YouVersion
Pictograma căutare

Yuhanno Kirish

Kirish
Mazkur kitob Yangi Ahd tarkibidagi toʻrtta Xushxabarning toʻrtinchisidir. Kitobning muallifi Zabadiyoning oʻgʻli baliqchi Yuhannodir. Yuhanno, Butrus va Yuhannoning akasi Yoqub Iso Masihning eng yaqin shogirdlari hisoblanadi. Yuhanno bu kitobda oʻz ismini ishlatmay, oʻzini Iso Masihning sevikli shogirdi deb tilga oladi (masalan, 13:23 ga qarang).
Mazkur kitob zamirida Iso Masihning shaxsiyati, ilohiy Kalom inson boʻlib kelgani, Masihning Oʻz samoviy Otasi — Xudo bilan boʻlgan munosabati va Iso Masihga eʼtiqod qilish kabi mavzular yotadi. Iso Masih odamlarga Oʻzining kimligini tushuntirmoqchi boʻlib, turli obrazlardan foydalanadi. U Oʻzini “hayot noni”, “hayotbaxsh suv manbai”, “olamning nuri”, “yaxshi choʻpon”, “yoʻl, haqiqat va hayot”, “haqiqiy tok” va “odamlarni oxiratda tiriltiruvchi, ularga hayot beruvchi Zot” deb ataydi.
Bu Xushxabar nima maqsadda yozilgani 20:31 da aytib oʻtilgan: “Toki sizlar Isoning Masih, Xudoning Oʻgʻli#Xudoning Oʻgʻli — Iso Masihning unvoni. Toʻliqroq maʼlumotga ega boʻlish uchun lugʻatdagi XUDONING OʻGʻLI iborasiga qarang. ekanligiga ishonib, bu imoningiz tufayli hayotga ega boʻlinglar.” Muallif Isoning taʼlimotini qiziqarli mantiqiy mulohazalar orqali taqdim etadi, u nur va zulmat, imon va imonsizlik, sevgi va nafrat, osmon va bu dunyo borasida soʻz yuritadi.
Ushbu kitob azaldan mavjud boʻlgan Kalom haqidagi maʼlumot bilan boshlanadi. Ilohiy Kalom dunyo yaratilishidan oldin mavjud boʻlgan. Nimaiki yaratilgan boʻlsa, oʻsha Kalom orqali vujudga kelgan. Xudoning Kalomi inson boʻlib tugʻildi, U Iso Masih edi. Iso Masih zulmatga gʻarq boʻlgan bu dunyoga hayot nurini olib keldi. Masihga ishongan har bir kishi samoviy Otani tanib oladi va abadiy hayotdan bahramand boʻladi.
Kitobning birinchi qismidan (1-12–boblar) Isoning qilgan moʻjizalari oʻrin olgan, muallif Isoni Xudoning Oʻgʻli, Xudo vaʼda qilgan Najotkor ekanligini eʼtirof etadi. Koʻp odamlar Isoga ishonib, Unga ergashadilar. Baʼzilar esa Unga qarshi boʻladilar.
Kitobning 13-17–boblarida Isoning Oʻz shogirdlariga qilgan gʻamxoʻrligiga, Ustoz va shogirdlari orasidagi munosabatga eʼtibor beriladi. Iso xochdagi oʻlimidan oldin, shogirdlarini ogohlantirib, yaqinlashayotgan fojiadan qoʻrqmasliklarini aytadi va ularga dalda beradi.
Isoning hibsga olinishi, kaltaklanishi, oʻldirilishi va tirilishi haqidagi hodisalar kitobning soʻnggi qismidan oʻrin olgan (18-21–boblar). Iso tirilgandan keyin bir necha marta shogirdlariga zohir boʻlgani haqidagi voqealar kitobga yakun yasaydi.

Evidențiere

Partajează

Copiază

None

Dorești să ai evidențierile salvate pe toate dispozitivele? Înscrie-te sau conectează-te