Zakariyo 11
11
11–BOB
Bosqinchilarning qulashi
1Ey Lubnon, och darvozalaringni!
Sadr daraxtlaringni#11:1 Sadr daraxtlari — Lubnon togʻlari oʻzining katta sadr daraxtlari va goʻzal tabiati bilan mashhur edi (Qonunlar 3:25, Zabur 103:16-17 ga qarang). olov yondirib tashlasin.
2Ey sarv daraxti, dod solib yigʻlagin,
Axir, sadr daraxtlari quladi.
Oʻsha ulugʻvor daraxtlar vayron boʻldi.
Ey Bashandagi#11:2 Bashan — Jalila koʻlining shimoli–sharqida joylashgan boʻlib, oʻzining yam–yashil yaylovlari, gullari va daraxtlari bilan mashhur edi. emanlar, dod solib yigʻlang,
Qalin–qalin oʻrmonlarning daraxtlari
Kesib tashlandi, axir.
3Ana, eshiting! Choʻponlarning yigʻisin,
Koʻm–koʻk yaylovlar nobud boʻldi, axir.
Quloq soling sherlarning oʻkirishiga,
Iordan butazorlari nobud boʻldi, axir.
Ikki xil choʻpon
4Egam Xudo menga shunday dedi:
— Boʻgʻizlanishga olib ketilayotgan qoʻy suruviga choʻponlik qilgin. 5Qoʻylarni sotib olganlar ularni oʻldirib, jazosiz yuribdilar. Qoʻylarni sotganlar esa: “Xudoga shukur! Biz boymiz”, deydilar. Qoʻylarga hatto oʻz choʻponlarining ham rahmi kelmaydi. 6Men, Egangiz, shunday aytmoqdaman: “Endi bu yurtdagi odamlarga rahm qilmayman. Men ularni bir–birining qoʻliga va hukmdorlarining qoʻliga topshiraman. Hukmdorlari yurtni vayron qiladi. Men esa hech kimni bu hukmdorlarning qoʻlidan qutqarmayman.”
7Shunday qilib, qoʻy savdogarlari meni boʻgʻizlanadigan qoʻy suruviga choʻpon#11:7 choʻpon — shu bobning 7-14–oyatlariga koʻra, Zakariyo choʻponlik vazifasini oʻz zimmasiga olar ekan, bu harakat orqali Xudoning Oʻz xalqini yetaklashini va ularga gʻamxoʻrlik qilishini majoziy maʼnoda ifodalaydi. qilib yolladilar#11:7 …qoʻy savdogarlari meni boʻgʻizlanadigan qoʻy suruviga choʻpon qilib yolladilar — qadimiy yunoncha tarjimadan. Ibroniycha matnda …men boʻgʻizlanadigan, qattiq zulm koʻrgan qoʻy suruviga choʻpon boʻldim. Yana shu bobning 11–oyatiga va oʻsha oyatning izohiga qarang.. Men ikkita tayoq oldim. Ulardan birini “Iltifot”, ikkinchisini esa “Ahillik” deb atab, qoʻylarni boqdim. 8Bir oy ichida ularning uchta choʻponini haydab yubordim. Qoʻy savdogarlariga boʻlgan sabr–toqatim ham tugadi, ular ham meni yomon koʻrib qoldilar. 9Shundan keyin men qoʻy savdogarlariga:
— Endi sizlarning qoʻylaringizni boqmayman, — dedim. — Oʻladigani oʻlsin, halok boʻladigani halok boʻlsin, qolganlari esa bir–birining goʻshtini yesin.
10Men “Iltifot” nomli tayogʻimni oldim–da, uni sindirib tashladim. Shu orqali Egamizning Oʻz xalqi#11:10 Oʻz xalqi — ibroniycha matnda hamma xalqlar. Bu oʻrinda Isroil xalqining hamma qabilalariga, yaʼni Xudoning xalqiga sheʼriy usulda ishora qilingan boʻlishi mumkin. Xudo hamma xalqlar bilan ahd tuzgani haqida Eski Ahdning biron joyida aytilmagan. bilan qilgan ahdini bekor qildim. 11Shunday qilib, oʻsha kuni bu ahd bekor boʻldi. Meni kuzatib turgan qoʻy savdogarlari#11:11 Meni kuzatib turgan qoʻy savdogarlari… — qadimiy yunoncha tarjimadan. Ibroniycha matnda Meni kuzatib turgan, qattiq zulm koʻrgan suruv…. bu ish Egamizning soʻzi ekanligini tushundilar. 12Keyin men ularga shunday dedim:
— Agar sizlar ish haqimni berishni lozim koʻrsangiz, beringlar, boʻlmasa, bermay qoʻyaveringlar.
Shunda ular menga bor–yoʻgʻi oʻttiz kumush tanga#11:12 oʻttiz kumush tanga — ibroniycha matnda oʻttiz boʻlak kumush, taxminan 330 grammga toʻgʻri keladi. Qulning narxi oʻttiz kumush tanga boʻlgani bois (Chiqish 21:32 ga qarang), Zakariyo paygʻambarga toʻlangan bu narx uning oʻziga ham, Xudoga ham qattiq haqorat edi. berdilar. 13Shundan keyin Egamiz menga:
— Bu kumushni kulolga bergin, — dedi.
Meni baholab berilgan bu arzimas kumush tangalarni olib, Egamiz uyidagi kulolga#11:13 …kulolga…kulolga… — ibroniycha matndan. Qadimiy suryoniycha tarjimada …xazinaga…xazinaga…, Maʼbad xazinasiga ishora. Eritilishdan oldin baʼzi qimmatbaho metallar loy idishlarda saqlangan. Baʼzan metallga ishlov beruvchi usta eritilgan metallni loy idishlarga quyib, keyinchalik ishlatish uchun saqlab qoʻyardi. Mana shu sabablarga koʻra, koʻp olimlar bu oʻrinda ishlatilgan kulol soʻzi metallni eritib, unga ishlov beradigan odamga ishora qiladi, deb aytadilar. berdim. 14Keyin “Ahillik” deb atalgan ikkinchi tayogʻimni sindirdim. Shunday qilib, Yahudo va Isroil#11:14 Yahudo va Isroil — bir paytlar Yahudo nomi janubiy shohlikka, Isroil esa shimoliy shohlikka nisbatan ishlatilgan (toʻliqroq maʼlumotga ega boʻlish uchun lugʻatdagi YAHUDO va ISROIL soʻzlariga qarang). Zakariyo davriga kelib, oʻsha shohliklar yoʻq boʻlib ketgan edi. Shu sababdan mazkur oyatdagi bu nomlar Xudoning jamiki xalqiga ishora qiladi. orasidagi birodarlikni bekor qildim.
15Shundan keyin Egamiz menga aytdi: “Bor, yana bir marta choʻponlik qilgin. Ammo bu safar foydasiz choʻponday boʻlgin. 16Ha, Men bu yurtga shunday bir choʻpon beramanki, u halok boʻlayotganlarga qaramaydi. Yoʻqolganlarni izlamaydi, yaradorlarga shifo bermaydi, sogʻ boʻlganlarni oziqlantirmaydi. Aksincha, semiz qoʻylarni soʻyib yeydi, tuyoqlarini ham kesib tashlaydi.
17Ey suruvni tark etadigan qadrsiz choʻponim,
Holingga voy!
Qilich sening qoʻlingni chopib,
Oʻng koʻzingni oʻyib tashlasin!
Sening qoʻling butunlay qurib qolsin,
Oʻng koʻzing koʻr boʻlsin!”
Currently Selected:
Zakariyo 11: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020