi.
31Sipohlar Dovudning gaplarini eshitib, Shoulga yetkazishdi. Shoul Dovudni chaqirtirdi. 32Dovud Shoulga dedi:
— Oʻsha Filistni deb hech kimning ruhi tushmasin. Men, qulingiz, borib, u bilan olishaman.
33— Tentaklik qilma, bu Filistga bas kelolmaysan. Sen juda yoshsan, u esa yoshligidan beri jangchi, — dedi Shoul.
34— Men otamning suruvini boqardim, — deb javob berdi Dovud. — Sher yoki ayiq kelib, suruvdan birorta qoʻzini olib qochsa, 35orqasidan quvib, unga hujum qilardim. Qoʻzini oʻsha hayvonning ogʻzidan tortib olardim. Bordi–yu, sher yoki ayiq menga tashlansa, yolidan ushlardim–u, urib oʻldirardim. 36Men sherni ham, ayiqni ham oʻldirganman. Anavi sunnatsiz Filistning boshiga oʻshanday kunni solaman. Chunki u barhayot Xudoning qoʻshinini haqorat qildi. 37Meni sher, ayiqning panjasidan xalos qilgan Egamiz oʻsha Filistning qoʻlidan ham xalos qiladi.
— Mayli bor, Xudo yor boʻlsin, — dedi Shoul. 38Soʻng u oʻzining jang kiyimlarini Dovudga berdi, boshiga bronza qalpoq, egniga sovut kiydirdi. 39Dovud shohning sovutlarini kiyib, ustidan qilichini bogʻlab, yurmoqchi boʻldi. Lekin u bunaqa kiyimlarga koʻnikmagan edi.
— Bu kiyimlar bilan yura olmayapman, koʻnikmaganman, — dedi Dovud Shoulga. Soʻng kiyimlarni yechib tashladi.
Dovud Goʻliyotni oʻldiradi
40Dovud tayogʻini olib, soylikdagi irmoqdan beshta silliq tosh terib oldi. Toshlarni yonidagi choʻpon xaltasiga soldi–da, palaxmonini olib toʻgʻri Goʻliyotga tomon yurdi. 41Goʻliyot ham Dovudga qarab yurdi. Goʻliyotning oldida qurolbardori qalqonini koʻtarib borardi. 42Goʻliyot Dovudga boshdan–oyoq razm soldi. Chiroyli, kelishgan yigit ekan, deb yoshgina boʻlgani uchun uni mensimadi.
43— Men koʻppakmidimki, ustimga tayoq bilan kelyapsan? — dedi–da, oʻz xudolarining nomi bilan Dovudga qargʻish yogʻdirdi. 44— Kelaver, tanangni koʻkdagi qushlarga, dashtdagi yirtqichlarga yem qilaman, — dedi Filist. 45Dovud esa shunday javob qaytardi:
— Sen qilich, nayzayu xanjarlar bilan ustimga bostirib kelyapsan. Men esa sen haqoratlagan Isroil lashkarining Xudosi, Sarvari Olamning nomi bilan qurollanib ustingga bostirib boryapman. 46Bugunning oʻzida Egamiz seni mening qoʻlimga beradi. Seni oʻldirib, boshingni tanangdan judo qilaman. Bugunning oʻzida Filist lashkarining jasadlarini koʻkdagi qushlarga, dashtdagi yirtqichlarga yem qilaman. Shunda Isroilda Xudoning borligini butun yer yuzi bilib oladi. 47Egamiz qilichu nayza bilan najot bermasligini butun jamoa bilib oladi, chunki bu urushda Egamizning Oʻzi jang qiladi. U sizlarni bizning qoʻlimizga beradi.
48Goʻliyot Dovudga tashlanmoqchi boʻlib, toʻgʻri unga qarab yurdi. Dovud ham u bilan olishish uchun Filistlar safi tomon tez yugurib ketdi. 49Qoʻlini xaltasiga solib, bitta toshni oldi–da, palaxmonga solib otdi. Tosh Filistning qoq peshanasiga tegib oʻyib kirdi. Filist yuz tuban yerga yiqildi. 50Shunday qilib, Dovud Filistni palaxmonu bitta tosh bilan magʻlub qildi. Qoʻlida qilich boʻlmasa ham, uni oʻldirib, yerga choʻziltirib tashladi. 51Soʻng yugurib bordi–yu, Goʻliyotni bosib oldi. Uning qilichini qinidan sugʻurib oldi–da, boshini kesib tashlab, butunlay bir yoqli qildi.
Filistlar oʻzlarining pahlavoni Goʻliyotning oʻlganini koʻrib, tumtaraqay qocha boshladilar. 52Isroil bilan Yahudo lashkari qoʻzgʻaldi–yu, naʼra tortib, Filistlarni Gat va Exron ostonalarigacha quvlab bordi. Sharayimdan Gat va Exron shaharlarigacha boradigan yoʻlda Filistlarning jasadlari choʻzilib qoldi. 53Filistlarni quvib yuborgandan keyin, Isroil lashkari orqaga qaytib Filistlar qarorgohini talon–taroj qildi. 54Dovud Goʻliyotning boshini olib, Quddusga keltirdi, qurol–aslahasini esa oʻz uyiga qoʻydi.
Dovud Shoulning huzurida
55Shoul Dovudning Goʻliyot bilan olishuvga chiqqanini koʻrganda, lashkarboshi Abnurdan:
— Abnur, bu yigitcha kim? — deb soʻradi.
— Toʻgʻrisi, shohim, bilmayman, — dedi Abnur.
56— Boʻlmasa bil–chi, bu yigit kimning oʻgʻli ekan, — deb buyurdi shoh Shoul.
57Dovud Goʻliyotni oʻldirib, qarorgohga endi kirgan ham ediki, Abnur Dovudni yetaklab Shoulning huzuriga olib keldi. Goʻliyotning kesilgan boshi hali Dovudning qoʻlida edi.
58— Kimning oʻgʻlisan, yigitcha? — deb soʻradi Shoul.
— Baytlahmlik qulingiz Essayning oʻgʻliman, — deb javob berdi Dovud.
Currently Selected:
1 Shohlar 17: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy
Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020