Yuhanno 21
21
21–BOB
Iso koʻl boʻyida zohir boʻladi
1Bu hodisalardan keyin Iso Jalila koʻli#21:1 Jalila koʻli — yunoncha matnda Tiberiyas koʻli, Jalila koʻlining yana bir nomi. boʻyida yana shogirdlariga zohir boʻldi. Bu shunday roʻy berdi: 2Butrus#21:2 Butrus — yunoncha matnda Shimoʻn Butrus (shu bobning 3, 7, 11–oyatlarida ham bor). 1:40 izohiga qarang., Toʻma, yaʼni Didimus#21:2 Toʻma, yaʼni Didimus — 11:16 izohiga qarang., Jaliladagi Kaʼna qishlogʻidan boʻlgan Natanil, Zabadiyoning oʻgʻillari#21:2 Zabadiyoning oʻgʻillari — yaʼni Yoqub va Yuhanno. va boshqa ikki shogird — hammalari birga yigʻilgan edilar. 3Butrus yonidagilarga:
— Men ketdim, baliq tutaman, — dedi.
— Biz ham sen bilan boramiz, — deyishdi ular. Soʻng qayiqqa tushib, joʻnab ketishdi. Lekin oʻsha kecha hech narsa tutisholmadi.
4Kun yorishganda, Iso qirgʻoqda turgan edi. Shogirdlari esa Uning Iso ekanligini bilmadilar.
5— Yigitlar, baligʻingiz bormi? — deb soʻradi Iso ulardan.
— Yoʻq, — deb javob berdi ular.
6— Toʻringizni qayiqning oʻng tomoniga tashlanglar, shunda tutasizlar, — dedi Iso.
Ular toʻrni tashladilar. Baliq koʻpligidan uni tortib ololmadilar. 7Shu payt Isoning sevikli shogirdi#21:7 Isoning sevikli shogirdi — yaʼni Yuhanno.:
— Bu Rabbimiz Iso–ku! — dedi Butrusga. Butrus buni eshitishi bilanoq, uzun koʻylagining etaklarini beliga qistirdi–yu, koʻlga sakradi. 8Boshqa shogirdlar esa baliq toʻla toʻrni sudragancha, qayiqda keldilar. Ular quruqlikka yaqin, taxminan ikki yuz tirsak#21:8 ikki yuz tirsak — taxminan 90 metrga toʻgʻri keladi. masofada edilar. 9Qirgʻoqqa chiqqanlarida, nonni va yongan koʻmir ustida pishayotgan baliqni koʻrdilar.
10Iso ularga:
— Hozir tutgan baligʻingizdan olib kelinglar, — dedi. 11Butrus borib, toʻrni qirgʻoqqa tortib chiqardi. Toʻr katta baliqlarga toʻla edi. Hammasi boʻlib 153 ta baliq bor edi. Baliqlar koʻpligiga qaramasdan, toʻr yirtilmadi.
12Iso shogirdlariga:
— Qani, kelinglar, nonushta qilib olinglar, — dedi. Ulardan hech biri: “Siz kimsiz?” deb soʻrashga botinolmadi, chunki Uning Rabbimiz Iso ekanligini bilar edilar. 13Iso ularning oldiga borib, nondan berdi, baliqdan ham berdi.
14Shu yoʻsin Iso tirilgandan keyin uchinchi marta shogirdlariga zohir boʻldi.
Isoning Butrusga savoli
15Iso nonushtadan keyin Shimoʻn Butrusdan#21:15 Shimoʻn Butrus — Iso Masih Shimoʻnga Butrus ismini bergan edi (Mark 3:16, Luqo 6:14 ga qarang). Baʼzan u haqda soʻz yuritilganda, ikkala ism ham birgalikda ishlatiladi. soʻradi:
— Yuhanno#21:15 Yuhanno — yunoncha matndan. Baʼzi yunon qoʻlyozmalarida bu ismning boshqa varianti Yunus. Shu bobning 16, 17–oyatlarida ham bor. oʻgʻli Shimoʻn, sen Meni ulardan koʻproq yaxshi koʻrasanmi?
— Ha, Rabbim! Men Seni yaxshi koʻrishimni Oʻzing bilasan–ku, — dedi Unga Butrus.
— Qoʻzilarimni oʻtlat, — dedi unga Iso.
16Iso ikkinchi marta Butrusdan soʻradi:
— Yuhanno oʻgʻli Shimoʻn, sen Meni yaxshi koʻrasanmi?
— Ha, Rabbim! Seni yaxshi koʻrishimni Oʻzing bilasan–ku, — dedi Butrus Unga.
— Qoʻylarimni boq, — dedi unga Iso.
17Soʻng uchinchi marta Butrusdan soʻradi:
— Yuhanno oʻgʻli Shimoʻn, sen Meni yaxshi koʻrasanmi?
Iso uchinchi marta yana shu savolni bergani uchun Butrus xafa boʻldi.
— Rabbim! Sen hamma narsani bilasan, men Seni yaxshi koʻrishimni ham bilasan, — dedi Butrus. Iso unga shunday dedi:
— Qoʻylarimni oʻtlat! 18Senga chinini aytayin: yosh boʻlganingda kamaringni oʻzing bogʻlar eding, xohlagan joyingga borar eding. Qariganingda esa qoʻllaringni uzatasan, boshqa birov seni bogʻlaydi, seni xohlamagan joyingga olib boradi.
19Iso bu soʻzlar orqali Butrusning qay yoʻl bilan oʻlib, Xudoni ulugʻlashini bildirdi#21:19 …Butrusning qay yoʻl bilan oʻlib, Xudoni ulugʻlashini bildirdi — bu gap Butrus oʻz imoni uchun qatl qilinishini anglatadi. Shu bobning 18–oyatidagi “qoʻllaringni uzatasan” soʻzlari xochga mixlanishga ishora qilayotgan boʻlishi mumkin. Anʼanaga koʻra, Butrus oyogʻi osmondan qilib xochga mixlangan.. Soʻngra unga:
— Ortimdan yur! — dedi.
Iso va Uning sevikli shogirdi
20Butrus burilib, Isoning sevikli shogirdi#21:20 Isoning sevikli shogirdi — yaʼni Yuhanno. orqalaridan ergashib kelayotganini koʻrdi. Bu shogirdi kechki ziyofatda engashib, Isodan: “Hazrat, Sizni kim tutib beradi?” — deb soʻragan edi. 21Butrus uni koʻrib, Isodan:
— Rabbim, uning taqdiri nima boʻladi? — deb soʻradi. 22Iso unga:
— Men kelgunimgacha uning tirik qolishini istasam, bundan senga nima?! Sen ortimdan yuraver, — dedi.
23Shunday qilib, imonlilar orasida bu shogird oʻlmaydi degan gap–soʻz tarqalib ketdi. Holbuki, Iso uni oʻlmaydi, demagandi. U faqat: “Agar Men kelgunimgacha uning tirik qolishini istasam, bundan senga nima?!” — deb aytgan edi.
Xotima
24Ana shu shogird bu hodisalarning hammasiga guvoh boʻlib, ularni yozib olgan. Uning guvohligi haqiqat ekanligini bilamiz. 25Iso yana koʻp boshqa ishlar qilgan. Bular birma–bir yozib chiqilganda edi, yozilgan kitoblar olamga ham sigʻmas edi, deb oʻylayman#21:25 Yunoncha matndan. Baʼzi yunon qoʻlyozmalarida quyidagi soʻz oyatga qoʻshimcha qilingan: omin..
ప్రస్తుతం ఎంపిక చేయబడింది:
Yuhanno 21: O‘zbMK
హైలైట్
షేర్ చేయి
కాపీ
మీ పరికరాలన్నింటి వ్యాప్తంగా మీ హైలైట్స్ సేవ్ చేయబడాలనుకుంటున్నారా? సైన్ అప్ చేయండి లేదా సైన్ ఇన్ చేయండి
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020