Luqo 19

19
19–BOB
Iso va Zakkay
1Iso Yerixo shahriga kirib, shahar boʻylab oʻtayotgan edi. 2Bu shaharda Zakkay degan bir odam bor edi. U soliqchilar#19:2 soliqchilar — 3:12 izohiga qarang. boshligʻi boʻlib, boy edi. 3Zakkay “Iso kim ekan?” deb Uni koʻrishga urinardi, ammo odam koʻpligidan koʻra olmasdi, chunki uning boʻyi past edi. 4U oldinga yugurib, Isoni koʻrish uchun shikamora–anjir daraxti#19:4 shikamora–anjir daraxti — anjirning qadimgi Yaqin Sharqda keng tarqalgan bir turi. Kattaligi yongʻoq daraxtiday, barglari esa tut barglariga oʻxshash boʻlib, yil davomida bir necha bor hosil beradigan sersoya daraxt. ustiga chiqib oldi. Iso oʻsha yerdan oʻtishi kerak edi.
5Iso u yerga kelganda, yuqoriga qarab, Zakkayga dedi:
— Zakkay! Tezroq pastga tush, Men bugun sening uyingda mehmon boʻlishim kerak.
6Zakkay darrov pastga tushdi, Isoni quvonch bilan uyiga taklif qildi. 7Buni koʻrganlarning hammasi: “Iso bir gunohkor odamning uyiga mehmonga bordi”, deb norozilik bildirishdi. 8Zakkay esa oʻrnidan turib, Rabbimiz Isoga dedi:
— Hazrat, men mol–mulkimning yarmini kambagʻallarga beraman. Biron kimsaning narsasini nohaq olgan boʻlsam, toʻrt barobar qilib qaytaraman.
9Iso unga shunday javob berdi:
— Bugun bu xonadonga najot keldi, chunki bu odam ham Ibrohimning oʻgʻlidir#19:9 Ibrohimning oʻgʻlidir — yaʼni Ibrohimning avlodi va Xudoning xalqiga mansub boʻlgan inson maʼnosida kelgan.. 10Inson Oʻgʻli yoʻqolganni izlab topish va uni qutqarish uchun kelgan.
Oʻnta xizmatkor haqida masal
11Olomon Isoning bu soʻzlarini tinglar ekan, Iso gapini bir masal bilan davom ettirdi. Chunki Iso Quddusga yaqinlashib qolgan edi, odamlar ham, Xudoning Shohligi hozir zohir boʻlishi kerak, deb oʻylardilar.
12Iso shunday dedi: “Bir zodagon odam uzoq mamlakatga ketmoqchi boʻlibdi. U yerda shohlik taxtini egallab, qaytib kelmoqchi edi. 13Ketishdan oldin u xizmatkorlaridan oʻntasini chaqiribdi–da, har biriga bir tilladan#19:13 bir tilla — yunoncha matnda bir mina. Bu yunoncha pul birligining qiymati mardikorning 100 kunlik ish haqi miqdoriga teng keladi. berib, shunday debdi:
— Men qaytib kelgunimcha, bu pullarni ishga solinglar.
14Holbuki, bu zodagonning hamyurtlari uni yomon koʻrishar ekan. Uning orqasidan: «Bu odam bizga shoh boʻlmasin, istamaymiz», deb aytish uchun elchilar yuborishibdi.
15Ammo zodagon shohlik taxtini egallab, qaytib kelibdi. Soʻng oʻzi pul bergan xizmatkorlarini chaqirtirib, kim qancha foyda olganini bilmoqchi boʻlibdi.
16Birinchisi kelib:
— Shoh hazratlari, sizning tillangiz oʻn tilla foyda olib keldi, — debdi. 17Shoh unga:
— Barakalla! Sen yaxshi xizmatkorsan! Kichik ishda ishonchimni oqlaganing uchun oʻnta shahar ustidan hokim boʻlasan, — debdi.
18Ikkinchisi kelib:
— Shoh hazratlari, sizning tillangiz besh tilla foyda keltirdi, — debdi. 19Unga ham:
— Sen ham beshta shaharga hokimlik qilasan, — debdi.
20Soʻng uchinchi xizmatkori kelib:
— Shoh hazratlari! — debdi, — mana sizning tillangiz, men uni roʻmolchaga tugib saqladim. 21Men sizdan qoʻrqdim, siz qattiqqoʻl odamsiz. Siz bermasdan olasiz, ekmasdan oʻrasiz.
22Shoh esa unga:
— Ey yomon xizmatkor! — deb doʻq urdi, — men seni oʻz soʻzlaring boʻyicha hukm qilaman! Mening qattiqqoʻlligimni hamda bermasdan olishimni, ekmasdan oʻrishimni bilar ekansan, 23nega pulimni muomalaga kiritmading? Men qaytib kelganimdan keyin, pulimni foydasi bilan olgan boʻlardim.
24Soʻng yonida turganlarga debdi:
— Uning qoʻlidan tillani olib, oʻn tillasi borga beringlar.
25— Ey olampanoh, uning oʻn tillasi bor–ku! — deyishibdi ular.
26— Sizlarga shuni aytay: kimda bor boʻlsa, unga yana beriladi. Kimda yoʻq boʻlsa, hatto bori ham tortib olinadi. 27Endi mening shoh boʻlishimni istamagan dushmanlarimga kelsak, ularni shu yerga olib kelib, koʻz oldimda qatl qilinglar.”
Iso Quddusga tantanali kiradi
28Iso shu gaplarni aytgandan keyin, yoʻlida davom etib, Quddusga ketdi. 29Zaytun togʻi#19:29 Zaytun togʻi — Quddus shahrining sharqiy devori boʻylab oʻtgan Qidron soyligining narigi tomonidagi tepalik. etagidagi Baytfagiya bilan Baytaniya qishloqlariga yaqinlashgach, U shogirdlaridan ikkitasiga dedi:
30— Anavi qishloqqa#19:30 Anavi qishloq — yaʼni Baytfagiya (Matto 21:1-2 ga qarang). boringlar. U yerga kirishingiz bilanoq, bogʻliq turgan va hech qachon minilmagan xoʻtikni koʻrasizlar. Oʻsha xoʻtikni yechib, bu yerga olib kelinglar. 31Agar kimdir sizlardan: “Xoʻtikni nega yechyapsizlar?” — deb soʻrab qolsa, “Bu xoʻtik Rabbimiz Masihga kerak”, — deb aytinglar.
32Shogirdlar borib, xuddi Isoning aytganini topdilar. 33Xoʻtikni yechayotganlarida uning egalari:
— Nega xoʻtikni yechyapsizlar? — deb soʻrashdi. 34Shogirdlar:
— U Rabbimiz Masihga kerak, — dedilar.
35Xoʻtikni Isoning oldiga keltirishdi–da, ustiga toʻnlarini tashlab, Isoni mindirishdi. 36Iso xoʻtikni minib ketayotganda, odamlar toʻnlarini yoʻlga poyandoz qildilar. 37Iso Zaytun togʻidan tushadigan joyga yetib kelganda, koʻpdan–koʻp shogirdlar koʻrgan barcha moʻjizalarni eslab shodlandilar va baland ovozda Xudoga hamdu sanolar aytdilar:
38“Egamiz nomidan kelayotgan Shoh baraka topsin!#19:38 Egamiz nomidan kelayotgan Shoh baraka topsin! — Zabur 117:26 ga qarang.
Osmonda tinchlik, falak toqida shon–sharaflar boʻlsin!”
39Shunda olomon orasidan baʼzi farziylar Isoga:
— Ustoz, shogirdlaringizni jim qiling! — deyishdi. 40Iso esa ularga dedi:
— Sizlarga shuni aytay: agar bular jim boʻlsa, toshlar chinqiradi!
Iso Quddus uchun yigʻlaydi
41Iso Quddusga kiray deganda, shaharni koʻrib, yigʻlab yubordi: 42“Tinchlik uchun nimalar zarurligini bugun sen bilsayding! Ammo bular senga qorongʻi. 43Boshingga shunday kunlar keladi: dushmanlaring atrofingga tuproq uyadilar, seni oʻrab oladilar, har tomondan siquvga oladilar. 44Bagʻringdagi farzandlaringni qirib tashlaydilar. Seni shu qadar vayron qiladilarki#19:44 Seni shu qadar vayron qiladilarki… — milodiy 70 yilda Tit boshchiligida Rim qoʻshini Quddusni va u yerdagi Maʼbadni butunlay vayron qilgan., shahringda hatto tosh ustida turgan tosh qolmaydi. Chunki Xudo seni qutqargani kelgandi, ammo sen bu imkoniyatni qoʻldan boy berding#19:44 Xudo seni qutqargani kelgandi, ammo sen bu imkoniyatni qoʻldan boy berding — Xudo Isoni yahudiylarning oldiga qutqaruvchi Masih qilib yuborgan edi, lekin yahudiylar koʻp oʻtmay Undan voz kechishadi..”
Iso savdogarlarni Maʼbaddan quvib chiqaradi
45Iso Maʼbadga kirib, ichkarida savdo–sotiq qilayotganlarni#19:45 savdo–sotiq qilayotganlar — yunoncha matndan. Baʼzi yunon qoʻlyozmalarida sotuvchilar va xarid qiluvchilar. quvib chiqara boshladi. 46Ularga shunday dedi:
— “Mening uyim ibodat uyi boʻladi”#19:46 Ishayo 56:7 ga qarang., deb Muqaddas bitiklarda yozilgan–ku! Sizlar esa Xudoning uyini qaroqchilar uyasiga#19:46 qaroqchilar uyasi — Yeremiyo 7:11 ga qarang. aylantirib yuboribsizlar!
47Iso har kuni Maʼbadda taʼlim berardi. Bosh ruhoniylar, Tavrot tafsirchilari va xalq yoʻlboshchilari esa Uni halok qilish payiga tushdilar. 48Lekin buning chorasini topmadilar, chunki butun xalq Isoning soʻzlarini jonu dili bilan tinglar edi.

Zur Zeit ausgewählt:

Luqo 19: O‘zbMK

Markierung

Teilen

Kopieren

None

Möchtest du deine gespeicherten Markierungen auf allen deinen Geräten sehen? Erstelle ein kostenloses Konto oder melde dich an.