Iso nonushtadan keyin Shimoʻn Butrusdan soʻradi:
— Yuhanno oʻgʻli Shimoʻn, sen Meni ulardan koʻproq yaxshi koʻrasanmi?
— Ha, Rabbim! Men Seni yaxshi koʻrishimni Oʻzing bilasan–ku, — dedi Unga Butrus.
— Qoʻzilarimni oʻtlat, — dedi unga Iso.
Iso ikkinchi marta Butrusdan soʻradi:
— Yuhanno oʻgʻli Shimoʻn, sen Meni yaxshi koʻrasanmi?
— Ha, Rabbim! Seni yaxshi koʻrishimni Oʻzing bilasan–ku, — dedi Butrus Unga.
— Qoʻylarimni boq, — dedi unga Iso.
Soʻng uchinchi marta Butrusdan soʻradi:
— Yuhanno oʻgʻli Shimoʻn, sen Meni yaxshi koʻrasanmi?
Iso uchinchi marta yana shu savolni bergani uchun Butrus xafa boʻldi.
— Rabbim! Sen hamma narsani bilasan, men Seni yaxshi koʻrishimni ham bilasan, — dedi Butrus. Iso unga shunday dedi:
— Qoʻylarimni oʻtlat!