Luqo 20
20
20–BOB
Isoning hokimiyati toʻgʻrisida savol
1Bir kuni Iso Maʼbadda xalqqa taʼlim berib, Xushxabar aytayotgan edi. Shu payt bosh ruhoniylar, Tavrot tafsirchilari va yoʻlboshchilar kelib qoldilar. 2Ular Isodan soʻradilar:
— Bizlarga ayting–chi, Siz bu ishlarni qanday hokimiyat bilan qilyapsiz? Bu hokimiyatni Sizga kim bergan?
3Iso ularga shunday javob berdi:
— Men ham sizlarga bir savol berayin, Menga aytinglar: 4Yahyo xalqni suvga choʻmdirish huquqini Xudodan olganmidi yoki insondanmi?
5Ular esa oʻzaro mulohaza yuritdilar:
— Agar: “Xudodan”, — desak, U: “Nega Yahyoga ishonmadingizlar?” — deydi. 6Agar: “Insondan”, — desak, butun xalq bizni toshboʻron qiladi, chunki xalq Yahyoning paygʻambarligiga qatʼiy ishonadi.
7Shunday qilib, ular:
— Qayerdanligini bilmaymiz, — deb javob berdilar. 8Iso ularga dedi:
— Unday boʻlsa, Men ham bu ishlarni qaysi hokimiyat bilan qilayotganimni sizlarga aytmayman.
Yovuz bogʻbonlar haqida masal
9Iso xalqqa quyidagi masalni aytdi: “Bir odam uzumzor barpo qilibdi. Uzumzorni bogʻbonlarga ijaraga berib, oʻzi uzoq vaqtga safarga ketibdi. 10Yigʻim–terim mavsumida, uzumzor hosilidan tegishli ulushini olish uchun oʻsha odam xizmatkorini bogʻbonlar oldiga yuboribdi. Ammo bogʻbonlar xizmatkorni kaltaklab, qup–quruq qaytarib yuborishibdi. 11Keyin uzumzor egasi yana boshqa bir xizmatkorini yuboribdi. Bogʻbonlar bu xizmatkorni ham urib, sharmanda qilib, qup–quruq qaytarib yuborishibdi. 12Yana uchinchisini yuboribdi, uni ham yarador qilib, quvib chiqarishibdi.
13Keyin uzumzor egasi oʻylabdi: «Endi nima qilsam ekan? Endi suyukli oʻgʻlimni yuboraman. Balki bogʻbonlar uni hurmat qilishar.»
14Ammo bogʻbonlar uning oʻgʻlini koʻrishlari bilan oʻzaro muhokamaga tushib:
— Bu merosxoʻr–ku! Uni oʻldiraylik, shunda merosi bizga qoladi, — deyishibdi–da, 15oʻgʻlini uzumzordan tashqariga chiqarib, oʻldirishibdi.
Xoʻsh, sizningcha, endi uzumzor egasi ularni nima qilar ekan? 16U kelib bogʻbonlarni oʻldiradi, uzumzorini esa boshqalarga ijaraga beradi.”
Buni eshitganlar:
— Xudo koʻrsatmasin! — deb yuborishdi. 17Iso esa ularga tikilib, shunday dedi:
— Unday boʻlsa, Muqaddas bitiklardagi:
“Binokorlar rad etgan tosh
Binoning tamal toshi#20:17 tamal toshi — qadimgi paytlarda qurilishda poydevor uchun qoʻyilgan birinchi va eng muhim tosh hisoblanardi. Bu tosh poydevorning bir burchagini hosil qilib, binoning qolgan qismi oʻsha toshning joylashuvi boʻyicha qurilardi. boʻldi”#20:17 Zabur 117:22 ga qarang.,
degan soʻzlarning maʼnosi nima? 18Kimki bu tamal toshiga#20:18 bu tamal toshi — Iso bu soʻzni ramziy maʼnoda ishlatgan boʻlib, Oʻzini nazarda tutgan. yiqilsa, parcha–parcha boʻladi. Tosh kimning ustiga tushsa, uni ezib yuboradi.
19Iso aytgan bu masal tafsirchilar bilan bosh ruhoniylarga qarshi aytilgan edi. Ular buni anglab yetdilar va shu zahoti Isoni qoʻlga olmoqchi boʻldilar. Ammo xalqdan qoʻrqdilar.
Soliq toʻlash haqida
20Tafsirchilar bilan bosh ruhoniylar Isoni kuzatib yurdilar. Uning ortidan oʻzlarini samimiy koʻrsatadigan odamlarni qoʻydilar. Ular esa Isoni tilidan ilintirib, hokimning qoʻliga va hukmiga bermoqchi edilar. 21Shuning uchun ular Isoga dedilar:
— Ustoz, Siz aytayotgan soʻzlaringiz va oʻrgatayotgan taʼlimotingiz toʻgʻri ekanini bilamiz. Siz hech kimga yuz–xotir qilmay Xudoning yoʻlini toʻgʻri oʻrgatasiz. 22Ayting–chi, Qaysarga#20:22 Qaysar — barcha Rim imperatorlariga berilgan unvon. Bu oʻrinda Qaysar Tiberiyga ishora qilingan (3:1 ga va oʻsha oyatning ikkinchi izohiga qarang). soliq toʻlashimiz#20:22 …Qaysarga soliq toʻlashimiz… — yahudiylar Rim bosqinchilaridan gʻoyat nafratlanganlari uchun, ularga soliq toʻlashni aslo istamas edilar. Biroq soliq toʻlamaslik katta muammolarni keltirib chiqarar edi. toʻgʻrimi yoki yoʻqmi?
23Iso ularning makkorligini anglab, dedi#20:23 Yunoncha matndan. Baʼzi yunon qoʻlyozmalarida quyidagi soʻzlar oyatga qoʻshimcha qilingan: Nega Meni sinab koʻrmoqchisizlar?!:
24— Qani, Menga bir dinor#20:24 dinor — Rim kumush tangasi. Bir dinor mardikorning bir kunlik ish haqi edi. koʻrsatinglar! Bu tangadagi surat va yozuv kimniki?
— Qaysarniki, — deb javob berdi ular. 25Iso:
— Unday boʻlsa, Qaysarning haqini Qaysarga, Xudoning haqini Xudoga beringlar, — dedi.
26Ular xalqning koʻz oʻngida Isoni tilidan ilintira olmadilar. Isoning javobidan lol qolib, jim boʻldilar.
Tirilish haqida savol
27Sadduqiylar#20:27 Sadduqiylar — yahudiylarning muhim bir diniy mazhabi. Farziylardan farqli ravishda, ular ogʻzaki tarqalgan urf–odatlarni qabul qilmasdilar, balki faqatgina Tavrotda yozilgan qonun–qoidalarga rioya qilardilar. Ular oʻliklarning tirilishiga ham ishonmas edilar. Toʻliqroq maʼlumotga ega boʻlish uchun lugʻatdagi SADDUQIY soʻziga qarang. oʻliklarning tirilishini inkor etardilar. Ularning baʼzilari Isoning oldiga kelib, xalq oldida Unga shunday savol berdilar:
28— Ustoz! Muso bizga shunday yozib qoldirgan#20:28 Muso bizga shunday yozib qoldirgan — Qonunlar 25:5-6 ga qarang.: agar birovning akasi farzand koʻrmay oʻtib ketsa, ukasi akasining xotiniga uylanib, akasi uchun farzandni dunyoga keltirsin. Tugʻilgan bola marhum akasiniki hisoblanadi. 29Xoʻsh, yetti aka–uka boʻlgan ekan. Birinchisi uylanibdi, ammo farzand koʻrmay olamdan oʻtibdi. 30Soʻng ikkinchisi oʻsha xotinni olib, bola koʻrmay oʻlibdi. 31Uchinchisi ham xuddi shu koʻyga tushibdi. Xullas, yettala aka–ukaning hammasi oʻsha xotinga uylanib, farzandsiz oʻtib ketibdi. 32Oxirida xotin ham qazo qilibdi. 33Ayting–chi, Xudo odamlarni tiriltirganda oʻsha ayol qaysi birining xotini hisoblanadi? Yettovi ham unga uylangan edilar–ku!
34Iso ularga shunday javob berdi:
— Bu dunyoda odamlar uylanadilar va erga tegadilar. 35Ammo oʻlikdan tirilishga va kelajakdagi dunyoda yashashga sazovor boʻlganlar u dunyoda uylanmaydilar, erga ham tegmaydilar. 36Ular bamisoli farishtalarday boʻlganlari uchun hech qachon oʻlmaydilar. Ular Xudoning farzandlaridir, chunki tirilgandirlar. 37Hatto Musoning oʻzi ham oʻliklarning tirilishini taʼkidlab, yonayotgan buta toʻgʻrisidagi voqeada#20:37 …yonayotgan buta toʻgʻrisidagi voqeada… — Chiqish 3:1-6 ga qarang. Egamizni “Ibrohim, Isʼhoq va Yoqubning Xudosi” deb atagan. 38Zotan, Xudo oʻliklarning emas, tiriklarning Xudosidir. Xudo uchun hamma tirikdir.
39-40Tafsirchilarning baʼzilari Isoga yana savol berishga jurʼat etmaganlari uchun:
— Ustoz, yaxshi gapirdingiz, — dedilar.
Masih kimning oʻgʻli?
Iso tafsirchilarga dedi:
41— Nega Masihni Dovudning Oʻgʻli#20:41 Dovudning Oʻgʻli — 18:38 izohiga qarang. deydilar? 42-43Mana, Dovudning oʻzi Zabur kitobida shunday degan:
“Egamiz aytmoqda Rabbimga:
Dushmanlaringni oyoqlaring ostiga poyandoz qilmagunimcha,
Sen Mening oʻng tomonimda#20:42-43 Mening oʻng tomonim — oʻng tomon muruvvat va baraka oʻrni deb hisoblangan. oʻtirgin.”#20:42-43 Zabur 109:1 ga va oʻsha oyatning birinchi izohiga qarang.
44Demak, Dovud Masihni Rabbim deb atagan boʻlsa, qanday qilib Masih Dovudning Oʻgʻli boʻladi?!
Iso soxta dindorlik toʻgʻrisida ogohlantiradi
45Butun xalq Isoni tinglab turar ekan, U shogirdlariga dedi:
46— Tavrot tafsirchilaridan ehtiyot boʻlinglar! Ular uzun kiyimlar kiyishni, bozorlarda yurganlarida ularga salom berishlarini yaxshi koʻradilar. Sinagogalarda yaxshi joylarda oʻtirishni, ziyofatlarda toʻrda oʻtirishni yoqtiradilar. 47Ammo beva ayollarning uy–joylarini tortib oladilar, xoʻja koʻrsinga uzoq duo oʻqiydilar. Bunday odamlar nihoyatda qattiq jazoga mubtalo boʻladilar.
Zur Zeit ausgewählt:
Luqo 20: O‘zbMK
Markierung
Teilen
Kopieren
Möchtest du deine gespeicherten Markierungen auf allen deinen Geräten sehen? Erstelle ein kostenloses Konto oder melde dich an.
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020